Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Gʻafurov bilan suhbat.
– Ibrohim aka, odamga bolalik kabi taʼsir koʻrsata oladigan davr yoʻq. Chunki shu davrda insonning maʼno olamining poydevori tashlanadi. Keyingi jarayonlarning barchasi poydevorning qanday boʻlishi bilan bogʻliq. Bolalik yillaringiz haqida soʻzlab bersangiz.
– Men 1937-yil 27-dekabrda Toshkentning shimol tomonidagi Mevazor mavzesida, tarixiy Teshikqopqoq degan joyda tugʻilganman. Bu haqda bir mansuram bor:
...oʻttiz yettinchi yil.
Men tugʻilganda qahraton edi.
Qodiriy yoʻq edi.
Choʻlpon yoʻq edi.
Fitrat yoʻq edi.
Nosiriy yoʻq edi...
Men tugʻilganda qahraton edi...
Otam Usmonboy Gʻafurov hunarmand nonvoy, onam Muharram Ibodova chevar tikuvchi edilar.
Teshikqopqoq koʻhna mozorining etagidan pishqirib, qichqirib shiddatli bir soy oqardi. Uning nomi ham Qichqiriq edi. Qichqiriq Qoraqamishdagi toʻqayzorlardan oʻtib Toshkentning gʻarbidagi juda chuqur vahimali jarliklarga yoʻl olardi. Qichqiriq hozir ham bor.
Biz – ota-onam, akalarim, opam, togʻam muallim Husanboy Ibodov juda katta hovlida birga turardik. Otam urush vaqtlari harbiy yuklar tashiydigan eshelonlarda soqchi boʻlib xizmat qilardi va baʼzan ikki-uch kunga Toshkentga kelganida qish paytlari bogʻimizni moʻr-malaxday bosgan qargʻalarni miltiq otib qoʻrqitardi, biz bolakaylar varanglagan oʻq ovozlaridan hayratga tushardik. 1940-yilda muallim Husanbek togʻam oʻzi bilan pedinstitutda birga oʻqigan Joʻraxon kennoyimga uylandi. Hovlida katta toʻy boʻldi. Shu toʻy mening esimda qolgan. Hozirgacha aniq-tiniq eslayman. Togʻamning kelin tushgan uyi ertaklardagiday bezatilgan edi. Uyning devorlari oynavand romli shkaflar edi. Ularning hammasiga togʻamning kitoblari tartib bilan terib qoʻyilgandi. Kitoblar juda koʻp edi. Juda kichik boʻlsam-da, oʻsha vaqtlarda shuncha bezaklar qolib, aynan kitoblar menga moʻjizaday tuyulgani qiziq. Odam bolasi oʻz toleini uchratganini toʻgʻri anglasa, soʻng bu tole unga umr boʻyi va asrlar boʻyi hamrohlik qiladi. Balki men oʻshanda oʻz toleimni kitoblar timsolida uchratgandirman.
Men 1943-yilda Qorasaroydagi 28-maktabning birinchi sinfiga Mansur, Sayfi, Asad degan oʻrtoqlarim bilan oʻqishga chiqqanman. Oyoqlarimizda hech narsa yoʻq edi. Maktabga yalangoyoq borardik. Oyoqlar tamomila yorilib, qonab ketardi. Shunday boʻlsa-da, biz jon-jahdimiz bilan maktabga intilardik.
Harflarni, kitob oʻqishni, insho yozishni oʻrganganman, juda yosh, oʻzbekcha kiyingan muallim opam menga insho yozishni topshirar, koʻchada nimalarni koʻrding, shuni yoz, hozir qaysi fasl, shuni yoz, nimani koʻrgan boʻlsang shuni yoz der edi. Men juda qiynalib bir narsalar yozardim. Qanorlarda somon olib ketayotgan katta aravani koʻrdim, unga tuya qoʻshilgan edi deb yozardim. Muallim opa maqtardi. Mening ilk ijodiy ishlarim shunday boshlangan.
Bizga uchinchi sinfda oʻqish kitobi berishdi. Men undagi birinchi darsni oʻqib, juda qiziqib qoldim. Tez orada oʻqish kitobimni butunicha yodlab oldim. Unda Gʻafur Gʻulom sheʼrlari, Oybek, Mirkarim Osimning asarlaridan parchalar berilgan edi. Mirkarim Osimning hikoyalarini oʻqib tarixga haddan ziyod qiziqib qoldim. Jaloliddin, Temur Malik, Alisher degan otlar men eshitmagan juda qiziq nomlar edi. Keyin toʻrtinchi sinfda bizga Vahob aka degan yosh yigit tarixdan dars oʻtdi. U xuddi artistlarga oʻxshab dars oʻtar, hammamiz baqrayib qolar, ogʻzimizni ochib oʻtirardik. Shundan keyin men tarixchi boʻlaman deb yuragimga tugib qoʻygandim. Umuman, bizning oʻqituvchilarimiz hammasi algebra, arifmetika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili, adabiyotdan xuddi artistlarga oʻxshab mahorat bilan dars oʻtishar, biz mahliyo boʻlib oʻtirardik. Keyinchalik oʻylab yurdim, balki shuning uchun bizning ichimizdan olimlar, adabiyotchilar, kimyogarlar koʻp chiqqandir!
Mening birinchi ustozim togʻam edi. Toʻrtinchi sinfga oʻtganimdan keyin togʻamdan soʻrab kitoblarini olib oʻqiy boshladim. Togʻamning javonlaridan Choʻlpon, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulomlarning ilk kitoblari chiqardi. Yaxshi tushunmasdim. Lekin ohanglariga berilib oʻqiyverardim. Keyin katta boʻlganimda yana oʻqisam, tamomila boshqa-boshqa narsalar ekan. Otam xizmatdan qaytgach, mahalladagilarning iltimosi bilan yana nonvoylik qila boshladi. Men oʻqishdan boʻsh kunlari qarashib turardim. Otam qarashganimga har safar uch soʻm berardi. Men ularni yigʻib qoʻyardim. Eskijoʻvaga koʻp tushardim. Chorsuda otam tugʻilib oʻsgan Kopponga borardim. Shirmonpaz amakilarim va ammalarim shu yerdagi hovlilarda turishardi. Ularni yaxshi koʻrardim. Juda shirinzabon, yaxshi muomalali, eskicha oʻqigan odamlar edi. Meni shirmoy non, mevalar bilan siylashardi. Eskijoʻvada qator tushgan doʻkonlar orasida kitob doʻkoni ham bor edi. Keyin shu doʻkonga kirardim. Yigʻib qoʻygan pullarimga oʻzimga kitoblar olardim. Toʻrtinchi sinfda oʻqiyotganimda shu magazinda katta qora charm portfel koʻrib qoldim. Uning ichida toʻrtta boʻlimi boʻlib siyohdon, qalam, ruchka, oʻchirgich qoʻyadigan ajoyib choʻntakchalari ham koʻp edi. Men uni nihoyatda yaxshi koʻrib qoldim. Ammo yiqqan pulim yetmasdi. Yana biroz otamga qarashib yurib, pulim yetadigan boʻlgach, bu goʻzal portfelni sotib oldim. Kitob-daftarlarimni solib maktabga olib bordim. Kichkina bola shunday katta charm portfel koʻtarib yurganidan hamma menga ajablanib qarardi. Men oʻzimcha bundan mamnun boʻlib qoʻyardim. Maktabni shu katta charm portfelim bilan bitirdim. Universitetga kirgach, u yerga ham kitoblarimni solib olib bormoqchi boʻldim-u, lekin kursdoshlarimdan hech kim portfel koʻtarib yurmagani uchun tortindim. Shu portfel menga nihoyatda sirdosh buyum boʻlib qolgan, unga eng yaxshi koʻrgan kitoblarimni – Mark Tvenni, Ayniyning “Esdaliklar”ini, Oybekning “Qutlug‘ qoni”ni solib qoʻyar, istagan paytda olib oʻqiyverardim. Keyinroq universitetdagi tanishim Mahmud Saʼdiy bilan oʻqigan kitoblarimiz haqida tinmay gaplashar, u menga baʼzan “Qutlug‘ qon”ni oʻn bir marta oʻqib chiqqani, hali yana oʻqigisi kelib turishini aytardi. Men esa “Qutlug‘ qon”ni toʻqqiz marta oʻqigan, Mahmud oldida maqtana olmasdim.
– Yoshlik yillaringizda universitetda oʻzbek maʼnaviy olamining ulkan dargʻalari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev kabi shoirlar, adiblar va olimlar bilan bir avlod sifatida izma-iz tahsil olgansizlar. Shubhasiz, bu avlod vakillari millat faxriga aylandi. Bu jarayonning har biringizga qanday taʼsir koʻrsatgani haqida gapirib bersangiz.
– Men 1956-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetiga oʻqishga kirdim. Bu yerda ilm, ijod, ijtimoiy intilishlar muhiti kishini har doim oʻziga mahkam jalb qilib turardi. Dam-badam Erkin Vohidovning oʻquvchilik va talabalik davrida yozgan sheʼrlari yangrab qolardi. Kichkina gʻaroyib kashfiyotga oʻxshagan bu sheʼrlar domlalardan tortib hammani – hatto boshqa fakultetdagilargacha oʻziga rom qilib olgan, koʻplar ularni har joyda yoddan oʻqishardi. Juda mashhur edi Erkin Vohidov. Keyinroq uning yoniga Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Omon Muxtor, Oʻtkir Hoshimov, Saʼdulla Siyoyev qoʻshildi. Ularning ilk asarlari oʻquvchilar oʻrtasida dong taratdi. Gazeta-jurnallarda bosildi, alohida kitobchalar boʻlib chiqdi. Adabiyotga gurillab yangi talantli toʻlqin kirib kelayotgani, ijod maydonida mustahkam oʻrniga ega boʻlayotgani hammaga ayon boʻldi. Ularning har biri tez orada oʻziga xos shaxs sifatida namoyon boʻldilar. Ularning oʻziga xos talantlari tarbiyasida Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov singari universitet domlalarining eʼtibori, hissasi juda katta boʻldi. Men ham universitetni togʻamdan soʻng ilk chin ustozim deb bildim. Bu ishonch va muhabbat hayotimga joʻshqinlik, qalamimga harorat ato etib turdi.
– Dunyo adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga tarjima qilib kitobxonlarga yetkazishda matonat koʻrsatdingiz desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Tarjima sanʼati ogʻir va mashaqqatli sanʼat. Igna bilan quduq qazishday gap. Agar siz tarjima qilgan kitoblarni bir joyga toʻplasa, naq 30 jild boʻladi. Tarjimadan tashqari oʻzingizning kitoblaringiz ham 30 jildga boradi. Bu umringiz davomida juda katta xirmon koʻtarganingizning dalilidir.
– Dunyo adabiyotiga qiziqish, butun hayotimni kitob bilan bogʻlaganim, kitobni menga yozilgan taqdir ishi deb bilganim meni adabiy tanqid va badiiy tarjima sohalariga dadil qadamlar bilan kirishga chogʻladi. Oʻqigan kitoblarimni oʻzbek tiliga xayolan agʻdarib yuradigan boʻldim. Qoralamalar qildim. Muqobil soʻzlar, juda koʻp variantlar, versiyalar qidirdim. Baʼzan yirik-yirik asarlar bir butun holda xayolimda oʻzbekcha shaklga kirib gavdalanardi. Yoshligimdan, “Oydin kechalar”ni oʻqiganimdan beri Fyodor Dostoyevskiy romanlari xuddi shunday yaxlit oʻzbekcha boʻlib koʻz oʻngimda turardi. Chidolmay ularni qogʻozga tushirishga shoshilardim. Ammo reallik boshqa edi. Reallik qora terga botib mehnat qilish, tinimsiz zahmat chekishni taqozo qilardi. Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osimdan tarjimaning jozibador soʻzi qanday boʻlishini oʻrgandim. Asar koloritini, fusunkorligini qayta tiklashga va bunda soʻz fasohatini zarracha yoʻqotmaslikka muttasil eʼtibor qaratdim. Keyin yillar oʻtgan sari bular mening badiiy tarjimadagi uslubimga aylandi. Bularni mahoratning oʻlmas manbaiga aylantirish nihoyatda katta iqtidor, kuch-quvvatni talab qiladi.
– Men tarjima sanʼatini dardi bir, quvonchi bir-biriga oʻxshash, ammo ikki tilda gaplashadigan ikki insonning hasratlashishiga oʻxshatgim keladi. Aminmanki, bu kechinmani katta ijodiy jarayonda koʻp bora tuygansiz. Raskolnikov bilan (“Jinoyat va jazo” romani), knyaz Mishkin bilan (“Telba” romani), Markes qahramonlari bilan baayni birga yashagansiz. Gap shundaki, tarjima aql va yurak oʻrtasidagi katta ijoddir.
Biroq bugun internet sahifalarida yoki aldam-qaldam, qoʻl uchida qilingan tarjima kitoblarda bir ogʻriqli manzara paydo boʻlayapti: “gugl” (Google)ga avtomatik tarjima qildirib, ega-kesimini sal epaqaga keltirgach, “tarjimon – falonchi” deya eʼlon qilib yuborayotganlar ham koʻp. Yoki asarni oʻzicha tushunib, uni aqli yetganicha tarjima qilish asnosida, muallif matnida boʻlmagan gap-soʻzlarni qoʻshib (yoki ayirib) tashlash holatlari kuzatilmoqda. Bu nodir ijod turi bu ketishda qay ahvolga kelib qoladi deb oʻylaysiz?
– Milliy uygʻonish shabadalari tobora kuch olib, madaniy-maʼrifiy dunyolarimizda hayotbaxsh jonlanishlar kuzatilmoqda. Bu jonlanish badiiy ijod sohalarida ham koʻzga tashlanayapti. Oʻqish, kitoblarga qiziqish, ilm olish, tadqiqotchi olim boʻlish, global dunyo va milliy hayot tarzi talab qilayotgan keng spektrdagi ixtisoslarni mukammal egallash, mutaxassis boʻlishga intilish yoshlar, oʻsmirlar, xotin-qizlarning keng qatlamlari orasida udumga aylanmoqda. Kambagʻallik va undan tugʻiladigan juda koʻp rang-barang nokasliklarga tamomila barham berishning eng taʼsirchan yoʻli mutaxassis (qaysi sohada boʻlmasin!) boʻlib yetilishdir. Hozir kambagʻalchilikdan chiqayotgan va u bilan butkul xayrlashayotganlarning barchasi mutaxassisliklarni egallagan kishilardir. Turli texnik qulayliklar chiqayotgan ajoyib-gʻaroyib kompyuterlar zamonida tarjimalarni aqlli kompyuterlar hamda oʻta gʻaroyib hisoblash mashinalari zimmasiga bemalol yuklash mumkin deb qaraydigan “aqlli” odamlar (toʻgʻrirogʻi, qalloblar va koʻzboʻyamachilar) ham bosh koʻtarmoqda. Ammo hech qanday aqlli mashina inson qiladigan ijodga qobil emas va bundan keyin ham hech qachon qodir boʻlolmaydi. Zero, hech qanday aqlli mashina odam hissiyotlari va u yarata oladigan obrazlar, manzaralar, kolliziyalar, illyuziyalarni bunyod etolmaydi. Agar bunyod etolsa, unda olamda yangi odam navini yaratgan boʻladi. Bunga qodir kuch tabiatda yoʻq. Badiiy hamda ilmiy tarjima sohasini talant, iqtidor, malaka, tajribalarsiz aslo tasavvur qilib boʻlmaydi. Ijod koʻzboʻyamachi va qalloblar ishi emas. Tarjimon boʻlish uchun bir nechta tilni mukammal egallash, milliy adabiyotlar, turli bilimlar sohalaridan yaxshi xabardor boʻlish, xullas, ijodkor boʻlish kerak. Oʻzini soʻz mulki ichra gʻavvosdek his qilmoq lozim. Shundagina qalamdan goʻzal, odamlar yuragida gavhardek yashaydigan soʻzlar chiqadi. Men hozirgi noshirlar juda qattiq talabchan boʻlishlari zarur deb oʻylayman. Axir soʻzga xiyonat nontepkilik bilan barobar. Soʻz qaroqchilaridan esa masʼuliyat talab qilmoq joizdir. Xaltura tarjima kitoblarni paydarpay chiqarib tarqatayotgan noshirlardan nega bunday deb soʻrab turish kerak-ku axir! Balki bu ishlarni toʻla tartibga soladigan tarjimonlar birlashmasi (assotsiatsiyasi!) tuzish payti kelgandir. Adabiyot agentligi bilan birgalikda badiiy va ilmiy tarjimonlar assotsiatsiyasi qanchalar zarur hozirgi kunda!
Xullas, keyingi paytlarda oʻzbek tilini yaxshi bilmasdan, badiiyat neligini anglamasdan men tarjimonman deb saviyasiz, chuchmal agʻdarmalarni qalashtirib tashlayotganlar ham bor. Men shundan tashvishlanaman, chunki bu narsa didni, adabiyot haqidagi tasavvurlarni buzadi.
– Ibrohim aka, mashhur irland adibi Jeyms Joysning “Uliss” romani ham ilk bor sizning tarjimangizda oʻzbek kitobxoniga yetib bordi. Bu kitob xususida gʻarb ziyolilari ham favqulodda yangi asar, inson tafakkurining yangi mahsuli deya baho beradilar. “Dunyoda ikki toifa odam bor: “Ullis”ni oʻqiganlar va oʻqimaganlar!” kabi taʼriflar mavjud. Shu oʻrinda ushbu asarning mazmun-mohiyati, yozuvchining muddaosi, umuman “Uliss”ning kaliti nimada deb bilasiz? Bu kitob tarjima boʻlib, kitobxonlarimiz qoʻliga yetib borgan boʻlsa-da, yuqoridagiga oʻxshash qator savollar oʻzbek kitobxonida bisyor...
“Uliss” nima?
– Dunyoda odam toʻla rohat qilib (xuddi eski qazi yegandek boʻlib) oʻqiydigan ulug‘ kitoblardan biri Jeyms Joysning “Uliss” romani boʻlsa kerak deb hisoblayman. Fusunkor, afsonaviy kitoblardan. Badiiy adabiyot nafosati va badiiyati qanday taʼsirchan kuchga ega boʻla olishi bu kitobda har tomonlama mujassam topgan va nafosat qirralari behad mislsiz sirlari bilan namoyon boʻlgan. Dunyoning eng taʼsirchan yuzta kitobi ichidan unga yakdillik bilan birinchi oʻrinni berishgan. “Uliss” afsonaviy kitob boʻlishi bilan birga uning atrofida ham rang-barang afsonalar juda koʻp va unga tom-tom sharhlar, izohlar, tadqiqotlar, tarixlar yozilgan va hali ham paydarpay yozilmoqda. Mening tarjimamda bu asar qariyb 900 sahifa boʻlgan. Unda Joys 1904-yil 16-iyunda – bir kun ichida roʻy bergan hodisalarni tasvirlagan. Irlandiyaning poytaxti Dublin shahrida yosh yigit, nomdor yozuvchi Joys xuddi shu kuni oʻzining boʻlajak xotini Noraxon Barnakl bilan uchrashgan ekan. Shu uchrashuv sharafiga Joys ushbu buyuk kitobini bitgan. Bu aql bovar qilmaydigan badiiy poetika kashfiyotlari kitobi. U oʻn sakkiz epizoddan iborat. Joys oʻn sakkiz epizodning hammasini dunyo adabiyotida boʻlgan barcha badiiy texnikalar, uslublar, vositalarni qoʻllab yozgan. Ularni romanning bir necha hayot qavatlariga tabiiy singdirib yuborgan. Mutaxassislar hanuzgacha shularning badiiy sirlarini ochishga urinishadi. Joysni oʻqish qiyin deyishadi. Goʻzallik va ayniqsa unga yetib borish qachon oson boʻlgan? Ammo mehr, qunt, ishtiyoq va badiiy soʻzga sadoqatli muhabbat boʻlsa, bu qiyinchiliklar aslo qiyinchilik emas. Navoiy, Bobur, Qodiriy, Yassaviy, Mashrab bizni jiddiy va qiyin kitoblarni qiyin demay va mashaqqatidan qochmay oʻqishga oʻrgatishgan.
Joys, Kafka, Flober, Dostoyevskiy, Tolstoylarni oʻqiganda ham ularning mislsiz goʻzal olamlariga poetika qiyinchiliklarini oʻzlashtirib, anglab, tushunib kirib borasiz. Buning ustiga Joys bu kitobida dunyo adabiyotida birinchi boʻlib “ong oqimi” degan badiiy tasvir usulini kashf etgan. Freydning tush, libido, sublimatsiya taʼlimotini badiiy tarzda yuksak darajada inkishof etgan. Uning personajlari cheksiz oʻylaydigan va fikrlaydigan kishilar. Bularni anglab yetgan oʻquvchi Joysni oʻqib bitirgach oʻzini bir necha Yevropa universitetini bitirganday sezadi. Oʻqish qiyin deb oʻzingizni lazzatdan bebahra qilmang. Reklama agenti Leopold Blum, yosh shoir muallim Stiven Dedal, goʻzal ovozli sanʼatkor Molli, tarixchi faylasuf Bik Malligan va romanning boshqa qahramonlari hayot, inson, taqdirlar, dunyoning turish-turmushlari haqida hech toʻxtamay fikrlab, fikrlaganda ham gʻaroyib fikrlab sizni oʻz dunyosiga jalb qilib turadi. Siz sahifama-sahifa dunyoning eng xabardor odamlaridan biriga aylanib borasiz. Yassaviyning qudrati nimada ekanligi haqida oʻylab koʻrganmisiz? U faqat xudoni tanishni targʻib qilgan deb oʻylaysizmi? U doim oʻz hikmatlarida bexabarlar bilan bahs olib borgan. Bexabarlikni juda keng maʼnoda tushungan. Bu hatto gumrohlikdan ham boshqacha bir hodisa boʻlgan. Shuning uchun u hozirgacha bor, hozirgacha tirik, oʻlmagan! U ming yillarcha, hatto bronza asridan beri hayot va Yer yuzidan tamomila izsiz oʻtib keladi. Kitoblar esa bizni shunday ogʻir hodisa – bexabarlikdan qutqaradi. Zero, kitobda Gyote iborasi bilan aytganda, “mangu nafosat” yashaydi.
– Jadidlar nafaqat adabiyotimizni, maʼnaviyatimizni ham, milliy tafakkurimizni ham yangilashga bel bogʻlagan edilar. Jadidlar bilan bogʻliq qanday armonlaringiz bor?
– Jadidlarni ijodiy tilim chiqqanidan beri sevaman. Choʻlponsiz, Behbudiysiz, Fitratsiz oʻzimni ham, adabiyotdagi oʻrnimni ham tasavvur qilolmayman. Ularning oʻzbek xalqi ozodligi, maʼrifati yoʻlidagi zahmatlarini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Ular hayotimizdan, tariximizdan oʻz haqqoniy oʻrnini topgani va egallagani xoʻb boʻldi. Jadidlar eʼtiqodiga ergashish va uni yangi tarixiy ijtimoiy sharoitda ijodiy davom ettirish bugungi va ertangi eng dolzarb vazifamiz deb bilaman.
– Zamonaviy oʻzbek adabiyoti bilan jahon adabiyotini solishtirganda qanday xulosalarga kelasiz?
– Bugun hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti jahon adabiyotining uzviy davomiga aylanib bormoqda. Yangi mavzular, shakllar, usullar, qarashlar kirib kelmoqda. Asl tillarga tarjimalar ham umidli kurtaklamoqda. Oʻzbek adabiyoti durdonalari tuproqda qolmaganidek, jahon adabiyoti mumtoz namunalari ham oʻzbek tilida oʻz jarangini topadi. Bunga shubha yoʻq. Ammo Uchinchi renessans davri badiiy tarjimonlarining maydonga kirib kelishi va oʻzini topishi, tanitishi nihoyatda qiyin kechmoqda. Lekin jarayon boshlangan.
– Hayotda qattiq amal qiladigan qoidangiz haqida soʻzlab bersangiz.
– Muntazam ijod qilish. Bir kun ham toʻxtab qolmaslik, har qanday vaziyatda, hech qachon ijoddan chekinmaslik.
– Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva bilan butun umr birga yashadingiz, hayotning ogʻir-yengilini birga tortdingiz. Shu haqda koʻnglingizdagi xotiralaringiz...
– 1976-yildan buyogʻiga Oydin Hojiyeva bilan bir yoʻldan yelkama-yelka, hamjihat, hamkor, madadkor, maslakdosh boʻlib bordik. Ellik yildan ortiqroq vaqt ichida Oydinni doim chehrasi ochiq, yuzi yorug‘, samimiy holda koʻrdim. U shu vaqt mobaynida joʻshib-toshib ijod qildi. Goʻzal lirik sheʼrlar, hassos dostonlar yozdi.
Hayotimda chin burilish – men Oydinni, Oydin esa meni topgani boʻldi. Boshqa barcha insoniy burilishlar shundan ulgi oldi. Biz asl narsalar nimaligini birga angladik. Chin va soxtaning nimaligini bildik. Yana qaydam...
Yulduzim, sen bilan oʻnglandi tilagim...
Oʻchmagansan, ketmagansan, arazing yoʻq.
Xush chiqibsan koʻk taxtingga –
Manglayingni kelar silagim,
Yulduzim, hamrohim, sen bilan tirildi yuragim...
– Bugungi oʻzbek yoshlariga aytadigan eng muhim gapingiz?..
– Bugungi yoshlar bilan hamqadam, hamnafas boʻlgim, rejalarini yaxshilab anglagim keladi. Ular fursatni boy berib qoʻymasliklarini juda istayman. Odam vaqtga juda qattiq bogʻlangan. Million-million rishtalar bilan chambarchas bogʻlangan. Vaqt shakllantiradi: qiyofani ham, qalbni ham shakllantiradi. Aqlli odam vaqtni boy bermaydi. Vaqtni boy bergan hech qachon aqlli boʻlmaydi. Har kim oʻziga savol bersin: men vaqt ichida qandayman: bormanmi, yoʻqmanmi? Bunga javob topgan doim yutuqda.
Yana bir gapim: yoshlar asl ustozlar etagini mahkam tutsinlar. Ustoz bor joyda hayot bor, kelajak bor, taraqqiyot bor.
– Dunyoning past-balandini koʻp koʻrdingiz va bu koʻrib-kechirishlar jarayonida xalqimizning donishmand insonlaridan biriga aylandingiz. Shu qutlug‘ yoshga kirib hayot haqidagi, inson haqidagi eng muhim xulosangiz nima boʻldi?
– Baʼzan... shuncha yil yashab, koʻrib-kechirib, hayot va inson haqida qanday xulosalarga keldim deb oʻylab qolaman. Har bir inson chin oʻzini, oʻzligini, oʻz oʻrni, oʻz vazni, vazifasini bilib, anglab donishmandona umr kechirsa qaniydi. Insoniyatning yarmidan koʻpi oʻz-oʻzini, oʻz oʻrni hamda vazifasini bilmay oʻtib ketmoqda. Qalbaki soʻzlar, arzimas mayda-chuydalarga berilib umrni boy bermoqda. Talay odamlarning oq-qorani tanimasligi meni qattiq tashvishga soladi. Bu bugungi zamonda yanada qaltis tus olayapti.
– Oʻzbek xalqining qaysi maqolini koʻproq yaxshi koʻrasiz va nima uchun?
– “Ona yurting omon boʻlsa, rangi roʻying somon boʻlmas” degan maqolni yaxshi koʻraman. Juda sodda, juda oddiy koʻrinsa-da, bu maqolda hayotimizning mohiyati aytib qoʻyilgan. Chunki bizning oltmish ikki ming tomirimiz ona yurtimiz bilan chambarchas bogʻlangan.
– Doimo sizga yoʻldosh tilaklaringiz...
– Vatanimda suv doimo serob boʻlishini, havo hamisha toza-sof boʻlishini, odamlar bir-birlariga mudom samimiy, ishonchli, maʼrifatli boʻlishlarini tilayman. Oʻzganing dardini oʻz dardiday qabul qilishlarini istayman. Koʻnglimda gaplarim koʻp. Yana har kimning dilidagi Xudoga bogʻliq. Mezbon bitta: U bizni kuzatadi va kutadi.
Suhbatdosh: Eshqobil SHUKUR.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.