Yomonlik qarshisida qoʻrquvga berilsang,

qoʻrquvning yomonligini ichdan seza boshlaysan.

Bomarshe

Shavkat Rahmonning bizning mavzuga daxldor sheʼri bunday boshlanadi:

Titroq sezdingmi hech

bir shum lahzada –

xatar-la yuzma-yuz turgan chogʻingda?

Tubsiz jar labida oniy larzadan

titrab kelganmidi joning ogʻzingga...

Ingliz adibi Jorj Oruellning “1984” romani bosh qahramoni Uinston Smit bu “shum lahzadagi oniy larza”ni Okeaniya atalmish saltanatning yer ostidagi jazo makoni – 101-xonada boshdan oʻtkazadi. U shunga qadar jismoniy qiynoq va xoʻrlov, ochlik hamda tashnaliklarga dosh bergan, hatto koʻzga koʻrinmas Katta ogʻa siyosatini bekam-u koʻst yurituvchi OʻBrayen bilan yuzma-yuz tortishishga ham oʻzida kuch topgan edi. Bu tuzum fuqarolarning nafaqat zohiriy hayoti tafsilotlari, balki eng yashirin sirlaridan ham toʻliq voqif boʻlmoq yoʻllarini kashf etgan va Uinstonning nozik yerini – nimadan qoʻrqishini yaxshi bilardi. Va uni aynan shu joyidan tutadilar. Natijada, agar qafasdan chiqarib yuborilsa, ozgʻin va rangpar yuzini hash-pash deguncha tishlab-uzib yeb tashlashi tayin boʻlgan och kalamushlar qarshisida taqdirga tan bermoqdan oʻzga chorasi qolmaydi uning. Ana shu qoʻrquv – “ogʻizga titrab kelgan jon” talvasasi uni inson oʻlaroq tutib turgan ruhiy umurtqasini sindirib, majaqlab tashlaydi: Uinston qalbi tubida sevib asragani Juliyani oʻzining oʻrniga ochofat kalamushlar hukmiga berilishini soʻrashga majbur boʻladi...

Holbuki, u shu kunga qadar aqlining taslim boʻlganini tan olsa-da, qalbini daxlsiz saqlamoqdan umidvor edi. Biroq muxtor vakili OʻBrayen boʻlgan hukmron partiyaga bu yetarli emasdi: ular fuqarolarning Katta ogʻaga nafaqat soʻzsiz itoat qilishi, balki uni sidqidildan sevishlarini istar edi. Ularning nazarida, “Hokimiyat keyin undan voz kechish, birovga berish uchun egallanmaydi. Hokimiyat    –    vosita emas, hokimiyat    – maqsaddir. Individning individualligi oʻlgandagina hokimiyat sohibi boʻla oladi. Hokimiyat odamlar ustidandir. Vujudlar va, eng asosiysi, ong ustidan hukm yuritmoqdir. Hokimiyat – odamlarning ongini parchalab, yana oʻzingizga maqbul tarzda tiklamoqdir”. Oʻzini ana shunday cheksiz vakolat sohibi hisoblaydigan OʻBrayen uchun Uinstonning aqli va jismini taslim qilishdan muhimroq masala – uning qalbidagi javharni mahv etish, bu qalbni ham xuddi uning hilviragan jismi-yu joni singari abgor holga solish edi. U ayni hukmni qatʼiy ohangda eʼlon qiladi: “Biz sizni shunday bukib qoʻyamizki, avvalgidek boʻlolmaysiz. Siz bilan shunday narsa yuz beradiki, ming yil yashasangiz ham oʻzingizga kela olmaysiz. Siz hech qachon oddiy insoniy tuygʻularni his etishga qobil boʻlmay qolasiz. Ichingizdagi hamma sezgilar oʻladi. Muhabbat, doʻstlik, hayot quvonchlari, tabassum, zavq-u shavq, jasorat, halollik – bulardan zarracha qolmaydi. Siz gʻovakka aylanasiz. Biz ichingizni boʻshatib, keyin oʻzimiz bilan toʻldiramiz”. Va ular maqsadga toʻliq erishadilar (Jorj Oruell. “1984”. Toshkent, “Nihol” nashriyoti, 2020).

* * *

Zolimlik va qoʻrquv bir-birining

qoʻlini siqishadi.

Balzak

Afsuski, mustaqil fikrdan qoʻrqadigan mustabid hukmdorlar har qachon xalqni qayoqqa yetaklasa oʻsha yoqqa ketaveradigan poda holiga solishni oʻzining bosh aʼmoli deb bilgan. Frans Kafkaning “Jazo koloniyasida”, “Evrilish”,  Dino Bussatining “Taqiq” hikoyalarida ham; Gabriel Garsia Markesning “Mustabidning paymonasi”, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida ham; Xurshid Doʻstmuhammadning “Oromkursi” qissasida ham ayni shunday maqsad-muddao egalarining qilmishlari va bu kirdikorlarning ayanchli oqibatlari turli rakurslardan talqin etiladi.

Chingiz Aytmatov bir suhbatda shoʻrocha boshqaruv tabiati xususida quyidagi mulohazani aytgan edi: “Stalin xalqni xuddi tiriklay pati yulib olingan tovuqqa oʻxshatib qoʻygan edi. Davlat va jamiyat boshqaruvini toʻliq oʻz ixtiyoriga olgan “dohiy”ning bir qoʻlida sevimli trubkasi boʻlsa, boshqa qoʻlida tovuq ochdan oʻlmasligining kafolati – don boʻlar edi. Har qanday xavfdan qoʻrqib-titraydigan tovuq ham changalida don tutgan kimsa qay tomon burilsa, oʻsha yoqqa yurardi. Hammaning nazarida gʻoyat zabardast, millionlarning boshini silaydigan marhamatli bu qoʻl obdan zoriqtirgach, tovuq ochlikdan oʻlmasligi uchun, keyingi manzillarga olib boradigan yoʻllarga uchta-toʻrttadan don sepib qoʻyardi. “Xoʻjayin”dan (Stalinning yugurdaklari orasidagi mashhur laqablaridan biri – “Xozyain” edi!) uzoqlashishga boʻlgan har qanday harakat ochlik va sovuqdan, egasizlik va himoyasizlikdan keladigan halokatdek qoʻrqinchli tuyulardi...”  Stalin oʻlgan kunlari millionlab odamlarning chin dildan qaygʻuga botib yigʻlagani, hatto “Endi nima boʻladi?” degan oʻy ularni vahima va qoʻrquvga solgani ham tarixiy fakt!

Mutaxassislar postsovet davlatlaridagi aholi tabiatiga oʻrnashgan siyosatdan qoʻrquv hissini Lenin va Stalin tomonidan haddi aʼlosiga chiqarilgan siyosiy terror natijasi deb hisoblashadi. Buning isboti uchun biri biridan dahshatli koʻplab hayotiy misollar, hujjatlarni keltirish mumkin. Jumladan, shoʻroviy tuzumning “tongotari”dayoq uning “koʻchada yetishgan” mafkurachilaridan biri Martin Latsis GPUchilarga (Bosh siyosiy boshqarma) shunday koʻrsatma bergan: “Ishda ayblanuvchining shoʻro hukumatiga qurol yoxud soʻz bilan qarshi chiqqan-chiqmagani toʻgʻrisidagi maʼlumotni izlab oʻtirmang. Birinchi navbatda siz undan soʻrashingiz kerak: u qaysi sinfning vakili, kelib chiqishi qanday, uning maʼlumoti qanaqa va kasbi nima? Mana shu savollarning oʻzi ayblanuvchining taqdirini hal etish uchun yetarlidir” (“Красный террор” gazetasi, 1918-yil 1-noyabr).

Rus yozuvchisi Boris Lavryonev shu xil koʻrsatmalar orqasidan roʻy bergan xunrezliklar, jumladan, Turkiston frontida oʻz koʻzi bilan koʻrgan vahshiyliklarga chiday olmay 1923-yilda kompartiya safidan chiqib ketgan edi. Maksim Gorkiyning “Bemavrid mulohazalar” (1918), Ivan Buninning “Laʼnatlangan kunlar” (1919), Vladimir Korolenkoning “Lunacharskiyga maktublar” (1920) asarlarida keltirilgan faktlar stalinizmning qonli poydevori aslida leninchilar tomonidan qoʻyilganini yaqqol isbotlaydi. Bu ziyolilar nafaqat kechayotgan dahshatlarni qoralagan, balki bunday tuzum va uning ishboshilari yuziga tupurib, yurtni tark etishga majbur boʻlgan. Biroq bunday misollar har qancha koʻp boʻlmasin, odam ich-ichdan his qiladiki, oʻzbekning “Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan maqoli shoʻro davri mahsuli emas, bu hikmatga asos boʻlgan hisning ildizlari ancha chuqur. “Shum bola”da Hoji bobo tomonidan tashkil etilgan takyaxonadagi “portlash” yoki “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Dahshat” hikoyalari, “Oʻtmishdan ertaklar” qissasi voqealarini olaylik – ularning har biridan millat ruhiyatidagi mutelik va qoʻrquv hissi suzmaning sariq zardobidek sizib, chakillab tomib turadi. Axir, bu davrlarda shoʻroviylar davlat tepasiga hali kelmagan edi-ku! Demak...

Qoʻqon xonligining chor qoʻshini tomonidan bosib olinishi davriga bagʻishlangan kitobda xon saroyidagi tadbir-tamoyillar qatori gunohkorlardan koʻrsatmalar olish, aybini boʻyniga qoʻyishning turfa usullari ham sanab oʻtiladi (Юдин М. Взятие Ак-Мечети в 1853 году как начало завоевания Кокандского ханства. Москва, 1912). Ularning eng “beozori” – odamning qoʻl tirnogʻi va goʻshti orasiga zirapchalari archa novdasidek sachrab turgan yogʻoch ponani tiqish boʻlgan. Buxoro amirlari, Xiva xonlari oʻylab topgan “gap olish” usullari, masjid-u madrasalar qatorida, ochiq maydonlarga qurilgan jazo uskunalarini ham eslaylik. (Omon Matjonning “Qirq birinchi xotinlikka, Asiljon, Seni keltirdilar Isfandiyorga...” deb boshlanuvchi sheʼri yodingizdami?) Bularning bari odamlar ruhiyatining ich-ich qatlamlarida oʻzgarish yasamasligi, davlat, siyosat va bu siyosatni yurituvchilardan qoʻrqish hissini uygʻotmasligi mumkin emas edi, albatta.

Adabiyot ahli bu hisning maʼnaviy, axloqiy, ruhiy jihatlariga koʻproq urgʻu bersa, faylasuf va jamiyatshunos olimlar uning vujudga kelishida ijtimoiy-siyosiy omillar taʼsiriga eʼtibor qaratadi. Jumladan, Erix Fromm “Inson qalbi. Uning ezgulik va yovuzlikka moyilligi” nomli tadqiqotida odamga xos boʻlgan bir­biriga zid ikki xil tabiat haqida yozadi: biofiliya (hayotsevarlik) va nekrofiliya (oʻlimsevarlik). Faylasuf har ikki xil feʼl-atvor egalarining dunyoqarashi, yurish-turishi, qiziqish va qadriyatlar olamini batafsil bayon etar ekan, tarixda oʻtgan va zamonaviy hayotda yangicha shakllarda oʻzini namoyon qiladigan barcha tiranlar, yakkahokimlikka daʼvo qilgan diktatorlar aynan nekrofil – oʻlimsevarlar ekanini koʻplab dalillar bilan asoslaydi (Фромм Э. “Душа человека”. Москва, изд. “Респуб­лика”, 1992. стр. 14–108).

* * *

Qul boʻlish oson, ozod boʻlmoq esa

qiyinligi uchun ham kishilar quldirlar.

Nikolay Berdyayev

Albatta, hamma zamonlar va makonlarda ham nekrofil “dohiy”ning oʻzi singari oʻlimsevar tarafdorlari koʻplab topilgan. Ular oʻz ichidagi qoʻrquvni daf etish (toʻgʻrirogʻi, uning taʼsiridan qochish) uchun “xalqlar otasi”ni, “dohiy”ni, “fyurer”ni, “duche”ni, “ulug‘ yoʻlboshchi”ni oʻzlaridan kechib olqishlaydilar, uning xizmatiga oshiqadilar. Hayot mazmunini toʻliq shu faoliyat tashkil etadi, shundan keladigan daromad evaziga kun koʻrishadi, oʻzlarini ovutguchi ruhiy ragʻbatlar – qoʻrquv, qullik, mutelik oʻrnini toʻldiruvchi tovon tizimini oʻylab topishadi. Ularning boshqacha fikrlaydiganlar, har kimning yetovidan xalos boʻlishni xohlaydiganlarga qarshi qoʻyadigan vajlari ham, bundoq qaraganda, mantiqli va toʻgʻridek tuyuladi: “Nima yetmayapti oʻzi sizlarga? Ochlikdan oʻlmayapmiz-ku! Ust-boshimiz but boʻlsa, dunyoda shunga ham yeta olmayotganlarning son-sanogʻi qancha! Boriga shukr qilib, yoʻgʻiga qanoat qilsak boʻlmaydimi? Siyosatga aralashib, kim nima foyda koʻrdi? Shuncha karillab, nimani oʻzgartira oldi? Zarar qilsa, faqat oʻziga, bolalariga zarar qildi. Siyosat hech bir izini qoldirmay yoʻq qilib tashlagan Kirov, Troskiy, aka-uka Kennedilar, ona-bola Gandilar oldida siz bilan biz kim boʻpmiz? Mana, och qornim – tinch qulogʻim, deb biz kam boʻlmayapmiz-ku!..”

Biroq Shoir avvalo oʻziga, qolaversa, siz-u bizga ham mana bu singari ogʻir savollarni berishda davom etadi:

Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,

Titramay aytdingmi keskir soʻzingni?!

Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,

Asrab qololdingmi oʻzing oʻzingni?!

Bunday savollar qarshisida mening yodimga, xohlaymanmi-yoʻqmi, beixtiyor turli arxivlarda oʻqiganim, sahifalari sargʻayib ketgan tarixiy hujjatlarning guvohliklari, ijodiy uyushmalarda oʻtgan yigʻilishlarning stenogrammalaridagi gap-soʻzlar tushaveradi. Deylik, hali qirq yoshga bormagan Abdulla Qodiriy shaharning Samarqanddarvoza deparasidagi hovlisida ekinlar tagini yumshatib, yovvoyi oʻtlardan tozalash asnosi yaqinda yoza boshlagani “Amir Umarxonning kanizi” asari voqealarini xayolida jonlantirib turgan bir vaqtda, oʻsha hovlidan besh-oʻn chaqirim narida joylashgan Yozuvchilar uyushmasida uning qachon, kim bilan, nima haqda gaplashganini oʻz qavmdoshlari – qalamkashlar jiddiy muhokama qilishadi, bir-birlarini soʻroq-savolga tutishadi. Qozon shahriga safari davomida unga hamroh boʻlgan qalamkashlardan oʻzaro suhbatlar chogʻida adib qaysi yozuvchi haqida nima gap aytganigacha soʻrab-surishtiriladi. Va bu jarayonda Qodiriyning xayoliga ham kelmagan gaplar unga nisbat beriladi, yozuvchining sinfiy dushmanligiga “dalillar” yigʻiladi. Abdulla Qahhorning “Sarob” romani muhokamasida millat va mamlakat gʻamida boshini kundaga qoʻygan Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov singari “xalq dushmanlari va ularning dumlari” nomiga aytilmagan tuhmat qolmaydiki, zalda oʻtirgan biror kimsa yurak yutib qarshi soʻz aytsa, hechqursa, ularning oldini olishga harakat qilsa! Aksincha, yigʻilish ishtirokchisi “Endi bilayotibsizmi uni?..” deya siyosiy hushyorligini namoyish etadi. (Bular haqda batafsil qarang: Rahmon Qoʻchqor. “Men bilan munozara qilsangiz”. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 1998. 43–45-betlar.)

Osmondan kelganda tuban odamlar –

biri chinorkesar,

biri kesar til.

Butun qilmishlarin qarasang jamlab,

Namoyon boʻladi suvrati qotil.

Nega shunday? Nega yagona tur, yagona zot vakili boʻlaturib odam bolalari bir­birovini mahv etmoqqa, biri ikkinchisini ezib-yanchmoqqa bunchalar ishtiyoqmand? Axir, biz yirtqich deb nomlaganimiz yoʻlbars, sirtlon, boʻri, ilon, hatto chiyaboʻrilar – shoqollar muhitida ham ahvol bunday emas-ku! Ular bir-biroviga shunday munosabatda boʻlmaydi, biri ikkinchisi oldida titrab-qaqshamaydi-ku! Yo bu hol odam zotining oʻzgarmas yashash tarzi, peshonasiga to qiyomat bitgan tavqilaʼnatmi? (Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamgʻasi”ni eslaylik!) Bu savolga javob berishdan avval, endi ochigʻiga koʻchib, boshqa bir savolni oʻzimizga berib koʻraylik: hamma zamon va makonlarda omma orasida haq gapni aytishga oʻzida jurʼat topadiganlar koʻp boʻlganmi yoki “faqir kishi panada”, “koʻzni yumsang – boy boʻlasan” singari “hayotiy qoidalar”ga amal qilganlarmi? Bu savolga, hech boʻlmaganda, oʻzimiz hozirga qadar qatnashganimiz eng tinch tadbirlar   –   katta-kichik anjuman-u majlislarni koʻz oldimizga keltirib javob aytaylik. Nazarimda, agar vijdonga xilof ish qilmay ochiq tan oladigan boʻlsak, har qachon va har yerda panadagi faqirlar koʻpchilikni tashkil etgani – achchiq haqiqat! Demak, uzoq zamonlar mobaynida boshqa tuygʻularning bosh koʻtarishi, “namoyishga chiqishi”ga yoʻl qoʻymagan qoʻrquv hissi odamzodning tabiatida dominant boʻlgan – hukmronlik qilgan. Qanchalik paradoksal eshitilmasin, bu his koʻpchilikning yashash uchun kurashida bosh omil, jon saqlashning asosiy sharti boʻlib keldi. Bizning milliy tariximiz va taqdirimizda koʻp kuzatilgan bu alamli haqiqatni teran anglagan Erkin Vohidov ham, taassuflar boʻlsinki, oʻzining mana bu savollariga javob koʻrmay dunyoni tark etdi: Gʻofil xalqim! / Tinglarmanmi sening naʼra – uningni, / Koʻrarmanmi zuluklardan ozod boʻlgan kuningni?..

Xoʻsh, bugungi dunyoning hamma joyida ham ahvol hamon shundaymi?

Bu savolga koʻnglimizning bir chetida umid uchqunlarini yoqguvchi YOʻQ degan javobni aytsak boʻladi, nazarimda. Chunki insoniyatning oʻz taqdiriga befarq boʻlmagan bir qismi, aksariyat ilgʻor Gʻarb jamiyatlaridagi aholi davlat boshqaruv tizimi, siyosat va siyosatchilar qarshisidagi qoʻrquv hissidan deyarli qutulgan deyishga asoslar yetarli. Albatta, u oʻlkalardagi odamlar ham oʻlim, bedavo kasalliklar, turli ofatlar qarshisidagi tabiiy qoʻrquvdan xalos boʻlgan emas. Biroq instinkt bilan bogʻliq bu hislar oʻlimiga qadar inson ruhiyatida qolishi aniq. Hatto, aytish mumkinki, bu tabiiy hislar odam bolasini juda koʻplab nafsiy qutqular, pala-partish hayot ortidan keladigan turfa xil balolardan himoya qiladi. Zero, donishmand Arastu bekorga “Agar kishi hech narsadan qoʻrqmasa, u ehtimol quturgan yoki tentakdir” demagan. Biroq siyosat va rahbarlar qarshisidagi ojizlik, siyosiy tuzumga mutelik singari orttirilgan qoʻrquv hissini biz eslayotgan jamiyat aʼzolari deyarli unutgan. Holbuki, u xalqlar ham imperator, qirol va podsholar hukmronligi kezlari Sharqdagidan-da vahshiyroq, qoʻrqinchliroq va noinsoniy siyosiy tuzumlarni, zulm-u istibdodni boshdan oʻtkazgan. Birgina inkvizitsiya davri vahshatlari erkin fikrlashga moyil kishilar boshiga ne-ne azoblarni solmagan, siyosatdan qoʻrquv hissi ulkan maydonlarda uyushtirilgan qatllar namoyishiga haydab chiqilgan odamlar qon-qoniga, ongostiga qadar atay singdirilgan. Bu xususda guvohlik beruvchi tarixiy manbalar, badiiy va publitsistik asarlarning son-sanogʻi yoʻq. Ayni oʻrinda, hechqursa, Sharl de Kosterning “Til Ulenshpigel qissasi”, Viktor Ferealning “Inkvizitsiya” asari, Viktor Hyugoning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” romanini yoxud Jordano Bruno, Galileo Galiley hamda faranglarning jasur qizi Janna dʼArk qismatini eslash kifoya. Qarangki, ayni dahshatli hodisalar yuz bergan, shular orqali ajdodlari qon-qoniga hukmronlardan, davlat siyosatidan qoʻrquv hissi asrlar osha singdirilgan xalqlar ruhiyatidan bu his deyarli oʻchib borayotir. Demak, orttirilgan oʻsha mashʼum tuygʻudan nafaqat bir-ikki individning, balki butun xalqning ham xalos boʻlish imkoniyati bor ekan-da! Xoʻsh, bunga erishmoqning ne yoʻl-yoʻriqlari bor-u bu jarayon qancha vaqtni talab qiladi?

* * *

Xulqlarni oʻzgartirib millatni

ulugʻlamoq yoki obroʻsizlantirmoq

hukumatga bogʻliqdir.

Volter

Biz bugun havas-la qarayotgan ilgʻor Gʻarb jamiyatlari chinakamiga yuksak insoniy mavqega, avvalo, demokratik qadriyatlar, erkinlikning eng muhim meʼyor va talablarini turmush tarziga aylantirish orqali koʻtarilgan.

Demokratiyaning bosh talabi – rahbarlarni saylashdir. Faqat shu yoʻl bilangina “demos” – xalqning “kratos”i – boshqaruviga rostakamiga erishish mumkin. Demokratik mamlakatlarda eng quyi amaldorlardan tortib president-u bosh vazir, gubernator-u parlament aʼzolariga qadar – barchasini saylash deganda ularni saralab tanlash tushuniladi. Yaʼni masʼul lavozimga daʼvogarlarning maʼlumoti va mehnat faoliyati, ilgari surayotgan gʻoya va rejalari, erishgan yutuqlaridan tortib oilaviy holatiga qadar sinchiklab oʻrganish, ularning “siyosat maydoniga qilgan yurishi”ni ancha avvaldan kuzatish imkoni yaratiladi. Saylovga qadar boʻlgan faoliyatida nedir shubhali hodisalarga aralashib qolgan nomzodlar saralash-tanlov jarayonining muayyan bosqichida roʻyxatdan tushib qolishlari aniq. Mabodo, kimdir oʻtmishiga doir shunday tafsilotlarni ommadan yashirishga urinsa, uning yangi lavozim tugul, avvalgi ish joyida ishlashi ham katta soʻroq ostida qolishi tayin.

Jarayonning oshkora kechishida muhim vosita oʻlaroq erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalari maydonga chiqadi. OAVga biror nomzod yoki uning komandasidan nedir bosim, taʼsir oʻtkazishga urinish boʻlsa, bu hol ham darhol oshkor qilinadi: nomzod, oʻzbekcha aytganda, “oʻziga oʻzi qiladi”, marafondan chiqib ketadi. Bu jarayonlarning hammasi toʻla huquqiy makonda, qonun talablariga qatʼiy amal qilingan holda kechadi.

Endi ayting: mana shu sharoitda, shuncha talab va tanlovlardan soʻng masʼul lavozimga (bu yerda vazifaga desak oʻrinliroq boʻladi) saylangan odam oʻzini saylagan odamlarning yuziga oyoq qoʻyishi, ulardan oʻzini yuqori tutishi, xalqni mensimasligi mumkinmi? Qoʻl ostidagilarni haqorat qilish bir yoqda tursin, birovni senlab gapirishga jurʼat etadimi? Eng muhimi, jamiyat aʼzolari oʻzi saralab saylagani bu odamlardan, oʻzlari singari insonlar va ular yuritadigan siyosatdan nega qoʻrqishlari kerak? Modomiki, siyosat deganlari xalq taqdiriga daxldor qonunlar, qarorlar, nizomlar, buyruqlar va hokazo huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilar ekan, saylangan odamlar oʻzlarini xizmatchi sifatida tanlagan kishilar manfaatiga zarar yetkazadigan, ayniqsa, ularni qoʻrquv va vahimaga soladigan hujjatlar qabul qilishi, kimlargadir shu ruhdagi topshiriq yoki buyruq berishi sogʻlom aqlga qanchalik mos keladi? Yoxud oshkoralik, OAV tezkorligi sharoitida har qanday noqonuniy harakat, inchunin, inson hayoti va erkinligiga tahdid qilish zumda oshkor boʻladigan muhitda qaysi amaldor shunday kirdikorni oʻziga ep koʻradi? Ayniqsa, bunday harakat, birinchi navbatda, oʻsha amaldorlarning oʻz taqdiriga salbiy taʼsir qilishini hamma juda yaxshi bilsa! Bu davlatlarda, har qancha katta mansab egasi boʻlmasin, yakka shaxs qosh-qabogʻiga qarash, ichki va tashqi siyosatni uning istaklariga moslash, bir soʻz bilan aytganda, volyuntarizm illatiga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Barcha muammolar yechimi kollegial tarzda, koʻpchilikning fikri va taklifi inobatga olingan holda hal etiladi. Mamlakat kelajagi va millat taqdiriga daxldor masalalar yuzasidan esa butun xalq fikrini soʻrab – referendumlar oʻtkazish orqaligina bir toʻxtamga kelinadi.

Agar Gʻarbning jiddiy mavzulardagi badiiy va hujjatli filmlariga eʼtibor bersak, politsiyachi boʻladimi yoxud maxsus xizmat xodimi boʻladimi, biror kishining erkinligini cheklashga harakat boshlagani zahoti aksar fuqarolar ularga qarata “Janob (yoki xonim), lutfan, mening saylovchi va soliq toʻlovchi ekanimni yodingizdan chiqarmang!” deya ogohlantirib qoʻyishiga guvoh boʻlamiz.

Bu nima degani?

Bu shu deganiki, “Bilib qoʻying, parlament aʼzolari-yu vazirdan tortib prezidentgacha oʻz lavozimiga men bergan ovoz tufayli saylangan yoki men saylagan odamlar ularni shu ishga tayinlagan. Bunga qoʻshimcha, ularning barchasi va sizlarning maoshingiz men toʻlaydigan soliqlardan shakllanadigan byudjetdan beriladi. Shunday ekan, men bilan obdan oʻylab, qonunga muvofiq muomalada boʻlishingizni talab qilaman!”

Asosan mehnatkash xalq toʻlaydigan soliqlar hisobiga vujudga keladigan byudjet mablagʻlari sarfi haqida ham bu mamlakatlarda tiyin-tiyinigacha xalqqa muntazam hisob berib boriladi. Bu borada uzoqqa bormay, yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan bir faktni eslash kifoyadir: korrupsiyaga barham berish borasida dunyoda eng oldingi oʻrinda borayotgan Daniyaning bosh vaziri Mette Frederiksen xonim davlat byudjetida koʻzda tutilmagan bir chiqim xususida parlament oldida hisob bermoqda. Gap shundaki, bir yil avval Daniyada sirklarda ekzotik hayvonlardan foydalanish man qilinishi munosabati bilan fillarni egalaridan byudjet hisobidan sotib olishga qaror qilinadi. Ittifoqo maʼlum boʻladiki, bir sirkdagi Ramboline laqabli urgʻochi fil Ali laqabli tuya bilan qalin doʻst ekan. Mutaxassislar ularni bir-biridan ayirish har ikkisiga zarar keltirishini aytishadi va hukumat filga qoʻshib boyagi tuyani ham sotib olishga majbur boʻladi. Bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 350 milliard dollarni tashkil etadigan davlatning bosh vaziri byudjetdan sarf etilgan ana shu arzimagan mablag‘ xususida ham parlament huzurida hisobot berishni oʻz lavozim vazifasi deb bilmoqda...

Bizningcha, ham katta-kichik mansabdorlar, ham fuqarolar ommaviy tarzda shu darajaga yetganida – oʻzining davlat-u jamiyat boshqaruvidagi bevosita va bilvosita ishtiroki va masʼuliyatini teran anglab yetganidagina odamlar siyosatdan qoʻrqish hissidan xalos boʻlishi mumkin.

* * *

Podadagi eng namunali qoʻy boʻlish uchun

eng avvalo qoʻy boʻlish lozim.

Albert Eynshteyn

Ana endi mana bu savol oʻrtaga chiqadi: bizda ham saylovlar amaliyoti joriy etilgan-ku, biz ham qonun chiqaruvchi organlar aʼzolarini, mahalliy kengashlarni mustaqil saylay boshlaganimizga qariyb oʻttiz yil boʻldi-ku, natija-chi, natija qani? Bu savolga javobni yana birgalikda, haqiqatning yuziga tik boqib izlashimizga toʻgʻri keladi. Agar demokratik, erkin fuqarolik jamiyatlaridagi saylov jarayoni bilan bizdagi holat solishtirilsa, ancha-muncha narsaga oydinlik kiradi.

Avvalo, biz oʻzimiz saylashimiz lozim boʻlgan deputatlar haqida nimalarni bilamiz? Saylov komissiyalari va nomzodlarning oʻzlari tomonidan tayyorlab tarqatiladigan, saylov uchastkalariga qoʻyiladigan saylovoldi tashviqot varaqalarida ularning qachon, qayerda tugʻilgani, oʻqigan va ishlagan joylari, ilmiy darajasi-yu olgan unvonlari xususidagi maʼlumot boʻladi, xolos. Siz bilan bizning hayotimizga daxldor qarorlar qabul qilinishida kamida besh yil bevosita ishtirok etadigan (ayni talab koʻpincha ideal holida – xomxayolligicha qoladi!) bu odamlarning real bilimi, tafakkur darajasi, intellektual quvvati, hayotiy va kasbiy koʻnikmalari, xarakter xususiyatlari, insoniy fazilatlari saylovga qadar ham, saylanganidan keyin ham aksar holda nomaʼlumligicha – qorongʻiligicha qoladi. Beistisno barchasi oʻz nizomlarida ilmiliq gaplarni boshqacharoq shakl-u shamoyilda oʻnlab yillar davomida takrorlayveradigan partiyalar tomonidan koʻrsatiladigan bu nomzodlarning aksari siyosat deganlari oʻzi nima; davlat va jamiyat boshqaruvining qanday usul-uslublari bor-u ularning qay biri zamon sinovidan qanday oʻtgan; har bir konkret davlat tuzumida siyosatga bosh qoʻshayotgan odamdan qanday fazilatlar talab etiladi-yu uni ne yoʻqotishlarga majbur qiladi... singari yuzlab savollarning javobini bilish u yoqda tursin, dunyoda mana shunaqa masalalar borligidan ham bexabar boʻladi.

Goh bevosita, koʻpincha esa televideniye orqali namoyish etiladigan turli darajadagi majlislar, yigʻilishlar, tadbirlarni kuzatib, somelarning ahvol-ruhiyasiga boqib, xayolga beixtiyor Hamza Hakimzodaning 1917-yilning birinchi yarmida   – Turkiston xalqlari oldida istiqlolga erishishning noyob imkoniyati paydo boʻlgan kunlari yozgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” pyesasidagi manzaralar keladi. Adibning cheksiz nafrat va gʻazabini qoʻzgʻagani uchun ham insoniy ismga loyiq koʻrilmay, “T. domla”, “J. domla”, “S. domla” singari nomlar bilan atalgan, muxtoriyat bilan haftabil – avtomobilning farqiga bormaydigan, millat va mamlakat taqdiri muhokamasidan koʻra Abdurasulboynikidagi ulamo oshini afzal biladigan “el peshvolari”ning shiori ham yakrang: “Biz nima xayolda-yu, falak qanday xayolda, nima boʻlsa boʻlaversin!”

Bu vaziyatda eʼtibor talab qiladigan jihat shuki, hamma zamonlarda xalq noiblarining ayni shunday boʻlmoqlarini har narsadan koʻra koʻproq xohlaydigan kuchlar ushbu manzara oʻzgarmay qolmogʻidan manfaatdordirlar. Ular bu maydonda biron bir “oq qargʻa” paydo boʻlib qolishining oldini olish uchun ne usullarni oʻylab topmaydi deysiz?!

* * *

 Agar uni saqlab qolish uchun kishilarning

terisini shilish zarur boʻlsa, unday sivilizatsiyaning

manfaatiga, hatto uning oʻziga ham laʼnatlar yogʻilsin!

Fyodor Dostoyevskiy

Koʻpchilik biladigan bir gap bor: har bir xalq oʻz hukmdorlariga loyiq boʻladi. Agar masalaga sal boshqacharoq rakursdan qarasak, hukmdorlar risoladagidek boʻlmogʻi uchun oʻsha xalq darajasi har tomonlama yuksalmogʻi darkor. Demak, muammo yechimi, xohlaymizmi-yoʻqmi, oʻzimizda, oʻzimizning saʼy-harakatimizda ekan. Zero:

Qaltis lahzalar yoʻq,

qaltis umr bor,

moʻr-malax nom aro yolgʻiz noming bor.

Lahzada titroqqa aylanib tursang,

demakki, ichingda bitta xoin bor.

Oʻldir,

ichingdagi xoinni oʻldir,

volida koʻziga boqishdan avval,

maʼshuqa qoʻynida yotishdan avval,

zulmat ummoniga botishdan avval.

Yoʻldir bu,

nafsning botqogʻi emas,

qilichning damiday chaqnagan yoʻldir.

Bu yoʻlga yuzingni burishdan avval,

Oʻldir, ichingdagi xoinni oʻldir.

Darhaqiqat, avvalo oʻzi, hech boʻlmaganda, kelgusi nasllari bu dunyoda hur va erkin hayot kechirishi haqida qaygʻuradigan har bir inson butun umrini, har qancha qaltis boʻlmasin, hayotni yaxshi tomonga oʻzgartirishdek olijanob kurash jabhasiga baxsh etmogʻi lozim. Shundagina uning nomi zulmat ummoniga botmaydi. Buning dastlabki va muhim talabi esa ichdagi xoinni – QOʻRQUV HISSIni oʻldirmoqdir. Zero, shu ayanchli, gʻoyat uyatli hisdan qutulgan qalbdagina boshqa jamiki insoniy hislar, ozod tuygʻular bor tarovati bilan bosh koʻtaradi. Ular oʻz sohibini ruhiy yuksakliklarga olib chiqadi.

Rahmon QOʻCHQOR

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Ichimizdagi xoin” maqolasi