Ijtimoiy tarmoqlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi binosi hukumat qarori bilan Yoshlar teatriga bepul berildi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Va ushbu maʼlumot ijtimoiy tarmoq faollarining keskin eʼtirozlariga sabab boʻldi. Millatga daxldorlik hissi bor yurtdoshlarimiz muzey bisotidagi boyliklar taqdiridan xavotirdaliklarini bildirishmoqda. Oyina.uz millat merosiga qaygʻurayotgan faollarning fikrlarini bir joyga yigʻdi.

“Kim topadi, nima xato ketgan shu yerda?”

Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, avvalo, mening bolalik xotiralarim bilan bogʻliq.


Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis sanʼat litseyining adabiyot sinfida oʻqiganman va har yili bir necha marta bu yerga kelar edik.

Bizga aynan navoiyshunoslar dars berishar, Hazratning tavalludiga atalgan har tadbirimizga tashrif buyurishar edi. Anvar Hojiahmedov, Yoqubjon Isʼhoqov, Alibek Rustamiy kabi ustozlar Navoiy haqida shu qadar mehr-muhabbat bilan gapirishar ediki, bu ehtirom bizga ham ulardan yuqqan deya olaman.

Har yili 9-fevralda adabiyot sinfining barcha oʻquvchilari va ustozlar muzey oldidagi haykal atrofiga yigʻilib, Navoiyni xotirlash uchun kelgan olimlarning maʼruzalarini eshitar edik, tadbir soʻngida biz – oʻquvchilar yoddan gʻazal aytardik sovuqdan va hayajondan titrab.

Olimlar bilan bir safda turib eng buyuk shoirimizni yodga olayotganimizdan qandaydir sharaf tuyardim.

Esimda, xonalarning birida “Xamsa” dostonlariga atab devorga ishlangan suratlarni koʻrsatib, gid ayol:

– Kim topadi, nima xato ketgan shu yerda? – degan va biz astoydil har biriga tikilib, joylashuvdagi ketma-ketlik buzilganini aniqlagan edik.

Chingiz Ahmarov degan rassomni ham aynan shu muzeyda kashf qilgan edim oʻzim uchun.

Eksponatlarning aksariyati shundoq koʻzim oldida turadi: qoʻlyozmalar, gilamga ishlangan Sharq goʻzali portreti, ilmiy ishlar va risolalar, turli davlatlardan yuborilgan sovgʻalar.

Qavatdan qavatga koʻtarilib, turli davrlarda ijod qilgan shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodi bilan tanishish mumkin edi.

Keyinchalik, bu dargohga oʻzim ham oʻquvchilarimni bir necha marta olib keldim.

Professor Aziz Qayumov rahmatli binoning qarovsiz va eʼtibordan chetda qolayotgani, ayrim xonalarini tadbirkorlarga berib yuborilgani haqida kuyunib yozgan maqolasini oʻqib qattiq achingan edim.

Mana endi Navoiy koʻchasi, Navoiy metro bekati bor-u, muzey yoʻq.

Millatning tarixi edi u. Adabiyotning tarixi! Shuncha asr oʻtib bironta Navoiy chiqmadi. Jilla qursa, u zotga aloqador tarixni saqlab qolishga yarasak edi...

Zulfiya RASHIDOVA,

pedagog


Nahotki qaror chiqarganlarning joni achimagan?

Biz ham asosan, talabalik davrimizda Navoiy tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar sabab bu muzeyga koʻp borardik. Birinchi kursligimda aynan oʻshanday tadbirda Hasan Rajabiy tanbur chertib “Qaro koʻzim”ni kuylaganida mumtoz qoʻshiqlarimiz jonli ijroda maftunkor ekanligiga iqror boʻlgandim.

Muzey koʻchirilsa, shunchaki buzib tashlanishi kerak boʻlgan sanʼat asarlariga nahotki qaror chiqarganlarning joni achimagan?

Millatni millat qilib koʻrsatadigan narsa uning maʼnaviy merosi emasmi?!

Oʻzi bizda shunday ham muzeylar kam va kambagʻal. Borini ham yoʻq qilib nimaga erishamiz?

Muzeyni toʻligʻicha saqlab qolish kerak.

Iroda AZIMOVA,

tilshunos

Gap aslida siyosiy iroda haqida ketyapti

Turgan-bitgani teatrga aylanib borayotgan tomoshaga yozilgan munosabatdagi ushbu joylari juda-juda gʻalati:

“Mazkur obyekt tarixan va arxitekturaviy jihatdan “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi” sifatida barpo etilgan boʻlib, Davlat yoshlar teatri uzoq yillardan buyon ushbu majmuaning bir qismida faoliyat yuritib keladi. Bino hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi – mazkur majmuani yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlab qolish va teatrning kengaygan ehtiyojlari (repetitsiya zallari, grim xonalari, dekoratsiya ustaxonalari) uchun sharoit yaratishdir”.

Hatto Sovet davrida bu bino Alisher Navoiy bilan bogʻliq shaklda bezatilgan. Endi bu binoning teatr uchun qurilgani haqida gap chiqarilayotgani – shunchaki sharmandalik, orsizlik. Unda muzey ichidagi Navoiy va uning sheʼriyati bilan bogʻliq pannolar, imorat tashqarisi va ichkarisidagi naqshlarning teatr mavzusiga qanday aloqasi bor?

Gap aslida siyosiy iroda haqida ketyapti. Chindan istalsa, Oʻzbekiston poytaxti markazidagi Alisher Navoiy koʻchasidagi, Alisher Navoiy metrosi yonidagi muhtasham binoni yoshlar ilm oʻrganishi uchun Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning katta bir filialiga aylantirish mumkin. Kichkinagina Respublika bolalar kutubxonasi yoki bir qismi ishlamaydigan, muhiti oʻta rasmiy boʻlgan Milliy kutubxona binosi yoshlarning talablarini qondirolmaydi. Butun bir katta mamlakatda, yoshlar aholining katta qismini tashkil etadigan mamlakatda jahon standartidagi kutubxonalar deyarli yoʻqligi ham ojizlik, ham uyatsizlik. Qolaversa, shunday binoning teatrga oʻtkazib yuborilishi – orsizlik.

Mirzayor ERKINOV,

jurnalist

***

adabiyot muzeyi

muzey ham odamday gap,

axir,

uning ham umri bor yarasha.

koʻrguligi shirin,

goh taxir,

goh vayron,

goh qismat qarashar...

bitta farqi:

kosasi asta

odamniki kabi toʻlmaydi.

oʻldirmasa birovlar qasddan,

oʻz ajali bilan oʻlmaydi.