Millatning, milliy  davlatchilikning shakllanishi va tarkib topishida joy nomlari muhim  oʻrin tutadi. Chunki Vatan tushunchasi aynan joy nomi bilan mushtarak tushunchadir. Qolaversa, Vatan xalq, elat yoki biror individ yashaydigan makon oʻlaroq qadrli. Tarixga nazar solsak, juda koʻplab imperiyalar mustamlaka yerlarni oʻzlashtirish jarayonida avval joy nomlarini almashtirib chiqqanini koʻramiz. Fargʻonaning Skobelev, Olmaotaning Verniy, Bishkekning Frunze, Oʻzboyning Krasnovodsk, Soʻljaning Grozniy, Qiziljarning Krasnoyarsk atalgani bejiz emas.

Koʻpchilik yoshlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegara postining nega hamon “Chernyayevka” deyilishini bilmasa kerak. Asli Gʻishtkoʻprik deb ataladigan bu chegara postining shundoq biqinida Chernyayevka qishlogʻi boʻlardi. Qishloqning oti Toshkentni qon qaqshatib bosib olgan bosqinchi general Mixail Chernyayevning nomiga qoʻyilgan. Chunki ayni joy Toshkentni bosib olgan rus qoʻshinlarining harbiy qoʻnalgʻasi sifatida shakllangan va Toshkent bosib olingach, unga Chernyayev nomi berilgan[1]. 1991-yildan keyin mustaqil Qozogʻiston Respublikasi bu nomni oʻchirib, qishloqni Jibek joli(Ipak yoʻli) deb nomladi[2]. Ammo, afsuski, 160 yil davomida mahalliy aholining ongiga singan qorayuzli Chernyayevning nomini unutish qiyin kechyapti.

 

XIX asrda Chor Rossiyasi davrida koʻhna Turkiston hududlariga ruslar bostirib kirgan boʻlsa, Sovet davrida begona nomlar bostirib kira boshladi. Viloyatlar, tumanlar, qishloqlar, taʼlim muassasalari, koʻchalar, maydonlar, xiyobonlarning ruscha nomlanishi odat tusiga aylandi. Leninobod oblasti, Stalinobod shahri, Orjonokidzeobod rayoni, Lenin maydoni, Marks xiyoboni, Engels koʻchasi, Maksim Gorkiy nomdagi institut, Aleksandr Matrosov nomidagi maktab, Poltaratskiy qishlogʻi, Jdanov kolxozi, Moskva sovxozi – bular sovet davrining xos joy nomlari edi. Eng yomoni esa, el bunga koʻnikkan, Vatan tutgan yerining shunday nomlanishiga rozidek edi. Chunki, bu davr millatning ziyolilari qirilgan, haqiqiy tarix unutilgan,  millat ongiga oʻzga gʻoyalar, mafkuralar singdirilgan  bir davr ediki, odamlar “katta ogʻa”ga qarshi soʻz aytadigan qurbga ega emasdi. Turkiy toponimlarni oʻrgangan atoqli qozoq olimi Gʻali Qonqashbayev “turkiylar oʻz joylarini boshqa tilda nomlaydigan yoki oʻzlari nom bergan hududlarni unutib qoʻyadigan omi xalq emas” degan edi[3]. Bu albatta tarixda oʻtgan ajdodlarga nisbatan aytilgan. Men Gʻali Qonqashbayevning bu soʻzni nega aytgani bilan qiziqdim. Balki, uning tugʻilgan yeri Aqbettov Pavlodar deb  atalgani uchun gʻashi kelgandir. Balki shuning uchun u toponimlar boʻyicha mutaxassis boʻlib yetishgan va Vatanidagi har bir nomning oʻz tilida boʻlishi uchun kurashgandir...

Markaziy Osiyo xalqlari mustaqillikka yetishgach, ruscha nomlarning juda koʻpi oʻzgartirilgan. Ammo ularning dogʻi hamon turibdi. Boisi tub aholining koʻpchiligi ruscha nomlarni hamon muomalada qoʻllab keladi. Aksariyat holatlarda oʻzbekcha joy nomlarini ham rus qolipida qoʻllash koʻzga tashlanadi: Farxadskiy, Alayskiy, Traktorniy va hk. Vaziyat shunday ekan, “joy nomlari masalasi” dolzarbligicha qolaveradi va jiddiy muammolarni keltirib chiqaraveradi. Chunki odamlar eski nomni qoʻllashda davom etyaptimi, demak, u xotiradan oʻchmagan yoki yangi nom oʻz oʻrniga tushmagan. Yoxud bu nom shu joyning toʻliq yoki qisqacha tavsifini oʻzida aks ettirmaydi. Shu oʻrinda bir misol: Qashqadaryoda Dehqonobod tumani bor. Ammo bu yerda dehqonchilik yoxud dala madaniyati bilan bogʻliq hech narsa topmaysiz. Chunki suv resursi kam. Aholining turmush tarzi asosan chorvachilik bilan  bogʻliq. 1926-yili tuman tashkil etilganda bu yerni  “Qoʻngʻirot” yoki  “Alpomish” tumani deb atash taklifi  berilgan ekan. Ammo, asli dehqon boʻlgan Yoʻldosh Oxunboboyevning taklifi bilan Dehqonobod nomi maʼqullanadi. Vaholanki, aytilganidek, bu hududda aholi lalmi ekinlarnigina yetishtiradi, xolos.

 

Bunday misollar juda koʻp. Boisi joylarga nom berishda avvalo geografik hudud va xalqining xususiyatlarini inobatga olmaslik, yuqoridan beriluvchi takliflar masʼullar tomonidan koʻr-koʻrona tatbiq etilishi va eng asosiysi, joylarga nom berishning asosiy tamoyillarini bilmaslik sabab boʻladi. Shu bois quyida joylarga nom berishning ilmiy tamoyillari haqida soʻz yuritamiz.

***

Bilamizki, soʻz tovush yoki tovushlardan, gap soʻz yoki soʻzlardan tuziladi. Tushuncha esa nomlar bilangina anglashiladi. Inchunin, agar nom boʻlmaganda, til boʻlishi mumkin-u, ammo tafakkur boʻlmas edi. Shu sabab odam yaralibdiki, hayvondan farqli oʻlaroq har kimni, har narsani, har bir voqelikni  nomlaydi, undan tushuncha, fikr, mulohaza va xulosa yasay oladi. Odamzodning shunday nom berish sanʼati keyinchalik onomastika[4] deb atala boshlagan. Onomastikaning toponim(joy nomlari), antroponim(inson nomlari), kosmonim(osmon jismlari nomlari), etnonim(etnoslarning nomlari) kabi oʻnlab yoʻnalishlarni alohida oʻrganuvchi boʻlimlari bor. Ular orasida biz oʻrganayotgan toponimlar insoniyat tarixida va bugunida muhim oʻrin tutadi. 

Birinchi atroponim Odam boʻlgani rost, birinchi toponim Yer boʻlgani rost. Ammo, yer yuzidagi joylarning keyingi nomlanish jarayonlari qanday kechgan? Xususan, turkiylar oʻz yurtlarini, shahar-u qishloqlarini, togʻlari, bogʻlarini, daryolarini qanday nomlagan? Ular nom berishda maʼlum bir tamoyillar, qoidalar va tartiblarga amal qilishganmi?

Moziyda dunyo xalqlari oʻz joylarini nomlashda turli uslublar va topoformantlardan foydalanishgan.

Misol uchun, hind-yevropa xalqlari shaharlarni nomlashda -pur(burg) topoformantidan foydalangan: Xastinapur, Jaypur, Gamburg, Piterburg va  hk. Forsiylar qoʻllaydigan -afshon (Nurafshon, Zarafshon) toporformantli toponimlar armanlarda –shen (Norashen, Davitashen, Sovetoshen) shaklida keladi. Ammo hind-yevropa xalqlarining har birida oʻz qatlam toponimlari ham bor. Misol uchun, Armanlar koʻproq –van (Yerevan) yoki –kan (Kirovakan), slavyanlar –grad(Belgrad, Petrograd), –sk(Tomsk, Kislovodsk) formantidan koʻproq foydalanishgan. Shuni ham taʼkidlash lozimki, hind-yevropa xalqlarida umumiy qoʻllanadigan topoformantlar kam, borlari ham formal jihatdan farqlanadi.

Turkiylarda esa tili aglyutinativ til boʻlgani uchun topoformantlar deyarli oʻzgarmaydi va dunyo xalqlari orasida birontasi joylarga nom  berishda turkiylar kabi eʼtiborli boʻlmagan. Chunki qadimgi turklarning turmush tarzi nomadik tartibda shakllangani uchun oʻzlari koʻchib oʻtayotgan har bir tog‘, qir, dengiz, koʻl, daryo, shahar-u qishloqning va yoki boshqa joylarning nomlarini bilishi hayotiy zarurat sanalgan.

Turkiylar oronimlar yaʼni togʻlikdagi joylarni nomlashda tau/tog‘/dag‘, qoya, qiya, adir, qir, tash, jar, toʻba/tepa kabi topoformantlardan foydalangan.     

Gidronimlar yaʼni suv havzalarini nomlashda esa dengiz, koʻl, su(v), bulaq, daryo, oʻzan, chay kabi topoformantlardan foydalangan. Yer xaritasidagi Oq dengiz, Qora dengiz, Qizil dengiz, Boykoʻl, Issiqkoʻl kabi gidronimlarga turkiy xalqlar nom bergan.   Buning isboti esa topoformantlarda oʻz aksini topgan.

Oykonimlarni nomlashda esa qalʼa, qoʻrgʻon, yurt, kent(qant), ovul, jer(yer), jar, dala[5] kabi topoformantlardan foydalangan. Joy nomlarini yasashda turkiylar koʻpincha sifat va sonlardan ham qoʻshimcha sifatida foydalanishgan: Olatov, Oqqoya, Qizilqiya, Jalpoqtosh, Mingjar, Qoʻrgʻontepa, Qoradengiz, Shoʻrkoʻl, Oqsu(v), Shirinbuloq, Toʻrtoʻzan, Arpachay, Ellikqalʼa, Kattaqoʻrgʻon, Xasavyurt, Toshkent, Orqaovul, Yangiyer, Koʻk dala va hk.

 

Turkiylarning mentalitetida urugʻlar alohida oʻrin tutadi. Oʻgʻuzxon davridan boshlab butun turkiy ellar va urugʻlar oʻz tamgʻalariga ega boʻlgan. Bu urugʻlar oʻz davrida “qadimiy davlat”, xalq yoki elat sifatida shaklangan va oʻz nomlari bilan toponimlar yaratgan. Oʻgʻuzlarda Avshar, Bayot, Alqaevli, Qora evli, Bayondur, Oqquyunli, Bajna (Bechenek), Salar, Igʻdir, Ava, Turbatli, Kerayli, Qirqlareli, Sultonli, Oʻqli toponimlari asli etnonim boʻlgan. Shuningdek, Qangli, Qarliq, Qalach(Xalaj), Karsagan nomlari ham urug‘ nomlaridir. Qipchoqlarda ham qirq, yuz, ming, oʻymovut, saroy, qoʻngʻirot, barlos kabi yuzlab etnonimlar toponimlarga aylangan. Eng qizigʻi, biror urug‘ vakillari boshqa joyga koʻchib oʻtsa ham joy nomini oʻzlari bilan olib ketishgan. Shu xususda bir misol bor. Maʼlumki, Navoiy viloyati, Nurota tumanida Chuya qishlogʻi bor. Bu yerda yuz urugʻlari yashaydi[6]. Oltoy Respublikasining Chuya traktidagi ayrim qishloqlarda ham yuz urugʻlari yashaydi. Bu oʻxshashlik oʻz-oʻzidan nomadik[7] hayot kechiruvchi turkiy xalqlarda etnoslar bilan birga toponimlarning ham koʻchishi hodisasi mavjudligini bildiradi. Yevroosiyoning turkiylar yashaydigan barcha hududlarida Nayman, Qangli, Saroy, Yuz, Qarluq kabi nom bilan ataladigan joylarning saqlanib qolgani ham bunga misol boʻla oladi.

 

Ammo, etnoslar nomi bilan ataladigan joylar masalasida ayrim muammolar ham uchrab turadi. Bu koʻpincha odamlarning zamonaviylikka intilishi yoxud oʻzligida uyalishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Misol: Toshkentning Uchtepa tumanida Katta Qani mahallasi bor. Bu joy aslida Qangli urugʻi yashaydigan mahalla boʻlgan. Ammo, keyinchalik, Qangli nomi Qaniga aylanib qolgan. Bu avvalo tarixni, oʻzlikni unutish bilan bogʻliq boʻlib, Qani nomini oʻzlashtirganlar Qangli nomining turkiylar orasida qanchalik nufuzli ekanini bilmaydilar. Inchunin, qanglilar qadimda, aniqrogʻi esa miloddan avvalgi III – milodiy IV asrlarda Movarounnahrda qudratli davlat qura olgan turkiy el ekanini, Toshkent oʻsha davlatning madaniy markazlarida biri boʻlganini bilishganda bunga yoʻl qoʻyisharmidi?

Turkiylar toponimlarni yasashda koʻpincha -au(av), -li, liq, -chi kabi affikslardan ham foydalanishgan. Misol uchun: Biynau(v), Jiynau(v), Diynau(v), Qamishli, Chechakli, Quyruqli, Chiyali, Arpali, Jiydali, Olmali, Qoʻyliq, Qirliq, Sarliq, Chiroqchi, Baliqchi, Oʻqchi va hk. Biynau(v) – biy(bek)lar yashaydigan, Jiynau(v) – odamlar yigʻiladigan, Diynau(v) – dunyo maʼnosini beradi.

Shuningdek, maʼlum bir tarixiy voqelardan ham toponimlar yasalgan: Qalmoqqirilgʻan, Qoʻy qirilgʻan qalʼa, Salomoʻldi, Jezqazgʻan. Ulutov atrofidagi Qalmaqqirilgʻan degan joyda 1727-yilda Abulxayrxon boshchiligidagi musulmon turkiylari va qalmoqlar orasida jang boʻlib oʻtgan. Oʻsha jangda turkiylar qoʻli ustun kelib qalmoqlar qirilgan.  Salomoʻldi Bobotogʻdagi joy nomi boʻlib, bu yerda Salomkal nomi bilan mashhur “bosmachi” yurtimizga bosib kelgan qizil askarlar tomonidan otib oʻldirilgan. Bundan koʻrinadiki, bu kabi joy nomlari ostida tarix yashiringan.

 

Turkiylarda bundan boshqa ham topoformantlar koʻp. Deylik, ayrim manzilgohlarda chinor(Mingchinor), terak(Koʻkterak), tol(Qatortol), qayragʻoch(Beshqayragʻoch), tut(Qoʻshtut) kabi daraxt nomlari ham topoformant vazifasini oʻtagan. Yoki zoonimlar yordamida ham toponilar yasalgan: Boʻriqochar, Qoʻyliq, Kiyikli, Aydarkoʻl, Sarliq[8], Tuyaboʻgʻiz va hk.

Shuningdek, maʼlum bir kasb bilan shugʻullanadigan odamlar jamoasi yashaydigan  mahallalarga  nisbatan –chi topoformanti orqali ham toponimlar yasalgan: Temirchi, Egarchi, Taqachi, Qazichi va hk.

Eng asosiysi yuqorida keltirilgan topoformantlar barcha turkiylar uchun tegishli boʻlib, ulardan shimolda yashaydigan xakas-u yakutlar ham, janubdagi qarlug‘-u qipchoq, gʻarbdagi bulgʻor-u oʻgʻuzlar ham ham foydalangan. Natijada topoformantlar  ming yillar davomida shakllanib, bugungi kunda oʻziga xos tamoyilga aylangan.

Turkiylarda joylarni muqaddaslashtirish eng muhim etnik xususiyatlardan biri sanaladi. Shuning uchun, Tangritog‘(Tyanshan), Oltoy, Mangutov(Elbrus), Ayridag‘(Ararat), Oʻtegen, Oʻrol kabi togʻlar, Enasoy, Oʻrxun, Xotun, Biy, Chuya, Amu, Sir, Araz, Terek kabi daryolar muqaddaslashgan. Sakrallashtirish xonlar, davlat rahbarlari, botirlar, olimlar, shoiru baxshilar, avliyolar dafn qilingan joylarga nisbatan ham keng qoʻllanilgan. Shu sabab turkiy dunyoda Olmaota, Zangiota, Ilonota, Murchota, Termizota, Qoʻchqor ota, Hazrat bobo, Hizr bobo, Avliyoota kabi sakral manzillar juda koʻp. Aksariyat tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Markaziy Osiyodagi juda koʻplab aholi yashash punktlari aynan shunday sakral manzilgohlar atrofida shakllangan boʻlib, koʻchmanchi aholining oʻtroqlashuvchi  asosan shu manzillarga toʻgʻri keladi.  

 

Oltoyda togʻlar, daryolar, buloqlar, daraxtlar, umuman olganda butun tabiatga hurmat koʻrsatiladi. Ayniqsa, buloqlar juda muqaddas sanaladi va ularning koʻpiga Arjan(muqaddas)buloq sifatida qadrlanadi. Har bir buloqning oʻz nomi bor: Aqbulaq, Aru bulaq, Iristu(irisqili) bulaq, Kumujek(kumush) bulaq va h.k. XX asrda ruslar bu buloqlar nomini oʻzgartirishga urinishgan. Ammo, oltoylar turkiy nomlarni oʻzgartirishga yoʻl qoʻyishmagan. Chunki har bir nomning oʻz tarixi bor va har biri qadrlidir. Shu sabab boʻlsa kerak oltoylar oʻzlari yashaydigan hududlarda  daryolar, buloqlar va yaylovlarni ifloslantirishga yoʻl qoʻyishmaydi. Biror joy ifloslansa, “Oʻris kelib ketibdi” deyishar ekan.

Qadriyatlar inson uchun zarurat oʻlaroq shakllanadi. Moddiy boʻlsin, maʼnaviy boʻlsin zarurat boʻlishi shart. Unga tegib yoki daxl qilib  boʻlmaydi. Qadriyatning eng ulugʻi Vatandir. Toponimlarga oʻzgartirishga boʻlgan urinishlar aslida Vatanga, millatga tahdid sifatida koʻrilishi kerak. Tahdidning kattasi yoki kichigi boʻlmaydi. Shunday ekan, hozir ommaviy tarzda tahdid oʻlaroq yoyilayotgan turli xorijiy nomlar – Magic city, Akay city, Food cityga oʻxshash “siti”larning lugʻatimizga kirib kelishiga hamyurtlarimiz, ayniqsa, til va maʼnaviyat jonkuyarlari befarq boʻlmasligi zarur.

 Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda adabiyotshunos Rahimjon Rahmatning Fargʻonadagi Qirqlar qishlogʻining nomini oʻzgartirishga urinishlar boʻlayotgani haqidagi xavotirli xabarlari tarqaldi. Oʻqib, bu ishni amalga oshirayotgan mutasaddilarga achindim. Axir, qirq – oʻzbek urugʻining nomi. Ular oʻzlari qurgan qishloqda oʻz urugʻining nomini – qadriyatini saqlab qolishga haqqi yoʻqmi?