Hozir taraqqiyot asrida davrning surʼati tez, zamonning zayli oʻzgaruvchan. Kecha koʻrganimiz bugun urfdan qolmoqda, kecha aytganlarimiz bugun uchun ertakga aylanmoqda. Bu jarayon hayotimizni yangilash bilan birga, har daqiqada hatarlar xavfini ham oshirmoqda. Bunday tahlikalar ichida esa faqat milliy davlatchilikning mustahkam asoslariga tayangan milliy taraqqiyotgina barcha dovonlardan oshib oʻtishi mumkin.
Bugun milliy taraqqiyotning yangi bosqichini egallayotgan mamlakatimiz oʻz ichki va tashqi siyosatini birlashish istiqbollari, mushtarak manfaatlar, ochiqlik, pragmatizm, konstruktivlik asosiga qurmoqda. Shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan olib borilgan proaktiv muloqot tamoyillari mintaqaviy siyosatning yangi davri, mustahkam asosini tashkil qilmoqda.
Natijada bugun Yangi Oʻzbekiston dunyoda tanilishi va tan olinishi borasida yetakchi davlatlar qatoridan oʻrin olmoqda. Buni shunchaki raqamlar yoki faktlarda emas, koʻz oʻngimizda, real hayotimizda kunda kunaro koʻrib turibmiz. Birgina soʻnggi kunlarda boʻlib oʻtgan, barchamizni gʻururlantirgan voqealar bunga dalil boʻla oladi.
Avvalo, Prezidentimizning uzoqni koʻrib, yangi yaxlit tashqi siyosat doktrinasini shakllantirgani sababli yaqin qoʻshnilar bilan uzoqlashib ketgan mehr-oqibat, qardoshlik rishtalari yana tiklandi. Bu esa nafaqat, mamlakatimizning balki, Markaziy Osiyoning yangi taraqqiyot yoʻliga ham sabab boʻldi.
Birgina oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foizga oʻsib, uning hajmi 450 milliard dollarga yaqinlashgan boʻlsa, suv, suv-energetika va ekologiya borasida ham katta yutuqlarga erishildi.
Yangi Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi bilan boshlangan, Ostona shahrida yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyot hududini bir boʻlib barpo etishga qaratilgan muhim tashabbuslar bilan jahon jamoatchiligi eʼtiborida turdi.
Xususan, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventativ diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze, Xadson instituti (AQSh) eksperti Richard Vayts, Shanxaydagi Fudan universiteti professori Chjao Xuashen kabi siyosiy ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyo koʻp yoʻnalishlarda mintaqaviy hamkorlikning noyob modelini yaratayotgani va bunda aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbus va siyosiy irodasiga alohida eʼtibor qaratib, eʼtirof etgan.
Mintaqa tarixiga ham oʻz nomini yozib ulgurgan Yangi Oʻzbekiston rahbariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirilgani barcha eʼtiroflarning qanchalik haqiqatligini koʻrsatdi.
Ayni shu voqealar bilan birga, Olimpiada oʻyinlaridagi sportchilarimizning oltinli gʻalabalari yangi tarixni yozib, Yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qanday katta marralarni qoʻygani va dadil ketayotganini koʻrsatib turdi. Oʻzbekiston Parijdagi oʻyinlarda qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan 200 dan ortiq davlat ichida umumiy medallar hisobida 13-oʻrinni egalladi. Bungacha eng yaxshi natija Rio-de-Janeyroda boʻlgandi – 21-oʻrin. Sportchilarimiz shu olimpiadani oʻzida 8 ta oltin medalni qoʻlga kiritdi, biroq 32 yil ichida sakkizta yozgi Olimpiya oʻyinlarida 10 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan edik.
Quvonarlisi, bahslarda qizlarimiz qatʼiyat, kuchli iroda bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Tarixda birinchi marta bizda ayol sportchi Olimpiya chempioni boʻldi. Diyora Keldiyorova nafaqat bu bilan, balki Oʻzbekiston uchun dzyudo boʻyicha ilk Olimpiya oltinini qoʻlga kiritgan qiz sifatida ham sport tarixida qoladigan boʻldi.
Nufuzli Finansial Times roʻznomasida chop etilgan maqolada mamlakatlarning Olimpiadada olgan medallari va oʻrinlari, nafaqat, sport sohasi, balki mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli rivojlanish yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida juda chuqur xulosalar qurishga asos boʻladi, deb yozdi.
Haqiqatan ham, harakat natijani, oʻzgarishlar tarixni yangilab boradi. Bu galgi olimpiada tom maʼnoda yangi davr ovozini butun olamga yoydi.
Yana bir muhim, xalqqa manfaatli, tadbirkorga madadli, oʻzbek va qoraqalpoqning taqdiri, ertasining mustahkam birlashgani yoʻlida muhim uchrashuv – Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boʻldi. Qoraqalpogʻistonda yurtimizning barcha hududlaridan 300 ga yaqin tadbirkor va investorlar toʻplandi. Shuningdek, muloqotda xorijda biznesini yoʻlga qoʻygan yana 40 dan ziyod vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Hududiy studiyalardan 3 mingga yaqin biznes vakillari qatnashdi. Bugungi tahlikali va murakkab zamonga qaramasdan, iqtisodiyotimiz barqaror oʻsib borayotgani, dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari buni eʼtirof etayotgani qayd etildi. Raqamlar oshgan, manfaatli bitimlar tuzilgan, yangi korxona-yu zavodlar ochilgan, muhimi esa tadbirkorda faqat daromad emas, “xalqqa manfaat” degan tushuncha, investorlarda ishonch degan eng muhim, qimmatli fikr paydo boʻlgan, tadbirkor Prezidentni, davlatni oʻziga madodkor sifatida koʻra boshlagan.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Tadbirkorning xalqqa madadi vatanparlik ekani koʻp bora taʼkidlandi.
Prezident Qoraqalpogʻiston faollari, ziyolilari bilan ham uchrashib, hududni yanada rivojlantirish vazifalarini muhokama qildi. Uchrashuvda joriy yilda turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri Ajiniyozning 200 yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingani eslanib, Davlatimiz rahbari shoirning xalq uchun xizmat qilgan fidoyi zotlarni “hazrati inson” deb ataganini yodga oldi va barchani shunday ishlashga daʼvat etdi.
Shunday “hazrati inson”, uzoq yillar taʼlim, tarbiya sohasi ishlagan, haligacha maʼrifat ulashishni umr mazmuni deb bilgan Bekdullo ota Prezidentimiz bilan muloqotda “Vatanparvarlik konsepsiyasi” ishlab chiqish zarurligi taklifini bildirdi. Ziyolilarning maydonga chiqishi, millat manfaati, uygʻonish masʼuliyati yoʻlida bildirayotgan bunday takliflari katta ahamiyatga ega, albatta.
Maʼnaviyat va iqtisodiyot qoʻshqanot
Yangi Oʻzbekistonni ham tashqi va ichki siyosatda ezgu fikr va tashabbuslar, birlashish gʻoyasi yangi kuchga aylantirmoqda. Chunki mamlakat maʼnaviyati yuksak xalqimiz bilan birga qatʼiy ishonch, puxta reja, yuksak ilm bilan tarixning yangi zarvaraqlarini zabt etib kelmoqda. Bundan tashqari, maʼnaviy taraqqiyotga intilish, yangilanish yoʻlida Prezidentimiz tomonidan koʻplab tashabbuslar, imkoniyatlar yaratilmoqda. 2023-yilning 22-dekabr sanasida Davlat rahbari tomonidan oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi ziyolilarni uygʻotgan, millat masʼuliyatini anglatgan uchrashuv boʻldi. Unda yana bir bor dunyoda “kuch, bosim diplomatiyasi” rivojlanayotgani, ijtimoiy-siyosiy qarashlarda transformatsiya jarayoni tezlashgani, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar ortayotgani aytildi. Bunday tahlikalar, tahdidlar kuchaygan vaziyatlarda faqatgina millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar jasorat bilan maydonga chiqqani esga olindi.
Tan olish kerak, mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida ulkan ishlar qilindi. Natijada Oʻzbekiston kambagʻallik darajasini 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga kamaytirdi, qishloq joylarida (8 foiz) shaharlarga (4 foiz punkt) nisbatan kattaroq pasayish kuzatildi. 1,6 millionga yaqin odam kambagʻallikdan chiqdi. 2023-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekistonda jami ish bilan band boʻlgan aholi soni 312 ming kishiga yoki oʻtgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi. Bu erishilgan marralar yana kun sayin umidbaxsh raqamlar bilan oʻzgarib bormoqda. Biroq Prezident aytganidek, iqtisodiyot va maʼnaviyat qoʻshqanot boʻlsagina, biz buyuk maqsadlarga tezroq erishamiz.
Shu sababdan taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat biz uchun ustuvor masala ekanini qayta va qayta taʼkidlanmoqda. Bizga bugun jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek kerakligi va ularni oʻzimiz tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarurligi aytilmoqdi.
Uygʻonganlar birlashsa, jamiyat nurga toʻladi!
Millat maʼrifati, xalq maʼnaviyatini yuksaltirish masʼuliyatini oʻziga olish – saodatli ish, jasoratli qadam. Millat yetakchisi bilan yelkadosh boʻlish, buyuk maqsad yoʻlida birlashish uygʻoq qalbli ziyolilarning vazifasidir. Choʻlpon kuyib-yonib, “Millatni uygʻotish – uygʻonganlarning vazifasi”, dedi. Ibrat domla ulamo gʻayrat etkanda millat, albatta, isloh topishini taʼkidladi, Fitrat, Avloniy, Behbudiylar ham ziyolilar masʼuliyatini eslatishdan aslo charchamadi. Chunki, ular ilm-maʼrifat nuri, agar ular yonmasa, millat yorug‘ yoʻlni topolmay qolishiga koʻp bora tarix guvoh, voqealar dalil boʻla oladi.
Shu sababli Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi avvalo, barcha ishlarning boshini ziyolilarni bir joyga jam qilish, ularga zamonaviy media-maydonda minbar yaratish, birlashib katta kuchmiz, degan daʼvat bilan ish boshladi.
Bu yoʻlda tizimli ravishda viloyatlarda, tadqiqot institutlarida olimlar, ijodkorlar, diniy soha vakillari bilan tez-tez koʻrishib, ularning muammolari bilan tanishildi, bir maqsad yoʻlida birlashish borasida takliflar berildi.
Fanlar akademiyasi Tarix institutida tarixchi-olimlar, Yozuvchilar uyushmasida ijodkor-ziyolilar bilan birgaliklikda milliy gʻurur makonini yaratish boʻyicha qator loyihalar boshlandi. Ziyolilarga bir platforma, bir minbar yaratish maqsadida Markaz huzurida Raqamli targʻibot laboratoriyasi hamda interaktiv mediastudiyasi ochildi.
Olimlar va ijodkorlar bilan birgalikda millatni uygʻotish, xalqimizning milliy gʻururini yuksaltirish va vatanparvarlik ruhiyatini oshirishga qaratilgan zamonaviy raqamli targʻibot texnologiyalari, interaktiv media mahsulotlari, videodarslar, metodik qoʻllanmalar, podkastlar, mualliflik koʻrsatuvlari, rilslar, audio va videoroliklar tayyorlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Maʼnaviy targʻibot ishlari koʻlami va mazmunini oshirish boʻyicha Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiya agentligi va bir qator telekanallar bilan markaz oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Hojilar – maʼnaviyat targʻibotchisi, degan ezgu gʻoya asosida muqaddas arkonni bajarib kelgan 15 000 nafar yurtdoshimiz bilan hamkorlikda ishlash boshlandi.
Bugun ular “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzoligiga qabul qilindi. “Yangi Oʻzbekiston fidoyisi” targʻibot guruhlari tashkil etilmoqda. Ular uchun “Yangi Oʻzbekistonning fidoyisi boʻlib, maʼnaviyat targʻibotchisiga aylanamiz!” nomli ilmiy-uslubiy qoʻllanma va yoʻriqnoma tayyorlandi.
Tarbiya – aniq metodikaga tayanadi
Alisher Navoiyning bir hikmatnoma gapi bor: “Yoʻlni bilmay yurib boʻlmas”. Har sohada taraqqiyotga yetish uchun uning yoʻlini, usulini topib olish lozim. Boʻlmasa, har maqomga yoʻrgʻalash, har koʻchaga bosh suqish mumkin. Shu sabab avvalo, maʼnaviyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos yaratib olish ishlarini jadallashtirishni boshladik.
Oila-mahalla – maktabgacha taʼlim-maktab davrida tarbiya bilan shugʻullanamiz, natijasini koʻrishni istaymiz. Lekin natija aniq metodik yoʻriqnomalar, ilmiy tahlillarga bogʻliq, shu orqali tizimli ishlash mumkin.
1905-yili yozilgan Turkiston mustamlakasi toʻgʻrisidagi hisobotda bir qator xulosalar ichida “Turkistonning yosh avlodini oʻzimiz tarbiyalamogʻimiz kerak!” degan qaror ham boʻlgan. Nega? Chunki, yosh avlod ongiga, qalbiga berilgan tarbiya erta shu mamlakat kelajagiga dahl qiladi, taraqqiyotini, milliy manfaatini belgilaydi. Shundan kelib chiqib, Respublika boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bilan shugʻullanuvchi 31 482 nafar maʼnaviyat sohasi vakillari tarkibi shakllantirildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari uslubchilari, maktablarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, oliy taʼlim muassasalari prorektorlari, tyutorlar, vazirlik va idoralarning masʼullari, Markaz tizimi xodimlari hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari “Maʼnaviyat armiyasi” asosini tashkil etadi. Xoʻsh, bu raqamlar ortida tarbiyachilarimiz farzandlarimizni qanday tarbiyalaydi, qalbiga, ongiga nima beradi, hayotiy qarashlarini shakllantirishda koʻmak beradimi? Shu savollarga javob topish maqsadida har bir tarbiya yoʻnalishidagi tizim xodimlari uchun metodik asos yaratilishga kirishildi.
31 482 nafar soha vakillari faoliyatini tizimli monitoring qilish maqsadida “MMM.KPI.UZ” raqamli platforma loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu platforma barcha tizimlar bilan integratsiya qilinib, soha vakillari faoliyatini nazorat qilish, metodik koʻmak berish, baholash va monitoring qilish imkonini beradi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 14 ta hududdagi maktablarda maʼnaviy va vatanparvarlik tarbiyani kuchaytirish maqsadida 14 200 nafar maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari uchun seminar-treninglar oʻtkazildi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar uchun muhim sanalar bilan bogʻliq oyma-oy oʻtkaziladigan tadbirlarning yillik taqvim rejasi ishlab chiqildi.
Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridagi taʼlim muassasalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, maʼnaviy va vatanparvarlik tarbiyasini oshirish boʻyicha davlat va nodavlat oliy va professional taʼlim, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbarlari uchun 5 kunlik oʻquv-seminari oʻtkazildi.
Markaz hamda Milliy gvardiya oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish, 2000 nafar psixologlarni maʼnaviy-vatanparvarlik targʻibotiga oʻqitish, yoshlarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik memorandumi hamda qoʻshma qaror tasdiqlandi.
Uychi tumanidagi 56 ta mahallada tajriba-sinov asosida mahalla targʻibotchilari faoliyati tashkil etildi. Mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish boʻyicha respublika oʻquv-seminari oʻtkazildi. Mahalla targʻibotchilari uchun “Mahallada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish boʻyicha metodik qoʻllanma” chop etildi.
Maʼnaviyat sektori – jamiyat mayogʻi
Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, xalq manfaatini oʻylash, xalqni boy, mulkdor qilish, huquqini mustaqkamlash 4 ta sektor misolida tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Prezident tashabbusi bilan tashkil qilingan 5-sektor bu yoʻldagi “mayoq”dir.
Surxondaryo – Imom at-Termiziydek maʼrifat, madaniyatdan dunyoga saboq bergan donishmandlar yurti, jasorat, vatanparvarlik, sadoqatda gʻanimni ham lol qoldirgan alplar diyori. Bejizga “Maʼnaviyat sektori” mazkur hududda tajriba tariqasida boshlanmadi. Bunda ham oʻziga xos maʼno bor, maʼnaviyat debochasi mamlakatimizning janub javohiri boʻlgan hududidan boshlanmoqda.
Joriy yilning 16-aprel kuni Termiz shahrida “Maʼnaviyat sektori” “Surxondaryo tajribasi” misolida namunali yoʻlga qoʻyish” mavzusidagi respublika seminari tashkil etildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan mazkur yoʻnalishga masʼul boʻlgan barcha rahbar-xodimlar ishtirok etdi. Seminardan maqsad – hududdagi tajribani oʻrganishning amaliy jihatlariga eʼtibor qaratilib, barcha masʼullar oʻz hududlarida qanday qilib sektor faoliyatini tashkil qilish borasida koʻnikmalarga ega boʻldi.
Surxondaryo viloyatidagi 454 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 965 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim, 54 ta professional taʼlim muassasasi, 360 ta tashkilot va korxona hamda 724 ta mahallada “Maʼnaviyat sektori”ning quyi boʻgʻinlari tashkil etildi. Mahalla va taʼlim muassasalarida “Maʼnaviyat sektori” faoliyatini tashkil etish boʻyicha uslubiy qoʻllanma tayyorlandi.
Hokimlar maʼnaviyatga masʼul
Prezidentimiz madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishda hokimlarning masʼuliyatini keskin oshirish zarurligini aytdi. Hududlar rahbarlarining faoliyati, aynan ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarning sifati va samarasiga qarab baho berilishi taʼkidladi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi hududlarda, vazirlik-u, tashkilotlarda qanday taʼminlanmoqda? Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Ishchi guruhi tuzilib, hududlar boʻylab tahliliy-tanqidiy oʻrganishlar olib borilmoqda.
Bunda har bir hududning oʻziga xos boʻlgan qadriyatlari va maʼnaviy mezonlari hisobga olingan. Shundan kelib chiqib hududlarning ijtimoiy-maʼnaviy muhit xaritasini ishlab chiqish maqsad qilingan. Ungacha esa sohada mavjud muammo va kamchiliklar tizimli oʻrganiladi. Aholi orasida birdamlik va daxldorlik tuygʻularini qaror toptirishga qaratilgan amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan alohida reja-jadval asosida oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.
Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hududiy Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarida tanqidiy-tahliliy muhokamalar tashkil etilmoqda. Markaz tomonidan uslubiy-amaliy yordam koʻrsatilib, kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Biz bir boʻlsak – xalq, birlashsak – Vatanmiz!
Tarix guvohki, xalqlar bir boʻlmagan, insoniylik uzoqlashgan davrda taraqqiyotlar “koʻmilgan”, millatlar parokanda boʻlgan. Demak, faqat va faqat birlik, hamjihatlik xalqni xalq, millatni millat, Vatanni vatan qiladi.
Bugun birlashish masʼuliyatimizni anglash, bir maqsad yoʻlida harakatlanishimiz zarur. Bu bizga yangi tarix berayotgan muhim missiyadir.
Uning mazmun-mohiyatini yurtdoshlarimizga yetkazish, ular bilan hamnafas boʻlish, suhbatlashish, ruhini koʻtarish maqsadida mamlakatimiz boʻylab “Maʼnaviyat festivali” tadbirlari tashkil etilmoqda. Tadbirlar doirasida eʼtiborimizni eng chekka tumanlarga qaratmoqdamiz. Festival tadbirlari 173 ta tuman (shahar)dagi 555 ta chekka mahalla va ovullarda “Maʼrifat soati”, “Kelajak liderlari uchrashuvi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Inson qadri”, “Mehr-saxovat va muruvvat”, “Kitob karvoni”, “Ziyolilar forumi”, “Kinokarvon”, “Milliy qadriyatlar”, “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni”, “Maʼrifatli oila”, “Eng namunali maʼnaviyatli mahalla”, “Vatan madhi”, “Maʼrifat tur” kabi loyihalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va gala-konsert dasturlari oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari saroyida “Jadidlar orzusi” nomli teatrlashtirilgan badiiy-maʼrifiy kecha oʻtkazilib, unda birinchi oʻzbek dramaturgi Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush”, maʼrifatparvar shoir Abdulla Avloniyning “Siz va biz”, milliy uygʻonish harakatining namoyandasi Abdulhamid Choʻlponning “Kecha va kunduz” pesalari va “Qush esdaligi” filmidan parchalar namoyish qilindi.
Zamon bilan hamnafas emas, undan oldinda yuradigan davrda yashayapmiz
Prezidentimiz bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shartligini taʼkidlagan.
Qachon oldingi safga oʻtish, kimdir oʻylab turganda bajarishni boshlash mumkin? Qachonki harakatlar tahlillarga, ilmiy asosga qurilsa, boʻlgan emas, boʻladigan voqealar muhokama qilinsa, muhimi milliy manfaatlar asrab qolinsa, soha oʻn qadam oldinga chiqib oladi.
Bu ezgu gʻoyani amalga oshirish uchun aniq tahlillarga, prognozlarga qarab loyihalar amalga oshirishni boshladik.
Aholining turli qatlami bilan maʼnaviy tarbiya ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida aholining 3 ta yosh toifasi – “X” (katta yosh), “Y” (oʻrta yosh) va “Z” (kichik yosh) avlod vakillari oʻrtasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi.
“Z” avlod vakillari – bular bugungi kunda voyaga yetib kelayotgan raqamli avlod vakillaridir. Ular 73 foiz vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi, har qanday axborotni raqamli koʻrinishda oladi. Bor yoʻgʻi kundalik 2 foiz vaqtini kitob mutolaasiga ajratadi.
Markaz faoliyatini mana shu yoshdagi raqamli avlod vakillari bilan tizimli ishlashga qaratib, bu boʻyicha alohida targʻibotning zamonaviy texnologiyalari joriy etilmoqda. Xususan, “Buyuk sarkardalar”, “Allomalarimiz haqida 10 fakt” loyihalari amalga oshirilmoqda. Bunda tarixiy shaxslarimiz, buyuk ajdodlarimizning amalga oshirgan ishlari, qahramonliklari sunʼiy intellekt yordamida sahnalashtirilib, yoshlarga qiziqarli usulda yetkazilmoqda.
Markaz va hududlarning rasmiy ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy aʼzolari soni 850 000 nafarga oshirildi, “Oyina.uz” portali va ijtimoiy tarmoqlariga vatanparvarlik, maʼnaviy tarbiya va milliy qadriyatlarga oid 30 809 ta media targʻibot vositalari joylashtirildi.
Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash doirasida zamonaviy va taʼsirchan targʻibot texnologiyalarini ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi delegatsiyasi Yaponiya, Xitoy davlatiga ilmiy xizmat safari tashkil etildi.
Yaponiya va Xitoy davlatlariga tashkil etilgan ilmiy safarlar boʻyicha mamlakatimizda milliy gʻoya, mafkura, axloqiy, vatanparvarlik tarbiya va maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash borasida taklif va loyihalar ishlab chiqildi.
Har bir serial – bir missiya
Kino shunday sanʼatki, u ruhni, qalbni, ongni tarbiyalaydi, gʻoya boʻlib yoʻl koʻrsatadi, harakatlantiradi. Kengash yigʻilishida davlatimiz rahbari bejizga milliy seriallar ishlab chiqarish boʻyicha mavjud tizimni tubdan isloh etish kechiktirib boʻlmas vazifa ekanini taʼkidlamadi.
Bu yoʻlda Kinematografiya agentligi bilan bir qator hamkorlik ishlarimizni oʻz ichiga olgan memorandum imzoladik. Avvalo, milliy serial bu millat yuzi, oʻzlikning aksi, qadriyatlar ovoziga aylanishi lozim. Shu bilan birga gʻoyaviy-badiiy jihatdan mukammal, zamonga mos, bugungi voqealar rivojidan ortda qolmasligi shart. Shu maqsadda “Har bir serial – bir missiya” tanlovini oʻtkazdik. Tanlov doirasida ekspertlar kengashi 11 ta serial loyihasi bilan tanishdik va ular ichidan 4 tasini gʻolib deb topdik.
Bular “Mening yurtim”, “Renessans TV”, “Sevimli” telekanalinida praym-taym vaqtlarida beriladigan boʻldi.
“Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida esa mahallalarda “Kinokarvon” loyihasi yoʻlga qoʻyildi.
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!
Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning shu sheʼriy satrlarini tez-tez yodga olaman. Vatan har birimizni beminnat, manfaatsiz va taʼmasiz sevadi. Biz-chi? Aslida har qadamimizda Vatan muhabbati bizni imtihon qiladi. Oddiy hayotimizda oʻz ishimizni sitqidildan bajarsak, atrofga befarq qaramasak, yutuqlarimizdan quvonib, kamchiliklarimizni tuzatsak, oilamiz, mahalla, Vatanni sevsak, bu imtihondan aslo yiqilmaymiz.
Buning uchun barcha uygʻoq qalb bilan yashashi, millat masʼuliyatini anglashi, erta uchun bugun harakat qilishi lozim. Bu yoʻlda maʼnaviy-maʼrifiy ishda tanaffus, toʻxtash boʻlmasligi shart. Shu sabab faoliyatimizni doimiy tahlil qilib, amalga oshiradigan ishlarimiz rejasini tuzib bormoqdamiz. Hali qilinishi kerak boʻlgan vazifalar juda koʻp.
Oila – mahalla – maktabgacha taʼlim – maktab tizimida tarbiya ishlarini jonlantirish, zamonga mos, davrga monand tarzda yangi metodik qoʻllanmalar chiqarishni reja qilganmiz. Hozir bunga masʼul boʻlganlar bilan davomli tarzda seminar-treninglar tashkil qilib kelmoqdamiz, keyingi bosqichda har bir tarbiyachi qoʻlida zamonaviy, interaktiv videodarslar yetkaziladi. Bundan tashqari, maktabgacha taʼlimdagi bolajonlarimiz uchun milliy, vatanparvarlik ruhidagi sheʼriy kitobchalar, ertaklar, buyuk sarkarda va bobolarimizning yoshliklari yozilgan hikoyalar qiziqarli suratlar bilan chop etilib, tarqatiladi.
Oldimizga maʼnaviyat yangi kuch, yangi harakat, iqtisodiyotning qoʻsh qanoti, jamiyat ruhi, davr ovoziga aylanishi shart, degan vazifa qoʻyilgan. Buni faqat va faqat ziyolilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht boʻlib harakat qilsagina amalga oshira oladi. Shunda biz bir boʻlib – yagona xalq, birlashib – Vatanga aylanamiz.
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari,
siyosiy fanlar doktori
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 30-avgust, 175-son.