Chiyal bozori – ilgari Qashqadaryoning Chiroqchi, hozir esa yaqinda tashkil etilgan Koʻkdala tumani hududida joylashgan bozor. Uning qachon paydo boʻlgani maʼlum emas, ammo yoshi asrlar bilan oʻlchanishi, dashtda barpo etilgan qadim bozorlardan biri ekani aniq. Har holda, sovet davrida ancha mashhur edi, qashqadaryoliklar baʼzan mubolagʻa bilan “jahon bozori” ham deb atashini eshitganman.
Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yozuvchi Yevgeniy Berezikov “Sharq yulduzi”, “Правда Востока” jurnallarida “Chiyal bozori” sarlavhali kattagina maqola ham eʼlon qilgan. Ammo bu bitik bozor haqida emas, balki bir paytlar faqat Chiyalda tayyorlangan, oʻziga xos brend taom boʻlmish YAXNI haqida.
Kamina bu bozorda bundan oʻttiz yilcha oldin boʻlgan. Oʻshanda Chiyalga biz narsa xarid qilish uchun emas, balki aynan yaxni yeyish uchun atay Yakkabogʻdan borganmiz. Bu taom menga shu qadar lazzatli tuyulganki, keyinchalik ham eslaganda tamshanib yurganman, uzoq vaqt qaynatib pishirilgan, nihoyatda yumshoq, hilviragan qoʻy eti goʻyoki ogʻzingizda erib ketadi. Xoʻsh, nega bu yemak aynan yaxni deb ataladi?
Bir qarashda “yaxni” – fors-tojikcha “muz” maʼnosidagi “yax” oʻzagidan yasalganday. “Muzday ichimlik” maʼnosida “yaxna ichimlik” deymiz yoki shevada “muzlatmoq”, “sovitmoq” feʼli oʻrnida “yaxlatmoq” ishlatiladi. “Yaxday” (“muzday”) deganda ham tojikcha oʻsha “yax”ni qoʻllaymiz. Shu bois YAXNIni ham hozir baʼzi tilbuzarlar tomonidan YAXNA deb notoʻgʻri yozish va talaffuz qilish avjiga chiqqan.
Yaxni – issiq ovqat, uning muz, yaxga mutlaqo aloqasi yoʻq. Abadiyotda biz bu soʻzga XIV asrda yashagan xorazmlik shoir va tarjimon Sayfi Saroyining (1321–1398) “Gulistoni bit-turkiy” asarida duch kelamiz. Atoqli olim Ergash Fozilov “Starouzbekskiy yazыk. Xorezmiyskie pamyatniki XIV veka” lugʻatida “yaxnы” soʻzini “myasnoe blyudo”, yaʼni “goʻshtli yemak” deb izohlab, unga Sayfi Saroyining mazkur asaridan ushbu misolni keltiradi: “Әy yār-i 'aziz bir sā'at tavaqquf qыlg‘ыlkim, yevdә yaxnы bishәdurur” (“Ey aziz doʻst, bir soat kutib turgin, uyda yaxni pishayapdi”). Sayfi Saroyi asli xorazmlik boʻlsa-da, uzoq vaqt Juchi ulusi (Oltin Oʻrda) poytaxti Saroy shahrida yashagan va shu bois Saroyi taxallusini olgan. Oʻsha davrlarda Saroy shahri ham oʻzbek tili va adabiyoti oʻchoqlaridan biri edi.
“Yaxni” soʻzi darj etilgan yana bir qadimiy manba oʻgʻuz turklarining “Dada Qoʻrqut kitobi”dir. Bu asar ham XIV asr va undan oldingi davrlarda yaratilgan: “Kara kéçe altına döşeŋ, kara koyun yaχnısından öŋine getürüŋ” (Maʼnosi: “Tagiga qora kigiz toʻshang, oldiga qora qoʻyning yaxnisidan keltiring”).
“Yaxni” soʻzi, shuningdek, oʻsha davrlarda yaratilgan yana bir manba – XIV asrda Misrda Qipchoq turklari boʻlmish mamluklar hukronligi davrida yashagan Jamoliddin at-Turkiyning arablarga qipchoq turkchasini oʻrgatish maqsadida tartib berilgan “Kitabu bulgʻat ul-Mushtaq fil-lugʻatit-turk val-qifchaq” lugʻatida ham uchraydi. Ergash Fozilovning dalolat berishicha, mazkur lugʻatda “yaxni” soʻzi “йақны” shaklida yozilgan.
Manbalardan anglashiladiki, oʻtmishda “yaxni” soʻzi – “dimlab pishirilgan et”, “goʻshtli taom” maʼnosida oʻgʻuzlar oʻrtasida ham, qipchoqlar oʻrtasida ham keng qoʻllanilgan. Shunday boʻlsa-da, mutaxassislar “yaxni” soʻzining kelib chiqishi forscha, toʻgʻrirogʻi, soʻgʻdcha oʻzakka borib taqaladi, deb hisoblaydi. Koʻpchilik tan olgan etimologiyaga koʻra, ilgari “yaxni” (“يخنى”) deb fors tilida: “koʻzachada dimlanib pishirilgan goʻshtli yemak”ka nisbatan aytilgan, ayni paytda, bu soʻz soʻgʻdcha: “qoldiq, ovqat qoldigʻi” maʼnosidagi “yaxni” (“yaχnē”) soʻziga borib taqaladi.
Hozir ham fors tillarida “yaxni” soʻzi “goʻshtli ovqat”, “bulʼon” kabi maʼnolarda ishlatiladi. Usmonli turklari va boshqa turkiy xalqlarda ham “yaxni” – et va sabzavotlardan tayyorlangan ovqat maʼnosida hozir ham isteʼmolda. Turklar orqali bu soʻz bolqon yarimoroli va kavkaz xalqlari tillariga ham “yaxniya” shaklida oʻtgan.
Endi yana Chiyalga qaytsak. Chiyalliklar asosan qipchoq oilasiga mansub saroy urugʻi vakillari. Bizningcha, ular “yaxni” soʻzi va yaxni pishirish anʼanasini kimdandir oʻzlashtirgan emas, balki qadim ajdodlari Dashti Qipchoqdan oʻzlari bilan meros qilib olib kelgani haqiqatga yaqinroq. Yaxni tayyorlash uslubi ham dashtliklar anʼanasiga muvofiq keladi, yaʼni qoʻy goʻshti butun holida past olovda suvda, xuddi qaynatma shurvaday, uzoq qaynatib pishiriladi. Yog‘ solinmaydi, balki et oʻz yogʻiga pishadi.
Yuqorida keltirilgan dalillar “yaxni” soʻzi asli turkcha boʻlishi ham mumkin, degan farazga undaydi. Hayvon etining (umuman har qanday organizmning) yogʻi maʼnosida turk tillarida “yog‘”, “jir” soʻzlari ishlatiladi. Shevalarda bu soʻz “yag‘”, “yaq”, “yax” shakllarida talaffuz etilgan. Agar “yaxni” turkiy etimologiyaga ega deb oʻylasak, aynan shu “yag‘” (“yax”) oʻzagidan yasalgan boʻlishi mumkin.
“Devonu lugʻotit-turk” va boshqa shu kabi obidalarda “yaxni” uchramaydi. “Devon”da “yaxni” emas, shunga oʻxshab ketadigan “yaqrї” soʻzi mavjud va shunday izohlangan: “Jaqrї – ich yogʻi. Baytda shunday kelgan:
Pїshrїlur jaqrї qїjaq,
Tushgʻurur jugʻrї chanaq.
Maʼnosi: “Ich yogʻi, sardaklar pishirilib, lagan, kosalar toʻlgʻaziladi”. Izoh: sardak – qaynatma shurva betiga chiqqan yog‘.
Abduvohid HAYIT