Zarkentda yozning farahbaxsh bir kechasida tabiatni tomosha qilib oʻtirardim. Milliardlab kilometr uzoqlikdagi yulduzlar, uch yuz sakson toʻrt ming kilometr olisdagi porloq oy, besh kilometr balanddagi nurga choʻmilayotgan oq bulutlar, ikki kilometr naridagi qorayib hurpaygan haybatli choʻqqi va uch yuz metr beridagi shamolda chayqalayotgan adil teraklar... Bularning hammasini bir vaqtda, bitta makonda, hatto bir soniya ichida oʻz koʻzlarim bilan koʻrib turardim. Shuning oʻzi moʻjiza emasmi deb oʻylandim. Bor-yoʻgʻi ikki dona yongʻoqday koʻz qanday qilib yuz millionlab kilometr olisdagi yulduzlar bilan uch yuz metr naridagi terakni bir soniyaga bir joyda birlashtira oldi? Bu mavhum tasavvur yo xayol emas, shundoq koʻz oldimda namoyon boʻlib turgan tabiiy hodisalar edi. Darhaqiqat, koʻzimiz moʻjiza, oʻzimiz moʻjiza, soʻzimiz moʻjiza. Rabindranat Thakurday odam “Men shunday bir moʻjizamanki, har kuni bu moʻjizaga qarab hayratlanib oʻtiraman” deganida juda koʻp narsani nazarda tutgan.
Koʻzmi u, terining teshigimi?..
Lekin Xudoning bu moʻjizasi nechuk inqirozga yuz tutmoqda? Nechuk tirik moʻjiza ruhan oʻlik jasadga aylanib borayapti? Nechuk qoʻlidagi qora qutiga barmogʻini bir tekkizib, dunyoning narigi burjidagi bemaʼni shov-shuvlaru tuturuqsiz oldi-qochdilarni sakkiz soatlab eshitadigan odam yonginasida jildirab oqayotgan jilgʻaning ovozini tinglashga yarim daqiqa vaqt topolmaydi? Mundoq qarasang, hamma aqlli, hamma bilgir. Baloning oʻqini ham biladi. Lekin ularning koʻpchiligida Abdulla Orifning bitta sheʼrini yarmigacha tinglashga kuch yoʻq. Shuning oʻzi kuchsizlik va ojizlik emasmi? “Moʻjiza” va “ojiza” soʻzlari bekorga qofiyadosh boʻlib qolmagan ekan-da.
Yanglishmasam, nomi “Olmazor” edi – bir arman filmida koʻrganman. Yoshi oʻtib qolgan bir kishi oʻtloqda maysaga yonboshlab yotardi. Uning yoniga oʻzi tengi bir odam yugurib keldi-da, hovliqib, “Falonchi, tez boʻl, moʻjiza sodir boʻldi, moʻjiza! Hamma shu hodisani koʻrgani shoshilayapti” dedi. Haligi odam “Qanaqa moʻjiza ekan?” deb soʻradi. “Cherkovda Bibi Maryam haykalining koʻzidan yosh chiqibdi” deb javob berdi hovliqma. Xabarni eshitgan birinchi odam esa parvo ham qilmay, atrofga zavqlanib boqib, “Shu ham moʻjiza boʻldi-yu, mana Xudoning haqiqiy moʻjizasi” deb maysani qoʻli bilan silab koʻrsatdi. Odamlar shunday, yonida barq urib turgan goʻzallikni koʻrmaydilar-da, soxta narsalar, mayda-chuydalar ortidan chopib yurishadi.
Shahrisabz yoʻlida bir guruh “eʼjodkorlar” mikroavtobusda borardik. Atrof benihoya goʻzal edi. Hamma tomon qizil-yashil tusda tovlanib yotardi. Yurt manzaralari dilga surur bagʻishlardi. Bekorga bu yerlarni Shahrisabz deyishmagan-da. Yashil makon, yashil zamon! Atrofga qarasang koʻzlaring yashnaydi. Shunda avtobus derazasining qora pardasini tushirib, oynani butunlay yopib oʻtirgan bir artist qiz birdan haydovchiga qichqirdi: “Shopir aka, shoʻx-shoʻx qoʻshiqlaringizdan yoʻqmi, boʻlsa bor ovozda qoʻyib qoʻying, juda zerikib ketdim. Oʻlib qolaman hozir”. Soʻng haydovchi oʻsha qiz soʻragan shoʻx va loʻx qoʻshiqlardan baqirtirib qoʻyib yubordi. Artistimiz oʻtirgan joyida qiliq qilib oʻynab ketdi. Tevarakdagi betakror tirik goʻzallik bermagan zavqni u bachkana, chirik bir qoʻshiqdan topgan edi goʻyo. Begona yurtlar boʻlsa ham goʻrgaydi, lekin oʻz yurtingning goʻzal manzaralarini koʻzlaring koʻrolmasa, nima umid, nima xayr?! Xalqimiz bunday maʼnosiz koʻzlar haqida “Koʻzmi u, terining teshigimi?” deb topib aytgan.
Tabiatdan uzoqlashgan odam maʼrifatdan uzoqlashadi yoki, aksincha, maʼrifatdan uzoqlashgan odam tabiatdan uzoqlashadi. Bu Nyuton kashf qilgan butun olamning tortishish qonuni kabi qatʼiy bir jarayondir. Tabiat bilan inson koʻngli oʻrtasida tortishish kuchi azaldan bor. Xuddi shu qonun inson va Xudo oʻrtasidagi tortishish kuchiga ham manba boʻladi. Odamning oʻzi bilib-bilmagan holda Yaratganga qarab muntazam intilishlari zimnida ham shu sir yotadi. Bu intilishlar tabiatni oralab oʻtadi. Shu bois tabiatdan va mohiyatdan uzoqlashish insonni inqirozga tortadi. Bizni tabiat tarbiyalaydi.
Matematika tili va hayrat tili
Galileo Galiley “Olam matematika tilida yaratilgan” degan. Bunga qoʻshimcha qilib aytish mumkinki, olamni his etish, anglash hayrat tilida sodir boʻlgan. Hayratsiz odam moʻjiza tugul, yonidagi xotinining toʻqqiz oyda oʻz ichida bir goʻdakni bino qilishini-da shunchaki mexanik hodisa deb biladi. Hayratsiz odam yuzini siypalab oʻtayotgan shamolni-da his etmaydi. Dunyoni yangilaganlar, xurofotdan qurib-qaqshab sahroga aylangan yerlarga ilm daryosini keltirganlar, osmon toqiga narvon qoʻyganlar, shubhasiz, hayrat odamlari boʻlgan. Qaysin Quliyev aytganiday, “Zamin moʻjizalar berar-u bizga, / Evaziga faqat hayrat soʻraydi”. Ming yillar davomida insoniyat kashf etgan yo ixtiro qilgan narsalar shubhasiz hayratning mevalaridir. Hayrat yoʻq joyda moʻjiza yoʻq, “shunga nima boʻpti?” degan toʻng qarash bor xolos.
Albert Aynshtayn shunday degan: “Umr oʻtkazishning ikkita usuli bor. Birinchisi – goʻyo hech qanday moʻjiza yoʻqday yashab oʻtish. Ikkinchisi – hayotdagi hamma narsa moʻjiza ekaniga ishonib yashash”. Qay biri yaxshi? Albatta, hamma narsada moʻjizani koʻrish maroqli, zavqli. Lekin keyingi vaqtlarda odamning koʻzlari qotib qolayapti, koʻngli qurib borayapti. Sogʻinchlar, diydorlar tuygʻusi tuygʻu emas-da, shunchaki joʻn bir tushunchaga aylanayapti. Endi odamlar Oyga momo, Quyoshga bobo, Yerga ona deb qaramaydi. Oy ham, Quyosh ham, Yer ham shunchaki bir materiya deb biladilar. Chunki olam va tabiatga qarash oʻzgardi, ruhiy hodisalardan ham moddiy natijalar izlaydigan boʻldik.
Goʻzallik va kasallik
Ruh tarbiyasi goʻzallikni his etishdan boshlanadi. Ayni shu sezgidan mosuvo odamning miyasiga dunyoning bor bilimini joylab qoʻysangiz ham uning tabiatida norasolik gʻolib kelaveradi, chunki bu bandaning olami sugʻrosidagi tortishish qonunida buzilish sodir boʻladi. Dunyo goʻzallikka toʻla, shuning barobarida xunuk va qoʻrqinchli narsalarga ham toʻla. Gap shundaki, odam qaysi tomonga yuz bursa, dunyo ham shunga aylanadi. Shunday ekan, goʻzallikka intilish kerak.
Bir yosh shoir menga sheʼrlarini olib keldi, fikr bildirishimni soʻradi. Oʻqib koʻrdim. Aksariyat sheʼrlarida xunuk va qoʻrqinchli narsalar, hatto irib-chirishlargacha tasvirlangan ekan. Men unga “Sheʼriyat gulshanda ham, kafanda ham goʻzal boʻlmogʻi kerak” degan oltin qoidani eslatdim. Soʻng oʻzim yapon shoiri Basyoning adabiyot orasida maʼlum va mashhur boʻlgan, oʻzim ham koʻp takrorlab yuradigan bir oʻgitini aytib berdim. Basyoning shogirdlaridan biri shoirga bir hokkusini koʻrsatadi. Hokku degani yapon sheʼriyatida uch qatordan iborat nihoyatda nozik sheʼr janri, uni xayku ham deyishadi. Shogirdning hokkusining maʼnosi shunday edi: “Kapalak qanotini yulib tashlasang, oʻxshab qolar qalampir quzogʻiga”. Basyo “Bu sheʼr emas, qoidaga koʻra hokku hayotbaxsh boʻlishi kerak, sen yaxshisi “qalampir quzogʻiga qanot bersang, kapalakka oʻxshab qoladi” deb yoz” deydi. Men yana Navoiyning “Qaro koʻzum” nomli gʻazali tragik, fojiali, vido sheʼri boʻlishiga qaramasdan nechogʻli goʻzal ekanligini unga uqtirdim. Men bu yosh shoirning gaplarimdan xulosa chiqarishidan umidvor edim. Lekin ertasiga katta bir mushoirada u yanada qoʻrqinchli va xunuk narsalar tasvirlangan badbaxt bir sheʼrini oʻqishdan tiyilmadi. Goʻzallikni goʻzallikday tasvirlash kerak. Holbuki, keyingi paytlarda ayrim sheʼrlarda goʻzallik kasallikday tasvirlanayapti. Sheʼriyat olam va odam moʻjizalarini soʻz ila namoyon etadigan hodisadir.
Odam inqirozining turi koʻp. Oʻziga ato etilgan hayotni unutib, virtual olamda yashayotganlar, oʻn yil telefondan bosh koʻtarmay, oqibatda oʻzi ham telefonga aylanib qolganlar, oʻzini koʻngli va ongi bilan emas, pult bilan boshqarayotganlar, dahshatli filmlarni koʻraverib, vahshiy yirtqichga evrilganlar va hokazo va hokazo. Absurd dramaturglaridan birining dramasida kutilmagan voqea tasvirlanadi. Bir odam fashistlardan qochib, yigirma yil uyining tomida berkinib yotadi. Urush tugab, omon-omon boʻlgach, u pastga tushib hayotga qaytadi. Lekin taqdirni qarangki, fashizmdan yashirinib, yigirma yil tomda yolgʻiz yashagan odam yerga tushganda, vohki, uning oʻzi fashistga aylanib boʻlgan ekan. Odam qoʻrqqan narsasiga qarshi turmasa, kurashmasa, shu qoʻrquvni yengib oʻtmasa, bora-bora oʻzi oʻsha narsaga aylanadi. Men bu odamning taqdiri haqida oʻylaganimda yana bir farazga boraman. Agar u yigirma yil tomda emas, oʻrmonda qochib yurganda bunday boʻlmasmidi? Tabiat unga taʼsir koʻrsatarmidi, uni odam sifatida saqlab qololarmidi? Yana kim bilsin?
Koʻngil haqida gap ketganda, uni Kaʼbaga tenglashtirib, Xudoning uylaridan biri sifatida ardoqlaymiz. Albatta toza, pok boʻlsa. Lekin koʻngil ham tarbiyalanmasa, parvarish qilinmasa, qaralmasa, inqirozga mahkum. Shunday ulug‘ kuch ham oʻlishi mumkin. Botinidagi bu moʻjizani oʻldirib qoʻyib, chirigan xodaday yurganlar ham koʻp.
Banda va iloh moʻjizalari
Moʻjiza odamning oʻzi ham bilimi va tafakkuri bilan olamga ajoyib moʻjizalar tuhfa qildi. Asrlar mobaynida u aqli bilan dunyoni yashartirib, yangilab bordi. Daholar, mutafakkirlar, olimlar hayotni maʼno bilan toʻldirdi. Lekin ularning kashfiyotlarini oʻzlariga qarshi ishlatadigan kuchlar ham maydonga kelaverdi. Asrimizning oʻziga boqsak, birgina internetning oʻzi inson yaratgan moʻjiza ekanini eʼtirof etmay ilojimiz yoʻq. Sunʼiy intellekt ham shunday. Bular aql va tafakkur, vijdon bilan foydalanilsa, insoniyatga mislsiz foyda keltirishi muqarrar. Lekin inson ishlariga shayton arlashuvi bisyorki, buning oqibatida bandasi ixtiro qilgan moʻjizalar baʼzan Robbi yaratgan moʻjizalarga qarshi ishlab qoladi. Bu ham inqirozga sabab boʻladi. Bugun internetning foydasi bilan zararini tarozining ikki pallasiga qoʻyib koʻrsak, qay biri tosh bosadi? Sunʼiy intellekt-chi? Ishqilib, bu borada Mark Tvenning “Amerikani kashf qilganlari yaxshi boʻlgan, lekin sezmay oʻtib ketganlarida yanada yaxshi boʻlardi” degan gapigacha bormaylik.
Hayotga qaysi tomondan qaramang, u moʻjiza boʻlib koʻrinaveradi. Aslida ham shunday. Buning ustiga hayotning biz bilmagan sirlari koʻp, bizga nomaʼlum shakllari ham. Tinch okeanida oʻn bir kilometr chuqurlikdagi Marianna botigʻida bosim juda kuchli. Olimlarning tushuntirishiga koʻra, mabodo bu joyga odam borib qolsa, uning tanasi ustiga birdaniga mingta avtomobil bosilganday boʻladi va uni bir lahzada titib yuboradi. Bu botiqda bir santimetr joyni bir tonnadan ortiq yuk bilan bosim bosadi. Lekin Xudoning moʻjizasini qarangki, shu yerda ham jonivorlar yashar ekan. Hatto kapalakday jonzotlar ham bor ekan. Shunday jonzotlar vujudining bir santimetriga bir tonnadan ortiq yuk tushishini tasavvur qilib koʻring. Aql bovar qilmaydi. Buni na ilmiy asoslab boʻladi, na xayoliy. Bu moʻjiza biz hali hayot sirlarining milliondan birini ham bilmasligimizni koʻrsatib qoʻydi. Inson moʻjizasi-chi? Inson oʻzining necha foizini oʻrganib boʻldi? XXI asrda bombalar ostida qolayotgan yuzlab begunoh bolalarning oʻlimiga, farzandlarining jasadi ustida faryod koʻtarayotgan onalarning qaygʻusiga qalb koʻzlari bilan emas, shunchaki telekameralar koʻzlari bilan qarayotgan inson inqirozining sabablari ne? Maʼnaviy olamning muvozanatini tutib turgan tortishish qonunining buzilishi emasmi? Agar bu qoidadan putur ketsa, butun olam torishish qonunidan ham putur ketadi.
Olti yasharlik chogʻlarimda bobom bilan eshakka mingashib, qishlogʻimiz boshidan oʻtadigan katta anhorni yoqalab, boshqa ovullarga, bobomning oshnalarinikiga mehmonga borayotib yoʻl yurgan paytlarimizni eslasam, yuragim zirq etib ketadi, yoqimli bir iztirobni, oydin bir sogʻinchni tuyaman. Bir necha soniyalik fursatda anhor va tutzor oraligʻidagi koʻpchigan tuproq yoʻlda boʻlib qolaman. Birdan oʻsha kezlarga qaytgim keladi. Menga hozir Amerika yo Yevropa safarlaridan koʻra, oʻsha safarlarim zavqli tuyuladi. Chunki u zamonlar koʻzlarim boshqacha koʻrardi, koʻnglim boshqacha sevardi. Moʻjizani boshqacha his qilardim. Oʻzim ham moʻjiza edim.
Eshqobil SHUKUR
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Moʻjiza inqirozi yoxud tortishish qonunidagi uzilishlar” maqolasi