Adabiyotda har bir obroz zimmasiga muayyan ijtimoiy-maʼnaviy yuk yuklatiladi. Masalan, Sharq mamlakatlarida asosan Momo Havvo, gʻarbda esa Pandora timsollarida ayollarga xos bir qancha sifatlar urgʻulangan. Ushbu maqolada badiiy adabiyotda Momo Havvo va Pandora obrozida ayolga qanday maʼnolar berilishini tahlil qilamiz.
Pandora kim?
Yunon mifologiyasining goʻzal namunalaridan biri boʻlgan Gesiodning “Mehnat va hayot” asarida Pandora insoniyat tarixidagi ilk ayol sifatida tasvirlanadi. Zevs uni loydan yasab, goʻzallik, nafislik, donolik kabi fazilatlarni ato etadi. Yer yuziga yuborilarkan, ayolga sirli quti berilib, ochmaslik buyuriladi. Ammo Pandora taqiqqa boʻysunmaydi. Natijada quti ichida yashiringan barcha yomonliklar: kasallik, urush, yovuzlik, azob-uqubat insoniyat olamiga yoyiladi, oxirida quti tubida birgina umid qoladi. Bu qisqa syujet ortida Pandora obrazi orqali ayolga nisbatan jamiyatda qanday ijtimoiy talqinlar borligi yaqqol koʻzga tashlanadi.
Ayol aybdor sifatida
Asarga koʻra, Pandora qutini ochganidan soʻng yer yuziga yomonlik tarqalgan. Demakki, ungacha yer yuzida yomonlik boʻlmagan. Bu detal bilan ayol jamiyatdagi fojiaviy oqibatlarning sababchisi sifatida talqin qilinadi. U hali dunyo bilan tanishmasdanoq, dard va kasalliklar tarqalishiga sababchi sifatida koʻrsatiladi. Bunday yondashuv badiiy adabiyotda ham, xalq ogʻzaki ijodida ham takrorlanib, ayolni ijtimoiy falokatlarning ramzi sifatida koʻrsatgan stereotiplar ildiziga aylanadi.
Qiziqqonlik va itoatsizlik
Pandoraning taqiqqa qaramay qutini ochishi uning qiziqqonligi va itoatsizligi oʻlaroq koʻriladi. Bu orqali ayolning shoshqaloq, hissiyotga beriluvchan, oʻta qiziqqon, nozik tabiatli mavjudot ekani urgʻulanadi. Pandora masalasida yana muhim bir jihat shuki, unga qutini bergan kuchlar (Zevs va boshqalar) oʻz javobgarligidan ozod qilinadi – masʼuliyat toʻliq ayolga yuklanadi. Bu esa ayolga nisbatan kuchli ayblovchi yondashuv degani, deyish mumkin.
Ayol baribir umid manbai
Pandora ochgan qutida faqat umid qolgan. Bu esa ayolni faqat falokat emas, balki sabr, najot va kelajak uchun umid timsoli sifatida ham koʻrish imkonini beradi. Natijada adabiyotda ayol obrazi ikki tomonlama talqinga ega boʻlgan murakkab timsol sifatida shakllanadi.
Goʻzallik va joziba timsoli
Pandoraga berilgan inʼomlar: goʻzallik, maftunkorlik, donolik kabi fazilatlar sabab ayol obraziga joziba, latofat timsoli sifatida ham yondashilgan, deyish mumkin. Bu jihat badiiy adabiyotda ayol obrazining estetikasiga urgʻu berishga xizmat qiladi. Ammo bu goʻzallik baʼzan fitna, urush, raqobat kabi salbiy oqibatlarga sabab oʻlaroq ham talqin qilinadi. Troya urushi singari voqealar bunga yorqin misol.
Xulosa qilganda, Pandora obrazi adabiyotda yomonlik va umid, goʻzallik va xavf, muammo va yechim oraligʻida boʻlgan murakkab, ziddiyatli timsol sifatida namoyon boʻladi. Bu obraz tarixiy va madaniy stereotiplar orqali shakllangan boʻlib, ayolga yuklangan ijtimoiy va maʼnaviy masʼuliyatlarni ochib beradi. Pandora orqali insoniyat ayoldan xavfsiraydi, lekin ayni paytda unga umid ham bogʻlaydi.
Gʻarb adabiyoti aybdorlik talqinida Havvo
Jon Milton oʻzining “Yoʻqotilgan jannat” (Lost Paradise) asarida Havvo obrazini aybdor shaxs sifatida talqin qiladi. Asarga koʻra, Havvo shayton vasvasasiga uchrab, erkakni ham gunohga boshlovchi obrazdir. Ikki karra gunohkor sifatida tasvirlangan ayol obrazi avval oʻzi taqiq mevani yegan. Bu ham yetmagandek, erkakni ham shunga chorlagani yozilgan. Bu ayol obraziga aybdorlik yuki ortilganiga yaqqol misol: insonning jannatdan quvilishiga ayol sababchi. Jannatning yoʻqotilish sinoati ham shunda. Bunda Havvo qiziquvchan, shoshqaloq obraz sifatida gavdalangan.
Sharq adabiyotida Havvo obrazi talqini
Sharq rivoyatlarida Havvo obraziga nisbatan ikki xil talqin uchraydi. U avvalo “ona”, “hayot davomchisi” sifatida koʻrsatiladi. Shu bilan birga insonning jannatdan quvilishi bilan bogʻliq jarayonda uning yakka ishtiroki borligi ham aytilmay qolmaydi. Masalan, “Qissasi Rabgʻuziy” asarida keltirilishicha, Xudo taqiqlagan mevani avval Havvo yeydi – shayton avragani sabab ahdini unutib, taqiq bugʻdoyini tatib koʻradi. Odam Atoga ham bu haqida aytib, uni ham shu ishni qilishga chorlaydi. Odam Ato ham taqiq bugʻdoyini Havvoning undovi bilan yeydi. Amma boʻgʻziga kelganda ahdi yodiga tushadi. Hikoyatda Havvoda bunday boʻlmaydi – u mevani toʻliq yegan.
Qurʼonda Havvo
Havvo timsoli diniy manbalardan oʻsib chiqqan. Bugun sheʼriyatda ham ayol-qizlar Havvo nasli ekani taʼkidlanib, xatokor ekani urgʻulanadi. Ayollar sheʼriyatida ham taqiq mevaga tashnalikka ishoralar kam emas. Aslida Qurʼoni Karimda bu haqida nima deyilgan. Chindan ham Havvo obrazi insonning asl Vatani – jannatdan quvilishiga sababchi boʻlganmi? «Toha» surasining 120-oyatiga diqqat qilaylik: «Bas, shayton uni vasvasa qildi. U: «Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va bitmas-tuganmas mulkni koʻrsataymi?» dedi. (Robbing manavi daraxt mevasidan yeyishingni man qilgan boʻlsa, sening abadiy yashashingni, mulking bardavom boʻlishini xohlamaganidandir, bu daraxtning mevasidan yesang, hech oʻlmaysan, mulking yoʻqolmaydi, dedi.)» 212-oyatda esa: «Bas ikkovlari undan yedilar. Keyin avratlari oʻzlariga ochilib qolib, oʻzlarini jannat barglari bilan toʻsa boshladilar. Odam Robbiga osiy boʻldi va yoʻldan ozdi». Islom dining muqaddas kitobida Odam va Havvo mevani birga yegani aytilmoqda. Havvo birinchi boʻlib yegani, soʻng Odam Atoni ham bunga undagani haqida gap yoʻq.
Yuqoridagi misollarda ehtimol muallif jinsi nuqtayi nazaridan ham ayolga koʻproq ijtimoiy aybdorlik yuklangandir. Ehtimol bu qarashlarda tarixiy-patriarxal davr tushunchalari bordir. Bu bir achinarli taxmin xolos. Ammo nima boʻlganda ham adabiyotda aks etgan qarashlar, fikrlar, tushunchalar insonlar tafakkuriga tez singadi. Adabiyotda ayollar obraziga ortilgan yuk nafaqat qarama-qarshi jins vakillari uchun, balki ayollarning oʻzi uchun ham hayotda reallashib borishi mumkin. Qurʼonda gunoh uchun Odam va Havvo birgalikda masʼul deb koʻrsatilsa-da, adabiyot va boshqa diniy rivoyatlarda Havvo bosh aybdor sifatida talqin qilinmoqda. Bu tafovut adabiy tafakkurda ayolga yuklangan ijtimoiy-maʼnaviy yuklarning farqini ochib beradi.
Mohidil ABDULLAYEVA