Kuzgi rayhon
Uch-toʻrt kundan buyon Abdulla Oripovning oʻzbek qiz-ayollariga bagʻishlangan “Kuzgi rayhondayin maʼyus oʻsding sen...” misrasi bot-bot xotiramda uygʻonyapti. Boyagina daladan qaytib hovlining chetida qoʻlimni yuvayotib, shundoq oyogʻim ostida shabadada zaifgina silkinib turgan kuzgi rayhonga koʻzim tushdi. Abdulla akaning boyagi misrasini yana esladim. “Kuzgi rayhondayin” tashbehi nozikligi, noyobligi va shoirning maqsadiga muvofiqligi bilan diqqatni tortadi.
Qoʻl yuvayotib koʻzim tushgan tanasi zaif, barglari yupqa va nozikkina rayhonni iyul oyi oxirida ekkan edim. Kuzgi rayhon deganimiz asli shu. Avgust oyida havolar salqinlagani, quyosh nuri kamaygani bois u voyaga yetmay, xastahol oʻsdi. Abdulla Oripov bundan oltmish yil ilgari gʻoyat katta jasorat ila oʻzbek qiz-ayollarini yorugʻlikka, quyosh nuriga toʻymagan zaif, shoxlari (qoʻllari) ingichka, jimitdek barglari (yuzlari) sargʻimtil... kuzgi rayhonga qiyos qilgan. Ahvoli nochorligi, turmushi nursiz boʻlganini shu oʻxshatish orqali ifodalagan.
Nozik xilqat sohibalarining gulga, rayhonga mengzalishi sheʼriyatda yangilik emas. Ammo “kuzgi rayhondayin” jumlasi – shoirning kashfiyoti.
Karl Yung va uzum
“Birgina odamning psixologiyasi butun xalqning psixologiyasiga muvofiq boʻladi. Xalq nima qilsa, oʻsha odam ham shu ishni qiladi va ayni vaqtda bu ishni xalq ham qiladi. Oʻsha odamning oʻzgarishidan butun millatning oʻzgarishi ibtido oladi”.
Shveysariyalik olim Karl Yungning mana shu fikri haqida mulohaza qilib koʻrish kerak. Bitta insonning oʻzgarishi ortidan butun millat oʻzgaradi! Yana aytyaptiki, bir insonning psixologik tanlovi barchaning psixologiyasiga mos boʻladi. Soddaroq aytsak, katta arava qaysi yoʻldan yursa, kichik arava ham oʻsha yoʻldan yuradi. Yaʼni uzum uzumdan rang oladi.
Shunchaki “Oʻzgardim!” deb hayqirish bilan murod hosil boʻlmaydi.
Jamiyatimizda illatlar yoʻqolmayaptimi, demak, oramizda bironta odam oʻzgarmagan, oʻzgarish va qadriyatlarni targʻib qilayotganlar esa aldayapti.
Hammamiz bitta aravadamiz, hech yoʻq bittamiz oʻzgaraylik – millat oʻzgargusi!
Fozil mamlakat qura oldikmi?
Mustaqillikning dastlabki yillari talabalar, aspirantlar, yosh domlalar orasida Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asari mashhur boʻlgan. Shu asar mazmuni koʻp gapirilar, bahslar boʻlar edi. “Maʼrifatli, fozil odamlar yashaydigan mamlakat quramiz”, derdi boʻlajak olimlar, boʻlajak mansabdorlar, boʻlajak siyosatchilar.
Afsuski, men Forobiyning bu asarini oʻqimagan edim, shu bois qanaqa davlat qurishimiz haqida tasavvurim yoʻq edi.
Mana, oradan oʻttiz yil oʻtdi. Fozil odamlar shahrini qura oldikmi?
Rosti, risolani oʻqimaganim uchun fozil odamlar shahri qanaqa boʻlishini bilmayman. Balki oʻshanday jamiyat yaratgandirmiz. Men emas, Forobiyning asarini oʻqiganlar gapirsa tuzuk.
Fozil – oʻz qadr-qimmatini biladigan, oʻqimishli, savodli inson.
Turmush jangchilari
Fermer xoʻjaligida yollanib ishlaydigan ayollarni “oshinlar” deb atayman.
Ayrim oshinlarning turmush oʻrtoqlari oʻn-oʻn besh yildan buyon Rossiyada ishlaydi va vataniga toʻrt-besh yilda (qizi yoki oʻgʻlining toʻyiga) kelib ketadi. Oʻgʻilni oʻqitish, qizni turmushga uzatish va uy qurish degan tashvish ularni sovuq oʻlkaga zanjirband qilgan goʻyo.
Ikkinchi jahon urushiga borgan oʻzbeklar uch-toʻrt yilda yurtiga qaytgan edi. Hozirgi turmush tashvishlari jangchilarining esa oʻn-oʻn besh yilda ham jigarlari bagʻriga qaytish niyati yoʻq. Temir darvoza qurishi, tomga shifer qoqtirishi, qiziga mebel olishi, oʻgʻlining kontraktini toʻlashi, kattasiga imorat solishi kerak...
Kerak!
Kerak!
Kerak!
Bari kerak, insonning umridan, baxtidan, rohatidan boshqa hamma narsa...
Nega kitob sotib olmay qoʻydim?
Ilgari har oy boshida nafaqa pulimdan ikki-uchta kitob sotib olardim. Nabira qizimga ham ul-bul atardim. Asosan oʻzbekchaga oʻgirilgan chet el adiblari asarlarini xarid qilardim. Hozir esa kitob sotib olishga qoʻrqib qoldim.
Nega bunday boʻldi? Nima uchun kitob sotib olishga qiziqishim yoʻqoldi?
Sotib olganim xorij asarlarining tarjimasi nochor, sernuqson, gʻaliz ekanini sezib qoldim. Bu asarlarning bir qanchasini eski davrda professional tarjimonlar oʻzbekchaga qoyilmaqom qilib oʻgirgan edi. Oʻsha asarlar tilimizga yangitdan tarjima qilingan. Mutarjimlar yangi, matn esa xom-xatala.
Keyin bilsam, til bilsa-da, ammo badiiy soʻzni his etmaydigan, adabiyotdan yiroq kimsalar Google tilmoch dasturi yordamida roman, qissa, hikoyalarni “doʻndirib” oʻzbekchaga oʻgirar ekan. Ana shunday havaskorlar dastidan kitob sotib olgim kelmay qoldi. Mening didim, savodim, estetik tuygʻum va adabiy tajribam koʻchada qolganmidiki, “xalturshik”larning qoralamalarini sotib olsam! Nodir asarlarni yantoqqa sudrab tarjima qilgan qoʻllaring sinsin deb qargʻaymi?! Ana shunday koʻzboʻyamachi toifa kasriga kitobsevarlar safi siyraklashyapti...
Badhazm sheʼrlar
Men 1961-yilda tugʻilib, 1968-yil birinchi sinfga borganman. Garchi maktabda yomon oʻqigan boʻlsam ham, boshlangʻich sinfda yod olgan sheʼrlarni hozir ham eslayman. Bizga oʻqitilgan sheʼrlar shu qadar goʻzal, sodda va badiiy mukammal ediki, ularni hatto “ikki”chilar ham osongina yod olardi. Xoʻsh, hozir-chi?
Bugungi oʻquvchilar sheʼr yodlamaydi. Chunki boshlangʻich sinf darsliklariga oʻta saviyasiz, badiiy jihatdan zaif sheʼrlar kiritilyapti. Bu kabi sheʼrlarni amal-taqal yod olishingiz mumkin, lekin zumda esingizdan chiqadi. Poetik jihatdan zaif sheʼr xotiradan tezda oʻchadi.
2000-yillar avvalida boshlangʻich sinfda oʻqiydigan oʻgʻil-qizimning darsliklariga kiritilgan sheʼrlarni oʻqib, saviyasiz ekanidan toza asabiylashgan edim. Endi esa nabiramning darsliklaridagi sheʼrlarni oʻqib jigʻibiyron boʻlyapman. Nima, “Oʻqish kitobi”ni yozish chalasavod, oʻtkinchilar qoʻliga oʻtib ketganmi?..
Paradoks
Ayrim shoir va yozuvchilarning fikrini oʻzgartirish, tafakkurini oʻzingiz istagan oʻzanga yoʻnaltirish uchun ularga bitta “tefal” (elektr choydish) sovgʻa qilsangiz kifoya. Agar ularga “Oqtosh” sihatgohiga bepul yoʻllanma bersangiz, tamom, oʻlguncha xizmatingizni qiladi.
Mashrab va Hoziqqa oʻxshagan shoirlarni esa toʻpning ogʻziga bogʻlab otsangiz ham eʼtiqodini aslo oʻzgartirmaydi.
Qiziq joyi shuki, bitta choydishga sotilgan shoiri davron Mashrab ijodini sevib mutolaa qiladi. Ana, sizga paradoks!
Har kimning oʻz demokratiyasi bor
Ilon aytadi: “Demokratiya. Chaqish huquqimni cheklamanglar”.
Quturgan it deydi: “Demokratiya. Qopish huquqimni hurmat qilinglar”.
Sassiqqoʻngʻiz hammayoqqa bad boʻy taratish huquqini eslatadi.
Uyini baland devor bilan oʻrayotganlarga oʻgʻrining eʼtirozi bor: “Baland devordan oshib oʻtish turgan-bitgani mashaqqat!”
Yana bir gʻanim toifa buyuklarimiz yuziga loy chaplaydi-da, “Demokratiya. Fikr erkinligiga toʻsqinlik qilmanglar!” deya shovqin soladi.
Bu – demokratiya emas.
Millat maʼnaviyatiga qarshi agressiya bu!
Sigir ham demokratik qadriyatlardan bebahra qolmay deb hamma yuradigan yoʻlga tezak tashlaydi. Mushukning demokratiyasi joʻjalarga qiron keltirishdir. Mayli, har kasning joyini eʼtirof etamiz, lekin u demokratiya deb dasturxonga qoʻl choʻzsa – ahvoli chatoq!
Dunyoi noqis
Yegani noni yoʻq, tayinli ishi ham. Yangi engil-bosh kiymaganiga yuz yil boʻlgandir. Qozoni koʻp zamondan beri goʻsht koʻrmagan. Oʻzi yarimjon, buyragi ogʻriydi. Xotini baliqning skeletidan ham ozgʻin. Bolalari rangpar, boʻyni ingichka, yuzini dog‘ bosgan. “Qizimni jigarini aparasta qildirish uchun 30 ming doʻllir topishim kerak”, deydi. Bunaqa qoʻli yupqa kishilar koʻp uchraydi. Boyoqishlar shuncha mablagʻni qay
erdan toparkan?
Umuman, nima uchun jigar, buyrak, yurak xastaliklari koʻpaydi ekan? Profilaktik tadbirlar sustmi? Sunʼiy, sintetik oziq-ovqatlarni koʻp isteʼmol qilyapmizmi? Yo tibbiy madaniyatimiz pasayib ketganmikan?
Shu ahvolda dori vositalari reklamasi avj olganini ayting. Yarim hayvon, yarim odam degandek, doʻxtirlar orasida yarim shifokor, yarim farmfirma agentiga aylanganlar ancha-muncha. Nima qilsin, qurgʻur doʻxtirlar ham maoshdan tashqari katta-katta pul topib, otasidan qolgan eski uyni buzib yangi qursam deydi. Qimmat mashina mingisi kelar. Ajnabiy kiyimlarga havasi ketgandir. Koʻngli oʻynash-jazman tusab qolgandir. Kim bilsin, hech kim ichidagini gapirmaydi. Pul hammaga kerak. Dunyo havasi ichingizni kuydirib turganidan soʻng orqa-oldingizga qaramay pul topishga harakat qilasiz.
Lekin bu yoqda jigarsirroz, yuraksirrozlar koʻpayyapti.
Choʻntakdagi pulga yegulik oʻrniga dori-darmon olishga majbur boʻlmoq alam qiladi odamga. Ammo taskin bor. Qadimgilar aytib ketgan: bu dunyo ayriliqlar, yoʻqotishlar, ogʻriq va gʻussalar oʻlkasidir. Mana, muammoga yechim ham topildi. Koʻnamiz, koʻnikamiz. Dunyo shunaqa noqis yaralgan. Boyazid Bistomiy aytganidek, sabr qiyomatga qadardir.
Horun ar-Rashidning sartaroshi
Xalifa Horun ar-Rashidning sochini olayotgan sartarosh “Qizingizni menga erga bering” devoradi. Yonidagi aʼyonlar qilichini qinidan chiqarib socholarni chopmoqchi boʻladi: “Hali sen amirulmoʻmininga kuyovlik daʼvo qilyapsanmi, zoti past?!” “Toʻxtanglar, – deydi dono xalifa. – Sartaroshxona ostini kovlab koʻringlar”. Aytilgan joy kovlab koʻrilganda xazina topiladi. Boyoqish sartaroshga xazinaning aurasi taʼsir etib, xalifaga kuyov boʻlmoqdan gap ochgan ekan.
Qissadan hissa shuki, ayrim odamlarga bebiliska pul kela boshlaydi. Puli koʻpaygan sayin hammaga aql oʻrgatadigan, hammani jerkiydigan odat chiqaradi. Koʻzida, soʻzida kibr paydo boʻladi, oshkor haqiqatni inkor etishga urinadi. Nomaqbul harakatlar koʻlami esa sarvat miqdoriga uygʻundir. Payti kelib aqchaning choʻgʻi kamaysa... yana oʻzimizga oʻxshagan oddiy odamga aylanadi. Pul degani odamni yomonam sayratadi-ey!
Muhit, muhit, muhit...
Rostini aytsam, men maktabda ancha shoʻx, andak betamiz oʻquvchi boʻlganman. Kichik sinfdan maktabni bitirguncha darsda bemaʼni qiliqlar qilib hammaga xalal berganman. Oʻqituvchilar “Sen kuydirgi qachon maktabni bitirar ekansan, qachon sendan qutularkanmiz?” derdi. Nega shoʻx boʻlganimning, xususan, darsda jim oʻtirib ilm oʻrganmaganimning sababi alohida masala... Ammo badiiy adabiyotga bolaligimdan qiziqqanman.
Kitobni uyda oʻqirdim. Oʻqituvchilarim 5-sinfdanoq dostonlardan parchalar yod bilishim, koʻp sheʼriy kitob oʻqishimni darslarga, ilmga aloqasi yoʻq deb hisoblar, tez yodlash qobiliyatimni ragʻbatlantirmas edi. Aksincha, yosh bolaning “Koʻrdim yuzingni, devona boʻldim, / Aql-u hushimdan begona boʻldim” deya yoddan sheʼr aytishi telbalik deb hisoblanardi. Muhit qiziqishlarimga ters ekani menda kuchli agressiya paydo qilgan edi...
Bilmayman, u qanday muhit ekanki, mendek xayolparast, sheʼrsevar yigitchani “qopagʻon it”ga aylantirib qoʻygan. Koʻchada, maktabda qanchalik alamzada boʻlsam ham, uyda yolgʻiz qolganimda ovoz chiqarib sheʼr oʻqirdim, nazmiy ohangdan mast boʻlib, koʻzlarim tinib ketardi.
Boshlangʻich sinfdayoq meni maktabdan haydab yuborishlari kerak edi. Agar shunday qilishganida hozirgidan mashhurroq adabiyotchi boʻlib yetishardim. Keyinroq universitetga oʻqishga kirib, yana bitta xato qildim. Nazarimda, kutubxona va adabiy muhitning oʻzi kifoya edi...
Qachon xalq boʻlasan?!
Olomon choʻntagingizdagi pulingizga qarab sizni hurmat qiladi, uni qanday ishlab topganingiz bilan qiziqmaydi.
“Qachon xalq boʻlasan, ey sen, olomon?!”
Olomon: “Qadimgi Rimdan bugunga qadar maqom-martabam oʻzgargani yoʻq. Ertaga ham olomonligimcha qolaman. Qiyomatgacha bitta tukim oʻzgarmaydi. Meni xalqqa aylantiraman degan ne-ne donishlar yer ostida tuproqqa aylanib ketdi. Hali necha qodiriylar, necha choʻlponlaringni goʻrga tiqaman, necha furqatlaringni yurtdan badargʻa qilaman, necha jadidlaringni Oʻrda bozorida sazoyi qilaman. Ahay!”
Zulmatdagi ong
Maktabda tashkil qilingan kitob yarmarkasiga faqat quyi sinf oʻquvchilari qiziqdi, oʻziga yoqqan kitoblarni shular sotib oldi. Negadir yuqori sinflar rastaga yaqinlashmadi, kitobga qayrilib ham qaramadi. Katta sinflarning kelajagi aniq: bittasi mujmal test yodlagani repetitorga qatnayapti, yana biri darsdan keyin togʻasidan mashina tuzatishni oʻrganyapti, boshqasi maktabni bitiriboq Rossiyaga ketmoqchi. Bilimga, mutolaaga qiziqadigani yoʻq.
Ammo kichik sinf oʻquvchilarining intilishi, rosti, meni hayratga soldi. Kitobga toʻda-toʻda intilayotgan bolachalar orasidan oʻtolmadim, rastaga yaqinlasholmadim ham.
Qani edi, bolachalardagi kitobga muhabbatni voyaga yetkaza olsak, yarim yoʻlda oʻldirib qoʻymasak!
Kitob yarmarkasi haqida ota-onalarga ham aytilgan edi. Chamamda, bittasi ham kelmadi. Achchiq haqiqat shuki, dunyoda qora va ogʻir mehnatdan boshqa tirikchilik usuli yoʻq deb oʻylaymiz va bolamizni ham shu mehnatga tayyorlaymiz. Ziyofatlarni, toʻylarni yaxshi koʻramiz. Hatto kambagʻal deya “temir daftar”ga kiritilgan ayol ham bir oyda bir marta “gap”da ishtirok etadi. “Qarindoshlar bilan “gap” yeyman, sinfdoshlar bilan “gap” yeyman, hamkasblar bilan “gap” yeyman” deb maqtanamiz. Bu ahvolda oʻgʻil-qizlarimizning qora mehnatdan boshi chiqmaydi-ku! “Gap”ga ketadigan pullarni bolamizni ilmli qilmoqqa xarjlasak boʻlmaydimi?
Ong oʻzgarishi lozim. Hozir ongimizda nur yoʻq. U zulmatga botgandek. Yana ne deyin? Sizlar ham bir nima denglar...
Quyonchaning aybi nima?
Urushda tomonlar bir-biriga mingta oʻq otsa, shulardan bittasi odamga tegadi, qolganlari daraxtlarning tanasini yaralaydi. Hujumga oʻtgan tank bugʻdoyzorniyam, olmazorniyam, oʻrmonniyam ezib-yanchib ketaveradi. Jangovar raketa bir necha askarni oʻldirgani holda, yuzlab yovvoyi gullar, nihollarning ildizini qoʻporadi. Artilleriyaning esa tabiatga keltiradigan zararini toʻliq tasavvur qilish qiyin. Oʻrmonlarga bomba yogʻdirilyapti: bechora quyonlar, zaifhol olmaxonlar... Urush manzaralari aks etgan videolarga eʼtibor berganmisiz? Shoxlari sinib, kuyib qoraygan daraxtlar, osmonda bezovta qanot qoqayotgan qushlarni koʻrganmisiz?
Shunday, odamzodning feʼli yomon, u – borliqning dushmani...
Ustalar
Bu alomat hunar egalarining siz-u bizdan afzalligi shuki, ularning koʻnglida melanxoliya boʻlmaydi. Baxt – oʻz hayotidan rozilikdir. Shu maʼnoda ular bizdan baxtliroq.
Rohat deganda doimiy jismoniy harakat, ovqatning yaxshi hazm boʻlishi va tomirlardagi qonning bir tekis, ravon aylanishi tushuniladi. Ustalar shu rohatdan nasibador.
Sizdagi moddiy hashamlarning birontasi ustalarda yoʻq. Ustalar koʻnglidagi xotirjamlik esa sizga begona.
Ustalar deganda, bugun devor uradigan, ertaga ariq kovlaydigan, indiniga terak butaydigan chorhunarlarni nazarda tutyapman. Qurmagʻurlar dunyoning servahm siyosatiga qiziqmaydi, soʻm, rubl, dollar yoki liraning qadrsizlanishi bilan ham ishi yoʻq.
Nega men ustalar kabi xotirjam yashayolmayman, uyqumda halovat yoʻq ekan-a?!
Suqrot – mot
Ahmoqona savol berib hatto donishmand Suqrotni ham bemalol mot qilsa boʻladi. Faylasufdan “Siz vatan uchun nima foydali ish qildingiz?” deb soʻraysiz. “Donishmand edim, odamlarni erkin yashashga, osmondagi yulduzlarga sigʻinmaslikka daʼvat etdim”, deb javob beradi u. “Sizning falsafangiz kishilarga naqd foyda keltirdimi, masalan, daʼvatlaringiz sabab kambagʻalning qozoniga koʻproq goʻsht tushdimi? Yoki ikkita nonni qoʻltiqqa qisib biron beva-bechorani yoʻqlaganmisiz?” deya yana savolga tutasiz va qarabsizki, Suqrot mot boʻlibdi!..
Shovqin
Bir vaqtlar oʻzbek sovet shoir-adiblarining 10–20 tomli toʻliq asarlar toʻplami nashr qilingan. Bugun oʻsha yostiqdek toʻplamlarning ayrimlari butunlay yoʻq boʻlib ketdi, ulardan joy olgan asarlarning aksari tamoman eskirib, ijtimoiy va badiiy qimmatini yoʻqotdi.
Ulug‘ faylasuflar aytganidek, har qanday davrda shovqin va koʻpik hukmron boʻladi. Koʻpikning koʻkragiga orden taqiladi, shovqin xizmat koʻrsatgan donishmand deb koʻkka koʻtariladi. Vaqt oʻtib har ikkisi yoʻqlik qaʼriga choʻkadi va asl haqiqat yuzaga chiqadi.
Isteʼdod va istibdod
Ingliz adibi Jorj Oruelning “1984”, “Molxona” asarlarini va ijtimoiy-adabiy mavzudagi maqolalarini, adashmasam, 1994-yilda oʻqigan edim. Oʻshanda siyosiy totalitarizmning anatomiyasini va bunday tuzumda yashayotganlarning baxtsizligini tushunib yetgan edim. Ayniqsa, “1984” romani yaqindagina qulagan Sovet Ittifoqining badiiy ifodasidek tuyulgan edi.
Totalitarizm – shaxsning eng katta dushmani, u insondagi mustaqil fikr, narsa-hodisalarga xususiy hissiy-emotsional munosabatni butunlay inkor etadi. Katta ogʻalar sizga oldindan nima yaxshi, nima yomon, nima oq, nima qoraligini qatʼiy belgilab beradi. Agar siz belgilangan chegaradan chiqsangiz, tamom, yo qamalasiz, yo jinnixonaga tashlanasiz. Totalitarizm insonning ijodiy va insoniy qobiliyati yuzaga chiqishiga yoʻl qoʻymaydi. Isteʼdodingiz ichingizda chiriydi. Butun jamiyat yakrang sheʼr, hikoyani oʻqiydi, yakrang qoʻshiq, musiqani tinglaydi. Butun jamiyat oʻzi kabi bandani iloh darajasida ulugʻlaydi. Totalitarizm – fikr va his-tuygʻular qamoqxonasidir.
Singan “haqiqat”
Mutlaq haqman degan ohangda yozmaslik kerak. Har doim haqman deyish, donishmandlar eʼtiroficha, aqlning chegaralanganidan dalolat. Darvoqe, qurigan daraxt shamoldayam egilmay “haqman” deb turaveradi va oqibatda... sinadi.
Hayot – roʻyo
Uyimda gaz yaxshi yonyapti, chiroq oʻchmayapti. Choʻntakda pul bor, kasalliklar ham chekindi hisob. Lekin koʻngilning tubida tashqariga chiqolmay qiynalayotgan, soʻzga aylana olmayotgan zerikish, siqilish va kuchli iztirob bor.
Hayotim tushga oʻxshab tuyulyapti. Hatto Rahmat degan ismim ham tushdagi ismim, asl ismim boshqa – bilmayman, uygʻonsam bilib olarman. Lekin uygʻonish qiyin boʻlyapti-da, tirishib ham uyqudan turolmayapman. Rostdan, hayotim tush degan xulosaga kelyapman.
Xoʻsh, oʻzim qayerdaman? Asl hayotim qayerda, qay oʻlka, qaysi sayyorada kechyapti – shuni bilolmay halakman. Ehtimol, jannatda uxlab qolib, yer yuzini tush koʻrayotgan va asl hayot shu deb oʻylayotgandirman. Lekin bunaqa ogʻir tush koʻrishdan rosayam zerikdim. Adolatsizliklar urchigan sayyorani ham tush koʻramanmi?! Oshigʻich uygʻonish kerak! Boshqa olam, boshqa odam tuzmak kerak, dermidi Navoiy...
Yer yuzidagi hayot, asli, roʻyodir. Koʻpchilik asl hayot deb bemalol yashayotir, men esa uning tushligini bilib boʻlganman.
Yoʻl belgilari
Fikrlash ham mashina yoʻliga oʻxshaydi.
Mashina yoʻlidagi belgilar fikr yoʻlida ham bor: tezlikni oshirma, nojoʻya quvib oʻtma, xavfli burilish, maktab yaqinida tez yurma va boshqalar.
Haydovchi yoʻl belgilariga rioya qilsa halokat xavfi kamayganidek, fikrlovchi kimsa ham fikr yoʻlidagi koʻzga koʻrinmaydigan cheklov-belgilarga itoat etsa, boshi omon boʻladi. Fikr yoʻlida ham, mashina yoʻlida ham tezlikni oshirgan, qoidalarga rioya etmaganlar halokatga mahkumdir. Har ikki jabhada tezlikni oshirganlar, belgilarga rioya qilmaganlar baloga qoladi.
Tanqid
Xususiy mulk daxlsiz boʻlmagunicha, monopoliya yoʻqolmagunicha, koʻchalarda dorixonalar kamaymagunicha, maktab darsliklarini chalasavodlar yozishni bas qilmagunicha, “superkontrakt” yoʻq boʻlmagunicha, taʼlim va tibbiyot tizimida korrupsiyaga barham berilmagunicha, Toshkent shahri havosi tozalanmagunicha, hokimlar poraga toʻymagunicha, birovga ilmiy ish yozdirib olim degan nomga ega boʻlayotganlar fosh etilmagunicha, metangazga navbat tugamagunicha, olomon koʻcha va ariqqa chiqindi tashlash yomon ekanini tushunib yetmagunicha, suvsiz yerlarga koʻchat ekish toʻxtatilmagunicha, oylik maoshim oilamning bir oylik oziq-ovqatiga yetmagunicha... kapitalizmni, bozor iqtisodiyotini tanqid qilaveraman.
Oʻtmish – ortda qolmish
Taraqqiy etmayotganimiz sababi shuki, tafakkurimiz, diqqatimiz, ongimiz oʻtmishda adashib yuribdi. Biz asosan yaqin oʻtmishni yomonlash, soʻkish, qoralash bilan bandmiz. Fikr oʻtmishda uloqib yurar, quvvatini oʻtgan hodisalarni titkilashga sarf etar ekan, qanday qilib oldinga siljiymiz?! Oʻtmish ortda qolgan hodisalardir, uni oʻzgartirib boʻlmaydi. Fikr bugunga qaratilsin, shu kunni tahlil qilsin, kelajakdan bahslashsin. Vassalom. Kuchimiz, aqlimizni ilm-fanni taraqqiy ettirishga sarflaylik. Boshqa najot yoʻli yoʻq!
Rahimjon RAHMAT
“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 1-son.
“Xotirjamlik, qaydasan?..” maqolasi