Urush insoniyat boshiga doimo kulfat-balolar keltirgan. Shaharlarni vayron qilgan, odamlar qalbiga qaygʻu solgan. Va ushbu dahshatlar sanʼat, adabiyot ahli ijodida oʻz aksini koʻrsatgan. Shunday shox asarlardan biri ispan rassomi Pablo Pikassoning “Gernika” asari hisoblanadi. Kartina 1937-yili yaratilgan.
Mashhur “Gernika” ning yaralishiga Gernika shahrining bombardimon qilinishi sabab boʻldi. Fuqarolar urushi davrida, 1937-yilning 26-aprel kuni shaharga bir necha ming bomba tashlandi. Natijada shahar butkul vayron boʻldi, 2000 ga yaqin kishi vayronalar ichida qoldi. Bosqindan soʻng shahar yana uch kun yondi.
Urush daxshatlarini his qilgan Pablo Pikasso oʻz kechinmalarini bir katta kartina orqali tasvirladi. Asar mahobatli boʻlishishiga qaramay uning yaratilishiga atigi bir oy vaqt ketdi. «Gernika» qora va oq rangli moyboʻyoqda ishlangan. Unda oʻlim, zoʻravonlik, vahshiylik, azob va nochorlik sahnalari, shahardagi qurolli bosqin va tartibsizlikdan azob chekayotgan odamlar, hayvonlar, binolar tasvirlanadi.

Asarning oq-qora rangda chizilishi bir tomondan oʻsha davr gazeta suratlariga xronologik yaqinligini bildirsa, boshqa tomondan urushning jonsiz tabiatini aks ettiradi. Urush daxshatlari, fojeasi, insoniyat boshiga solgan kulfati ramzlar bilan ifodalagan.
Kartinaning chap qismida qoʻlidagi bolasining oʻlimi uchun motam tutayotgan ayol, uning tepasida koʻzlarini katta ochgan holatda oʻkirayotgan buqaning rasmi tasvirlangan. Markazda esa xuddi nayzadan zarba olgandek yiqilib tushayotgan ot tasvirlangan. Otning burni va yuqori tishlari odam kalla suyagiga oʻxshash qilib tasvirlangan. Bu ham Pikassoning ramzlardan mahorat bilan foydalanganini bildiradi.
Ot ostida esa boʻlaklarga boʻlingan askar murdasi turibdi. Uning kesilgan qoʻli gul oʻsib chiqqan qilichni mahkam tutgan. Koʻz shaklidagi lampochka azob chekayotgan otning boshi ustida yoniq. Oʻng tomonda tasvirlangan ayolning hayratlangan nigohi lampochkaga qaratilgan.
Pikasso ushbu asarini fashizmni qoralash, uning asil qiyofasini fosh etish va millionlab insonlarning fashizmga nisbatan nafratini oshirish maqsadida ishlagan. Dastlab koʻrgazmada namoyish etilganida bunday gʻalati asarni koʻrgan tomoshabin hayratini yashira olmadi. Oddiy shakllar orqali urushning butun boshli dahshatlari shu qadar mahorat bilan ochib berilgandiki, qahramonlarning qaygʻusini his qilmay iloj yoʻq. Hasratga botgan, qaygʻuli inson qoʻllari, ogʻriq bilan kishnayotgan ot, oʻkirayotgan buqa, farzandi dardida faryod urayotgan ona obrazi qalbni titratadi.
Asar voqealari huddi bir kichik xona ichida tasvirlangandek tuyuladi. Bunda ham oʻziga xos maʼno mujassam. Gernika shahri ham Yevropaning kichik bir boʻlagi edi. Rassom dunyo ahliga urushga teranroq nigoh, fikr, norozilik bilan qarash lozimligini uqtirmoqchi. Chunki asardagi Gernika shahrida sodir boʻlgan fojea “fashizm”ning kurtak ochayotganini, dunyoga chang solayotganining aksi edi. Darxaqiqat, 1939 yili fashistik gʻoya dunyo boʻylab keng quloch ochadi va mashʼum II jahon urushiga sabab boʻldi.
“Gernika” ning yuqori chap burchagida tasvirlangan buqa boshi koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. U juda dahshatli boʻlsa-da, nigohidagi befarqlik gʻalati taassurot uygʻotadi. Baʼzi sanʼatshunoslar bu obrazdagi nigoh fashizm va yovuzlik, johillikning timsoli deb hisoblashadi. Asar “kubizm” rangtasvirda alohida oʻringa ega ekanligini bildiradi.
Pablo Pikasso asarni Parijdagi Butunjahon koʻrgazmasida ommaga namoyish etadi. Urushning dahshatlari noananaviy ravishda ifodalangan kartinani idrok qilishga mehmonlar hali tayyor emas edilar. Biroq asar urush haqidagi eng buyuk asarlardan biri, deya tan olindi. Hozir u Madriddagi Reina Sofia muzeyida saqlanmoqda.
Shahzod SHOMANSUROV,
sanʼatshunos