Bu olamda uch chin soʻz bor,
Sogʻinch, hijron, keyin armon...
Shodmonqul Salom
Adabiyot ajib xilqat. Goh kuyga oʻxshaydi, goh olovga. Goh orom olasan, goh yonasan. Unga kirgan har bir yoʻlchining oʻz osmoni bor, oʻz eʼtiqodi bor. Oʻz ibodati bor, oʻz yoʻli bor. Adabiyotga hech kim shunchaki kirib qolmaydi.
Sakkizinchi sinfda Boboyeva Nargiza ismli oʻzi qalbidan, qalbi oʻzidan dilbar yoshgina oʻqituvchi dars bera boshladi. Adabiyot darsi umuman boshqa olamga aylandi. Hayot haqida, odamlar, borliq, tuygʻular haqida ilk jiddiy tasavvurlarni tuya boshladik. Darsni oʻquvchilarga qattiqqoʻl doʻst boʻlib oʻtardi. Topshiriqlarni toʻliq bajargan kunlarimiz sheʼr eshitar edik. U.Azim, Sh.Rahmon, M.Yusuf, S.Sayid, I.Mirzo... Oʻqib bergan xar bir sheʼri koʻnglimizga singardi. Yaxshi koʻrgan adiblari va shoirlari bizning ham suyukli ijodkorlarimizga aylandi. A.Qodiriy, Togʻay Murod Sh.Xolmirzayev, Ch.Aytmatov, S.Ahmad, O‘.Xoshimov asarlaridagi qahramonlarning tuygʻulari, kechinmalari bizning ham yuraklarimizda roʻy berdi. Oʻqigan asarimizda qahramon – goʻzal qiz timsoli Boboyeva Nargiza boʻlib gavdalanadigan boʻldi. Oʻquvchilar oʻqituvchilarga “ism” qoʻyib olgan edik. Boboyeva “Hamishabahor” edi. Oʻquvchilar hammasi birdek yaxshi koʻrgani bois, koʻrganda koʻngli birdek yashnagani bois. Kim boʻlishimiz haqida yozib kelish topshirilganda deyarli barcha “idealidagi inson” “ona tili va adabiyot oʻqituvchisi” ekanligini yozib keldi. Bayramlarda quchogʻi gulga toʻlib ketardi. Men koʻproq yonida boʻlish, eng yaxshi oʻquvchisi boʻlish uchun har kuni sheʼr yozib borar edim. Keyin sogʻinchlar boshlandi. Maktabga borsam, onamni sogʻinaman, uyga kelsam, Boboyevani sogʻinaman. Qor, yomgʻirlarga qoʻshilib yogʻishlar...
Maktabni ham tamomladim. Oʻqishga budjetga kirolmadim... Hayot! Ha – Yot. Barcha “ha” deganlaringiz “yot” begona boʻlib chiqar ekan.
***
Maktabni bitirgan yilim biz koʻchib ketdik. Denov tomonlarga koʻp yoʻlim tushdi. Sizni koʻrib qaytishga imkoniyatim boʻlar edi. Oʻzim bormas edim. Sizni sogʻinib yurish shirin tuyulardi. Farzandlaringiz dunyoga kelganda doʻstlarim suyunchi soʻrashar edi. Sizning quvonchingiz mening ham quvonchim boʻlgani uchun. Qancha majburlasangiz ham hech qachon Sizning yoningizda sheʼr oʻqimaganman. Telefonda uzoq suhbatlar qurardik, Sulaymon paygʻambarning “Qalbingni bor kuching bilan himoya qil!” kalimasini tez-tez eslatib turardingiz. Xatingizga esa sizga munosib shogird boʻlgach javob yozmoqchi edim.
Tanamning ogʻriqlari koʻpayib, jonim bilan andarmon boʻlib qoldim... Bir kuni tushimga kirdingiz. Dars oʻtadigan xonangizdan bir-ikki kishi chiqibmiz. Siz ham ergashib chiqibsiz, eshik yonida ogʻrinib, nimalardir soʻz aytib, qaytib eshikni ichkaridan yopdingiz. Men maktab stadioniga chiqdim. Sinfdoshlarim futbol, valeybol oʻynashyapti. Koʻzlariga qarayman – yonib, yashnab turibdi. “Nega mening koʻzlarim atrofiga buncha erta ajinlar tushdi?” deb koʻnglimdan oʻtkazaman. Uyga qarab yugura boshlayman. Soʻng qoʻllarimni qanotdek harakatlantirib, uchib-uchib boraman. Darsxonamga kiraman, yerda gʻalvir tagida uchta joʻja “chiy-chiy”lab turibdi. Katta mushuk kichkina mushukning boʻynidan gʻajiyapti. Mushukning ikkisini ham derazadan tashqariga otib yuboraman. Gʻalvir tagidagi joʻjalar tinmasdan chiyillaydi. Shu yerdagi koʻrpachaga choʻzilaman, boshim tomondagi joʻjalarga qarab-qarab yotaman. Yostigʻim yonidagi notanish telefon ekrani yonib oʻchadi. Raqamini koʻrishga ulgurmay qolaveraman... Shu tongda sizni koʻrganimdan xursand boʻlib uygʻondim. Ikki kun oʻtib eshitsam, oʻsha tushim kuni ketibsiz (olamdan oʻtibsiz). Telefonimga tushib boʻlmabdi...
Kunlar oʻtaverarkan. Hayot lahzalardan oʻz ulushini olaverarkan. Sizni borib bir marta koʻrmaganim uchun yuragimdan qarzdorman.
Oʻzim bilmagan holda, telefondan raqam qidira boshlayman. Koʻnglim izlagan suhbatdoshni topolmayman. Kech qolganini bilsa-da, poyezd bekatida yugurib yurgan odamga oʻxshayman. Qayerdan halovat topishni bilmayman. Endi adabiyotda bir umr sizni qildirsam kerak. Dunyo odamzor, men uchun sanoqli odam qolgandek. Bugun Toshkentdami, Termizdami, Denovdami – gavjum manzillarda, roʻparamdagi uzoq, yaqin chehralariga javdirab qarayman. Hozir shularning biri Siz boʻlib chiqadigandek tuyilaveradi. Ammo... Bor sogʻinchlar soʻngsiz azob. “Bu dunyoda hech narsaga chegara qoʻyib boʻlmaydi” derdingiz. Eng katta, ogʻriqli, achchiq chegarani tuproq qoʻyar ekan. Siz tomon koʻrinmaydi, koʻrinmaydi deb oʻgirilib ketib ham boʻlmaydi.
Ichimda kimdir yuzini yashirib mendan arazlagan. Saraton xastaligi nima ekanini anglamas ekanman. Uchta poloponingizni oʻylasam ruhimda har kuni saraton roʻy beradi.
Kimdir meni doim muvozanatda saqlaydi. Shu qadar muvozanatdamanki, gʻam va shodligim qoʻl ushlashib yuradi. Sheʼriy toʻplamim chiqdi – “Yoʻldagi maktublar”. Kitobimni qoʻlimga olib, uni eng birinchi koʻrishga loyiq odamni topolmadim. Barchasi “yoʻldagi maktublar” boʻlib qolib ketdi. Dunyoning aʼmoli shu: Kimdir kechikadi, kimdir shoshiladi. Lahzalar goh chopib oʻtadi, goh toʻxtab qoladi. Dunyoni bir kam deyishadi, qani edi bir kam boʻlganda.
Uyqudan oldin “Bugun tushimga kiring” desam albatta kirasiz: yonimizdasiz, har doimgi tabassumi chehra, hammamiz yaxshi koʻramiz... Ammo uygʻonganimda koʻnglim kengliklarini tumanzor qoplaydi. Bu bahorgi tumanzormi, kuzgi tumanzormi. Tumanzorda kimdir kulib yuribdimi, yigʻlab. Siz bu olamda bormisiz… adoqsiz sogʻinch.
Baxt haqida oʻylasam tassavurimga siz kelar edingiz. Xudo meni kechirsin, agar iloji boʻlganda umrimni jon deb sizga bergan boʻlardim. Jujuqlaringiz sizga munosib, komil farzand boʻlib ulgʻayishsin. Umrlari uzoq boʻlsin.
Bu hayot burni osmonni hidlashga oʻrgangan odamga oʻxshaydi. Evrilib-evrilib yashash va tagi boʻm-boʻshlik, hech narsa. Yashash gohida maydalashishdek. Barini bila turib boʻyniga olish esa eng katta mardlik. Zaminda tiriklik boshlangandan beri bir ariq oqadi. Ikki betida ikki olam bor. Bir beti butunlay adabiyotniki. Unda koʻngli bir biriga oʻxshagan, ruhining boʻylari teng, yoshlari ham bir xil, koʻzlari koʻzlaridan uzoqlashmaydigan odamlar yashaydi. Unda yoʻqlik ham, borlik ham hech narsa. U boshqacha hayot. U hayotda Siz yashayapsiz, men ham yashayman. Umr boʻyi Xudodan soʻrab oʻtaman, menga Siz bilan diydorni nasib etsin, Ustozim...
Nargiza ODINAYEVA