Bugungi kundagi eng mukammal, soʻnggi rusumdagi aerobusdan koʻra tarkibi va tuzilishiga koʻra oddiy asalari murakkabroq ekan. Zamonaviy ilm-fan buni isbotladi.

* * *

Quyoshdan bir sekundda ajraladigan energiyaning 2 milliarddan bir qismi bizga yetib keladi. Shugina nur ham hayotimiz uchun kifoyadir. Quyoshdan ajraluvchi nurning qolgan qismini oʻrtadagi 150 million kilometrlik masofadagi yetti qavat parda (oxirgisi Ozon qatlami) oʻzida tutib qoladi. Ikki yuz million yilda oʻz makonini bir bora aylanib chiquvchi bu nur manbasi yerga va boshqa yondosh sayyoralarga oʻz yogʻdusini ayamay sochaveradi. Milliard yillardan buyon bu yorugʻlik va tiriklik tevasi horimay yoʻl tortadi. Yer bagʻrida fasllar almashinadi. Nihol ulgʻayadi. Maysa koʻkka talpinadi. Odam bolalarining ulug‘ tarbiyachilaridan biri ham shu bobo quyoshdir. Odam tanasidagi koʻp­lab xas­taliklarni odamning oʻziga sezdirmay quyosh davolab beradi. Quyosh haqida xayol qilsangiz, adogʻiga yetolmaysiz. Ammo bir-ikkita joʻngina savol paydo boʻladi. Quyosh oʻzi nima, qanday jism? U oʻz bagʻridagi otashni qayerdan oladi?

Buyuk tabiat quyosh bagʻriga shunday bir muhabbat otashini jo aylaganki, undagi olov abadiydir. Quyoshda qachonlardir shunday bir muntazam takrorlanuvchi jarayon harakatga keltirilgan: bitta protonga ega boʻlgan vodorod (H2) atomi gazidan geliy (2He) atomi hosil boʻladi. Soʻngra hosil boʻlgan geliy parchalanib vodorodni hosil qiladi. Bu yerda ikkita – bir-biriga teskari boʻlgan, ammo biri ikkinchisining bardavom boʻlishiga xalal bermaydigan reaksiya amalga oshadi. Va har ikkisida ham aql bovar qilmas darajada katta energiya ajralib chiqadi.

4H + a (alfa zarracha) = 4He + Q (Q – harorat belgisi).

Bu reaksiyalar nihoyatda sodda, ammo odatdagi laboratoriyada amalga oshirib boʻlmaydigan juda qi­yin jarayonlar boʻlib, yadroviy radioaktiv reaksiyalar hisoblanadi va bunga quyosh orbitasigina dosh bera oladi. Yonmoq – quyoshga taqdir! Quyoshning energiya manbasi shu. Odamlar quyosh maʼbudiga sigʻinib yurganida bu dalillar boʻlmagan.

* * *

Yoʻqolgan narsa, albatta, topiladi. Qoʻldan ketgan narsa qaytib keladi. Topgan narsang bir kun kelib, albatta, yoʻqoladi. “Omad bergan narsa bizniki emas!” deydi Seneka. U – omadning oʻziniki. Xullas, hech bir narsa yoʻqolmaydi. Faqat ikki tushuncha bundan mus­tasno. Bular Vaqt va qilingan Mehnat. Vaqt qaytmasdir. Mehnat esa oʻzgalar udda qilolmagan narsani senikiga aylantirishdek moʻjizakor kuchga ega. Bu tushunchalarni kimyo fani shunday izohlaydi: ­Reaksiya uchun sarf boʻlayotgan moddalarning massasi hosil boʻlayotgan moddalar massasiga teng. Bu buyuk muvozanat olamlarni ushlab turadi. Yerdan koʻtariladigan milliardlab tonna chang-gʻubor, yerga koʻkdan tushayotganiga oxirgi paysasigacha teng­dir. Shu boisdan yer oʻzining mangu yoʻlidan ogʻishmaydi.

* * *

Zarautsoy – Surxondaryoning shimoli-gʻarbidagi Koʻhitang tizmasida joylashgan, tarix bilan tillashgan qadim manzil. U yerda dunyodagi eng koʻhna gʻor suratlari omon saqlangan. Zarautsoy qoya suratlari yoshiga koʻra, Ispaniyaning Altamir togʻidagi qoya suratlaridan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Hanuz qad kerib turgan bu qoyalar koʻksida qariyb qirq ming yillik tarix muhrlangan. Bu yerdagi qoyalarning birida shunday surat bor: bir kishi gʻor devoriga nimaningdir suratini chizayapti, qoʻlida qizgʻish tosh – chizgʻich, devor roʻparasida esa tosh kursilarda uch-toʻrt kishi uni tinglayapti, ov sirlarinimi, nimanidir oʻrganayapti. Suratda atrofi oʻrab olinayotgan yovvoyi shoxdor buqalar galasi. Oʻtirganlarning nigohi surat chizayotgan, yaʼni oʻrgatayotgan kishida. Oʻrtada – olov!

Bu manzara odamzodning nafaqat ijtimoiy, balki madaniy qatlami hamdir. Negaki, bu manzilda mus­taqillik yillarida atoqli pedagog Bekmurod Qodirov tashabbusi bilan bir necha marotaba xalqaro pedagogik konferensiya oʻtkazilgan edi. Bu bejiz emas, albatta.

Endi koʻz oldingizga odmigina bugungi kun sinf­xonasini keltiring. Oʻqituvchi va oʻquvchilar holatini tasavvur eting. Oʻqituvchi doska oldida tik turgan holida misol-masalalarni yozib, oʻquvchilarga tushuntirayapti. Oʻquvchilar kursida ustoz oʻrgatayotgan narsalarni yozib olayapti, oʻrganayapti. Yoqangizni ushlaysiz! Oradan oʻn minglab yillar oʻtibdi-yu, ushbu manzara oʻzgarmabdi. Faqat turmush tarzi, joyi biroz sayqallanibdi. Goʻyo orada shuncha katta vaqt masofasi yoʻqdek.

“Dunyoda faqatgina qilinishi lozim boʻlgan kasb­largina qolsa, million-million kishilar ochlikdan oʻlib ketgan boʻlar edi”. Bu fikr olmon faylasufi ­Georg Lixtenbergga tegishli. Sershovqin shaharlarning koʻchalarini kezayotgan odam juda koʻplab “lozim boʻlmagan” yangi “kasb”larning xizmatidan foydalanishi mumkin. Botinka tozalovchi, botinka tozalovchiga kerak boʻlgan ashyolarni tayyorlovchi, uning band qilgan oʻrnini taʼminlovchi, tirnoq boʻyovchi, soch yi­gʻuvchi, shahar aylantiruvchi, tilmoch; mashina tozalovchi, mashina tozalovchiga zarur ashyolarni yetkazib beruvchi, u matohlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, bularni hisob-kitob qiluvchi yoki oddiygina turpdan tayyorlanadigan gazak-salatga necha kishining qoʻli tekkanini bilasizmi? Buni rosa hisoblab chiqishibdi: oltmish kishining! Islomiy aqidaga bu maʼlumot judayam mos. Rizqimiz oltmish qoʻldan oʻtib keladi, deyiladi manbalarda... Sanab tugatib boʻlmaydi.

Lekin kishilar shu kabi “kasb” egalarisiz ham koʻp asrlar yashab kelgan. Bugun esa shu kabi xizmatlar amalga oshmasa nimadir kemtikday.

* * *

Stol chetida turgan sham va gugurt qutisini koʻrgan bolakay ham ulardan qanday foydalanish lozimligini biladi. Gugurtni yoqib pilikka tutadi va atrof yorishadi. Toki chaqmoqtosh paydo boʻlmagunicha olovga qoʻlini tekkizsa kuyishini sezgan ilk odamlar uni oʻchirmay asrlarni oʻtkazganligi bilan bu bolakayning ishi yoʻq.

Shu bola quyoshning yer atrofida emas, yerning quyosh atrofida aylanishini, galaktikadagi yagona suvi bor sayyora Yer ekanini qoʻlidagi besh barmogʻiday bilar, ehtimol. Chunki bu dalillar har qanday tabiatshunoslik darsligida bir-ikkita jumla bilan ifodalangan. Ammo polyak astronomi Nikolay Kopernik bu dalil uchun jonini tikkanini, uni isbotlasa-da, tan olinmaganini bilmasligi mumkin.

Bu bola pishqirib oqayotgan daryoning xavfli ekanini biladi, ammo suv maʼbudi haqidagi choʻpchaklarni ting­lashga hafsala qilmaydi. Bular shunchaki choʻpchak emas, balki qachonlardir odamlar tirik vujud deya topingan suv neʼmati ekanini uning shuuri hazm qilolmaydi. Bu bola suvning zichligi odam tanasi zichligidan kichikligini nazariy biladi. Lekin bu ilmiy birliklarning har birini topishga kimningdir aziz umri xarj boʻlganini anglamas.

Bola chiroqni pult bilan yoqadi. Simdagi elektr manbasiga shamol, quyosh, harakatdagi suv doya ekanini ham biladi u. Ammo bu muvaffaqiyatlar qanday qoʻlga kiritilgani bilan qiziqmaydi.

Bu bola daraxt bargidagi yashillik ildizdan koʻtarilib borayotgan suv va bargda toʻplangan zaharli gaz – karbonat angidridning birikishidan hosil boʻluvchi glyukoza ekanini koʻp ham ilgʻamas, ammo daraxtning qanday mavjudot ekanini, uning nima uchun zarurligini biladi.

* * *

Olovga qoʻlini tekkizsa kuyishini, yerning quyosh tegrasida aylanishini, daryoning gʻarq qilishini, qoron­gʻudan hayiqishni, kunduzdan rizq umid qilishni ming yillar burun oʻrgangan odamlar olov yoqishdan to omochda yer haydashni oʻrgangunicha rosa oʻn ming yillik vaqt yoʻlini bosib oʻtgan. Vaqt va hayotiy ehtiyoj zanjiri odamlarni muvaffaqiyatga yetaklagan. Ammo ularni bunga mudom undaguvchi kuch nima boʻlgan? Biror-bir ulgusiz ham yashayverish mumkinmikan?

* * *

Qarshimda, oʻqituvchi stoli ortida allanechuk tortinib, tabiatan kamsuqum bir muallim oʻtiribdi. Men esa oʻquvchilar kursisida. Zamonaviy oʻquv ashyolari bilan jihozlangan kimyo kabineti. Xonada ikkimizdan boshqa hech kim yoʻq, oʻquvchilar tanaffusda. Kimyoviy unsurlarning hidi biroz urib qolgan bu xonani tark etganimga ancha yillar boʻlgan. Men u paytda oʻquvchi edim. Muallim ham ancha yosh edi. Hozir ham qarimagan, ammo sochlarida qorasidan oqi koʻproq. Ajin chalgan chehrasida pedagogga xos biroz istehzoli, tanish, qadrdon tabassum. Oʻquvchining kursisida shunday xususiyat bormi, harqalay, biroz dovdirab qoldim. Domlaning susti bosgandir yoki... qolaversa, sobiq muallimim.

Boysun tumanidagi 28-maktabning kimyo fani muallimi, “Shuhrat” medali sohibi, xalq taʼlimi aʼlochisi Ashur Hakimovning bu ilm oʻchogʻiga ishga kelganiga chorak asrdan ziyodroq vaqt oʻtdi. U bugun oʻzi oʻqitgan oʻquvchilarining farzandlariga dars oʻtayapti.

1989-yili Oʻzbekiston Milliy universitetining kimyo yoʻnalishini tamomlagan Ashur aka taʼlim tizimida ish boshlaganida Mendeleyev davriy jadvalida 103 ta kimyoviy element bor edi. Hozir ularning soni 118 taga yetdi. 15 ta yangi kimyoviy unsur kashf etildi. Bu orada Ashur Hakimovning oʻquvchilari respublika va xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlishdi. Imtiyoz bilan tibbiyot akademiyasi, kimyo texnologiya, kimyogarlar oliygohlarida taʼlim olishdi. Ularning ayrimlari muallim, koʻpchiligi shifokor, yurtimizdagi koʻp­lab zavod va ishlab chiqarish korxonalarining yetakchi mutaxassislari sifatida faoliyat yuritayotir.

Ashur aka Hakimov togʻli Boysunning Pulhokim qishlogʻida chorvador choʻpon xonadonida tugʻilib voyaga yetdi. Bolalik paytlari ancha kitobxon edi. Maktabdan boʻshadi deguncha chorvador otaga ergashib, qoʻy ortidan Qoʻshbuloq, Boboqozoq qirlariga yoʻl oluvchi bolakayning hamrohi kitoblar edi. Nafaqat maktab dasturiga oid kitoblar, balki adabiy asarlar ham bola qalbi uchun olamga daricha edi. Belboqqa tugilgan kitob oddiy vaqt oʻtkazish vositasi emas, chinakam yoʻldosh edi. Keyin qir-adirlar bagʻrida, qarshingda bir otar qoʻy yayrab yurgani holida, xayolning bir bandini biror asar qahramoni band etib turishida oʻzgacha bir romantika ham borki, buni boshdan kechirmagan kishi his qilishi qiyin. U kitoblar olis shahar-u diyorlardan, oʻzgacha odamlar olamidan hikoya qilib, jajji yuraklarga koʻrinmas qanot bagʻishlab turadi. Ashur aka ana shunday muhitda voyaga yetdi. Keyin maktabdagi kimyo oʻqituvchisi, benazir ustoz Safar Rahmonov oʻquvchida katta taassurot qoldirgan.

Pulhokim qishlogʻi haqida kimki eshitgan boʻlsa, qishloqni shifokorlar, aniqrogʻi, kimyogarlar qish­logʻi deb taʼriflaydilar. Bu eʼtirof oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Maktabda uzoq yillar kimyo fanidan saboq bergan Safar Rahmonovning nomi butun respub­likadagi sohaga oid dargohlarda maʼlum edi. Safar Rahmonovning koʻplab shogirdlari tibbiyot sohasida, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent tib­biyot akademiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Jizzax davlat pedagogika ins­tituti, Termiz davlat universiteti va bosh­qa koʻp­lab nufuzli dargohlarda bugun ham faoliyat yuritmoqda. Ha, Safar Rahmonovning kimyo yoʻnalishida oʻqigan butun bir avlodda ustozlik oʻrni bor. Muallim koʻp, ustoz esa juda noyob boʻladi.

Xuddi shu ustozdan ilmlarning benihoya moʻjizakori boʻlgan kimyoni puxta oʻrgangan Ashur aka universitetni tugatgach, maktabga, ustoz qadami tekkan qadr­don goʻshaga qaytib keldi. Bunga ham yigirma yetti yil vaqt oʻtibdi. Qishloqda shunday gap bor: odamlar Ashur Hakimga qarab soatini toʻgʻirlab olishadi. U hanuz bitta maktabda, bitta fandan saboq beradi. Tuman, viloyat, hatto respublika olimpiada komis­siyalari vakillari ham gap kimyo faniga kelganda, “Pulhokim maktabi bor hali, xulosaga shoshmaylik” degan koʻnikmaga kelib qolishgan.

Tarnovdan tushadigan bahor yomgʻiriga umid bogʻlagan, bitta molini bozorga chiqarib sotsa, bir necha muddat koʻngli xufton boʻlib yuradigan, asriy toshlarni yorib oʻsgan archadan tabiiy instinkt bilan ulgu oluvchi boysunliklar hayotida ilmning oʻrni boʻlakcha. Qolaversa, kamtarin turmush tarziga, ayni paytda beqiyos gʻurur va oriyatga tayangan bu odamlarning bor bisoti farzand­lar kamoli bilan uzviydir. Farzand kamolini muayyan hayotiy muqim xulosalarga kelib boʻlgan ota-onalar va chinakam ustozlar taʼminlaydi. Agarda farzand shu ustozga yetisha olsa.

Mustaqillikning ilk yillari ayrim oʻqituvchilar maktablardan ketib qoldilar. Bu holatga sabab ham bordek edi, goʻyo. Maosh haminqadar, oila-roʻzgʻor tashvishlari bu fidoyi kishilarni biroz gangitib qoʻygandek edi. Bu holat Pulhokimda ham ozmi-koʻpmi oʻz izini qoldirdi. Kimdir savdoga qoʻl urdi, yana birovlar pastga – obikor tumanlarga koʻchib ketishdi. Ammo botinida ustoz boʻlish mashaqqatiga chidam, ekkan nihollarining hosilini koʻrishdek totli zavqdan umid hissi begona boʻlmagan kishilar uchun maktab oʻz muqaddasligini yoʻqotgani yoʻq. Aslida, ustoz soʻzining mohiyatida komillik jam boʻlar, ehtimol. Modomiki shunday ekan, komillikning ilk sharti qanoat boʻladi. Bu iboralar bilan egiz boʻlgan tagʻin shunday jumlalar bor: “Tomchi toshni teshadi!”, “Bilim qalb taomidir!”, “Bilish zavqi kimgaki esh boʻlsa, u – biladi. Amaliyot esa boshqa masala”. Ushbu soʻzlar bir-birini boyitgani holda chinakam oʻqituvchining hayotini, qalbini betimsol mazmun bilan toʻldiradi. Bu mazmundan topiladigan halovatni oʻqituvchi zoti boshqa hech qayerdan topolmaydi.

– Bizlar ham bir diplomi bor, koʻp qatori oʻqituvchi boʻldik-da, – deb gap boshladi Ashur aka, – bu maktabda kimlar ishlamadi. Qanday zotlar bu yerga kelib ketmadi. Safar Rahmonov, Xonim Toshboyev, Malla Norqobilov, Tursoat Xoliyorov... Ular ustozlar edi. Ularning roʻparasidan kelib qolsang, beixtiyor qayerda turganingni, kimligingni yodga olarding. Bu bir anchayin qoʻrquv emas, biz ulardan qoʻrqmasdik, ichki bir izzat-hurmat bilan hayiqib, odob saqlardik. Axir, ularning hech qaysisi bizga tarbiyaviy soat oʻtgani yoʻq. Biri kimyodan, biri fizika-matematika, yana biri biologiyadan, boshqasi boʻlsa informatikadan saboq berishgan. Ustozlarning xulq-atvorida chinakam pedagoglik bor edi. Ular tarbiyachi edi. Katta-katta kurashlarda toʻpolon boʻlib ketgan paytda, bakovul eplolmaydigan vaziyatlarni oddiy maktab direktori tinchitib yuborganini koʻrganmiz. Endi oʻylasam, maktab direktori, maktab oʻqituvchisi degani oddiy odam emas, oddiy odam boʻlmasligi kerak ekan-da. Men oʻzim ham oʻn yildan oshiqroq vaqt shu maktabda rahbarlik qildim, oʻsha vaqtda ham darsga, ayniqsa, individual saboqqa fursat ajratdim. Ozmi-koʻpmi tajribadan xulosa shunday boʻldi: oʻquvchining ruhiyatidagi ilmga boʻlgan katta intilishni tarbiyalash uchun ilmning oʻzi juda kamlik qilar ekan. Buning uchun oʻquvchi bilan ustoz oʻrtasidagi hech narsa (moddiy manfaatlar, tanish-bilishlar) raxna sololmaydigan muqaddas masofani saqlay bilish kerak boʻlarkan. Baʼzan rus yoki yevropa asarlarida, filmlarida oʻquvchi va oʻqituvchi munosabatlarini koʻrib hayron boʻlaman. Qanchalar erkin, bemalol! Hayotning turli jihatlari haqida suhbatlashishaveradi. Deylik, biror kafega muallim kirsa, u yerda oʻquvchisini koʻrib qoladi-yu, ikkalasi bemalol chaqchaqlashaveradi. Ammo bu omillarni bizning sharqona tarbiyamizga targʻib etib boʻlarmikan? Menimcha, buning iloji yoʻq. Bu “erkinlik” ancha qaltis. Chunki odam har yili bir yangi qatlam hosil qiladigan daraxtday gap. Nihol bilan chinorning fiziologik farqi, hayotdan zavq qilish tarzida tafovutlar bor. Buni inkor etmaslik shart. Tabiatimizdan, atrofimizni oʻrab turgan tabiat qonunlaridan uzoqlashmaslik kerak. Osmonda quyosh bitta, lekin ramziy maʼnoda Maʼnaviyat degan quyosh ham bor boʻlishi kerak. Bu oftob odamlarning ichidan, yuragidan balqib chiqadi. Bu quyoshning chiqish va botish joyining oʻzgarishi oʻqituvchiga, oddiy maktab oʻqituvchisiga bogʻliq.

Otam rahmatli choʻpon edi. Bir gapni koʻp aytardi: “Ulim, oʻqi, odam boʻl! Ilmli odam hech qachon xor boʻlmaydi. Amal likillagan rizq, olimlik bilqillagan rizq”. Bu gapdagi “likillagan”, “bil­qillagan” degan soʻzlarni sizlar yaxshi tushunasizlar.

Kimyoda bir maʼlumot bor: uran degan radioaktiv elementni bilasiz, eshitgansiz, albatta. Ana shu elementning bir kilogrammi 100 million yilda 15 grammini yoʻqotadi. Oʻn besh gramm uran boshqa narsaga aylanib ketadi. Bir kilogramm uran parchalanib ketishi uchun olti yuz oltmish olti million yildan koʻproq vaqt kerak. Qanchalik sabrli-ya, tabiat! Ana shu nodir metall ham odamdan, uning aziz umridan aziz emas-ku! Toʻgʻrimi? Shunday boʻlgach, odamiylik degan juda katta, Olloh nasib etgan sirli qatlam – maʼnaviyatga putur yetmasligi kerak-da?! Bu qatlam ruhiyatimizdan ketsa, bizning dashtda oʻtlab yurgan jonivordan farqimiz qoladimi? Biz oʻqituvchi boʻlsak, oʻquvchi ongiga shu narsani singdira olishimiz kerak. Elni eʼtiqod suyaydi...

Domla soʻzlashdan toʻxtadi. Bu vaqtda men kimyo xonasida ekanimni endi unutib qoʻygandek bir holatdaman. Oradagi jimlik judayam ovozga toʻla boʻladi.

Odam tiynatida ham jugʻrofiy jihatga mos lalmi va obi hududlar bor. Odamning obikor va lalmi maydonlari bor. Ana uning lalmisini obod qilishdek vazifalar mavjud. Bu ishni chinakam ustoz ado etadi. Ashur aka uchun, maktabning kimyo fani oʻqituvchisi uchun bu jumlalar biroz gʻalat eshitilar, biroq u bu tushunchalarning mohiyatini qalban his etadi, amalda koʻra biladi. Muallim, ayniqsa, qishloq muallimi uchun qiyin bir jihat bor. U hamisha, hamma joyda namuna boʻlmogʻi kerak. Oʻz oʻquvchilariga-ku, butunlay, oʻzidan yoshi ulugʻlar uchun ham u “domla, ustoz” degan maqomda, yozilmagan qonunga koʻra, ichki bir hurmati boʻladi. Bu nufuzni oqlamoq esa koʻp mushkul. Qishloqda bir-biriga begona, qarindosh boʻlmagan odamning oʻzi yoʻq. Toʻy bor, maʼraka bor. Elchilik. El bilan yelkadosh boʻlish, uning yaxshi-yomon kunida birga turishning teran bir shartlari bor. Bu shartlarni bajarish boshqa kasb egasidan koʻra ham muallimga qi­yinroq kechadi. Chapani, bir qop yongʻoqday guldiragan odamlarning ogʻzidan goh nasihat, goh hazil tarzida chiqib ketadigan soʻzlarning hech birini muallim aytolmaydi. Bitilmagan qonun amalda: muallim namuna boʻlishi kerak! Atrofida hech boʻlmaganda, ikki-uchta oʻquvchisi bor-da...

* * *

Ashur Hakimov pedagogik faoliyati davomida koʻp­lab yigit-qizlarga ustozlik qildi. Uning oʻquvchilari viloyat, respublika, xalqaro Mendeleyev olimpiadalarida bir necha bor oltin medallar olib qaytdilar. Qishloqqa yoʻli tushganida maktab ostonasidan kirib keluvchi har bir sobiq oʻquvchi, albatta, domlaning ikki ogʻiz suhbatini tinglashga intiladi. Domla esa odatiga koʻra, dars­da yoki kimyo toʻgaragida mashgʻulotda boʻladi. U kishining kichik oʻgʻli domlaning sohasini tanladi – Termiz davlat universitetida talaba. Kattasi... kattasining ham oʻziga yarasha tashvishlari bor. Oilaning kundalik muammolari domlaga ham begona emas. Bu yumushlardan tashqari yomon oʻzlashtirayotgan qay bir oʻquvchisini oʻylashga vaqt topish ham uning gardanida.

Butun koinotni muqim qonun asosida tutib turadigan kuchlar haqida biroz ilmiyroq tilda mulohaza yuritdik. Bularning barchasi kimyoviy jarayonlarga bogʻliq ekanini angladik, menimcha.

Biz bir kimyogar muallimning hayot yoʻliga nigoh tashladik. Bu yoʻl esa kimyo bilan, kimyoviy va odamiy jarayonlar bilan uzviy ekaniga amin boʻldik. Bilim qalb taomidir, degan soʻzga duch keldik. Qalbi toʻq odamning naqadar davlatmand ekaniga guvoh boʻldik. Bir paytlar choʻpon bobo aytgan “Olimlik bilqillagan – ketmas davlat” ekaniga ishondik.

Bilish zavqi azaldan qiziquvchan boʻlgan odamzodni tinch qoʻymagan. Aksincha, hayotdan maʼno ketgan boʻlur edi.

Odam bolalari ana shunday daʼvo bilan dunyoning avvalida yoʻlga tushishgan. Juda koʻp narsani oʻz foydasiga ilmiy jihatdan hal etishgan ham. Ammo taraqqiyotning qadam olishiga boqib turib shunday oʻy xayolga keladi: kun kelib bugungi erishgan yutuqlarimiz ham oddiy, ibtidoiy turmush tarzi boʻlib qolishi mumkin. Shu oʻrinda taraqqiyotning, ilm yutuqlarining tarbiya bilan egizak boʻlishi naqadar muhim ekanini anglaysiz. Globallashgan davr farzandlarining hayoti naqadar murakkabligiga amin boʻlasiz. Va beixtiyor maktab oʻqituvchisining jamiyatimizda naqadar tengsiz oʻrni borligini tushunasiz.

Muallim dunyoga berilgan salomdir! Bu salomga – ezgu tilakka javobni har bir davr har xil fason va ohang­da aytadi. Bu salomga olingan alik davrga, jamiyat kishilari kamoliga quyosh nuridek bevosita taʼsir etadi. Bundan ulug‘ Suqrotning bir xulosasi yodga keladi: “Eʼtiborsiz shogird oʻzi uchungina zarur boʻlgan narsani yoʻqotadi. Uni jalb etolmagan ustoz esa kelajagini boy beradi!”

Bugun dunyoning ayrim burj­larida libos, mashina, samolyot, hattoki izzat-ikrom va obro‘ ham ijaraga berilayotir. Bu insonning ibtidoiy va eng yuksalgan qiyofasiga juda begona narsa. Shunday bir vaziyatda “Illatni oshkora tanqid qilish uning targʻibotidir”, “Baʼzilarda fikr, baʼzilarda hamfikr bor”, degan xulosalar bilan qutlug‘ masofalarni saqlab, oʻzlikni har narsadan baland qoʻyib, kasbiga sodiq boʻlib yashayotgan Ashur Hakimovdek fidoyi ustozlarning oʻrni beqiyos ekanini teran his etasan, kishi.

* * *

Ustozning urgan joyi qiyomatda kuymasmish. Bu muborak kalimani birinchi maʼnosida qabul etmaslik zarur. Ikkinchi, ramziy maʼnosi ham yetadi. Zero, ustozdan olingan saboqning har birida ezgulikka daʼvat yashaydi.

Shu va shu kabi xulosalar bilan kimyo kabinetidan tash­qariladim. Doimo ustoz boʻlib qoluvchi sobiq oʻqituvchimga ich-ichimdan tashakkur aytib, u bilan xayrlashdim. Kun peshindan ancha ogʻib qolgan, osmonda quyosh bir zaylda nur sochardi.

Shodmonqul SALOM