Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda qator tashkilotlar hamkorligida “Mustaqillik toʻyi” festivali boʻlib oʻtmoqda. Joriy yilning 17-iyun kunidan boshlab taniqli adiblar, sanʼatkorlar, madaniyat arboblari va ziyolilardan iborat targʻibot guruhi Navoiy viloyatida oʻz faoliyatini boshladi.

Yagona Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz birdamligi va Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlik gʻoyalarini targʻib etishga qaratilgan ushbu festival doirasida aholi bilan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, adabiy suhbatlar, madaniy tadbirlar va koʻngilochar dasturlar tashkil etildi.

Dastlab Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahrida festival doirasida “Kinokarvon” loyihasi koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Unda aholi va yoshlar uchun milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va yurtga sadoqat gʻoyalarini targʻib etuvchi badiiy hamda hujjatli filmlar namoyish etildi.

Nurota tumanida davom etgan bayram tadbirlari doirasida aholi, ayniqsa yoshlar uchun madaniy-maʼrifiy dasturlar, konsert chiqishlari va qiziqarli uchrashuvlar tashkil etilib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz birdamligini tarannum etuvchi bayramona muhit hukm surdi.

Festival doirasida Tomdi tumanidagi Tomdibuloq, Aqtov ovullarida “Yaxshilik karvoni” loyihasi amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur tumandagi “Aqtov”, “Sharq” OFY  aholisi ishtirokida “Shukronalik” uchrashuvlari tashkil etildi. Unda uzoq yillar turli sohalarda faoliyat yuritgan faxriylar, shuningdek, eʼtibor va mehrga muhtoj aholi holidan xabar olindi.

Bayram shukuhi Zarafshon shahridagi bolalar oromgohida davom etdi. “Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi asosida 200 nafar oromgoh tarbiyalanuvchilari uchun qiziqarli chiqishlar, milliy qoʻshiqlar, raqslar hamda interaktiv sahna koʻrinishlari taqdim etildi. Mazkur loyiha yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi, desak adashmaymiz.

Taʼkidlash joiz, festival ishtirokchilari Jahon chempionatida munosib qatnashayotgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining dastlabki oʻyinini katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qilib, qoʻllab-quvvatlashdi. Futbol uchrashuvi jamoaviy tarzda tomosha qilinib, har bir muvaffaqiyatli harakat qizgʻin olqishlar bilan kutib olindi.

Festival ishtirokchilari, Nurota chashmasini ziyorat qilib, muqaddas qadamjoning tarixi va maʼnaviy ahamiyati bilan tanishdilar.

Navbahor tumanidagi “Sarmish” oromgohida ham “Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi doirasida 300 nafar bola ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, “Beshrabot” va “Kelachi” mahallalarida “Yaxshilik karvoni” tadbirlari oʻtkazilib, nuroniylar holidan xabar olindi. Jumladan, tumanning “Qalqon ota” mahallasida istiqomat qiluvchi Shodi bobo Azimov xonadonida boʻlishdi. Otaxon tumanning faxrli nuroniylaridan biri. U kishi uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib, tuman taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan.

Festival davomida tumandagi “24/7” maskanida 1500 nafar aholi ishtirokida gala-konsert tashkil etilib, sanʼatkorlarning chiqishlari namoyish etildi.

Navbatdagi lokatsiya Zarafshon shahridagi Mudofaa vazirligi qoʻmondonligiga qarashli harbiy qism boʻldi. Ushbu maskanda festivalning oʻziga xos loyihalaridan biri – “Shijoat” vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi.

Davlat mudofaa qudratini namoyish etish va harbiylarning xalq bilan muloqotini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida Vatanga sadoqat, milliy gʻurur, harbiy xizmatning sharafli burchi va Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida maʼrifiy muloqotlar oʻtkazildi.

Navoiy shahridagi Mashinasozlik zavodida ham maʼrifiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda yurtimizning taniqli sanʼatkorlari, shoir va shoiralar ishtirok etib, Vatanga muhabbat, tinchlik, birdamlik va mustaqillikning bebaho neʼmatlari haqida samimiy fikr-mulohaza bildirdilar. Uchrashuv davomida sheʼrlar, kuy-qoʻshiqlar va maʼnaviy-maʼrifiy chiqishlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Festivalning “Maʼrifat tur” loyihasi doirasida mahallalardagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila farzandlarini Samarqanddagi  Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasiga ziyorat va sayohatlari ham tashkil etildi.