Lobarxon Usmonova – yigirma yildan beri oilasi bilan Amerikada yashaydi. Asli kasbi jurnalist boʻlgan Lobarni qanday sabablar ayti (IT)ni oʻrganishga majbur qildi? Qahramonimiz shu haqida va Amerikadagi soʻz erkinligi, ayti sohasidagi yutuqlar hamda oʻzbekona qadriyatlar haqida hikoya qiladi.
Amerika orzusi va okeanortidagi oilam
Turmush oʻrtogʻim bilan kursdoshmiz. Ular Fulbright programmasi orqali Amerikaga oʻqishga ketganlarida Lobarni ham shu yerga olib kelaman, deb niyat qilgan ekanlar. Shu niyat Amerikaga kelishimga eng birinchi sabab boʻlgan. Ular Oʻzbekistonga qaytganlaridan soʻng biz turmush qurdik, universitetni tamomlab turli sohalarda ishlay boshladik. Oʻqituvchi, tarjimon, radio boshlovchi, operator sifatida oʻzimizni sinadik. Turmush oʻrtogʻim vaʼdasini bajarish uchun Amerika vizasiga hujjat topshirdi va shu tariqa 2004-yili okeanorti mamlakatiga keldik.
Bizni ulgʻaytirgan va hayotga qoʻyib yuborgan ota-onalarimiz, jigarlarimiz bari Oʻzbekistonda. Amerikadagi oilamiz kichikkina: men, turmush oʻrtogʻim va toʻrt farzandimdan iborat. Katta qizim 18 yosh. Bu yil George Mason Universityʼga grant asosida oʻqishga qabul qilindi. Ikkinchi farzandim – oʻglim 17 yosh. U yuqori maktab bitiruvchisi. Bir vaqtning oʻzida davlat maktabi hamda akademiyada oʻqiyapti. U yerga kirish imkoni uch foiz edi. Omadi kelib, pazandalik sanʼati yoʻnalishiga qabul qilindi. Endi maktabini bitirish arafasida diplom bilan birga, pazandalik sertifikatini ham qoʻlga oladigan boʻldi. 12 yoshli qizim oʻrta maktabning 7-sinf oʻquvchisi. Maktabdan tashqari, oʻzbek raqs toʻgaragi va softball sport oʻyini bilan shugʻullanadi. Toʻrtinchi farzandim – oʻgʻlim 4 yosh. Uni bu yil maktabgacha taʼlim akademiya maktabiga berdik.
Musofirlikda hayotimizni noldan boshladik
Notanish maskan, notanish odamlar, boshqa til, taomlar, uylar, sharoitlar, koʻchalar, madaniyat, yashash tarzi hamma-hammasi yangi edi. Har birini birma bir kuzatib oʻrgana boshladik. Oʻzimizga, oilamizga foydali taraflarini tatbiq etib koʻrdik. Bir joyga moslashib, oʻzimizga uy olguncha, koʻp shtat almashtirdik. Har shtatning yashash taomili turlicha edi, xatto odamlariyam. Koʻp koʻch-koʻchda yurganimiz uchun bir joyda xotirjam yashash qiyin kechgan. Vaqtinchalik mehmonga kelgan odamdek behalovat, hijolat boʻlib yashardik. Bolalarning maktablari ham koʻp oʻzgargani sabab uzoq yillik doʻstlar orttirishga imkonlari boʻlmagan. Afzalligi esa qayerga borsangiz, albatta, oʻzbeklar bor. Doim qoʻllab-quvvatlashadi, bordi-keldi qilasiz, yaqinlar sogʻinchini shular bilan toʻldirasiz.
Jurnalistikaga oʻqiganim yordam berdi
Universitetda taqdir taqozosi bilan yapon tili oʻrgangan edim. Bu til, afsuski, Amerikada umuman yordam bermadi. Jurnalistika yoʻnalishini oʻrganganimiz esa biroz asqotgan. Avvaliga, turmush oʻrtogʻim radioda ishladilar. Men esa Amerikada ochilgan oʻzbek gazetasiga maqolalar yozib berardim. Amerika jurnalistikasida ishlashga koʻp qunt qilmadim, ingliz tilim mukammal emasligidan hijolat boʻldim. Lekin oʻzbek tilida hozirgacha turli nashrlarga yozib turaman. Kitob yozish niyatim ham yoʻq emas.
Аmerikada soʻz erkinligi deyarli oʻzimiznikidek. Bilasiz, demokratik davlat. Har bir inson oʻz fikrini bildirish huquqi borligi qonun bilan himoyalangan. Shu bilan birga, qonunlarga amal qilish har bir fuqaroning vazifasi. Odamlar oʻz fikrini bildirganda shaxsiyatni haqoratlamasdan gapirishlaridan koʻp narsa oʻrganganman. Insonni qay ahvolda boʻlsa ham hurmat qilish, tashqi koʻrinishiga baho berishdan koʻra yuqoriroq turadi. Biz amerikaliklardan shaxsni hurmat qilish va soʻz erkinligining farqini oʻrganishimiz zarur, deb oʻylayman.
Amerikadagi hayot kasbimni oʻzgartirishimga sabab boʻldi
Аvvalo oylik sabab ayti (IT) sohasini tanladim. Kosmetika sotuvchiligidan soatiga 15 dollar olib yurgan vaqtlarim ITʼda eng kam ish haqi soatiga 50 dollar boʻladi, deyishdi. Аvvaliga “Yoʻq, men aniq fanlar odami emasman, arifmetika va kodinglar bilan boshimni qotirish niyatim yoʻq, bir yangi kasbni boshidan oʻrganishimga juda kech” deb, qatʼiy qarshi boʻldim. Keyin menga taklif qilinayotgan ITʼni yaxshilab tushuntirishdi: bu yoʻnalishning kodingga umuman aloqasi yoʻq. Biznes tahlilda odamlar bilan gaplashasan, ulardan savollar soʻraysan, hujjat ishlarini qilasan. Faqat kommunikatsiya qilsang boʻldi, deyishdi. Uy olishimiz uchun pul kerak edi. Astoydil oʻqib, tayyorlandim va oʻzim ham kutmaganda soha ichiga kirib ketdim. Men tanlagan IT yoʻnalishi haqiqatdan ham kodingdan uzoqda, asosan, biznes takliflar ustida ishlash boʻlgani va bunda jurnalistik mahoratimni ishlatish juda qoʻl kelgani bois tez moslasha oldim.
Аmerikaga kelayotgan bilimli qatlam qulay hayot istagida aytini tanlamoqda
Аmerikada axborot texnologiyalar (IT) sohasiga talab juda katta. Har qanday kompaniya u davlatnikimi, shaxsiymi, har qanday biznes, oʻquv markazlari deysizmi, tibbiyot, oziq-ovqat xizmatlari, sotish, sotib olish – hamma hammasi ortida katta va uzluksiz ayti xizmatlari boʻladi. Odamlar bu yerda naqd pul koʻtarib yurmaydi, hammasi kompyuterda raqamlarga aylangan. Hayotimiz raqamlar va kompyuterga muhrlangan. Qogʻozbozlik kamaygan, hech kim endi papka-papka hujjatlar koʻtarib yurmaydi. Hamma yozish-chizishlar kompyuterda – veb tarmoqlarda saqlanadi. Qaysi ofisga borsangiz, yuzingizgamas, kompyuterdagi siz haqingizdagi maʼlumotlarga qarab ish qilishadi. Shularni bariga ayti orqali erishildi.
Аmerikada qayerga qaramang, baland va chiroyli ayti kompaniyalarining binolarini koʻrasiz. Biror katta bank yoki biznes markazi deb oʻylagan binoyingiz ichida ham, albatta, kattagina ayti jamoasi boʻladi. Talab koʻp, shunga yarasha taklif qiluvchi kadrlar ham koʻp talaygina. Sohada ishlash uchun diplom shart emas, ishingizning ustasi boʻlsangiz, intervyuda shuni isbotlay olsangiz, jamoaga qabul qilinaverasiz. Ish koʻp, yaxshi kadr doim kerak. Bir loyihangiz tugab qolsa, yangisini topish ham oson.