Yagona qurol: u ishga solinmasa-chi?

Fikr va gʻoya maydoni hamisha ikkiga boʻlinadi. Jamiyatda ezgu gʻoyalar yonida buzgʻunchi gʻoyalar ham boʻlishi tabiiy. Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlar kutilmagan darajada kuchayib ketdi. Mafkura va maʼnaviyatning biz yuqorida sanagan tizimlarida-ku muayyan darajada “elak” mavjud. Ularning ezgu gʻoyalar targʻiboti bilan shugʻullanish faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatish, maʼlum maʼnoda ishini tartibga solishga erishmoq mumkindir. Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqning ong-tafakkuri va qalbini egallashga qaratilgan buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi qanday kurash olib boramiz?

Bugungi vaziyat milliy mafkura va maʼnaviyat ishini mustaqillikning dastlabki chorak asridagidan koʻra tamoman boshqa daraja va texnologiyalar asosida olib borishni taqozo etyapti. Shunday ekan, kimlargadir eski boʻlib tuyuladigan dono gapni takrorlashdan aslo charchamaymiz: fikrga qarshi – fikr, gʻoyaga qarshi – gʻoya, jaholatga qarshi – maʼrifat bilan javob qaytarishga majburmiz. Mafkuraviy kurashning yagona quroli – soʻz. Aynan soʻz pichoqni qinidan, ilonni inidan chiqaradi ham; pichoqni qiniga, ilonni iniga qaytarib kiritadi ham.

Koʻngilda bir xavotir mavjud: keyingi yillarda hozirgi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ong-tafakkurini shakllantirishda koʻp narsani boy berib qoʻymadikmikan? Bugun shunday bir avlod shakllanmoqdaki, u qoʻyib bersangiz, hatto maʼnaviyat, mafkura kabi tushunchalarni eskirgan, ahamiyatsiz deb biladi. Bu tushunchalar bir qadar kinoya, sarkazm nishoniga aylanganini ham inkor etib boʻlmaydi. Xoʻsh, nima qilmoq kerak? Bu keskin kurashga dadil kirish va yengilmaslik uchun aynan qanday choralar koʻrilmogʻi lozim? Shunday vaziyatda yosh avlodga maʼnaviyatni qanday tushuntirish, singdirish mumkin?

Bu savollarga ikki ogʻizgina qilib javob qaytarishning iloji yoʻq. Shuning uchun avval bizga aynan nimalar koʻproq tahdid solayotganini bir qur nazardan oʻtkazishga toʻgʻri keladi.

Eski davrni qoʻmsash xavfi

1998-yili Germaniyaga jurnalistik safarga borganman. Myunxenda Bavariya radiosining keksa xodimi bilan suhbatlashishga toʻgʻri keldi. “Germaniyaning bosh muammosi nima?” deb soʻradim undan. “Sobiq GDRdagi oʻrta yashar va keksa aholi. Ular eski tuzum tasavvurlari bilan yashaydi-da”, dedi u. “Bu muammoni qanday yechish mumkin?” degan savolimga esa “50 yil kutish kerak. Boshqa yoʻli yoʻq”, deya javob berdi.

Bizning mustaqil davlatga aylanganimizga hali yarim asr boʻlganicha yoʻq. Har qanday makon va zamonda ijtimoiy-siyosiy tuzumning oʻzgarishidan kimlardir yutadi, kimlardir yutqazadi. Shunday ekan, yutqazganlar oʻsha tuzumni qoʻmsamaydimi? “Qoʻmsasa qoʻmsayversin!” deyishingiz ham mumkin. Lekin bu masalaga xalq sifatida oqilona munosabatimiz qanday boʻlmogʻi darkor? Bu endi jiddiy mafkuraviy masala.

Ikki jihatdan shoʻro davrini oqlashga aslo haqqimiz yoʻq. Birinchidan, mustamlakachilikni qoʻmsash – zanjirband sherning ozod etilganidan keyin yana oʻsha temir bogʻichini sogʻinishiday gap. Ikkinchidan, kommunistik mafkura 74 yil insoniyat jamiyati ustida siyosiy eksperiment oʻtkazdi. Holbuki, xalqaro meʼyorlar, siyosiy eksperiment u yoqda tursin, hatto ayrim davolash usullari boʻyicha odamlar ustida tibbiy eksperiment oʻtkazishni ham taqiqlaydi. Bu siyosiy eksperiment oʻzini mutlaqo oqlamadi: uni birinchi boʻlib joriy etgan Rossiyaning oʻzi birinchilardan boʻlib undan voz kechdi. Lekin shu kecha-kunduzda aynan oʻsha shoʻro davrini esga soladigan lavhalar asosida tayyorlangan videoroliklar ijtimoiy tarmoqlarda oʻz vatandoshlarimiz tomonidan bahuzur tarqatilayotir. Bir qarashda bu shunchaki xotiraga oʻxshar, bezarar ham tuyular. Tagida esa ulkan gʻarazli maqsad yashirin. Yana oʻsha imperiyachilik, yana oʻsha gegemonlik, yana oʻsha mustamlakachilik xuruji!

Xoʻsh, bunday xavfdan odamlarni kim ogoh etadi?

Qaysi tizim tarkibida boʻladi, bilmadim-u, nazarimda, muttasil ravishda ana shu axborot xurujlariga qarshi maxsus mafkuraviy kurash olib boradigan, yaʼni fuqarolarni shunday xavflardan oʻz vaqtida aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali boxabar qilib turadigan materiallar tarqatish, buzgʻunchi gʻoyalarga oʻz vaqtida kuchli va asosli zarba berish bilan shugʻullanadigan kuchli bir jurnalistik tashkilot tuzish zarurga oʻxshaydi.

Yangi muammo – yangi yechim

Bir taniqli maʼruzachi viloyatlarimizdan biriga boribdi. Tinglovchilar orasida ijtimoiy tarmoqlardagi yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolganlar yoʻq deysizmi? Notiqni qaltis savollarga koʻmib tashlashibdi... Shu birgina faktga koʻra “Aholi oʻrtasidagi maʼruza qilish usuli eskirdi” deb xulosa qilish toʻgʻri emas. Hozirda birlamchi vazifa – targʻibotning shaklini emas, mazmunini yangilash. Shaklni bir idish sifatida tasavvur qilsak, unga nimani solish ixtiyorimizda-ku. Hech nima odamlar bilan yuzma-yuz gaplashganga yetmaydi. Jonli muloqot beradigan samaraga boshqa usulda erishish mushkul. Bu usuldan dunyoning rivojlangan davlatlarida ham voz kechilgani yoʻq, axir.

Targʻibotda fikriy taʼsirning turli usullaridan foydalanish lozim. Masalan, multfilmlarni olaylik. Bizda har yili 650–700 ming bola tugʻiladi. Bu – maktabgacha yoshdagilarning oʻzi mamlakatimizda 4 milliondan kam emasligidan dalolat beradi. Xoʻsh, shuncha bola uchun oʻzbek tilida nechta multfilm yaratilgan? Boshqa tillardan qancha tarjima qilingan? Haddan tashqari oz. Bolalarimiz noiloj “YouTube”ga kirib, xorijiy tildagi multfilmlarni koʻradi. Ularda ham ezgu gʻoyalar ilgari surilgandir. Ammo, afsuski, bolalarimiz oʻzimizniki qolib, oʻzga millat qahramonlari ruhida ulgʻayadi. Holbuki, rivojlangan davlatlarda multfilm yoshlar ong-tafakkuriga sayqal berishning qulay va ommalashgan turi hisoblanadi.

Nega gʻoyani singdirish qiyin?

Odamlarning feʼl-atvori, ong-tafakkuri, hayotdan koʻzlagan maqsad-muddaosi, tirikchiligi, ijtimoiy maqomi, jamiyatga munosabati, tarbiyasi har xil boʻladi. Biz esa baʼzan mafkura va maʼnaviyat masalasida ham aholi ongi, qalbi va xulqi koʻrsatkichlarini yaratgimiz keladi. Oʻzimizcha yaxshi darajali hududlarni “yashil”, oʻrta darajali hududlarni “sariq” va qoniqarsiz darajali hududlarni “qizil” rang bilan koʻrsatmoqchi ham boʻlamiz. Yoʻq, ijtimoiy-maʼnaviy jabhani xastalikka chalingan fuqarolar soni yoki jinoyat miqdoriga qarab baho berish kabi raqamlarda aks ettirsa boʻladigan oson masala hisoblamaylik. Milliy mafkura va maʼnaviyat sohasida bu yuzaki yondashuvdan boshqa narsa emas.

Baʼzan ijtimoiy-maʼnaviy muhitni soʻrovnomalar asosida aniqlamoqchi ham boʻlamiz. Ishoningki, bu usul asl manzarani koʻrsatmaydi. Birinchidan, soʻrovnomada muayyan savollargina beriladi. Ikkinchidan, bunda, baribir, aholining juda oz qatlamigina qamrab olinadi. Uchinchidan, odamlarimiz hozircha yuragidagi asl munosabatini ifodalashdan koʻra, koʻproq boshqalar nima deyayotganiga qarab ish koʻrishga moyilroq.

Milliy mafkura va maʼnaviyat holatini aniqlashning koʻp tarmoqli kompleks tizimi ishlashi zarur. Milliy mafkura va maʼnaviyat masalasini hayotdan, boringki, siyosat va iqtisodiyotdan ayri, faqat axloq-odob, maʼrifat, madaniyat, adabiyot, sanʼat debgina tushunadiganlar adashadi. Masalan, bir tumanni olaylik. Iqtisodiy jihatdan u mamlakat va viloyatda qay oʻrinda? Suv, elektr, gaz, yoʻl muammosi qanday darajada hal etilgan? Maktabgacha taʼlim bolalarning necha foizini qamrab olgan? Maktablarning moddiy-texnikaviy bazasi talabga javob beradimi? Taʼlim koʻrsatkichlari qay darajada? Jinoyatchilik darajasi-chi? Yot oqimlar taʼsiriga tushganlar, ehtiyojmand oilalar, ishsizlar qancha? Aholining xalq qabulxonalariga murojaatlarida qaysi masalalar yetakchilik qilyapti?.. Eh-he, sanayversak, adogʻi koʻrinmaydi. Xoʻsh, bular tumandagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit darajasini belgilamaydimi?..

Davlat va xalq birligi

Bugun axborot maydonida davlat va xalq oʻrtasini buzishga qarshi oshkora yo pinhona tarzda qattiq kurash ketyapti. Shu maqsadda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanilyapti. Xalqda shunday tasavvur hosil qilinyaptiki, goʻyo davlat ishida ishlayotganlarning bari – oʻgʻri, kazzob, poraxoʻr. Astagʻfirulloh!.. Goʻyoki davlat idoralari xodimlarining ishi faqat mamlakat boyliklarini oʻzlashtirish, xalqni talashdangina iborat boʻlib qolgan. Holbuki, Mustaqillik bayramida nimani nishonlaymiz oʻzi? Aynan davlatga ega boʻlganimiznimi? Axir, davlat – xalqning eng katta boyligi emasmi?

Muammoga aniqlik kiritib olaylik: davlatni qoralash – boshqa narsa, davlat idoralari xodimlari faoliyatidan norozilik – tamoman boshqa narsa. Yot gʻoya targʻibotchilari koʻpchilikning ana shu ikki nozik tushunchani farqlamasligidan foydalanib, davlat idoralari xodimlari faoliyatini tanqid qilish orqali zimdan davlatning oʻziga zarba berib, odamlarni unga qarshi qayrashni maqsad qilayotgandek. Nomaqbul harakatlari bilan xalq ishonchi yoʻqolishiga sabab boʻlayotgan davlat xizmatchilari yoʻq emas, albatta. Ammo davlat ularning kasriga qolmasligi kerak.

Nima uchun bugun odamlar ijtimoiy muammo yechimini izlab, davlat idoralari, rasmiy ommaviy axborot vositalariga emas, nodavlat OAV, blogerlarga murojaat qilyapti? Nima uchun rasmiy telekanallardan koʻra nodavlat telekanallar joylardagi muammolarni ochiq-oshkora koʻtarib chiqyapti? Nega ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat, Konstitutsiya, qonunlar, farmon-u farmoyishlarga ochiqdan-ochiq provokatsion munosabatlar boʻlyapti-yu, bunga rasmiy, asosli, mantiqli, professional darajada javob qaytarilmayapti?

Huquqiy-demokratik davlatlarda OAVda tuhmat bilan chiqqan shaxs sudda javobgarlikka tortiladi. Mayli, ular oʻz yoʻliga. Yolgʻon, tuhmat, igʻvo gaplarga oʻz vaqtida javob berilmasa, yaʼni xalqqa oqning oqligi-yu qoraning qoraligi tushuntirilmasa, yot kuchlar ijtimoiy-maʼnaviy muhitni bundan battar loyqalataveradi-ku.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. “Qars ikki qoʻldan chiqadi” deganlaridek, davlat va xalq birligiga erishish har ikki tomonga birdek masʼuliyat yuklaydi. Hozirgi zamon kishisining risoladagidek yashashi uchun nima kerak? Uyingizda suv, elektr, gaz, chiqindi tashish tizimi, internet boʻlishi; poyabzalingiz loyga botmaydigan ravon yoʻldan yurishingiz; yaqin atrofingizda bogʻcha, maktab, poliklinika va doʻkonlar boʻlishi lozim. Bular, taʼbir joiz boʻlsa, davlatning minimal vazifalari sirasiga kiradi. Davlat, hech boʻlmaganda, ana shularni bajarmasa, odamlar koʻnglida unga nisbatan tabiiy ravishda norozilik paydo boʻladi. Davlat idoralarida oʻtirgan maʼmurlarning fuqaro talab va ehtiyojlarini qondirishdagi masʼuliyatsizligi, tamagirligi va boshqa illatlar oʻz-oʻzidan raiyatning aynan davlatdan domangirligiga olib keladi.

Demokratik jamiyatda xalq davlatdan norozi nuqtalarini bildirib turadi. Bu talablar qonuniy boʻlsa, davlat uni bajarishga majbur. Mana, bir muddat avval Chilonzor tumanida koʻp yillik daraxtlarni kimlarningdir manfaati uchun ayovsiz kesish boshlandi. Aholi norozilik bildirdi. Bu masala darhol Prezident administratsiyasida muhokama qilindi. Jiddiy xatoga yoʻl qoʻygani uchun davlat rahbari topshirigʻiga asosan tuman hokimi va prokurori lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani uchun Toshkent shahri hokimi va prokuroriga qattiq hayfsan berildi. Eng muhimi, daraxtlarni kesish toʻxtatildi.

Alqissa, xalqning davlatga nisbatan talablarini ifodalash ham OAV, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Qonun ustuvorligi – bosh masala

Davlat siyosatining joylardagi ijrosi milliy mafkura va maʼnaviyat sohasining oʻzak masalalari sirasiga kiradi. Chunki davlat bilan xalq oʻrtasidagi yaqinlik, oʻzaro ishonch, maqsad birligi koʻp narsani hal qiladi. Xalq davlatga ishonmasa, davlat xalqining qudratli kuchiga tayanmasa, yuksalish boʻlmasligi xuddi “Ikki karra ikki – toʻrt” degandek ayon gap. Ammo bunga erishish juda-juda qiyin-da! Chunki davlat siyosatining ijrosiga masʼul kimsalarning bir qismi shu jarayonda oʻz manfaatini birinchi oʻringa qoʻyadi.

Davlat har bir fuqaroning ish bilan band boʻlishi, mehnat qilib, roʻzgʻor yuritishidan manfaatdor. Toma-toma koʻl boʻlur, axir. Qilingan har qanday mehnat samarasi mamlakat iqtisodiyotiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Shu kunlarda qishloqlardagi ehtiyojmand, mehnatga layoqatli-yu, ammo ishsiz qolgan aholiga kredit asosida issiqxona qurib berish yoʻlga qoʻyildi. Hovlisida bir sotix issiqxonaga ega kishi ham mehnat qilib, daromad topadi-da. Lekin oʻsha issiqxonani qurib, koʻchat va oʻgʻit yetkazib beradigan tashkilotlarning ayrim vakillari shu yerdan ham noqonuniy daromad topmoqchi. Xoʻsh, nima qilishadi? Loyihada koʻrsatilgan 4x4 santimetrli profil oʻrniga 3x3 santimetrli profildan issiqxona ustuxoni yasaladi. Umrida issiqxona bilan shugʻullanmagan ehtiyojmandning boʻyniga hujjat asosida 4x4 santimetrli profilning narxi ilinadi. Hech kim borib profilni oʻlchab oʻtirmaydi-ku. Jinoyatmi? Jinoyat!

Toʻgʻri, avvaliga hech narsa oʻzgarmagandek tuyular. Ammo qishda ekin ayni gullagan mahalda qattiq shamol turadi-yu issiqxonani tag-tubi bilan koʻtarib tashlaydi. Agar u 4x4 santimetrli profil bilan yasalganida boʻronga ham dosh berar edi. Oʻsha bechora kambagʻalning uyi kuydi deyavering. Birinchidan, gardaniga ilingan kreditni toʻlashdan uni endi hech kim ozod qila olmaydi. Ikkinchidan, ekinlarni shu holatga keltirguncha ketgan mablag‘-u shuncha mehnatning kuli koʻkka sovurildi. Uchinchidan, davlatning maqsadli mablagʻi tamoman yoʻqqa chiqdi. Tamagir maʼmurlarning jigʻildoni sabab bir oilaning qanday mushkulot girdobida qolganini tasavvur qilib koʻring! Bu kabi balolardan qutulmas ekanmiz, sogʻlom maʼnaviy muhit haqida soʻzlash behuda boʻlib qolaveradi.

Shaxsiy qarash va jamoatchilik fikri

Har inson shaxsiy fikrga ega boʻlish huquqiga ega. Mamlakatda million-million kishi yashaydimi, demak, muayyan bir narsa-hodisaga oid million-million fikr mavjud. Tabiiyki, bu fikrlarning koʻpi bir-biriga qarama-qarshi ham. Ularning toʻgʻri, adolatli, oqilona, samaralisini aniqlab, el-yurt orasida yoyish milliy mafkura va maʼnaviyatning muhim vazifasi hisoblanadi. Buni davlat amalga oshirsa, majburlov qurolini ishga solgan boʻlib chiqadi. Ana shuning otini “jamoatchilik fikri” deymiz. Bunda masalaga koʻpchilikning manfaatidan kelib chiqib yondashmoq lozim.

Ijtimoiy tarmoqlar shunchalar tomir otdiki, bugun xohlagan fuqaro oʻz fikrini ommaga ochiq-oshkor yoyish huquqi va imkoniga ega. Bu – katta yutuq. Shu tariqa aql rivojlanadi. Fikrni fikrga solishtirish imkoniga ega boʻlamiz. Hammaning, birinchi galda, davlatning afkor omma bilan hisoblashishiga toʻgʻri keladi. Lekin jamiyatda maqbul pozitsiyani belgilash noprofessionallar qoʻlida qolib ketmasligi kerak. Hozir koʻpincha shunday boʻlyapti ham. Ijtimoiy tarmoqda fikr bildirayotganlarning hammasi ham oʻzi muhokama yuritayotgan soha boʻyicha mutaxassis boʻlavermaydi. Masalaga noprofessional munosabat esa koʻngilsizliklarga olib keladi.

Mamlakatimiz energetika masʼullaridan biri aholi elektr energiyasidan katta qarzdor boʻlib qolgani, bu esa sohaga sarflangan mablagʻning qoplanmasligiga olib kelayotgani haqida axborot berdi. Internetda arining uyasi kovlandi-ku! Mansabdor “soʻzboʻron” qilindi. Eʼtirozchilar orasida kamina taniydigan, bir vaqtlar masʼul lavozimda ishlagan kishilar ham bor. Nima emish, ketsa davlatning puli xalqqa ketibdi-da! Ana, xolos! Bu iqtisodiy-siyosiy bilimsizlikdan boshqa narsa emas.

Davlat nima? Faoliyati ishlab chiqarish va xizmatlardan tushgan soliqlar asosida shakllantirilgan budjet mablagʻi hisobiga taʼminlanadigan tashkilotlar majmuasi. Elektr ishlab chiqariladigan mahsulot ekani maʼlum. Har qanday ishlab chiqarishga mablag‘ sarflanadi va mahsulot sotilganida oʻsha mablag‘, albatta, foyda bilan qaytishi shart. Aks holda, bu soha oʻsishdan toʻxtaydi. Agar elektr tokini ham bydjet hisobidan toʻlash tizimi joriy etilsa, davlat oʻz konstitutsiyaviy funksiyalarining bir qismini bajarishga mablag‘ topolmay qoladi-ku.

Yana ayrim yurtdoshlarimiz haligacha davlat ishxona yaratib berishi kerak deb hisoblaydi. Holbuki, bugungi siyosat ishlab chiqarishda davlatning ulushini tobora kamaytirishga qaratilgan. Demak, bular – bir-biriga tamoman zid tushunchalar. Xalqqa masalaning mohiyatini obdan va asosli tarzda tushuntirish ham maʼnaviyat, hatto mafkura vazifasidir.

Mehnat, mehnat va   yana mehnat

Nega anʼanaviy OAV ijtimoiy tarmoqlar olib chiqayotgan dolzarb mavzularni koʻtarmaydi? Hamma masalada bahs-munozara qilish shart emasdir. Lekin dolzarb masalalar xususidagi toʻgʻri, haqqoniy va oqilona fikrni xalq gazeta, jurnal, radio-televideniyedan olsin-da.

Mayli, bahs-munozaralisini qoʻyaturaylik, boshqa “silliq” mavzularda ham ijtimoiy tarmoq peshqadamlik qilayotgan joylar bor. Deylik, husayniy uzumi tokini parvarishlash boʻyicha anʼanaviy axborot vositalaridan pichoqqa ilingulik material topmoq mahol. Bloger esa bogʻbonning oldiga kamera koʻtarib boradi. Xoʻsh, bu kichik mavzumi? Aslo! Bozor iqtisodiyoti sharoitida tomorqalarimizda hozirgidan necha-necha karra koʻp va xoʻb uzum yetishtirishimiz, uni jahon bozorida sotishimiz mumkin-ku.

Turkiya safarida toʻrt qavatli uy tomida ham toksoʻri qilinganini koʻrgan edim. Yerga ekilgan tokni choʻzib, 12–15 metr balandga olib chiqishgan, meva solib yotibdi. Anʼanaviy axborot vositalari hayotdan uzoq mavzular bilan mashgʻul. Vaholanki, xalqni mehnatga undamoq, buning yoʻllarini namuna qilib koʻrsatmoq lozim. Dunyoda qaysi mamlakat xalqi bizdan boyroq yashayotgan boʻlsa, albatta, bunga mehnat bilan erishgan. Hatto yer ostidagi tap-tayyor boyliklar ham katta mehnat evaziga qazib olinib, inson ehtiyojiga ishlatiladi.

Ziyoli masʼuliyati

Nega yurtimizning mashhur ziyolilari ijtimoiy tarmoqlarda faol emas? Professional qalamkashlar koʻp masalalarni “mayda mavzular” deb hisoblashi tabiiy. Bu borada ularni butunlay qoralab ham boʻlmas, ehtimol. Biroq qurgʻur mafkura borasida mavzuning katta-kichigi boʻlmaydi-da. Hozirgi murakkab mafkuraviy va maʼnaviy vaziyat ilgʻor ziyolilarimizning nihoyatda faollashishini taqozo etadi. Buning tarixda sinalgan bittagina yoʻli bor: mehnatga munosib haq toʻlash. Mana, keyingi yillarda ilmiy darajaga ega muallimlarga yuqori haq toʻlash joriy etilishi ortidan dissertatsiyalar himoyasi koʻpaydi. Yaxshi haq toʻlamasdan ham odamlardan mehnat talab qilish – bozor iqtisodiyoti tizimi mohiyatiga zid. Sohasi bola-chaqasini boqishga imkon bermayotgan tushkun qalamkashdan jamiyatni olgʻa yetaklash quvvatiga ega nekbinlikni kutmay qoʻyaqoling.

Keng omma fikran ogʻishga moyilroq keladi. Demak, ommani rohi rostga yetaklash ziyolilarning asosiy vazifasi boʻlib qolaveradi. Bitta lokomotiv koʻplab vagonlarni tortgani singari, munavvarlarimiz ham mamlakat ahlini toʻgʻri yoʻlga boshlamogʻi shart.

Sultonmurod OLIM

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.

“Mafkura maydoni: qaltis savollarga xolis javoblar kutadi” maqolasi