Sivilizatsiya tarixida hech qachon insoniyat hozirgidek toʻq, xavfsiz va qulay yashamagan. Ammo shu bilan birga, tarixda hech qachon insonlar oʻzini hozirgidek baxtsiz, yolgʻiz va ruhiy charchagandek ham his qilmagan.

Tongda koʻzingizni ochishingiz bilan smartfonga qoʻl uzatasiz. Ijtimoiy tarmoqlarda hamma baxtli, hamma sayohatda, muvaffaqiyatli. Keyin esa oʻz hayotingizga qaraysiz-da, ich-ichingizdan bir savol keladi: “Nega men oʻzimni baxtsiz his qilyapman?”.

Siz yolgʻiz emassiz. Bugun barcha qulayliklarga ega boʻlgan butun bir avlod yashashdan maʼno topolmay, koʻrinmas ruhiy botqoqqa choʻkmoqda. Xoʻsh, nega bunday boʻlyapti?

Suiqasdlar nega yoshlar orasida ortib bormoqda?

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har yili 720 mingdan ortiq odam oʻz joniga qasd qiladi, bu esa dunyodagi har 100 oʻlimdan bittasi suiqasd ekanini ko‘rsatadi. Al-Jazeera xabar berishicha, janubiy koreyalik yoshlar oʻlimiga sabab boʻlayotgan asosiy omillardan biri ham aynan oʻz joniga qasd qilishdir. “The Korea Times” yozishicha, oʻz joniga qasd qilish 2011-yildan beri ketma-ket 14 yil davomida koreys yoshlari orasida oʻlimning asosiy sababi boʻlib kelmoqda va 2024-yilda baxtsiz hodisalarga qaraganda uch baravar koʻp yoshlarning hayotiga zomin boʻlgan. Dunyo boʻyicha Janubiy Koreya bu borada yetakchilik qilayotgan Top-3 ta davlat tarkibida turadi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nega barcha qulayliklarga ega avlod oʻz joniga qasd qilmoqda? Aynan mana shu savol bugungi psixolog va jamiyatshunoslarni eng koʻp oʻylantirayotgan jumboqdir. Moddiy jihatdan tarixdagi eng boy, tibbiyot yaxshiroq rivojlangan va texnik jihatdan eng qulay davrda yashayotgan avlod nega ruhiy jihatdan eng zaif avlodga aylanib qoldi? Buning zamirida bir nechta chuqur ijtimoiy va psixologik sabablar yotadi.

Raqamlar va natijalar ketidan quvib, aslida hayotni oʻtkazib yubormayapmizmi?

Birinchi omil bu “Muvaffaqiyat poygasi” va haddan tashqari yuqori kutilmalar. Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan jamiyatlarda bola tugʻilganidanoq “eng yaxshisi boʻlish” bosimi ostida oʻsadi. Eng yuqori baholar, nufuzli universitet, yuqori daromadli ish, ideal tashqi koʻrinish. Bugungi avlodga qoʻyilayotgan bu talablar standart emas, balki giper darajada deb aytish mumkin. Inson oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarolmayotganini his qilganda, bu kuchli aybdorlik va baxtsizlik hissini keltirib chiqaradi.  Bu bosim va ruhiy zoʻriqish faqat uzoq Gʻarb yoki Sharqiy Osiyo jamiyatlarigagina xos hodisa emas. Bugun oʻzbek jamiyatida ham ushbu “muvaffaqiyat illyuziyasi” va doimiy poyga muhiti tobora chuqurroq ildiz otayotganini koʻrish mumkin. Ayniqsa, bu holat taʼlim tizimidan tortib, oilaviy munosabatlargacha yaqqol boʻy koʻrsatmoqda.

Masalan, maktab davridanoq boladan bir vaqtning oʻzida 10 dan ortiq fanni birdek aʼlo baholarga oʻzlashtirish va har bir sohada tengsiz boʻlish talab etiladi. Vaholanki, inson tabiatan barcha yoʻnalishlarga birdek moyil boʻlolmaydi. Kimdir aniq va tabiiy fanlarga usta boʻlsa, boshqasi ijtimoiy-gumanitar sohada yoki sanʼatda oʻzligini topadi. Har bir fandan faqat va faqat eng yuqori natijani talab qilish esa bolada erta yoshdanoq doimiy oʻzini yetarli deb his qilmaslik, surunkali xavotir va oʻziga boʻlgan ishonchsizlik hissini shakllantiradi. Afsuski, bu ruhiy yuk oila davrasida ham yengillashmaydi.

Bizning jamiyatda ham ota-onalar tomonidan tez-tez takrorlanadigan “butun umidim sendan”, “oʻzim erisholmagan marralarni sen zabt etishing kerak” yoki “seni ne-ne orzu-umidlar bilan katta qilyapman” kabi jumlalar bir qarashda mehr va gʻamxoʻrlikdek tuyulsa-da, aslida yosh murgʻak zimmasiga koʻtarib boʻlmas maʼnaviy masʼuliyat va ogʻir bosimni yuklaydi. Bunga qoʻshimcha ravishda, bola oʻzining shaxsiy qiziqishlari va ichki imkoniyatlari bilanmas, balki qoʻshnining, qarindoshning yoki ijtimoiy tarmoqlardagi tengdoshlarining erishgan “muvaffaqiyati” bilan mutassil solishtiriladi.

Natijada, hali oʻzini tamomila anglab yetmagan, shaxs sifatida shakllanmagan yosh avlod atrofidagilar va jamiyatning ulkan kutilmalarini oqlash poygasiga kirishishga majbur boʻladi. Ushbu shafqatsiz poygada biror marta qoʻqisdan yutqazish, xatoga yoʻl qoʻyish yoki kimningdir umidini oqlay olmaslik esa ularning nazarida oddiy tajriba emas, balki shaxsiy fojia, hayotning butunlay mazmunsizligi va yaqinlari oldidagi tuzatib boʻlmas “sharmandalik”dek idrok etila boshlaydi.

Oʻz hayotimizni yashayapmizmi yoki boshqalarga tomoshabinmizmi?

Muammolar birgina shu joyda tugamaydi, aksincha, texnologik rivojlanish natijasida biz erishayotgan qulayliklar oʻzining ogʻir badali bilan kelmoqda. Bu esa bizni baxtsizlik manbai boʻlgan navbatdagi teran sabablarga: ijtimoiy tarmoqlar, “Vitrina effekti” va “FOMO” tushunchalariga yetaklaydi.

Ilgari insonlar oʻz hayotini va erishgan natijalarini faqat yon-atrofidagi qoʻshni, qarindosh yoki hamkasblari bilan solishtirgan boʻlsa, bugungi yoshlar har kuni ertalab koʻzini ochishi bilan butun dunyodagi minglab balki millionlab “ideal” va “muvaffaqiyatli turmush” oqimiga duch kelmoqda. Aynan shu oʻrinda zamonaviy psixologiyada tez-tez tilga olinadigan “Vitrina effekti” (Highlight reel Effect) namoyon boʻladi. Bu hodisa insonlarning oʻz hayotidagi faqat eng chiroyli, muvaffaqiyatli va baxtli daqiqalarini ommaga koʻrsatishi, qolgan barcha muammo, tashvish, qarz va ruhiy ogʻriqlarni esa parda ortida pinhon tutishini anglatadi. Bu jarayon xuddi qimmatbaho doʻkon rastalarida eng sara va jozibali kiyimlar xaridorga koʻz-koʻz qilib qoʻyilgani kabi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham oʻz profillarida hayotlarining  “vitrina”sini yaratadilar. Biroq eng katta fojia uni tomosha qilayotgan kuzatuvchilarda yuz beradi. Inson oʻzining barcha kamchiliklari, charchoqlari va oddiy tashvishlaridan iborat real hayotini boshqalarning sunʼiy ravishda saralab olingan “vitrinasi” bilan solishtira boshlaydi.

Afsuski, ushbu ruhiy bosim faqat faoliyat yoki karyera poygasi bilan cheklanib qolmaydi, u insonning eng shaxsiy va nozik hududi boʻlmish oilaviy munosabatlariga ham chuqur ildiz otmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda eʼtiborni tortadigan birgina videoning ostiga ayollar tomonidan yozilgan izohlarga nazar tashlasangiz, bu holatning naqadar ayanchli tus olganiga guvoh boʻlasiz: “Mening erim ham menga shunaqa gul berganda armonim qolmasdi”, “Men hayotimda bunaqa baxtni hech qachon his qilmasam kerak”, “Siz qanday baxtlisiz, men esa butun umrimga afsusdaman”…

Bugun virtual olamdan bu kabi ming, millonlab alamli izohlarni topish mumkin va ular shunchaki tasodifiy soʻzlar emas. Ular aynan “Vitrina effekti” insonlarning eng samimiy tuygʻularini ham qay darajada zaharlayotganining ochiq isbotidir. Kadr ortida qanday munosabatlar yotgani nomaʼlum boʻlgan sunʼiy “baxtli daqiqalar”ni koʻrib, ayollar oʻz turmushini, jufti halolini va bosib oʻtgan umrini qadrsizlantirishni boshlaydi. Boshqalarning bir necha daqiqalik chiroyli tasvirlangan illyuziyasini oʻzining oddiy, lekin haqiqiy hayotiga qiyoslash — insonni boriga shukr qilishdan mahrum etib, uni oʻz oilasida ham, oʻz hayotida ham begona va baxtsiz his qilishga majbur qilmoqda.

Boshqalarning faqat eng baxtli daqiqalaridan iborat ushbu koʻrgazmasini kuzatish ostida inson shuurida “Hamma baxtli va muvaffaqiyatli, faqat men ortda qolayapman” degan doimiy yetarli boʻlmaslik va aybdorlik hissi shakllanadi. Shu bilan birga, bu holat “FOMO” sindromini, yaʼni hayotdagi barcha yaxshi narsalar, imkoniyatlar va quvonchlar oʻzidan ayro ravishda kechayotgandek tuyuladigan doimiy sarosima va xavotirni shakllantiradi. Yakunda esa ushbu asimmetrik taqqoslash va virtual illyuziyalar insonni ich-ichidan yeb bitiradigan, mavjud qulayliklaridan bahramand boʻlishga yoʻl qoʻymaydigan surunkali baxtsizlik hamda tushkunlik botqogʻiga tortadi.

Tarixdagi eng yolgʻiz avlod

Muammoning yana bir sabablaridan biri bu insoniy munosabatlarning qadrsizlanishi va yolgʻizlikning yangi shaklidir. Bugungi avlod tarixdagi internetga eng koʻp qaram boʻlgan, biroq shu bilan birga eng yolgʻiz va uzlatda qolgan avlodga aylandi. Virtual muloqot, “layk”lar va yuzaki izohlar real insoniy mehr-muhabbat, samimiy nigoh va tirik hissiyotlarning oʻrnini bosolmaydi. Insonda ekran ortida minglab virtual “doʻstlar” va obunachilar boʻlishi mumkin, ammo muammolari koʻpayib, ruhiyati qiynalganida haqiqiy ogʻrigʻini boʻlishadigan, unga yelka tutadigan bironta yaqini yoʻqligini his etishi uni chorasiz yolgʻizlik va baxtsizlik tubiga gʻarq etmoqda. Bu shunchaki havoyi gaplar emas, balki soʻnggi yillarda oʻtkazilgan yirik global tadqiqotlar va xalqaro statistikalarda ham tasdigʻini topgan. Masalan, American Survey Center tadqiqotlariga koʻra, soʻnggi 30 yil ichida “Mening hech boʻlmaganda bir dona yaqin doʻstim yoʻq” deb javob berganlar soni toʻrt baravarga ortgan. Soʻralganlarning deyarli yarmidan koʻpi real hayotda yordam soʻrash uchun bor-yoʻgʻi 1 yoki 2 nafar doʻsti borligini bildirgan. Bundan tashqari, AQShlik doktor Vivek Murtining rasmiy hisobotida taʼkidlanishicha, zamonaviy insondagi bu kabi surunkali yolgʻizlik va ijtimoiy uzlatning insonga yetkazadigan ruhiy hamda jismoniy zarari kuniga 15 dona sigaret chekish bilan teng oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

“Ekzistensial boʻshliq”: nega yashayapman?

Oldinlari odamlar ozuqa topish, boshpana qurish va shunchaki yashab qolish uchun doimiy kurashgan. Kunlik yegulik va issiq joy eng oliy baxt hisoblangan davrlarda murakkab ruhiy izlanishlar-u ekzistensial inqirozlarga oʻrin ham, vaqt ham qolmasdi. Bugun esa texnologik rivojlanish sharofati bilan insoniyat asosiy jismoniy ehtiyojlarini hal etdi, ammo aynan mana shu moddiy xotirjamlik fonida kutilmagan ruhiy tuzoqqa tushib qoldi. Jismoniy omon qolish masalasi hal boʻlgach, uning oʻrnini psixologiyada “Ekzistensial boʻshliq” deb ataluvchi maʼnaviy inqiroz egalladi. Ilgari inson jismonan omon qolgani uchun quvongan boʻlsa, bugun barcha qulayliklarga ega avlod “Barchasiga erishdim, endi hayotimning maʼnosi nima?” degan savol roʻparasida ojiz qolmoqda. Boshqacha aytganda, tarixdagi eng toʻq va xavfsiz sharoitda yashayotgan insoniyat bugun ochlikdan emas, balki maʼnosizlik va ruhiy boʻshliqdan qiynalmoqda. Mashhur psixiatr Viktor Frankl taʼkidlaganidek, “Yashash uchun “nega?” degan savolga javobi bor inson har qanday “qanday qilib?” degan qiyinchilikka chiday oladi”.

Buni ilmiy tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Gallup soʻrovnomalariga koʻra, dunyo aholisining uchdan bir qismi oʻz kunlik faoliyatida hech qanday chuqur maʼno koʻrmaydi. American Psychological Association (APA) maʼlumotlarida esa yoshlar oʻrtasidagi depressiv holatlarning 40 foizdan ortigʻi aynan shaxsiy maqsad va maʼno inqirozi bilan bogʻliqligi koʻrsatilgan. Binobarin, Journal of Humanistic Psychology tadqiqotlari oʻz hayotida aniq maqsadga ega insonlar badavlat, ammo maqsadsiz yashayotganlarga qaraganda uch baravar baxtliroq va ruhiy jihatdan barqarorroq ekanini isbotlaydi. Maqsad yoʻqolgan joyda esa eng serhasham turmush ham insonga xotirjamlik bera olmaydi.

Bugungi dunyoda aynan mana shu ekzistensial boʻshliq va maʼnosizlik oʻtkir namoyon boʻlayotgan bir paytda, islomiy eʼtiqod va dunyoqarash insondagi ruhiy inqirozni yengishda mukammal qalqon vazifasini oʻtaydi. Aynan eʼtiqod insonga tasodifiy emas, balki Yaratuvchining rizosini topishdek eng oliy va oʻzgarmas hayotiy maqsadni taklif etadi. Bu tushuncha har qanday sharoitda “Nega yashayapman?” degan soʻroqqa aniq va mustahkam javob beradi. Qolaversa, eʼtiqodiy qarashda bu dunyodagi qiyinchilik, yoʻqotish va ogʻriqlar besamar emas, balki ruhiy poklanish hamda imtihon sifatida qabul qilinadi. Bu esa insonga har qanday hayotiy sinov va tushkunlik roʻparasida ruhan sinmasdan matonatli boʻlish imkonini beradi.

Baxt esa moddiy qulayliklar, soʻnggi rusumdagi gadjetlar yoki ijtimoiy status yigʻindisi emas. Insonga eng avvalo xotirjamlik, samimiy insoniy aloqalar va oʻz hayotida maʼno koʻra olish yetishmayapti. Zamon va texnologiya rivojlangani sayin, biz jismoniy qulayliklarimizni oshirdik, lekin ruhiy salomatligimizni unutdik. Hammaga barcha narsa yetarli boʻlgan dunyoda oʻz joniga qasd qilishlar soni ortayotgani – jamiyatga berilayotgan eng ogʻir va jiddiy ogohlantirishdir. Balki biroz toʻxtash, atrofdagilarga e’tiborli boʻlish va “raqamli dunyo”dan ozgina uzoqlashib, haqiqiy hayotni, insoniylikni qayta kashf etish vaqti kelgandir.

Mavzuga doir maqolalar:

- “Uning oʻrnida men ham boʻlishim mumkin edi”, “Imkoniyatni qoʻldan boy beryapman”. FOMO sindromi sizda ham kuzatiladi(mi)?

- Raqamli mahalliylar va muhojirlar: Yangi avlod bilan qanday aloqa qilinadi?

- Sunʼiy intellektga qaramlik insonda fikrlash qobiliyatini pasaytiradi – tadqiqot

Mashhura RAHMONOVA

Oyina.uz