Mustaqillik davrida tilimizda yangi atama paydo boʻldi: “repetitor”. Rasmiy va majburiy taʼlimdan tashqari, asosan oʻquvchilarni universitetlarga tayyorlaydigan oʻqituvchilar shunday atala boshlandi.

Repetitorlikdan gap ochilganda koʻpchilik bir xil savol beradi: u nimaga kerak? Nega maktabning taʼlimi bilan oʻquvchilar OTMlarga kira olmayapti? Bola qoʻshimcha darslarga borib oʻqishga tayyorlanar ekan, maktab taʼlimi nega kerak, davlat nima sababdan umumtaʼlimga pul ajratyapti?

Birgina 2021-yili xalq taʼlimiga 22,1 trln soʻm ajratilgan, bu raqam 2022-yili 25,8 trln soʻmni tashkil etgan. Davlat budjeti taqsimotida taʼlim eng katta ulushni egallab kelgan... Xullas, savollar juda koʻp. Quyida ularning ayrimlariga javob topishga harakat qilamiz.

Davlat test markazi maʼlumotlariga koʻra, talaba boʻlishni istayotganlar soni million nafardan kam boʻlmaydi. Masalan, oʻtgan 2022-yili 1 214 232 nafar abituriyent oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirgan. Natijada repetitorga talab oshmoqda, xuddi shunga koʻra narxlar ham.

Statistika agentligi 2022-yil oxiridagi vaziyat boʻyicha narxlar oʻsishini taqdim etgan. Unga koʻra, 2022-yilning noyabr oyida repetitorlik narxlari oktabr oyiga nisbatan, yaʼni bir oyda oʻrtacha 1,1 % ga oshgan. Repetitorlik narxlarining respublikada oʻrtacha 1,1 foizga oshishiga Buxoro (0,3 foiz) va Qashqadaryo (0,3 foiz) viloyatlaridagi narxlarning oʻzgarishi yuqori darajada taʼsir qilgan.

Repetitorlik narxlari 2022-yil boshidan buyon oʻrtacha 6,6 foizga oshgani kuzatilgan.

Qonunchilik nuqtayi nazaridan olib qarasak, repetitorlik bilan shugʻullanuvchilar oʻzini oʻzi band qiluvchi shaxs sifatida hukumat yaratgan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.

Qonunchilikka yuzlanamiz: Oʻzbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, repetitorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilarga imtiyoz berilgan. Hozirgi kunda oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar oʻz faoliyatini davlat soliq qoʻmitasidan roʻyxatdan oʻtkazish orqali ish stajiga ega boʻladilar.

Buning uchun oʻzini oʻzi band qiladigan shaxs sifatida soliq idoralari yoki Davlat soliq qoʻmitasi mobil ilovasidan roʻyxatdan oʻtib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, yaʼni 122 500 soʻmni toʻlash orqali bir yillik ish stajiga ega boʻlish mumkin. Ushbu summa toʻliqligicha budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va undan kelib chiqqan holda oʻrnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Repetitorlik tarixi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, jarayon 2000-yillarning avvalidan kuchaya boshladi. Bunga bir qator omillar sabab boʻldi: test sinovlarining tobora qiyinlashib borishi, maktab taʼlimi sifatining tushib ketishi va abituriyentlar sonining oshishi.

2000-yillar boshida oʻqituvchilar maoshi keskin kamayishi sabab taʼlimda kamchiliklar vujudga keldi va maktab taʼlimi oʻquvchining OTMga kirishi uchun yetarli bilim bera olmay qoldi. Natijada qoʻshimcha darslar orqali boʻshliq qoplana boshlandi.

Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internat ustozi, Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Baxtiyor Abdiyevga koʻra, repetitorlikning kuchayib ketishiga oliy taʼlimga kirishdagi korrupsiya ham sabab boʻlgan.

– 1-avgust kuni “bunker”lar ishlardi, hammamizga maʼlum. Hatto 108 ta savolga yuz foiz javob berib, toʻlov-kontraktga oʻqishga kirgan shogirdlarimiz bor. Maktabni bitirgan abituriyent armiyadan imtiyoz olgan askarlar, “bunker”larga qarshi kurash olib borishga majbur edi. Buning uchun kuchli tayyorgarlik kerak boʻlgan va maktab taʼlimi yetarli emasdi. 2016-yillardan soʻng vaziyat oʻnglandi, – deydi Baxtiyor Abdiyev.

Toʻrt farzandning otasi boʻlgan Odil Qarshiyev 61 yoshda. U 1985-yilgacha, yaʼni 34 yoshga qadar oʻqishga kirishga harakat qilib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Sobiq ittifoq davrida na test tizimi bor edi, na repetitorlar... Afsuski, Qarshiyevning uch oʻgʻliga ham oliy maʼlumot olish nasib etmadi, faqat kenja farzandigina oʻqishga kira oldi. Otaning “achchiq tajribasi”ga koʻra, qoʻshimcha darslarga borish evazigagina oʻta qiyin savollarga javob bera olish mumkin.

– 2006–2016-yillar oʻqishga kirish test sinovlari abituriyentlar uchun haqiqiy “janggoh”ga aylandi. 1-avgust kuni hamma “front”ga otlansa, 15-avgust kuni koʻchalar, qoʻpol qilib aytganda, yuz minglab imtihondan yiqilgan “magʻlub askarlar”ga toʻlib ketardi, – deydi u. – Afsus, uch oʻgʻlim universitetga kira olmadi. Ular ancha tirishqoq va zehnli edi. Lekin maktab bilimi yetarli boʻlmadi, repitetorlik mashgʻulotlariga esa qatnamagam edi. Toʻrtinchi oʻgʻlimni akademik litseyda oʻqitdim, Har uchta fandan jiddiy tayyorlanishga majburladim. Masalan, tarixdan 5–11-sinflar darsligini suv qilib ichib yuborishi kerak. Bizda esa 10-sinfni tugatgan oʻquvchi 9-sinfdagi maʼlumotni unutib yuboradi. Repetitor takrorlatadi, kerak boʻlsa yodlatadi. Natijada toʻrtinchi oʻgʻlim birinchi yilning oʻzidayoq davlat granti asosida talabaga aylandi. Aytmoqchi boʻlganim, amaldagi taʼlimda hatto kuchli oʻquvchi ham oʻz ustida qoʻshimcha ishlamasa, oʻqishga kira olmay oddiy ishchiga aylanishi mumkin.

Abituriyent esa ushbu vaziyatda oʻqituvchilarni ayblamoqda. Biz bilan suhbatlashgan  Shahzod M. baʼzi sabablarga koʻra oʻz shaxsini ochiqlashni istamadi:

– Ayb koʻproq oʻqituvchilarda deya olaman. Chunki maktab bolani yetti yoshida qabul qilib oladi va u bilan yillar davomida shugʻullunadi. Natija esa koʻp hollarda qoniqarli boʻlmaydi. Oʻquvchi repetitorga borayotgan ekan, bu uning oʻqituvchisi oʻz vazifasini chala bajarayotgani isbotidir.

Oʻzim tarix fanidan qoʻshimcha darsga boraman. Maktab ustozimiz mavzuni naridan-beri tushuntiradi, aytarli savol-javob ham qilmaydi. Internet materiallari, koʻrgazmali qurollar bilan ishlamaydi. Kuni oʻtsa boʻldi. Oʻqituvchilarning koʻpchiligi maosh uchun ishlayapti, deb oʻylayman. Repetitorda esa maqsad bor. U pul oladi, mana shu omil bolalar bilan iddiy ishlashga undaydi. Repetitorda muddao – oʻqishga kiritish. Natija esa niyatga va harakatga bogʻliq. Masalan, maktabda 10-sinfda faqat Birinchi jahon urushi mavzusini oʻrgansak, repititorda uning sabablari, xronikalari bilan tanishamiz. Bir paytning oʻzida 6–10-sinflar mavzusini qaytaramiz, testlar yechamiz, – deydi Shahzod M.

Kitob tumanidagi 50-umumtaʼlim maktabining oliy toifali matematika oʻqituvchisi Parvoz Elmirzayevga koʻra, maktab darsi va repetitorlik bir-biridan tubdan farq qiladi:

– Anʼanaviy darsda majburiylik prinsipi ishlaydi. Yaʼni oʻquvchi istaydimi-yoʻqmi, matematikani oʻrganishi kerak. Lekin oʻttiz boladan bir nechasigina fanga haqiqatda qiziqishi mumkin. Darsda matematikani mutlaqo xush koʻrmaydigan oʻquvchilar bilan ham ishlaymiz va bu bizning oʻqituvchilik burchimiz. Repetitorlik esa ixtiyoriylik tamoyili asosiga quriladi. Toʻgʻri, ularning orasida ota-onasi, bobosining tazyiqi bilan oʻqishga tayyorlanuvchilar topiladi. Lekin koʻpchilikda istak boʻladi.

Davlat darsi 45 daqiqaga moʻljallangan. Shu vaqt ichida uy vazifalari, yangi dars, savol-javob, oʻquvchilar bilan ishlash kabi vazifalarni bajarishga majburmiz. Matematika shunday fanki, ayrim tenglamalar, masalalar yechimi borasida soatlab tortishish va oʻrganish mumkin. Repetitorlikda, masalan, oʻzim hatto 4 soatgacha dars oʻtgan vaqtlarim boʻladi, – deydi Parvoz Elmirzayev. – Albatta, qoʻshimcha darslarsiz oʻqishga kirganlar bor va ularning soni keyingi vaqtda koʻpaydi ham. Tushuntirib beraman: bizning maktabda, mana toʻrt yil boʻldi, vazirlik tashabbusi bilan variativ sinflar ochildi.

Variativ sinf 8-sinfda tuziladi. Dastlab asosiy (ixtisoslashgan, masalan, matematika) fanlar oz-ozdan koʻpaytiriladi, 10-sinfga kelib ixtisoslashuv kuchayib, dars jadvali deyarli 3–4 fandan iborat boʻladi. Bunday sinflar oʻz-oʻzidan oliy taʼlimga kirishga yoʻnaltiriladi. Ana shu sinflardan talabaga aylangan va bugungi kunda universitetlarda oʻqiyotgan shogirdlarim bor. Aytmoqchi boʻlganim, ushbu tajriba qaysidir darajada repetitorlikka qaramlikni kamaytirdi.

Parvoz Elmirzayevga koʻra, qoʻshimcha darslarga ehtiyojning yana bir sababi – darslar kirish imtihoni savollari mavzusini toʻliq qamrab ololmaydi. Masalan, matematika darsliklarini suv qilib ichib yuborsangiz ham, test sinovida qaysidir mavzudan qoqilishingiz aniq. Shu sababdan qoʻshimcha darslarda boshqa manbalar, qoʻllanmalardan misollar yechiladi, shugʻullaniladi.

– 10–11-sinflarga borib tanlov fanlari masalasi oʻrtaga tashlanmoqda. Yaʼni hamma sinf oʻzi qiziqqan fan bilan koʻproq shugʻullana boshlaydi. Bu yaxshi tashabbus. Ikkinchidan, 6–7- va 10-sinf darsliklari yangi chiqarildi. Eʼtibor bersangiz, ular faqat nazariya bilan cheklanmagan. U yerda loyiha ishlari, oʻquvchini qiziqtiradigan rasmlar, bilimlarni hayotga qoʻllashga oʻrgatuvchi topshiriqlar berilgan. Eski darsliklar faqat misol va masalalardan iborat edi. Oʻquvchi sinus va kosinusni nazariy jihatdan bilsa-da, ertaga, masalan, tom yopish yoki qurilishda bilimlarini ishlata olmasa, bunaqa taʼlimning kimga keragi bor?

Xulosa qiladigan boʻlsak, repetitorlik Oʻzbekistonda hali uzoq yashashi kutilyapti. Chunki mamlakatda yoshlar ulushi yuqori va OTMlarda kvotalar ehtiyojni toʻliq qamrab ololmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu taqdimotda aytilishicha, yuqori sinflarda oʻqitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi taʼminlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Natijada oʻquvchi OTMga kirish uchun oʻzi istagan fan bilan koʻproq shugʻullana boshlaydi. Mazkur islohot ham repetitorlikka qaramlikni maʼlum darajada kamaytirishi kutilmoqda.

Ulugʻbek ORIPOV.

Oyina.uz