Bolaligimizda “olqamoq” soʻzini katta avloddan koʻp eshitganmiz. Bolalik deganim bu – yetmishinchi, saksoninchi yillar. Keyingi avlodlar uni kam qoʻllaydigan boʻldi. Hozir oʻzim ham xuddi momomning sandigʻidan chiqib qolgan tillaqoshni koʻrganday unga mahliyo boʻlib oʻtiribman. “Olqamoq”, baʼzi shevalarda “alqamoq”, lekin adabiy tilga “olqamoq” shakli olingan va izohli lugʻatda shunday izohlangan: “olqamoq – birovga yaxshilik, baxt, salomatlik tilamoq, muvaffaqiyatlar tilab qolmoq” (OʻTIL.I.M.1881.535).

“Olqamoq” “maqtamoq”qa maʼno jihatidan yaqin, lekin unda samimiyat, begʻarazlik kuchli, sidqidildan kimgadir ezguliklar tilash, shu jihatdan, boshqa tillarda uning aynan muqobilini topish, bir soʻz bilan ifodalash qiyin (ruscha: благословлять, inglizcha: to bless maʼnolari yaqin keladi). Katta avlod bu soʻzni qanday oʻrinlarda qoʻllashganiga baʼzi misollar: “hamma uni olqadi” – kimningdir qandaydir yaxshiligidan keyin hamma uning orqasidan sidqidildan maqtadi; “sizni olqab oʻtiribmiz” – sizga yaxshilik, muvaffaqiyat tilab oʻtiribmiz. Navoiy ham uni shu maʼnoda “alqamoq”, “olqamoq” (القاماق) shaklida qoʻllagan. Ammo hozirda “olqamoq” oʻrnida ham koʻproq “duo qilmoq” iborasi ishlatiladi: “hamma uni duo qildi” yoki “sizni duo qilib oʻtiribmiz” va hokazo.

“Olqish”, “olqash”, “olqov” – shu feʼldan yasalgan harakat nomlari. Ayni paytda, “olqish”dan keyinchalik yana bir feʼl – “olqishlamoq” ham yasalgan: “qarsak chalib olqishlamoq”. “Devonu lugʻotit-turk”da mazkur oʻzakdan yasalgan uch soʻz (alqaldï, alqïsh, alqïshdï) keltirilishi ilgari u yanada faol boʻlganidan darak beradi. Jumladan, Koshgʻariy bobomiz “Devon”da “alqaldï” soʻzini shunday izohlaydi: “alqaldï – bekkä alqïsh alqaldï – bekka yaxshi duolar, olqishlar qilindi (alqalur, alqalmaq)” (DLT.I.T.1960.251); “alqïsh – olqish, maqtash, duo qilmoq; tabrik; birovning yaxshi xislatlarini eslash: ol bekkä alqïsh bӭrdi – ul bekka duoyi sanoni yoʻlladi, yaʼni: u bekning yaxshi sifatlarini eslab, uni olqishladi; jalavachqa alqïsh bӭrgil – paygʻambarga salavot ayt (uni olqishla)” (DLT.I.T.1960.123); “alqïshdï – yaxshilashdi, olqishlashdi: ol mӭniң birlä alqïsh alqïshdï – u mening bilan maqtashdi, olqishlashdi” (DLT.I.T.1960.240).

“Devon”da, shuningdek, bir sheʼr ham keltiriladi:

“Alplar arïg‘ alqïshur,

Koʻch bir qïlïb arqashur,

Bir-bir uzä ALQASHUR,

Ӭӟkärmäӟib oq atar” (DLT.I.T.1960.240).

Maʼnosi: “Alplar (jangda dushmanlarni) rosa oʻldiradilar (Bu yerda alqïshtï feʼli “yoʻq qilmoq, oʻldirmoq” maʼnosini bildiradi); Kuchlarini bir qilib bir-birlariga yordam, orqa boʻladilar; Bir-birlarini olqab dalda beradilar; Oʻlimdan qoʻrqmay oʻq otadilar”.

Nihoyat, “olqamoq” VIII asr obidasi Kultigin toshbitigida ham darj etilgan boʻlib, bu uning yozma shaklda bizgacha yetib kelgan eng qadimiy namunasidir:

“Koʻl tigin qoң jilqa jiti jägirmikä uchdi: toquzinch aĭ jäti otuzqa jog‘ ärtoʻrtimiz. Barqin bädizin bitig tash(in) bichin jilqa jitinch aĭ jiti otuzqa qop ALQADI(M)IZ”. – Maʼnosi: “Kultigin qoʻy yilining (birinchi oyi) oʻn yettinchi kun uchdi (oʻldi): toʻqqizinchi oy yigirma yettinchi kuni “yoʻgʻini”, yaʼni motam marosimini oʻtkazdik. Qabri ustidagi maqbara va oʻyma (harflar bilan yozilgan) bitig toshini maymun yili yettinchi oyining yigirma yettinchi kuni tiklab butkul, chin yurakdan uni olqadik, yaʼni xotirladik”.

Guvohi boʻlganimizdek, bu soʻz asrlar, mingyillar osha tub maʼnosi deyarli oʻzgarmagan holda bizgacha yetib kelib, yaqin oʻtmish – bundan oʻttiz-qirq yil oldin ham tilimizda faol edi. Garchi “olqish”, “olqishlamoq” soʻzlarining qoʻllanish qamrovi oʻtgan asrda yanada kengaygan boʻlsa-da, “olqamoq” biroz oqsamoqda. Bu kabi noyob soʻzlarimizni sandiqqa solib qoʻymasdan, oʻrni kelganda – gapirganda, yozganda imkon qadar koʻproq qoʻllashga, farzandlarimizning kundalik lugʻatila ham singdirishga harakat qilishimiz kerak! Zero, soʻzning tilga olinmasligi – uning oʻlimidir.

Abduvohid HAYIT