Odam oyogʻi, yaʼni vujudi bilan yerda yursa, koʻngli, ruhi bilan butun koinotni kezadi. Agar odam koʻngli bilan koʻk farzandi boʻlmasa, uning boshqa jonzotlardan hech farqi qolmas edi. Tamom tuproqqa qorishib ketish faqat odamning vujudiga tegishli boʻlib, Abdulla Oripov “Oʻlganda ham vujuding bilan, Ketmagaysan yerga qorishib” deganiday, koʻngil va ruhiyat abadiyligi ishonch masnadiga koʻtariladi. Illo, koʻk shunchaki osmon boʻlmay, inson yuksalishi mumkin boʻlgan oliy maʼvo, kerak boʻlsa, Allohning dargohidir. Bejiz emaski, hazrat Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida koʻngilni solik, yaʼni soʻfiy tili bilan “arshi muallo” (eng baland osmon) deb baholaydi.
“Yer” soʻzining maʼnosi birqancha. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da soʻzning oʻn bir maʼnosi qayd etilgan. Biz koʻzlagan maxsus maʼnosi esa inson umrguzaronlik qiladigan, kun kechiradigan makonni anglatib, past, quyi degan holatni ham bildiradi. Ust-ost, baland-past, yuksak-tuban kabi antonimlar koʻk-yer konsepti bilan muayyan holatlarda mazmunan yaqinlashadi.
Biz bu oʻrinda nega “konsept” soʻzini ishlatmoqdamiz? “Konsept biron-bir tushunchaning tilda ifodalangan mohiyatidan muayyan darajada farq qiladigan oʻziga xos mazmuni. Konsept tushunchada aks etadigan ontologik asosni yanada yorqinroq ifodalashga yordam beradi”[1]. Yaʼni, bizning holatda konsept tarzida nomlanayotgan koʻk va yer soʻzlari oddiy qoʻllovdagidan boshqacharoq, maxsus maʼno anglatishi kuzatiladi.
Hozirgi tilimizda “butun atrof, hamma yoq; koinot” maʼnolarini anglatuvchi “yer-koʻk” degan juft soʻz bor. Sarlavhadagi “koʻk-yer” oʻsha juft soʻzning shunchaki oʻrin almashuvi emas. Yangi juftlikni tashkil etgan har ikki soʻz maxsus, yaʼni kundalik qoʻllovdan yorqinroq, fundamentalroq maʼno tashimoqda. Ularning konseptligi ham shunda.
Ushbu ikki soʻzning maxsus maʼnosi matniy tahlilda, kontekst kuzatuvida yanada yorqinroq koʻrinadi. Biz hozir ushbu qoʻshaloq konsept ishtirok etadigan ikki sheʼriy matnni, biri toʻrtlik, ikkinchisi ruboiy, atroflicha tahlil qilishga harakat qilamiz. Birinchisi Abdulhamid Choʻlponning 1926-yilda Toshkentda Oʻzbekiston davlat nashriyoti chop etgan “Tong sirlari” toʻplamidan oʻrin olgan “Yanglishasiz!” nomli toʻrtlik. Tagidagi yozuvdan maʼlumki, u Qoʻqonda, 1924-yil 28-sentyabrda bitilgan. “Tong sirlari” toʻplamiga ayni shu nom bilan buyuk adib Abdulla Qodiriy Julqunboy imzosida qisqa, lekin mazmundor soʻzboshi yozgan. Mazkur soʻzboshiga eʼtibor qaratishimizga sabab unda toʻrtlik toʻliq berilib, uning yaralish jarayoni haqida qimmatli fikr va maʼlumot borligidir.
Soʻzboshida buyuk adib shoirni ayrim, aytish joizki, siyosiy taʼnalardan himoya qiladi: “Baʼzi bir oʻrtoqlar Choʻlponni yigʻloq shoir deb aybsitadilar” degan fikrga javoban “Biroq shoir shu toʻkkan koʻz yoshlaridan chechaklar oʻstirmoqchi boʻlmasa erdi, biz ham uning muʼtarizlari (eʼtirozchilari – S.M.) qatoriga kirgan boʻlar edik” deya biz diqqat qaratayotganimiz toʻrtlikka oʻtadi:
“Anqov taʼnachilar shoirni ranjitishda mudovamat qiladilar, hatto “Sen koʻk shoiri!” deguvchilar ham boʻlib, chorasiz shoir oʻz holidan ochiq javob berishga majbur qoladir”[2] deya toʻrtlikni keltiradi. Toʻrtlik esa bunday:
Yanglishasiz!
Siz deysizkim, men koʻklarni oʻylaymen,
Yer betiga sira nazar solmaymen!
Yanglishasiz, men koʻklarga berkingan
Yer qizidan xayolimni olmaymen...
Asar qisqa boʻlgani uchun uni birbutun, yaʼni sarlavhasi bilan birgalikda oʻqish va koʻrish ilmiy maqsadga muvofiq. Sarlavhada turib undov bilan taʼkidlangan “Yanglishasiz!” asarga oʻziga xos ohang, shiddat bagʻishlaydi hamda unga keskin bahs-munozara ruhini olib kiradi. Biz Abdulla Qodiriy soʻzboshisidan olingan koʻchirmani davom ettirib, toʻrtlikni keltirishimiz mumkin edi. Lekin maqolada uning sarlavhasi qoʻyilmagan, bunga hojat ham yoʻq edi. Gap shundaki, asarning vizual qiyofasi aynan sarlavhasi bilan tugal va mukammaldir.
Sheʼr toʻligʻicha munozara xarakteriga ega. U oʻziga xos javobiyadir. Asar mohiyatini anglashda Abdulla Qodiriy soʻzboshisi juda qoʻl keladi. Buyuk adib aytgan “anqov taʼnachilar” biz hozir nomlarini bilib-bilmaydigan aniq odamlar boʻlishi mumkin, lekin ularning ortida butun bir ijtimoiy tuzum, xudoters, dinsiz mafkura turibdi. Shuning uchun ham “hatto “Sen koʻk shoiri!” deguvchilar” (“hatto”ga eʼtibor bering, bu aytilgan gapning haddi aʼlosi demakdir) shu gaplari bilan shoir ijodi ushbu mafkuraga zid ekaniga shaʼma qiladilar. Aslida-ku, “koʻk shoiri” ulug‘ haqiqatlar, ilohiy tuygʻular shoiri, kuychisi demakdir. Oʻz-oʻzicha olganda fikr erkinligi ustuvor demokratik jamiyatda bu yuksak maqtov va buyuk ehtirom belgisi boʻlishi mumkin edi. Lekin inson erki, hatto his-tuygʻusi tizginlangan, diniy eʼtiqod taʼqiqlangan totalitar jamiyatda bu jiddiy ayblov ediki, Abdulla Qodiriy buni teran anglar, shu bois shoirni bunday ayblovdan soqit qilishga uringan edi.
“Anqov taʼnachilar” unchalik anqov emas edilar, lekin ularni anqov deyish oʻsha paytda zarur edi. Taʼnaning damini kesish ayni lozim edi.
Sheʼrda ikki zid tushuncha, aniqrogʻi soʻz bor, biri: siz – men, ikkinchisi: koʻk – yer. Siz – men zidlovi toʻrtlikning shakliy strukturasiga tegishli, asar shu zidlov asosiga qurilgan. Koʻk-yer zidlovi esa konsept rutbasiga ega boʻlib, sheʼrning maʼno-mundarijasiga taalluqli. Toʻrtlikning dastlabki ikki misrasi Sizning fikri, keyingi ikki misra Menning javobi. Har ikkalasida – savolda ham, javobda ham koʻk-yer konsepti xuddi shu tartibda – avval koʻk, soʻng yer. Sizning fikri shunday ifodalanadi:
Siz deysizkim, men koʻklarni oʻylaymen,
Yer betiga sira nazar solmaymen.
Yaʼni bu Qodiriy soʻzboshisidagi “Sen koʻk shoiri!” degan taʼnaning boshqacha shakli, sodda qilib aytganda, “koʻklarni oʻylaydi, yerga boqmaydi”. Joʻn mantiq boʻyicha shoir bu gapni, taʼnani rad etmogʻi lozim. Sarlavhadagi va matn ichidagi “Yanglishasiz!” shuni taqozo etayotganday. Lekin raddiyaga, javobga boqaylik:
...men koʻklarga berkingan
Yer qizidan xayolimni olmaymen...
Toʻrtlik falsafasining qaymogʻi ayni shu yerda va buni anglash uchun “koʻklarga berkingan Yer qizi” kim yoki nima degan savolga javob topmoq zarur boʻladi. Yer qizi qanday qilib koʻklarga berkinadi? Bu yuksak xayolot olami, poetik mistikaga chulgʻangan tuygʻu, oʻy-fikr-ku!
Bu savolga javobni faqat ushbu kontekstdan izlamay, shoirning bundan oldin va keyin yozgan sheʼrlaridagi koʻk va yer, xususan, koʻk haqidagi misralarni bir qur kuzatsak. 1919-yilda yozilgan buyuk “Goʻzal” sheʼri shunday boshlanadi: “Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib, Eng yorug‘ yulduzdan seni soʻraymen...”. Mashhur “Buzulgan oʻlkaga” dostonida koʻk-yer konsepti shunday kontekstda ishlatiladi: “Javob yoʻqmi koʻklardan-da, yerdan-da, Xarob boʻlgan eldan-da...”.
Koʻkdagi qiz, Yer qizi nima ekanligi borasida shoirning shunday misralari bor:
1. Koʻkda bir toʻp qiz – malak uyqu kuyini boshladi,
Ilgari cholgan tirik, jonli kuyini tashladi.
(“Uyqu”, 1921)
2. Koʻklardan malaklar qiz boʻlib tushsalar,
Yana men oʻtlarni qoʻynimga qoʻymayman.
(“Barg”, 1922)
Ushbu ikki kontekstga tayanib, “koʻklarga berkingan Yer qizi” shoir xayolotida tugʻilgan koʻkdagi qiz-malaklar deya olamiz. Bilamizki, malak va farishta soʻzlari ayniydir. Sunniy aqiydalardan maʼlumki, farishtalar turli insonlar, jumladan, qiz shakliga kirib koʻrinish berishi mumkin ekan. Olti diniy kalima jamlanmasi “Iymoni mufassal”da – “Amantu billahi va malikatihi va kutubihi va rasulihi val yavmil axiri va qodari xoyrihi va sharrihi minallohi taʼala val baʼsi dal mavt” (“Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik Allohning xohishi bilan boʻlishiga va oʻlimdan keyin qayta tirilishga ishondim”) – farishtalarga ishonish Allohga ishonishdan keyingi oʻringa qoʻyilgan. Zero, “Insonni hayvondan ajratib turadigan narsalardan biri ham gʻaybiy narsalarga, jumladan farishtalarga ishonishdir. Bunday iymoni bor inson his etish aʼzolari chegarasida, tor joyda oʻralib qolmaydi. Balki tasavvur doirasi cheksiz boʻladi”[3].
Shunday tasavvur doirasi cheksiz, buyuk qalb va sof eʼtiqod sohibi – Choʻlpon edi. Soʻfiyona cheksiz tasavvur koʻk va yerni yaxlit, bir butun holda koʻrar, koʻkni yerdan ajratish chala, xom tasavvur mahsuli ekani, ular ikki yorti bir butun hodisa ekani biz oʻrganayotgan toʻrtlikda sirli bir tarzda ifoda etilgandir.
Shoir 1921-yilda yozgan “Ketganingda (Kliupatraga)” sheʼrida
Sevgimdan soʻnggi malaklar
Toʻp-toʻgʻri koʻkkami uchdi?
deya yozar ekan, bu misralar “Yanglishasiz!” sheʼridagi maʼnoga oʻziga xos yangi ifor olib kiradi. Toʻrtlikda shoir xayolan talpinadigan Yer qizi koʻklarda yashiringan boʻlsa, bu yerda shoir sevgisidan bino boʻlgan malaklar yerda-yu, lekin koʻkka uchishga chogʻlanadilar. Yana bir bor yuqorida aytilgan yer qizi – malak maʼno qatori, tenglamasi paydo boʻladi.
Qizigʻi shundaki, takror boʻlsa-da aytamiz, muallif “Sen koʻk shoiri!” degan gapni rad etganday boʻlib (“Yanglishasiz!”), aslida ayblov sifatida aytilgan bu fikrga chuqur maʼno yuklaydi, uni oʻzi tomonga burib yuboradi. Men butun olam, koʻk va yer bilan tillashaman, xayolan suhbatlashaman, yerda turib koʻk bilan birgaman, bir butunman deydi goʻyo shoir.
Yana bir gapni aytmoq joiz. Biz toʻrtlik haqida, uning mohiyati haqida qancha gapirmaylik, fikrlamaylik, u baribir bizga sirli, xususan, “Yanglishasiz, men koʻklarga berkingan Yer qizidan xayolimni olmayman!..”da tafakkurga tutqich bermas nimalardir bordek tuyulaveradi.
Shu oʻrinda ushbu toʻrtlik va umuman Choʻlpon sheʼriyatiga xos bir xislat haqida, yaʼni shoir mistikasi haqida gapirmoq lozim. Zero, yangi oʻzbek sheʼriyatida mistikaga moyil Choʻlponga teng boshqa shoirni uchratish mahol. Lekin avval mistik, mistika kabi atamalarni sovet davridagi salbiy talqinlardan tozalash lozim boʻladi. Chunki asl buyuk sheʼriyat, badiiy adabiyot hech qachon yuksak mistikadan xoli boʻlgan emas.
Binobarin, mistika “Gʻayritabiiy olamga, ilohlar va ilohiy kuchlarga, insonning ilohiyot olami bilan aloqa qila olishiga ishonishdan iborat diniy eʼtiqod”[4]. Nafaqat diniy eʼtiqod, balki shunday ruhdagi badiiy tasavvur va tafakkur tarzi ham. Balki Choʻlponni baralla mistik shoir deb boʻlmas, lekin shoir sheʼriyatida mistika unsurlari, lirik mistitsizm haqida bemalol fikr yuritish va ilmiy tadqiqot olib borish mumkin deb hisoblaymiz.
Musiqa, ayniqsa mumtoz shashmaqom kuy-ashulalarini berilib tinglagan har qanday odam oʻzga olamlar, yuksak xilqatlarga koʻtarilib, bu foniy dunyoning mayda tashvishlaridan tamom forig‘ boʻladi. Buyuk bastakor Mutal Burhonov xotirlashicha, “Shashmaqom sadolari yangraganda Choʻlpon sel boʻlib, butun vujudi quloqqa aylanganday, bir maromda chayqalib oʻtirib tinglardi. Qulogʻi musiqada-yu, xayollari junbushga kelib, nimalarnidir koʻz oldiga keltirayotgani sezilib turardi. U eshitgan kuylarni yurak-yurakdan juda chuqur his qilardi”[5].
Shoir bulbullar xonishidagi ajib musiqani his qilib, yozgandi: “Samoviy zavqlarga toʻlib turganman Bulbullar sevgini maqtagan damda” (“Sozim”, 1924). Samoviy zavq gʻayriolamlarga sayr mevasi, mistik tasavvur deganidir, hoynahoy. Mistika musulmon Sharq va oʻzbek mumtoz adabiyotining ruhoniy asoslaridan biri boʻlmish tasavvuf bilan uzviy bogʻliq. Koʻplab Gʻarb olimlari tasavvufni bejiz “musulmon mistikasi” deb hisoblashmagan.
Mistikadan olaboʻjidan qoʻrqqanday qoʻrqqan sovet mafkurachilari, Qodiriy taʼbiricha “anqov taʼnachilar” Choʻlponga “Sen koʻk shoiri!” deyar ekanlar, bunda shoir sheʼrlariga xos sirlilikni, mistikani ham koʻzda tutgan boʻlishlari ehtimolga yaqin. Lekin yuqorida aytganimizday, shoir buni inkor etganday boʻlib, ammo bundan-da oʻtkazibroq “Koʻklarga berkingan Yer qizi” haqida soʻfiyona soʻylaydi.
Endi hazrat Navoiyning bir ruboiysidagi koʻk – yer konsepti va uning badiiy-falsafiy inkishofi haqida fikr yuritsak. Vaziyatning zavqli joyi shundaki, mumtoz ruboiyda aynan Choʻlpon toʻrtligidagi kabi bu juftlik koʻk-yer tarzida qoʻllanadi. Alhol, Choʻlpon mazkur ruboiyni oʻqigan, undan ilhomlangan hamda sheʼriyatida koʻk-yer konsepsiyasini yaratishda hazrat Navoiyga suyangan boʻlishi ham mumkin.
Ushbu ruboiy hazrat Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi Iso alayhissalomga bagʻishlangan qismni yakunlovchi sheʼriy bitikdir.
Isoki, mujarrad ayladi Tengri ani,
Koʻk ravzasi boʻldi jilvagoh-u chamani.
Yer ahlidin ulki boʻlsa tajrid fani,
Tong ermas, agar koʻk oʻlsa aning vatani[6].
Ruboiy bejiz Iso alayhissalom haqidagi fasl soʻngiga qoʻyilgan emas. U oʻzidan oldin bayon etilgan voqea-hodisalarni poetik jihatdan umumlashtiradi hamda nazmiy soʻzning kuchi bilan ilohiy voqelikni siqiq va ehtirosli ifodalaydi. Aytmoq joizki, hazrat Navoiy oʻz asarida Iso (a. s.) haqida yozar ekan, u birinchi navbatda ushbu paygʻambar haqidagi “Qurʼoni karim” oyatlariga suyanadi. Asarda Iso (a. s.) paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.) haqida guvohlik beruvchi ilohiy oyat asliyatda keltiriladi: “Va iz qola Iysabnu Maryama yo bani isroila inni rasulullohi ilaykum musaddiqan limo bayna yadayya minat-tavroti va mubashshiran birasulin yaʼti min baʼdismuhu Ahmadu”[7]. Yaʼni: “Eslang, Iyso binni Maryam “Ey Bani Isroil, albatta men Ollohning sizlarga (yuborgan) paygʻambaridirman. (Men) oʻzimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va oʻzimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir paygʻambar haqida xushxabar beruvchi holda (yuborildim) degan edi” (Saf surasining 6-oyatidan)[8].
Mazkur ruboiyni koʻk-yer konsepti boʻyicha kuzatadigan boʻlsak, koʻramizki, mazkur juftlik ikkinchi va uchinchi misra boshida kelib, toʻrtinchi, xulosaviy misrada “Koʻk – aning vatani” degan muhtasham gʻoyaga dastak boʻladi. Birinchi misra esa Iso (a. s.)ning yuksak maqomi haqida: Tangri uni ham ozod qildi, ham unga yolgʻizlik, tanholik (mujarrad) maqomini berdi. “Qurʼoni Azim tafsiri”da yozilishicha, “Olloh taoloning amri bilan Jabroil alayhissalom uni uyining tuynugidan koʻtarib, osmonga olib chiqib ketdi”[9].
“Abu Xayyon aytadi: “Meʼroj haqida Paygʻambar sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan sahih hadisda aytilishicha, Olloh taolo Iyso alayhissalomni ikkinchi osmonga koʻtargan va to u zot yerga tushib, Dajjolni qatl qilgunicha oʻsha joyda yashaydi”[10]. Iso (a. s.) bilan Choʻlpon asaridagi Yer qizi oʻrtasida qandaydir bogʻliqlik, ilohiy rishta bor. Navoiy hazratlari besh yarim asr naridan turib Choʻlpon sheʼrini sharhlayotganday goʻyo. Choʻlpon asari esa ul zot soʻzlariga kamarbasta boʻlayotganday, ilohiy mavzularda vaqt masofasi mavjud emas-u, faqat hozir degan lahza bor xolos deb taʼkidlayotganday goʻyo.
Har ikki shoir mumtoz va hozirgi tilimizda koʻkning qator sinonimlari – osmon, samo, falak, gardun, fazo, sipehr, minu hamda koʻk va yerni anglatuvchi arzu samo iborasi boʻlgani holda aynan sof turkiy soʻzlar – koʻk-yer juftligini olgani bejiz emas. Maʼlumki, qadimgi turkiylarning islom diniga qadar eʼtiqod qilgan ilohlari “Koʻk tangri” boʻlgan. Alisher Navoiy va Choʻlpon ongostida arxetip tarzda ushbu iloh aks-sadolari mavjud deyish mumkin. Zero, hazrat Navoiy ruboiysining ilk misrasidagi “Tengri” soʻzi keyingi misra boshidagi “Koʻk” soʻzi bilan bejiz “uchrashmaydi”, hoynahoy.
Toʻrtlik “men” tilidan bayon qilinadi va Siz – Men ziddiyati asosiga quriladi. Bu haqda yuqorida ham aytgan edik. Yana bir jihat shuki, “Siz”, yaʼni muxoliflar aytgan fikrda ham koʻk-yer konsepti mavjud, lekin bundagi ikki had yaxlit emas, boshqa-boshqa va zid hodisalar sifatida qaralmoqda. Ular ajratiladi va oʻzaro zid qoʻyiladi. Hamda “yer”ga ustunlik beriladi. Bu bejiz boʻlmay, oʻsha paytdagi hukmron markscha-lenincha mafkura moddiylikni, yaʼni materializmni tan olardi. Ular uchun “yer” moddiylik timsoli boʻlib, “koʻk” ularga yot, begona maʼvo edi. “Koʻk” ular uchun yot unsur edi.
“Siz koʻk bilan yerni bir-biridan ajratmoqdasiz. Yanglishasiz, men bunday qilmayman. Koʻk-yer butundir” demoqda goʻyo Choʻlpon.
Hazrat Navoiy ruboiysi esa, sirtdan qaraganda, Iso (a. s.) haqidagi “Qurʼoni karim” oyatlarining sharhi, hatto boshqa soʻzlar orqali ifodalangan takroriga oʻxshaydi. Biroq shuni qayd etish lozimki, ruboiyning har bir misrasi alohida nisbiy mustaqil fikrni olgʻa suradi. Fikrlar misralar sonicha, yaʼni toʻrtta. Soʻng ushbu mustaqil fikrlar bir-biri bilan maʼnoviy munosabatga kirishadi. Bu munosabatlar yangi maʼno tarmoqlarini vujudga keltirib, ruboiyning yalpi maʼnosini yangi orbitaga olib chiqadi.
Birinchi misra:
Isoki, mujarrad ayladi Tengri ani.
Bu Iso(a. s.)ning paygʻambarlik maqomi, uning tanlab olinganligi, yakkaligi, tanholigi va yuksak maʼnoda ozodligi va bu Tangrining ham inʼomi, ham hukmi ekanligi; yaʼnikim, Iso(a. s.)ning yolgʻizligi Olloh taolo tomonidan tanlab olingani tufaylidir. “Mujarrad” soʻzi biryoʻla ushbu maʼnolarni oʻzida sigʻdira oladi.
Ikkinchi misra:
Koʻk ravzasi boʻldi jilvagoh-u chamani.
Islomiy istilohda koʻk ravzasi koʻkdagi jannatni, jilva soʻzi Ollohning tajallisini bildiradi. Binobarin, bunda jilvagoh soʻzi Haq nuri jilva qiladigan joyni anglatadiki, shunda misra koʻkdagi jannat Iso(a. s.)ning Haq nuri jilva qiladigan chamani boʻldi degan mazmunga ega boʻladi. Gap shundaki, bu paytda Iso (a. s.) hali yerda edi. Ul zot yerda boʻlgani holda koʻkdagi jannat ul zot uchun Haq nuri jilva qiladigan makon, chaman boʻldi.
Esga oling, Choʻlponning lirik qahramoni ham yerda turgani holda “koʻklarga berkingan Yer qizidan xayolini olmagan” edi.
Uchinchi misra:
Yer ahlidin ulki boʻlsa tajrid fani.
Bu yerda tushunish qiyin boʻlgan ibora faqat “tajrid fani”dir. “Mujarrad” tanlab olinishni bildirsa, “tajrid” soʻzi yolgʻizlikning oʻzinigina emas, yolgʻizlatib qoʻyilishni ham anglatadi. Bundagi yolgʻizlatish endi Olloh tarafidan emas, yerdagilar tomonidan sodir etilmoqda. Shuningdek, misrani u, yaʼni Iso (a. s.) yer ahlidan ajralib, yolgʻizlikni odat qildi deb ham tushunish mumkin.
Toʻrtinchi misra:
Tong ermas, agar koʻk oʻlsa aning vatani.
Misra muqaddas kitobimizning “Niso” surasidagi “Balki uni Olloh oʻz huzuriga koʻtargandir” degan oyatga (158-oyat) bilvosita bogʻliq. Olloh uni oʻz huzuriga koʻtargani ortda qolib, endi koʻk “aning vatani”ga aylanadi. Bunga ajablanmaslik kerak, chunki yer ahli uni yolgʻizlatdi, hatto oʻldirmoqchi boʻldi.
Choʻlpon toʻrtligida ham Yer qizi “koʻklarga berkingan” edi, koʻk vatani boʻlgan Iso (a. s.) kabi. Albatta “yer qizi” oʻzida koʻp maʼnoni yashirgan obrazdir.
Endi sal oldin vaʼda berganimizdek, ruboiydagi har toʻrt misrani oʻzaro solishtirib, “urishtirib” chiqamiz.
Birinchi va ikkinchi misra: Tangri Isoni yolgʻiz, tanho (mujarrad) qilgani uchungina unga koʻkdagi jannat Ollohning nur taratguvchi chamaniga aylandi. Birinchi va uchinchi misra: birinchi misradagi mujarrad bilan uchinchi misradagi tajrid oʻzakdosh boʻlib, biri yolgʻiz, tanho maʼnosini anglatsa, ikkinchisi ajratish, yakkalashni bildiradi. Tangri Iso(a. s.)ni tanlab, tanho koʻrib siyladi, yer ahli, odamlar Tangri siylagani uchun (paradoksni qarang) uni yakkaladilar, qatl qilmoqchi boʻldilar. Birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi misra: Tangri mujarrad aylagani, siylagani, koʻkdagi jannat uning uchun Haq nuri jilva qiladigan chaman boʻlgani tufayli koʻk uning – Iso(a. s.)ning vataniga aylanadi.
Oʻzakdosh, maʼno jihatidan ozgina farqlanuvchi soʻzlar, lekin qanchalik ulkan farq – Tangri uni tanho bilib, siylaydi. Yer ahli uni yolgʻizlatadi, yakkalaydi. Shu yerda hazrat Navoiyning achchiq kinoyasi yuz koʻrsatadi. Yaʼni, Yer ahli oʻz Rabbisi irodasiga qarshi bormoqda, shakkoklik qilmoqda. Va har ikki zid holat – mujarrad (bu Tangri inʼomi), tajrid (bu Yer ahlining jabri), Iso(a. s.)ning buyuk shoir nazdida koʻkka koʻtarilishiga – “Tong ermas, agar koʻk oʻlsa aning vatani” – sabab boʻlmoqda.
* * *
Koʻk-yer abadiy birlikda muqim boʻlgan zidlikdir. Ular bir-birini qanchalik rad etishsa, shu qadar oʻzaro jips muvozanatda. Yer olamda roʻy beradigan, koʻz bilan koʻrib, quloq bilan eshititish, qoʻl bilan tegish mumkin boʻlgan narsa-hodisalar majmui va ramzi boʻlsa, koʻk sirli-sehrli hodisalar, inson inon-ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan, kerak boʻlsa, insonni oʻz izmiga boʻysundirib, oʻz yoʻrigʻiga soladigan ruhiy-ilohiy kuchlar timsoli. Balki shularning oʻzi.
Koʻk-yer insoniyat hayotiga mangu doxil azaliy konseptlardan biri sifatida barcha ilohiy kitoblarda, jumladan muqaddas kitobimiz “Qurʼoni karim”da koʻp marta tilga olinadi: “(Ey inson), Olloh osmonlar va yerni Haq (qonun) bilan yaratib qoʻyganini koʻrmadingmi?!” (Ibrohim surasining 19-oyatidan).
Alisher Navoiy ushbu konseptni Iso(a. s.)ga nisbatan qoʻllab, uning ilohiy taqdirini sheʼriy yoʻsinda goʻzal va teran bayon etadi, ul zot hayotiga goʻyo lirik xotima yasaydi. Choʻlpon ushbu konsept asosiga qurilgan toʻrtlikda oʻzining poetik va falsafiy kredosini, soʻfiyona dunyoqarashini badiiy goʻzal ifoda qiladi. Oʻzining koʻk shoiri, samoviy shoir ekanini poetik isbotlaydi.
Choʻlponga oʻsha paytlar taʼna sifatida aytilgan “Sen koʻk shoiri!” degan gap esa hozirgi kunda uni sharaflamoqda. Hatto yaxlit holda Choʻlpon sheʼriyatini koʻkka oʻrlagan soʻz deya baholash mumkin.
Suvon MELI,
filologiya fanlari doktori
[1] Nazarov Q. Jahon falsafasi qomusi. Ikki jildli. 1-jild. T.: Maʼnaviyat, 2023. 623-bet.
[2] Choʻlpon. Tong sirlari (Matn). T.: Zilol buloq, 2023. 8-bet.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sunniy aqiydalar. T.: Hilol nashr, 2012. 365-bet.
[4] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Besh jildli. 2-jild. T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006. 602-bet.
[5] Mushtum. 2024. 3-son (Xotirani Ozod Sharafiddinov yozib olgan).
[6] Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Oʻn jildlik. 8-jild. T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. 593-bet.
[7] Shu yerda. 590-bet.
[8] Qurʼon karim (tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur). T.: Choʻlpon, 1992. 545-bet.
[9] Qurʼoni Azim tafsiri, 326-bet.
[10] Qurʼoni Azim tafsiri. 327-328-betlar.