“Ijtimoiy fanlarda ham asosiy eʼtiborni fikrning yangiligi, ilmiy dalilning ishonchliligiga qaratishimiz zarur. Ilmiy ishning qiymati sahifalar hajmi yoki chop etilgan maqolalar soni bilan emas, dissertant qoʻygan savol va bergan javobining ilmiy salmogʻi bilan belgilanadi. Zotan, tarixda hech bir olimni diplomi mashhur qilmagan. Halollik, intellektual mustaqillik va amaliy ahamiyatga ega ilmiy natija – bular kamina uchun chin olimni ajratuvchi mahak toshidir. Agar shu uch mezon mavjud boʻlsa, unvon oʻz-oʻzidan qadr topadi. Ularsiz eng yuksak ilmiy daraja ham naf bermaydi. Nihoyat, ilmning eng oliy mezoni – vaqt. Beayov fursat soxta shuhratga ham, sunʼiy reytinglarga ham, tasodifiy muvaffaqiyatlarga ham chek qoʻyadi.” “Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm” suhbatida taʼlim siyosati haqida gap boradi. Termiz davlat universiteti rektori, professor Abduqodir Toshqulov bilan boʻlgan suhbatning toʻliq matnini “Tafakkur” jurnalining 2026-yil 3-sonida oʻqing.

“Sanʼat va ilm uygʻunligining susayishi, akademik savodxonlikning zaiflashib borayotgani bugunning jiddiy muammosidir. Prezident farmon va qarorlarida maqom yoʻnalishida chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, zamon talablariga mos oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratish oqsayotgani alohida urgʻulangani bejiz emas. Chindan ham, teran tahlildan qochish, xoslar qadriyatini avomlashtirish illatidan qutulolmayapmiz. Taʼlim va fan zanjiri uzilib qolayotir.” Yuqorida keltirilgan parcha Iroda Dadajonovaning “Maqom: “xoslar” sanʼatimi yoxud “avom”?”  maqolasidan olingan. Uning toʻliq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

“Agar dunyoda hech kim bir-biriga ishonmaganida edi, yolgʻon ham oʻz kuchini yoʻqotardi. Demak, bu illat egasi jamiyatning eng qimmatli boyligi boʻlgan umumiy ishonchni oʻgʻirlaydi. Antropologik nuqtayi nazardan yolgʻon insonning asl javhari – fitratiga emas, balki uning aqliy rivojlanishi va omon qolish istaklariga oiddir. Odam bolasi haqiqat, rostgoʻylik va soddalikka moyil yaratilgan. Chaqaloq yorug‘ dunyoga kelganda aldov neligini bilmaydi. Demak, yolgʻon keyinchalik ijtimoiy taʼsir ostida shakllanadigan sunʼiy nuqsondir.” Jurnalning “Aql munozarasi” ruknida Abduxoliq Tashanovning “...shirin yolgʻon yomon” maqolasini oʻqiysiz. Unda ijtimoiy axloq va illatlar haqida soʻz boradi.

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Nazorat jamiyati” (Abdurahim Erkayev), “Gʻaroyib tazodiylik” (Nodira Ofoq), “Sogʻuniy sogʻinchi” (Abror Gʻulomov), “Zulm tigʻin sindirgan soʻz” (Dilnavoz Yusupova), “Koʻngil maxzanin kaliti” (Mixli Safarov) maqolalari, “Taqdir hukmi ila” (Otauli) boburxonligi, “Kinoning oltin qoidasi” (Kinorejissyor Yusuf Roziqov bilan Shohida Eshonboboyeva) suhbati,  “Nafosat olamiga keskin nazar” (Lev Tolstoy. Rus tilidan Shohrux Abdurasulov tarjimasi) hikmatlari hamda “Azal kotibi andoq bitmish” (Behzod Qobulov) mutolaasi oʻrin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Muvozanat buzilsa” (Hakim Rasulov), “Ziyoga mushtoq dunyo” (Sarvarjon Gʻafurov), “Shuhratga shaydolik fojiasi” (Kamol Hakimov), “Zamon ichra zamonsizlik” (Odiljon Avaznazarov) maqolalari eʼlon qilingan.

“Akademik erkinlik va akademik halollik bir-birini toʻldiruvchi qadriyatlardir. Akademik erkinlik haqiqatni izlash huquqini bersa, akademik halollik uni izlash madaniyatini vujudga keltiradi. Biri boʻlmasa, ikkinchisi ham mazmunini yoʻqotadi.” “Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm” suhbatidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa oʻrnida keltirdik. “Tafakkur” bilan akademik erkinlik va akademik halollik qadriyatlaringizni  mustahkamlab boring.