Tasavvur qiling, doʻstingiz bilan restoranda oʻtiribsiz. Siz oddiy McDonaldʼs burgerini buyurdingiz, doʻstingiz esa mashhur oshpaz tomonidan soatlab tayyorlangan, har bir masalliq eʼtibor bilan tanlangan va yillar davomida sayqallanib kelgan retsept asosidagi taomni tanladi. Ikkalasi ham qorningizni toʻydiradi, ammo farqi shundaki, burger faqat ochligingizni qondiradi, oshpazning taomi esa didingizga taʼsir qilib, estetik zavq ham beradi.

Bu misol orqali koʻrsatmoqchi edimki, hayotda ikki xil tajriba mavjud: isteʼmol qilinadigan va oʻzgartiradigan. Biri ehtiyojimizni bir lahzaga qondiradi, ikkinchisi esa ichki olamimizga taʼsir qilib, bizda oʻzgarishlar sodir qilishi ham mumkin. Xuddi shu farq kino olamida-da kuzatiladi.

“Koinot Odisseyi 2001” (2001: A Space Odyssey) filmidan, rejissyor – Stenli Kubrik.

Kubrikning filmini koʻrganimdan 2-3 hafta oʻtib ham, mana bu fikrlar xayolimdan ketmadi: nega “Qasoskorlar” (Avengers) filmini koʻrganimdan bir soat oʻtib deyarli hamma narsani unutaman, lekin “Koinot Odisseyi 2001”dagi sahnalar haftalab xayolimdan chiqmaydi? Nega ayrim filmlar shunchaki hordiq uchun, ayrimlari esa hayotimizda iz qoldiradigan tajribaga aylanadi?

Mualliflik kinosi nima? Kinoning muallifi kim?

Bu savol bizni kino olamining eng chuqur qatlamlaridan biriga – “auteur kino”ning, yaʼni mualliflik filmlarining sirli dunyosiga yetaklaydi. Bu dunyoni anglash nafaqat kinosevarlar uchun, balki har bir inson uchun zarur boʻlishi mumkin. Chunki bunday kartinalar shunchaki tomosha qilish va dam olish uchungina emas, balki hayotni chuqurroq tushunish, his etish va har bir kadr ortidagi yashirin maʼnolarni ilgʻab olish uchun yaratiladi.

“Koʻzgu” (Mirror – 1975) filmidan, rejissyor – Andrey Tarkovskiy.

Kitob oʻqiyotganimizda yozuvchini, suratga qarasak rassomni, musiqa eshitsak qoʻshiqchi yoki bastakorni oʻylaymiz. Ammo filmni koʻrganimizda-chi? Filmni kim “yozgan” deyish mumkin? Rejissyormi? Ssenarist? Prodyuser? Yoki aktyorlar?

Aynan shu oʻrinda “Auteur” nazariyasi bizga yordam beradi va shuni taʼkidlaydi: baʼzi rejissyorlar borki, ular filmlarni nihoyatda shaxsiy uslubda yaratadi va ularning har bir asari aslida mualliflik asari hisoblanadi. Xuddi yozuvchi asarlarida imzosini qoldirgani kabi, bu rejissyorlar ham har bir kadrda oʻz “qalam izi”ni aks ettirishga intiladilar.

Mualliflik kinosi qanday paydo boʻldi?

Bu tushuncha ilk bora 1950-yillarda Fransiyada paydo boʻlgan. Yosh kinotanqidchilar Gollivud filmlarini tahlil qilar ekan, bir narsani sezib qolishadi: ayrim rejissyorlarning filmlari, mavzusi turlicha boʻlsa ham, bir-biriga oʻxshash jihatlarga ega. Masalan, Alfred Hitchkok filmi deyishsa, siz darrov tushunasiz, bu filmda qoʻrquv, ruhiy bosim va sirli voqealar boʻladi. Akira Kurosava filmi esa samuraylar, tabiat, insonning ichki va tashqi kurashidan iborat boʻladi yoki Stenli Kubrik filmi deganda mukammal kadrlar, sovuq goʻzallik, insonning qorongʻu jihatlari haqida chuqur tahlilni koʻrishimiz mumkin.