Mustaqillikka yangi tahdidlar
Koʻpqutbli dunyoning qaror topishi oʻta ziddiyatli kechayotir. Xalqaro hamjamiyat transformatsiyasi – bir bosqichdan boshqasiga oʻtishi ogʻriqli va xatarli jarayon ekani oydinlashdi. Mahalliy urushlar, mintaqaviy toʻqnashuvlar global ahamiyat kasb etib, jahon urushiga aylanib ketish xavfi ortmoqda.
Globallashuv, koʻpqutbli dunyoni shakllantirish va bu jarayonni toʻxtatishga urinishlar, baʼzi buyuk davlatlarning turli mintaqalarni oʻzi uchun “hayotiy muhim hudud” sanab, taʼsir doirada saqlab qolishga intilishi, iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar qoʻllash amaliyotining kuchayib borayotgani xalqaro ziddiyatlarning avj olishiga sabab boʻlmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar misli koʻrilmagan kuchli bosimlarga duch kelmoqda. Bu kabi geosiyosiy jarayonlar mazmun-mohiyatini toʻgʻri anglamoq uchun neoimperializm tushunchasini atroflicha oʻrganish lozim boʻladi.
Qoʻsh qutbning qaror topishi
XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Yevropa mamlakatlarida imperializmga bagʻishlangan koʻplab maqola va asarlar yozilgan. Ular qarama-qarshi gʻoyaviy-siyosiy jabhalarda turgan tadqiqotchilar qalamiga mansub. Mualliflarning ayrimlari imperializmni kapitalizm rivojlanishining obyektiv natijasi hisoblab, uni muqarrar hodisa sifatida talqin qilgan. Sotsialistik taʼlimot tarafdorlari bu fenomenni oʻta salbiy baholagan.
Imperializm geosiyosiy hodisa oʻlaroq birinchi navbatda tabiiy resurslar va bozorga ega boʻlmoq uchun taraqqiyotda ortda qolgan agrar mamlakatlarni bosib olish, mustamlakaga aylantirish siyosati edi. Xalqaro bosqinchilik siyosati harbiy soha va qurollanishni kuchaytirib, militaristik davlatlar safi kengayishiga olib keldi. Tabiiyki, oʻlja taqsimoti xamirdan qil sugʻurgandek kechmagan. Qurollanish, bir tomondan, zaif mamlakatlarni ishgʻol etish uchun; ikkinchi tomondan, oʻljani boshqa tajovuzkordan himoya qilish, qoʻldan chiqarmaslik uchun zarur edi.
Imperializm ichki stixiyali erkin raqobat cheklanib, mayda korxonalarning yirik korxonalar tomonidan qoʻshib olinishi, toʻliq boʻysundirilishi, umuman, ishlab chiqarishni monopollashtirish asnosida vujudga keladi. Mavzuni tadqiq etgan olimlarning aksari monopoliyalarning ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatishda raqobatni cheklashi va bu holning pirovardida iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatishiga eʼtibor qaratadi. 1916-yili inqilobchi Vladimir Leninning “Imperializm – kapitalizmning yuqori bosqichidir” nomli broshyurasi chop etilgan. Muallif imperializmni kapitalizmning monopollashgan shakli, chiriyotgan soʻnggi bosqichi deb taʼriflaydi. Chiriyotgan kapitalizm, chiriyotgan Gʻarb iboralari shundan qolgan.
Garchi dastlab Kanada (1889), soʻngra AQSh (1890), keyinchalik barcha rivojlangan mamlakatlarda monopoliyaga qarshi qonunlar qabul qilinib, monopollashtirish iqtisodiy taraqqiyot va tenghuquqli raqobat uchun zararli deb topilgan boʻlsa-da, uning turli niqoblangan shakllari haligacha yashab kelmoqda. Buni ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning zamonaviy yoʻnalishlari, masalan, elektron axborot sohasida kuzatish mumkin.
Imperiya va imperialistik davlat oʻzaro yaqin boʻlsa-da, teng tushunchalar emas. Yirik hududlar va mamlakatlar yakkaboshlik asosida boshqariladigan davlat imperiya deb ataladi. Buyuk Britaniya, Usmonli turklar, Rossiya, Avstriya-Vengriya imperiyalari shular jumlasidan. Niderlandiya, Belgiya, Ispaniya, Portugaliya kabi oʻlkalar esa oʻz koloniyalariga ega imperialistik davlatlar boʻlgan.
Imperiyachilik daʼvolari, mustamlakalarni qayta boʻlishga intilish oxir-oqibat Birinchi jahon urushini keltirib chiqardi. Rossiyada ikki inqilob roʻy berdi. Shuningdek, Germaniya va Vengriya muvaffaqiyatsiz yakunlangan revolyutsiyalarga guvoh boʻldi. Buyuk depressiya ham aslida imperializmga xos yangi tutumlar, monopol munosabatlar bilan anʼanaviy erkin raqobat oʻrtasidagi ziddiyatlardan kelib chiqqan edi. Birinchi jahon urushidan keyin garchi beshta yirik rasmiy imperiyadan toʻrttasi barham topsa-da, imperialistik ziddiyatlar toʻliq bartaraf etilmadi. Natijada Ikkinchi jahon urushi yuz berdi. Urushdan keyin esa xalqaro nizolarning oldini olish uchun BMTga asos solindi. 1940-yillar oxirida sotsialistik lager vujudga kelgach, jahon hamjamiyati ikki qutbga boʻlindi.
XX asr ikkinchi yarmida turli mintaqalarda milliy-ozodlik harakatlarining qudratli toʻlqini koʻtarildi. Imperializm gʻoyasi va siyosati inqirozga uchradi. Lekin imperializm oʻz pozitsiyalarini osongina boy berib qoʻymasligi aniq edi. Shu tariqa mintaqaviy muhorabalar, Koreya va Vyetnamda bilvosita ikki qutb oʻrtasida qurolli toʻqnashuv, metropoliyalar va ularning mustamlakalari oʻrtasida milliy-ozodlik urushlari roʻy berdi.
Shu tariqa dunyo miqyosida ijtimoiy fikr oʻzgardi, anʼanaviy imperializm oʻz mavqeini yoʻqotdi. Ikkiqutblilik maʼlum darajada geosiyosiy muvozanatni vujudga keltirdi. BMT Xavfsizlik kengashi va tinchliksevar kuchlar harakati, xalqaro tashkilotlarning davlatlar siyosatiga taʼsiri ortdi. Jahon davlatlari BMT va xalqaro tashkilotlar qarorlari, tavsiyalari, xalqaro jamoatchilik fikrini toʻliq inkor qilolmaydigan, qisman boʻlsa-da, hisobga oladigan boʻldi. Bu oʻzgarishlar pirovardida asta-sekinlik bilan inqirozga uchragan anʼanaviy imperializmning transformatsiyasiga olib keldi.
Geosiyosiy muvozanat buzilganda
XIX asr oxirlarida milliy chegaralardan chiqa boshlagan yirik monopol kartel va trestlar XX asrning 50–60-yillarda yirik transmilliy kompaniyalarga aylandi. Dunyo davlatlari ichki savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aksilmonopoliya qonunlarini joriy etib, ularni jilovlashga urindi. Bundan tashqari, yangi tuzilgan Jahon savdo tashkiloti va boshqa tuzilmalar xalqaro miqyosda monopolizmni cheklashga harakat qildi. Yevropa komissiyasining Raqobat masalalari boʻyicha bosh direktorati, Xalqaro raqobat tarmogʻi, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar, bozor iqtisodiyoti yoʻliga oʻtgan mamlakatlarning deyarli barchasida milliy aksilmonopol organlar vujudga keldi. Proteksionizmga qarshi kurashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Lekin bari qogʻozdagina silliq boʻlib, amalda qoidalarni chetlab oʻtishlar, korrupsiya va firibgarliklar barham topmadi.
Zamonaviy ilmiy-texnikaviy taraqqiyot yutuqlari, IT va boshqa texnologiyalarni oʻzlashtirish natijasida mutaraqqiy mamlakatlarning siyosati, ichki va tashqi munosabatlari yangicha sifat va mazmun kasb etdi. Xalqaro aloqalar, boshqaruv hamda transmilliy tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish zarurati, aloqalar va almashuvning haddan tashqari tigʻizlashuvi, yagona axborot makonining vujudga kelishi oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy robitalar evrilishga yuz tutdi. Xalqaro siyosiy munosabatlar ham tubdan oʻzgardi. Harbiy operatsiyalar, urushlar bosqinchilik siyosati mahsuli, zoʻravonlik usullari ekani maʼlum. Ikkiqutbli dunyo davrida (1950–1990-yillar) namoyishkorona kuch ishlatib, jahon jamoatchiligi fikrini ochiqchasiga inkor qilib, boshqa davlat hududini bosib olish mumkin boʻlmay qoldi. (Afsuski, istisno holatlar ham mavjud).
SSSR parchalanib, ikkinchi qutb mahv boʻlgach, ayrim Gʻarb davlatlari koʻp masalalarda, ayniqsa, mustaqil siyosat yuritishga intilgan rivojlanayotgan mamlakatlarni “jazolash”da BMT bilan hisoblashmay qoʻydi. AQSh va uning yaqin ittifoqchilari “dunyo jandarmi” vazifasini zimmasiga oldi.
XXI asrda harbiy kuch ishlatish, suveren davlatlar hududiga qoʻshin kiritish XIX asrdagi mustamlakachilik bosqinidan tamoman farq qiladi. Qoʻshin kiritilgan davlatda avvalgidek milliy boshqaruv institutlari oʻrniga kolonial maʼmuriy boshqaruv joriy qilinmaydi. Mahalliy guruhlardan ishgʻolchilarga sodiq hukumat tuziladi. Neoimperialistik kuchlar ichki ijtimoiy-iqtisodiy, huquq va sud masalalariga aralashib oʻtirmaydi. Ammo hukumat faoliyati va ichki siyosiy vaziyatni turli “yumshoq” usullar orqali qatʼiy nazorat qiladi.
Aslida, geosiyosiy ziddiyatlarni jilovlashda BMTning hissasi katta boʻlishi kerak edi. Afsuski, hozirgi kunda ziddiyatlar kamayish oʻrniga tobora koʻpaymoqda. Ayrim Gʻarb mamlakatlari xalqaro munosabatlarda ikki xil standartni qoʻllashi esa vaziyatni yanada chigallashtirmoqda, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch barham topmoqda.
Neoimperializm imperializmga xos asosiy belgilarni aynan yoki oʻzgartirgan holda saqlab qolgan, shu bilan birga, u yangi shakllarga ham ega. Hozirda kapital konsentratsiyasi, yaʼni mol-davlatning maʼlum guruhlar qoʻlida jamlanishi oʻta kuchli. Ayrim transmilliy kompaniyalarning mablagʻi aksar rivojlanayotgan mamlakatlar ichki yalpi mahsuloti hajmidan ortib ketgan, ularni hatto qiyoslab boʻlmaydi. Baʼzi sohalarda ishlab chiqarish goʻyo dekonsentratsiya boʻlgan, yaʼni yirik shirkatlar oʻz korxonalarini turli davlatlarga koʻchirib zaiflashgandek. Aslida, transmilliy kompaniya oʻz tuzilmalarini ishchi kuchi, xomashyo va energiya resurslari arzon, soliq stavkalari kam davlatlarga koʻchirib, bir oʻq bilan ikki quyonni uradi. Bunda, birinchidan, mahsulot tannarxi pasayib, foyda koʻlami oshadi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish korxonasi koʻchirilgan davlatning transmilliy kompaniyaga texnologik, iqtisodiy, hatto siyosiy qaramligi kuchayadi. Shu sabab, kezi kelganda unga qaysi davlat bilan qanday munosabat oʻrnatish “tavsiya” etiladi. Transmilliy kompaniya tuzilmalarining parchalanishi – kamyob hodisa. Kompaniya sud qarori bilan mustaqil korxonalarga boʻlinib, sotib yuborilsa ham, mulkdorlar tovon puli oladi. Oʻshanda ham kompaniya korxonalari manzilini koʻpaytiradi yoki oʻzgartiradi. Masalan, Detroyt shahri AQShning avtomobilsozlik markazi sanaladi. Eʼtiborga molik jihati, avtomobil ishlab chiqaruvchi transmilliy kompaniyalar ishlab chiqarishning salmoqli qismini Meksika va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga, hatto Yevropaga koʻchirgan. Bu bilan kompaniya har bir ishchi boshiga oylik maoshdan 1-1,5 ming dollargacha, ijtimoiy va boshqa soliqlardan esa yanada katta foyda koʻradi. Yevropaga koʻchirish esa avtomobillarni kemada Atlantika okeani orqali tashish, transport va sugʻurta xarajatlari, bojxona toʻlovlaridan xalos etdi. Bugun Detroyt aholisining salkam yarmini yoʻqotgan, baʼzi koʻchalari huvillab yotibdi. Albatta, bunga maʼlum darajada yapon, xitoy, olmon avtomobillari raqobati ham taʼsir koʻrsatgan.
Yana bir xavfli tendensiya shuki, ekologik jihatdan zararli ishlab chiqarish korxonalari, kimyoviy xavfli sanoat boʻgʻinlari ham rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻchirilyapti. Ishlab chiqarishni isteʼmol bozori yoki arzon ishchi kuchi va resurslar hududiga koʻchirish sarmoya, ishlab chiqarish hamda bank kapitali qoʻshilishining yangi simbiozini vujudga keltirdi.
Investitsiya kiritish har doim ham begʻaraz iqtisodiy munosabat boʻlavermaydi. Odatda, sarmoya kiritayotgan davlat mablagʻlarning asosiy ulushini oʻz kompaniyalariga oʻtkazadi. Investor maʼlum mamlakatda korxona qurib, uni jihozlaydi. Bunda koʻpincha sarmoyador asbob-uskunalar, jihozlar, texnologiya qiymatini oʻzi belgilaydi va u baʼzi hollarda bozordagi narxdan ancha yuqori boʻladi. Rivojlanayotgan davlat investitsiyalarni jalb qilish, korxonani barcha jihozlari va texnologiyasi bilan tayyor holda olish uchun sarmoyador shartlariga koʻnishga majbur. Sirasini aytganda, investitsiya kiritishda ham niqoblangan shakldagi monopolizm unsurlari saqlanib qolgan. Bu – neoimperialistik iqtisodiy munosabatga bir misol.
Qoʻli uzun davlatlar
Neoimperializmning belgilaridan yana biri – jahon moliya-kredit, bank tizimi, banklararo hisob-kitob, savdo-sotiq va toʻlov tizimining total (yalpi) nazoratga olishga urinishdir. Jumladan, savdo-sotiq, iqtisodiy almashuvda yagona xalqaro toʻlov rezerv valyutasi (AQSh dollari) va hisob-kitobni amalga oshirishning zamonaviy elektron mexanizmi yaratilgan. Erkin konvertatsiya qilinadigan yevro, funt sterling, iena, frank va boshqa valyutalar AQSh dollariga nisbatan yordamchi rol oʻynaydi. Global ziddiyatlarning eng kuchlisi, taʼbir joiz boʻlsa, Uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan sabablardan biri – xalqaro hisob-kitoblarda ayrim yirik va iqtisodiy baquvvat davlatlarning AQSh dollaridan voz kechish istagidir. Bu neoimperialistik ziddiyatlarning butun xalqaro aloqalarga, geosiyosiy vaziyatga kuchli taʼsir koʻrsatayotganidan dalolat beradi.
Milliy va xalqaro toʻlov tizimi innovatsion axborot texnologiyalari taʼsirida tubdan oʻzgardi. Bu – axborot texnologiyalari ravnaqi hamda moliyaviy xizmatlarning jahon miqyosida konsentratsiyalashuvi natijasidir. Milliy doirada real vaqt rejimida yalpi hisob-kitoblar tizimi (Real Time Gross Settlement – RTGS) joriy etildi. Hammamiz kundalik hayotda foydalanadigan plastik kartochkalar shu tizim unsuridir. Agar 1985-yili dunyo boʻyicha faqat 3 foiz markaziy banklar bu tizimni joriy qilgan boʻlsa, 2000-yilga kelib 90 foizdan oshdi. 2020-yili faqat 1 foiz markaziy banklar mazkur tizimni joriy qilmagan edi.
Xalqaro toʻlov tizimlariga kelsak, avvalo, bosh serveri AQShda joylashgan SWIFT tizimini eʼtirof etish lozim. Mazkur qisqartma oʻzbekchaga “Banklararo toʻlovlarni amalga oshirish va axborotni uzatish xalqaro tizimi” deb oʻgiriladi. Ushbu tizim kredit kartalari orasida Visa International, Master Card Worldwide kabi mashhur brendlar mavjud. Xalqaro hisob-kitobni qulaylashtirish maqsadida taʼsis etilgan SWIFT tizimidan bugun boshqa davlatlarga bosim oʻtkazish maqsadida ham foydalanilmoqda. Katta-kichik doiralarda Rossiya va Xitoyni mazkur tizimdan uzish taklifi yangramoqda. SWIFT boshqa davlatlarning ichki va tashqi iqtisodiy aloqalarini nazorat qilish quroliga ham aylangan. Harholda tizim orqali toʻlovlarga oid maʼlumotlar uning taʼsischilari qoʻlida. Hozirgi davrda axborotning oʻzi qudratli kapitalga aylangani ayni haqiqat.
Daromadni milliy makon, milliy soliq nazoratidan olib chiqish, “boj-xiroj” miqdorini kamaytirish uchun ofshor zonalar yaratilgan. Ofshor hududlar korrupsiya va boshqa noqonuniy yoʻllar orqali topilgan mablagʻlarni “halollash”da firibgarlar, qoʻli egri tadbirkorlar va jinoiy tuzilmalarga qoʻl keladi. 2010-yili moliyaviy institutlar boshqaruvidagi ofshor aktivlar miqdori 7,8 trillion dollarni tashkil etgan. Anʼanaviy imperializm davrida ofshor zonalar boʻlmagan.
Axborot konsentratsiyasi va yagona axborot maydoni ustidan nazorat oʻrnatishga urinish neoimperializmning yangi alomatlaridan sanaladi. Bu yogʻini soʻrasangiz, neoimperialistik kuchlar nafaqat jahon axborot maydoni, shuningdek, uyali aloqadan foydalanadigan har bir kishi ustidan ham nazorat oʻrnatmoqda. Toʻgʻri, oddiy fuqarolarning soʻzlashuvlari tegishli markazlarni kam qiziqtiradi. Ammo nazorat qiluvchi dasturlarda maʼlum bir “kalit soʻzlar” borki, muloqotda ular jaranglab qolsa, suhbat avtomatik tarzda yozib olinadi. Bu goʻyoki terrorchilar, jinoiy guruhlar va mafiya tuzilmalari xatti-harakatini nazorat qilish uchun zarur. Ammo mobil aloqadan siyosatchilar, davlat arboblari, harbiylar, biznes vakillari ham foydalanishini hisobga olsak, aloqaning total nazorati neoimperializmning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, mafkuraviy va ijtimoiy manfaatlariga xizmat qilishi ayonlashadi.
Keyingi yillarda raqamli texnologiyalar yordamida yuz berayotgan kapital konsentratsiyasi va amaliyotini baʼzi tadqiqotchilar “texnofeodalizm” deb atamoqda. Bu borada, ayniqsa, Gretsiyaning sobiq moliya vaziri, professor Yanis Varufakis “Texnofeodalizm: kapitalizmni nima oʻldirdi?” kitobida keltirgan mushohadalar diqqatga sazovor. Taqrizchi Maksim Semelyakning maqolasidan iqtibos keltiramiz: “Y.Varufakis talqiniga muvofiq, biz inersiya boʻyicha kapitalizm deb hisoblaydigan voqelik aslida unday emas. Biz tobora uqubatli oʻrta asrga botib borayotirmiz. Varufakis joriy iqtisodiy tuzumni texnofeodalizm deb ataydi. Unda daromad oʻrniga – renta, unumdor mehnat oʻrniga – qullik. Muallif Amazon va Google kabi texnik platformalarni (ularni klaudalistlar deb ataydi) tovar va xizmatlar taqdim etuvchi nufuzli shirkatlar deyish notoʻgʻri, deb hisoblaydi. Ularning biznesi bozorning tashqi belgilariga ega, biroq mohiyatan u yoki bu kishining raqamli feodal mulkidirki, u yerini qarollari (krepostnoylari) oʻrtasida taqsimlash oʻrniga bulutlardagi (yaʼni havoyi, mavjud boʻlmagan – A. E.) joylarni taqsimlaydi va undan renta oladi. Ushbu neofeodal tizimda Amazon, Tencent, Alibaba, Facebook, Apple, Google va boshqa texnogigantlar – yangi boshqaruvchi sinfga; bulutlarga toʻgʻridan toʻgʻri aloqasi yoʻq qolgan kompaniyalar va ishlab chiqaruvchilar avtomatik tarzda ularning vassallariga aylanadi” (Maksim Semelyak. Novoe srednevekove: tochno li kapitalizm prevratilsya v feodalizm? // https://kz.kursiv.media/2024-04-06).
Texnofeodalizm hodisasi neoimperializmning hozirgi IT va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy munosabatlar muhitida yuzaga kelgan shakllaridan biridir. Kapital va ishlab chiqarish konsentratsiyasi, iqtisodiy munosabatlarni boshqarish usullari shu darajaga yetmoqdaki, uni anʼanaviy imperialistik munosabatlar bilan feodalizmga xos ayrim shakllarning oʻziga xos sintezi deyish mumkin. Bu hodisa monopoliyalashtirishning yangi koʻrinishidir. M.Semelyakning yozishicha, AQSh va Yevropada kichik va oʻrta biznes vakillarining yirik platformalarga qaramlikdan shikoyati ortib bormoqda. Deylik, isteʼmolchiga sifatli taʼlim oʻrniga onlayn dastur, tibbiy xizmat oʻrniga sogʻlomlashtiruvchi ilovalar taklif etiladi. “Amazon va Google shirkatlariga oʻsib borayotgan bezarar servis tarmogʻi deb qarash mumkin, lekin ularning xizmatlari tobora toza suvdek muqobilsiz neʼmat boʻlib borayotganini sezmaslik mumkin emas”, deb yozadi muallif.
Iqtisodiy qaramlik xatari
Buyuk davlatlarning siyosati mohiyatan oʻzgargan emas: jahon mamlakatlarini oʻziga boʻysundirish, iqtisodiy qaram qilish va boyliklariga sherik boʻlish. Ammo eski mustamlakachilik tizimi yemirilgach, yangisini oʻylab topish kerak edi. Neoimperialist mamlakatlar, aniqrogʻi, transmilliy kompaniyalarning xalqaro siyosati shu maqsadga qaratildi.
AQShlik iqtisodchi Jon Perkins butun dunyoda shov-shuv uygʻotgan “Iqtisodiy qotil iqrornomasi” kitobida yozishicha, rivojlangan Gʻarbning turli konsalting, investitsion va injiniring kompaniyalari, banklari, jamgʻarma va boshqa institutlari yosh davlatlarga goʻyo qisqa muddatda qoloqlikdan qutulib, moʻjizaviy tarzda rivojlanish yoʻliga oʻtishi uchun loyihalar tuzib beradi, ularni amalga oshirish uchun yirik kreditlar olishda “xolis, begʻaraz” yordam taklif etadi. Asl maqsad esa umrbod qutulib boʻlmaydigan iqtisodiy qaramlik domiga tushirishdir. “Kredit shunchalik ulkanki, qarzdor bir necha yildan keyin oʻz toʻlovlari boʻyicha defolt eʼlon qilishga, oʻzini har tomonlama cheklab, birinchi navbatda ijtimoiy nafaqalar, pensiyalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyatga ajratiladigan mablagʻlarni kamaytirib, avval olgan kreditlari foizlarini toʻlash uchun yangi kreditlar olishga majbur boʻladi”, deb yozadi J.Perkins (Perkins J. Confessions of an Economic Hit Man. Berrett-Koehler Publishers, 2004).
Google maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil oxirida Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) mezonlariga koʻra, kredit olgan kambagʻal va rivojlanayotgan mamlakatlar qarzi 9 trillion dollarga yetgan. Ularga toʻlanadigan mablag‘ bir yilda 62 milliard dollardan oshadi. Bu yerda gap davlat va davlat kafilligida olingan qarzlar toʻlovi haqida ketmoqda. Qarzdorlik umumiy summasi 2010-yilga nisbatan ikki baravardan koʻproq oshgan. 2010-yildan 2021-yilgacha tashqi qarzlar tuzilmasi keskin oʻzgarib, davlat va davlat kafilligida daromadi past va oʻrtacha mamlakatlarning xususiy kreditorlardan olgan qarzi 61 foizga oʻsgan (Бремя обслуживания долга у бедных стран достигло максимального уровня с 2000 года. https://www.vsemirnyjbank.org/ru/news/press-release/2022/12/06). Shunga koʻra Gʻarb banklaridan kredit olishda oʻta ehtiyotkorlik, moliyaviy huquqni yaxshi bilish va meʼyordan chiqmaslik tavsiya etiladi.
Shu bilan birga rivojlanayotgan davlatlarga kredit beruvchi Sharq davlatlari ham paydo boʻldi. Yalpi kredit summasida Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlar ulushi oʻsib borayotir. Ularni jahon investitsiya bozorida Gʻarb bilan raqobat qiluvchi yangi oʻyinchilar deyish mumkin. Sobiq imperialistik davlatlarning koʻpchiligi rivojlanayotgan mamlakatlarni kredit berish va investitsiya kiritish, qisman savdo-sotiq orqali iqtisodiy va texnologik qaramlikda, jillaqursa, oʻz taʼsirida saqlab qolishga intilmoqda.
Anʼanaviy imperializm harbiy kuch yordamida qoloq mamlakatlarni oʻz mustamlakasiga aylantirgan boʻlsa, neoimperializm “yumshoq kuch” ishlatib, moliyaviy, texnologik va axboriy jabhada qaram qilish yoʻlini tanlagan. “Yumshoq kuch” – mustaqil davlatlarni qaram qilish siyosatining sermahsul usulidir. Nafaqat IT, bio va nanotexnologiyalar, shuningdek, kognitiv texnologiyalar, jumladan, omma ongini boshqaruvchi gʻoyaviy tashviqot va amaliyot texnologiyalari ham yaratildi. Kognitiv texnologiyalarda omma ongini axboriy xuruj, feyk maʼlumotlar bilan chalgʻitish, manipulyatsiyalash usullari birlashib ketgan.
Xulosa qilib aytganda, neoimperializm anʼanaviy mustamlakachilikning evrilishga uchragan, niqoblangan koʻrinishidir. Uning mafkuraviy ittifoqchisi sanalgan neoliberalizm gʻoyasi haqda keyingi maqolamizda batafsil soʻz yuritamiz.
Abdurahim ERKAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.