Atoqli adib Sharof BOSHBEKOV bilan suhbat.
– Taʼbir joiz koʻrilsa, Sharof Boshbekov qachon, qayerdan “boshlangan”?
– Men odamlarning baxshisi, baxshilarning yaxshisi ustoz Fozil Yoʻldosh bilan deyarli hamqishloq edim. Deyarli deyishimga sabab qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin joylashgan edi. Ayni qish vaqti Fozil ota “koʻmir, oʻtin-choʻpdan qiynalib qoldim, uyimdan chakka tomyapti, hech kim xabar olmaydi”, deya Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Sovet va Markazqoʻmga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. Oʻsha kezlar Oliy Sovet raisi boʻlgan Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga boradi. Qaytishda oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik deb Fozil otaning uyiga kirib oʻtadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qoʻy soʻyilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro‘ odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi (u kishi oʻsha kezlar Qoramoʻyin qishloq sovetida kotib boʻlib ishlaganlar). Ollohning qudrati bilan kechasi qalin qor yogʻib, uy eshiklari ochilmay qolgan, hatto mashinani koʻmib yuborgan (otamiz taʼbiri bilan aytganda, ot yurolmas qor bosgan). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur boʻlishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qoʻshnilardan biri derazani chertib:
– Boshbek aka, oʻgʻilli boʻldingiz! – deya xushxabar olib keladi.
– Nima ism qoʻyasiz, Boshbekboy? – deydi Fozil ota.
– Oʻzlaringiz bir nima deysizlar-da… – deydi otamiz boshlarini eggancha.
– Boʻlmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga Sharof deb qoʻyasizda! – deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi.
U kishi miyigʻida kulib oʻtirarkan, eʼtiroz bildirmabdi. Buni “sukut – rizolik alomati” deb tushungan padarimiz ertasi kuni yangi tugʻilgan mehmonga “Sharof Boshbekov” degan hujjat olib keladi.
Ana oʻsha “ot yurolmas qor bosgan” kechada tugʻilgan chaqaloq kamina boʻladilar. Oʻshanda 1951 yilning 4 yanvar sanasi ekan...
– Sharof aka, ochigʻi, shu paytga qadar savol berishdan osoni yoʻq deb yurarkanman. Ammo siz bilan boʻlajak musohaba oldidan xiyla kalovlanganimni yashirmayman. Buni qarangki, ijtimoiy tarmoqdagi luqmangizda (bugun uni ohanjama “post” deyish urfda) bir oz qimtinib eslatganingiz – oʻzingiz bir kezlar qoralagan sheʼrni oʻqidimu suhbatga kayfiyat bagʻishlar degan niyatda gapni shundan boshlay qolaylik, dedim. Mana, oʻsha sheʼr:
Mayli, yogʻdir – yana neki azoblaring bor,
Gʻanim boʻlsin, mayli, qancha kazzoblaring bor.
Tanim nimta qilsin – ne-ne qassoblaring bor,
Yigʻlamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!
Sevsam kimni, oh-vohlarsiz kulib suyaman,
Xiyonatga koʻzyosh toʻkmam, kulib kuyaman.
Armonlarning yuki ezsa, kulib oʻlaman,
Yigʻlamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!
Bundan oldin sheʼrlaringizga koʻzim tushmagan edi. Mazkur misralar – oʻsha yozilgan damdagi kayfiyat mahsulimidi yoki?..
– 1985–1995-yillar hayotning zalvorli zarbalariga duch keldim. Yozuvchilar uyushmasining Dramaturgiya va kinodramaturgiya shoʻbasida duppa-durust ishlab turgan edim, uyushma rahbariyati almashgach, ishdan ketishga majbur boʻldim.
“Ulugʻbek” fondi qoshida “Ulugʻbekfilm” kinostudiyasini tashkil etdik, uyam iqtisodiy muammolar sabab, yopilib ketdi. Oʻz asarim asosida “Farhod qoʻshuv Shirin” degan kino olayotgan edim, bu ham toʻxtab qoldi. Nimagaki qoʻl ursam, qumday toʻkilib keta boshladi.
Bulari yetmaganday, ne sababdandir maxfiy bir tashkilot “eʼtiboriga molik” topildim. Ertayu kech kuzatuvga olishdi baraka topkurlar. Vaholanki, men bu idoraning diqqatini tortadigan zigʻircha ham ish qilganim yoʻq edi; yangi partiyalarning qurultoy va plenumlarida qatnashmas, turli-tuman mitinglarga-ku umuman yaqinlashmas edim. Mendan koʻra ancha faol ijodkorlar tiqilib yotuvdi-ku. Lekin oʻsha zamonda dolzarb hisoblangan mavzularda tinimsiz, surunkali yozar edim. Xudoning bergan kuni yo radio-televidenieda, yo gazeta-jurnallarda kichkinagina boʻlsa ham nimamdir chiqar edi. Bir kunda ikkita-uchta nashrda maqolam chiqqan vaqtlar ham boʻldi. Ertalab radioda qandaydir maqola yoki hikoyam berilsa, kechqurun “Toshkent oqshomi”da yana bir narsam gazetxonlarga “salom berib” turgan boʻlar edi. Hozir arxivimni titkilasam, oʻsha yillari “quturib” yozgan ekanman. Koʻcha-koʻyni toʻldirib turgan ajnabiy soʻzlar dengizida gʻarq boʻlayozgan ona tilim haqida “Oʻzbak tili” nomli hajviyam ancha shov-shuv boʻlgani esimda. Vaholanki, u davrlar til haqida qonun yoʻq edi, lekin vijdon bor edi. Sirasi, millat oydinlari sovet zamonida ham jim turmagan.
Yozuvchilar uyushmasida ishlab yurgan kezlarim. Bir kuni ertalab ishga kelsam, hamma menga achingandek qaraydi. Hayron boʻlaman. Hamxonam Otayor aka stolimga sekingina bir gazeta qoʻydi. Qarasam, Markazkomning organi boʻlmish “Sovet Oʻzbekistoni”ning 1984 yil 23 dekabr soni. Maqola tagida ism-familiya qoʻyilmagan, demak, bu – Markazkomning nuqtai nazari. Unda “Tushov uzgan tulporlar” asarim qattiq tanqidga olingan edi. Bu asar qishloq xoʻjaligini, hozirgi taʼbir bilan aytganda, ajriqday bosib ketgan korrupsiya haqida edi. U vaqtlardagi taomilga koʻra bu hurmatli nashrda chiqqan har qanday maqolani (ayniqsa, u tanqidiy ruhda boʻlsa) gazeta-jurnallar koʻchirib bosishga majbur edi. Shunday boʻldi ham. Hatto bir yil oldin ushbu asarga “Yilning eng yaxshi nasriy asari” mukofotini bergan “Yoshlik” jurnali ham. Keyinchalik maʼlum boʻldiki, maqsad “Yoshlar orasida gʻoyaviy nojoʻya asarlar yaratilyapti, uyushma rahbariyati qayoqqa qarayapti?“ degan bahona bilan raisimizni ishdan olib, oʻrniga yetovga yuradigan boshqa bir odamni oʻtqazish ekan. Xalqimizda “Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda koʻr” degan gap bor. Biz ham ana shunday siyosiy oʻyinlarda “echki” rolini oʻynaganmiz.
Mamlakat mustaqillikka erishgach, talay yutuqlar qatori koʻplab xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyildi. Kamchiliklariga kuyundim, yaxshi tomoniga suyundim. Bu jarayonlarning hammasini oʻz tomorqamda roʻy berayotgandek yuragimga yaqin oldim. Oxir-oqibatda yiqildim. Vrachlar insult deb tashxis qoʻyishdi. Bir qoʻl, bir oyoq ishlamay qoldi. Butunlay tildan qoldim. Lekin yana yozaverdim. Xontaxtadagi mashinkamgacha emaklab borib, chap qoʻlimning koʻrsatkich barmogʻi bilan boʻlsa-da, yozaverdim. (Hozirgacha shu taxlit yozaman.) Oʻzimdan ham koʻra ayolimga qiyin boʻldi. Yursam oyogʻim boʻldi, tutsam – qoʻlim. Endi bilsam, men oʻshanda nainki bolalarimning boʻlajak onasiga, balki 48 kiloli SABR-TOQATga uylangan ekanman.
Xastalanib qolganimga salkam yigirma besh yil boʻldi. Mana, shuncha vaqtdan beri meni oq yuvib, oq tarab kelyapti. Baraka topsin.
Dard – Ollohdan, lekin dardga olib keladigan yoʻl bandasidan ekan. Siz eslagan sakkiz qator sheʼr meni yigʻlatmoqchi boʻlgan “bandalar”ga qarata aytilgan.
Mana, doʻstim, oʻsha sheʼr bahona oʻtmishga sayohat ham qilib oldik.
– Kuzatishimcha, hech qachon umumjamiyat, yuqorilayversak, umummilliy masalalardan oʻzni chetga tortgan shaxs emassiz. Yoʻqsa, “Temir xotin”u “Tikansiz tipratikanlar”, “Eskishahar gavroshlari”yu, “Eshik qoqqan kim boʻldi?”, “Tushov uzgan tulporlar”u “Tentak farishtalar” kabi dramalar bitilmagan boʻlardi. “Faol fuqarolik pozitsiyasi” degan tushunchaning iyigʻini chiqarib yuborgan boʻlsak-da, jonfidolik, yurt taqdiriga befarq boʻlmaslik kabi fazilatlar hali eskirgani yoʻq. Aytmoqchimanki, sizning har bir asaringizda ijtimoiy pozitsiya manaman deya boʻy koʻrsatib turadi. Sharof Boshbekov bugun sahna asari bitsa, jamiyatning qay muammolarini qalamga olgan boʻlardi? Oʻzi sahnani – ham tom maʼnoda, ham ich-ichidan, doʻngu nishabigacha bilgan atoqli dramaturg nega bugun asar bitmayapti?
– Xalqimizda “Oʻgʻriga mol qahatmi?” degan gap bor. Yozaman degan odamga muammo tiqilib yotibdi. Oʻtgan yilning boshlarida Oʻzbek davlat drama teatrida “Yer baribir aylanaveradi” degan asarim sahna yuzini koʻrdi. Bu asarimda ham bironta yozuvchi qoʻl urmagan muammoni qalamga olishga harakat qildim.
Men tabiatan kurashchi odam emasman – tez taslim boʻlib qoʻyaqolaman. Masalan, yoshligimizda oʻrtoqlar bilan choʻmilishga borardik. Koʻlning oʻrtasiga kelib charchab, holdan toyib qolsam, boshqalarga oʻxshab jon-jahdim bilan tipirchilab, baqirib-chaqirib, hayot uchun kurashish oʻrniga “Boʻldi, ajalim shu yerda ekan” deb, tezgina taqdirga tan berib qoʻyaqolardim. Koʻp marta doʻstlarim qutqarib qolgan. Hatto insult boʻlganimda ham hayotga yopishib olganim yoʻq. Shunchaki omadim keldi. Avvalo – Xudo, keyin oilam, atrofimdagilarning mehr-muhabbati tufayligina jonim omon qoldi, deb oʻylayman. Endi oʻzingiz ayting, oʻz hayoti uchun kurasholmagan odam qanday qilib boshqalarni yorugʻlikka olib chiqa oladi?
Lekin yurtimda yuz berayotgan ijtimoiy voqea-hodisalarga befarq emasman – harholda, baholiqudrat munosabat bildirib turibman. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp bahs-munozaraga sabab boʻlayotgan – Oʻzbekistonda AES qurish-qurmaslik masalasi. “Qarshilar” ham ikkiga boʻlinib ketgan: birinchisi – “rusofoblar”, ular AESga emas, Rossiyaga qarshi. Aytaylik, Amerika yoki Shveysariya texnologiyasi asosida quriladigan AES boʻlsa – marhamat, faqat Rossiyaniki boʻlmasa bas. Ikkinchisi – sogʻlom fikr qiladiganlar. Ular nega qarshi boʻlayotganini asoslab beradi. Kamina ham shu guruhga mansubman. Men ham hozir AES qurilishiga qarshiman. Chunki bizda qurish madaniyati yetishmaydi, undan foydalanish madaniyati yetishmaydi. Ozgina insof ham... Oʻgʻrilik koʻp. Ilgari men jahon energetika tanqisligini nazarda tutib Oʻzbekistonda AES qurish tarafdori edim, ammo Sardoba fojiasidan keyin oʻylanib qoldim.
Insoniyat atom energetikasidan oʻzga yoʻl yoʻq ekanini allaqachon anglab yetdi. Bir avlod keladi. Iymonli-eʼtiqodli, oʻqimishli, bilimli. Yurtimiz yuksala borgan sayin elektr energiyasiga koʻproq ehtiyoj sezadi. Oʻzbekistonda hali-ku bitta ekan, har viloyatning oʻzigagina xizmat qiladigan oʻnlab kichik AESlar quriladi. Minglab, respublika boʻyicha balki millionlab ish oʻrinlari yaratiladi. Bu utopiya emas, amalga oshirsa boʻladigan orzu. Orzuni roʻyobga chiqarish esa oʻzimizga bogʻliq. Faqat oʻyinbuzuqilar oyoq tagida oʻralashmay tursa boʻldi. Bundan xalqqa, millatga bir chaqalik foyda yoʻq, faqat ularning hemiri bir siyosiy gʻururchasining qichigʻi qonadi, xolos.
– Kulmasangiz, bir voqeani eslagim keldi. Kamina tabiatan “teatral” boʻlgani vajidan, esni tanigandan buyon teatrga oshnomiz. Hatto bir vaqtlar, garchi iqtisod yoʻnalishida oʻqisak-da, jillaqursa, “sahnaning hididan bahramand boʻlmoq” ilinjida, hozirgi Milliy teatr buxgalteriyasiga yarim-yorti ishga kirvolib, hisobxonani oʻz holiga tashlab, huda-behuda sahnaga termilib oʻtirganimiz rost. Oʻsha – 90-yillar boshida Said Ahmad domlaning romani asosida “Ufq yoʻllarida” degan spektaklni rejissyor doʻstingiz Olimjon Salimov sahnaga qoʻygan edi. Esimda, inssenirovkadagi biron dialog yoki mizansahna oʻxshamayroq qolsa, rejissyor “Man Sharofga aytaman, shu joyiga biron narsa yozib beradi” der, teatr asrorlaridan u qadar xabardor boʻlmagan kamina esa, “Asar Said Ahmadniki-ku, nega unga Sharof Boshbekov qoʻshimcha qoʻsharkan?” deya hayron boʻlardim. (Keyinroq bilsak, goʻri nurga toʻlgur domlamizning bunaqa “mayda ishlar”ga ragʻbati kamroq ekan.) Yanglishmasam, oʻshanda teatr bilan, rejissyorlar bilan ijodiy hamkorligingiz juda qalin edi. Keyin-keyin “teatrusidan etak silkib ketmak”ning boisini bilgim kelyapti...
– Olimjon aka bilan ilgari ham uch-toʻrtta pesa ustida ishlaganmiz. Lekin “Temir xotin”dan keyin, Mashrab Boboevchasiga aytganda, “tugʻishgan jigardan ham battar” boʻlib ketdik. Olimjon aka oxirgi yillarda nimaiki asar sahnalashtirmasin, barchasi mening mashinkamdan chiqqan. (U vaqtlar kompyuter yoʻq edi.) Asarga koʻpda aralashavermasdim (harqalay, birovning asari), faqat ega-kesimini toʻgʻrilab, tinish belgilarini joy-joyiga qoʻyib berardim. Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Toshkentga sayohat”, Said Ahmadning “Ufq”, Jan Batist Molerning “Uchar tabib”, Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” kabi asarlari asosidagi spektakllar shu taxlit dunyoga kelgan. Faqat bir martagina ustoz Said Ahmad “Ufq” spektaklining muhokamasida “Bu yerda Boshbekovning ham xizmati katta boʻlgan” deb eʼtirof etganlar.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin shunday vaqtlar boʻldiki, “sovetlarniki” degan tamgʻa ostida shakllanib boʻlgan, tuppa-tuzuk ishlab turgan butunboshli tizimlar supurib tashlandi. Bunday “supurindilar” ichida teatr, xususan, dramaturgiya ham bor edi. Shunday qilib, dramaturgiya “koʻchada qoldi”. Jumladan, men ham. Yozganlarim hech kimga kerak boʻlmay qoldi.
Kinoda vaziyat boshqacha kechdi. Uzoq vaqt Moskvadan “koʻngil uzolmay yurdi”. Bu degani ishlab turgan tizim va ish berib turgan tushunchalardan birdaniga voz kechilgani yoʻq. Oʻshanda bu hol “rossiyaparastlik” deb baholangan esa-da, keyinchalik yakkayu yagona toʻgʻri yoʻl ekani maʼlum boʻldi. Shu sabab boʻlsa kerak, mustaqillikka “shoshilgan” baʼzi davlat kinochilari oʻzbek kinosidan panoh topib, shu yerda jon saqladilar.
“Sut bilan kirgani – jon bilan chiqadi” deganlaridek, kinoda ham “qitmirligim”ni tashlamadim. Masalan, “Tilla bola” filmida “Yering boʻlmasa ham bir balo, yering boʻlsa ham” degan jumla bor. Bu gap tanqidchilar tomonidan yerni egasi – dehqonlarga berish haqidagi prezident farmoniga qarshi chiqish, deb baholandi. Lekin oʻsha vaqtdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga koʻra biron joyda rasmiy munosabat bildirilmadi. Keyin, yana oʻsha filmda: “Nima, “Lenin” senga goʻng beradimi? (Kolxoz deyilmoqchi.) Ha, beradi-ya, beradi! Olasan! “Lenin”ning oʻzi goʻng qidirib yuribdi-yu!” degan gaplar bor. Bu mustabid tuzumdan unchalik uzoqlashib ketmagan rahbariyatga oʻtaketgan shakkoklik boʻlib tuyulgan edi. Ogʻzaki nutqda qoʻshtirnoqlar koʻrinmaydi-da. Oʻlganning ustiga tepganday, shu soʻzlarni aytgan aktyorga oʻzim ovoz berganman...
– Gap aylanib, kino mavzusiga keldik chogʻi. Maʼlumu mashhur “Charxpalak» teleserialini aytmay qoʻyaqolay, “Maʼrif va Sharif”, “Tilla bola”, “Masxaraboz”, “Yuzsiz”, “Doka roʻmol qurishi”, “Oʻyin” kabi oʻnga yaqin badiiy filmning ssenariy muallifisiz. (“Masxaraboz”ga oʻzingiz rejissyorlik ham qilganingizdan xabarimiz bor.) Keyinroq nega kinodan uzoqlashdingiz, degan savol bersam, javobiniyam taxminan bilaman. Chunki maʼlum muddat kinoga aralashib yurganimda sizning kinossenariylardan iborat “Musofir boʻlmaguncha” degan kitobingiz qoʻlimga tushib qolib, necha rejissyorga zorillab dalolat qilganlarimu ul “daholar”ning har turli bahonalar qidirgani yodimda. Soʻramoqchi boʻlganim – kino deganlari endi shundoq, yaʼni kaminaning shaxsiy fikricha – chala milliy, chala professional, chala taqlid, chala original holda qolaveradimi yoxud nimalardandir umid bormi?
– Sanʼat instituti talabalari bilan boʻlgan uchrashuvda har safar bir narsani taʼkidlayman: aktyor uchun kino bilan teatrning farqi shundaki, teatr – bu oila, ota-ona, aka-uka, opa-singil, kino esa jazman – har zamonda bir borib qoʻyasiz, paket-maket koʻtarib. Lekin jazman (kino) qurmagʻur jozibali-da – juda tez mashhur qilib yuboradi. Bir tomoni borki, u sizni faqat oʻzi xohlagan paytdagina qabul qiladi. Oʻzingizcha bostirib kirib, oʻtirib ololmaysiz. Kinodan taklif boʻlishini kutib, toshbaqa tuxumiga tikilganday, telefondan koʻz uzmay kutib oʻtiraverasiz, oylar, yillar oʻtib ketaveradi. U allaqachon sizdan yoshroq, sizdan chiroyliroq boshqasi bilan topishib, ishini bitirib yurgan boʻladi. Sizsiz ham kino toʻxtab qolmaydi. Oilangizga (teatrga) esa qarib-qartayib, sochingizga oq oralasa ham, yuzingizni ajin qoplasa ham kerak boʻlasiz. Umuman, teatrda ishlamaydigan “sof” kinoaktyorlarga mening rahmim keladi. Afsuski, bu toifa “aktyorlar” borgan sari koʻpayib ketyapti. Bu faqat aktyorlarga emas, ssenariynavislarga ham taalluqli.
Mening teatrni qoʻyib kinoga oʻtib ketishim yoki aksincha – kinoni tashlab, teatr uchun yozishim faqat moddiy manfaat tufayli emas, hamma gap muhitda. Muhit yaxshi boʻlsa, yayrab ishlayman. Tepamda birov miltiq oʻqtalib tursa, ishlash ishtiyoqim soʻnib qoladi.
“Sharof kinoga oʻtib ketdi, bundan kino hech nima yutmadi, lekin teatr koʻp narsa yutqazdi” deguvchilar ham boʻldi. Lekin men qaerda boʻlmasin, astoydil ishladim, sal boʻlsa-da boʻshashtirmadim. Tinmay yozdim. Siz aytgan oʻsha “Musofir boʻlmaguncha” ssenariylar toʻplamida kinomiz peshvolari tomonidan qabul qilinmagan oltita asar bor. Ularning bari qachonlardir rejissyorlar koʻziga surtib ekranlashtiradigan asarlar ekaniga sira shubha qilmayman. Ana oʻshanda siz kutgan filmlar ekran yuzini koʻrsa ajabmas. Oʻzbek kinosida hali aytar soʻzim bor. Bir-ikkita yosh rejissyorlar chiqib kelyapti. Ular hali buzilmagan. Ularni avaylab-asrashimiz kerak.
– Sharof aka, bugun faqirona kuzatishlarimdan oʻzimcha bir narsalarni anglagandekman. Teatr olamida ham, kinosida ham, ayniqsa, repertuar siyosatida bir vaziyat hukmron: yo tomoshani milliy qilamiz, deya tomoshabinni qitiqlagan boʻlamiz, natijada esa hamma narsaning atalasi chiqadi va yoxud fikr-oʻyimiz xalqaro festivaldan biron yorliqcha undirmoq ilinjida – oʻzimizdan boshqa mardum tushunmaydigan bir asar qoʻyamiz (yoki suratga olamiz). Birinchi toifaga – “Ogʻayni, sahna degani tomoshabindan bir quloch balandda boʻladi, shundoqki, saviyani gʻarib tomoshabinning darajasiga tushirish yaramaydi”, deya koʻhna hikmatni uqtirmoq mumkin. Ammo anovi ikkinchi toifaga hayronsiz – milliard-milliard mablagʻning boshini yeb “yaratgan” tomoshasini oʻzidan oʻzga tushunmaydi, “ha” desangiz, bez boʻlib, “men asarni shunday koʻraman”, deb turaveradi. (“Baraka topkur, oʻzing shundoq anglasang, oʻzginang koʻraver. Oʻrtada xalqniyu uning pulini nega tuya qilding” deydigan odam yoʻq.) Stanislavskiy domla aytgan “Har qanday tomoshaga qoʻyiladigan talab yagona – u qiziqarli boʻlishi kerak” degan mezonning posangisini rasmona qoʻyish uchun nima qilmoq kerak deb oʻylaysiz?
– Teatrni “odam qilish” uchun avvalo dramaturgiyani rivojlantirish kerak. Sanʼat institutida dramaturgiya boʻlimi ochilganiga toʻrt-besh yil boʻlib qoldi. Shuncha vaqt ichida, oʻldim deganda, oʻnga yaqin dramaturg chiqishi kerak edi. Lekin qani ular? Ilgari pesani universitetning jurnalistika yoki filologiya boʻlimini tugatganlar yozar edi. Bu sohaga qaziquvchilarni Sanʼat institutiga oʻtkazishning nima keragi bor edi? Kerak. Chunki bu yerda dramaturg uchun suv va havodek zarur boʻlgan ikki soha vakillari – rejissyorlar, aktyorlar ham tayyorlanadi. Nima uchun rejissyor va aktyorlar kursdan kursga diplom spektakllari topshirib oʻtadi-yu, boʻlajak dramaturglar shunchaki oʻtadi? Ular ham diplom spektakli topshirsin. Bunda u teatrdagi eng nozik masala – rejissyor-muallif munosabatini oʻrganadi.
Mening nazarimda, har qanday asarda ijtimoiy yuk boʻlishi kerak. Hatto toʻrt qator sheʼrda ham. Men ijtimoiy yuki boʻlmagan asarlarni dezertirlik deb baholayman. Aks holda “Sheʼr – koʻngil mulki” deydiganlardan siz aytgan oʻsha “Men shunday koʻryapman” yoki “Men shunday tushunaman” deb aljirayotgan “vallamatlar” urchib-koʻpayib ketadi. Bir qarashda beozor koʻringan bu ikki xitobning oʻzagi bir.
– Ustoz, yanglishmasam, “70 yosh – ozmi, koʻpmi? Doʻllarga chaqilsa, “kopeyka” chiqyapti” degan mutoyiba ham sizniki. Shunday qutlug‘ yoshning ham oʻz falsafasi boʻlsa kerag-a?..
– Bu, aytganingizdek, bir mutoyiba, xolos. Lekin ana shu ikki ogʻiz hazilning tagida ham “zil”i bor. Inflyatsiya va dollar kursining oshib ketishiga ishora qilingan.
Bilmadim, falsafami bu, koʻrgan-kechirganlarimdan xulosami? Xullas, millionlab xulosalarimdan faqat bittasi bilan oʻrtoqlashay: bu dunyoga ne-ne olimu fuzalolar, ne-ne buyuk zotlar kelibketmagan deysiz! Lekin ularning birontasi ham “Bu adolatsiz zamon ekan, bekor tugʻilibman” deb orqasiga qaytgan emas. Ortga yoʻl yoʻq! Odam bolasi tugʻildimi – yashashga mahkum. Zamon har qancha adolatsiz boʻlmasin – birov chidaydi, birov moslashadi, birov kurashadi!..
Komil SHAMSIDDIN suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 3-son.
“Kamchiliklarga kuyunib, yutuqlarga suyunib” suhbati