Hayotda omadi yurishgan ayol-qizlarimiz ortida koʻpincha togʻdek suyanch boʻlib otalari turadi. Bugungi qahramonlarimiz ham dadasining daldasi, qoʻllab-quvvatlashi tufayli koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritgan. Shu bois “Otangga rahmat!” degan birgina jumla ularga olam-olam quvonch keltiradi. Oyina.uz bugun jamiyatda oʻrnini topgan oʻzbek qizlaridan bolalik xotiralarini esga olish, muvaffaqiyat sirlari bilan boʻlishishni soʻradi.

Mahfuza Ortiqova,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, Yevropa ispan tili oʻqituvchilari assosiatsiyasi aʼzosi:

 


– 1998-yil. Toshkent shahridagi oddiygina, birov nazariga ham ilmaydigan, mahallaning qora-qura bolajonlarigina qatnaydigan 157-maktab.

Kutilmaganda maktabga Jahon tillari universitetidan bir guruh oʻqituvchilar kelib qolishdi. Ularning yetakchisi rahmatli ustozim Sharifa opa Xolmatova edilar.

Maktabda shu-uncha sinf qolib, aynan men oʻqiydigan 5-“B” sinfida ispan tili oʻqitiladigan boʻldi. Sharifa opa bolalar chuvillashib yotgan xonaga kirib, “Bolajonlar, kim ispan tilini yaxshi oʻqisa, Ispaniyaga oʻzim bilan olib ketaman”, dedilar. Bola emasmizmi, chippa-chin ishondik. Joʻshib ketdik. Oʻsha kuni uyga qanot qoqib, uchib keldim, goʻyo. Kira solib, “Oyijon, adajon, ispan tilini yaxshi oʻqisam, Sharifa opam meni Ispaniyaga olib ketarkanlar”, dedim. Shunda dadam “Oʻqi, qizim, hali menga Yevropani koʻrsatasan”, dedilar.

Men hamma otalar shunday deb oʻylagandim. Afsuski, unday emas ekan. Qolgan sinfdoshlarimning uydagilari “Qiz bolaga Ispaniyada pishirib qoʻyibdimi? Ertaga erga tegsang, ering olib borsa xoʻp-xoʻp”, deyishgan ekan. Oʻsha dugonalarim ispan tilini oʻrganishmadi. Oʻqishni istashmadi ham.

Toʻgʻri, Sharifa opam meni Ispaniyaga olib ketmadilar. Lekin har safar oʻzim Ispaniyaga borib kelganimda, qayerdandir eshitib qolsalar, katta boshlarini kichik tutib qoʻngʻiroq qilar, bu tilni yaxshi oʻzlashtirishimga umid bildirar edilar.

Meni qoʻllagan, sindirmagan, qiziga mulk emas, shaxs deb qaragan, ilm olishim uchun doimiy sharoit yaratgan, qizi bilan faxrlangan otamning ilk soʻzlariga farishtalar omin degan ekan. Biz yaqinda Yevropaga yoʻl oldik va koʻngilli sayohat qilib qaytdik. Otamga hali butun dunyoni koʻrsataman, deb niyat qilganman.

Mehrinoz Abbosova,

Yoshlar ishlari agentligi direktorining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi, "Shuhrat" medali va Zulfiya mukofoti sovrindori:

 


– Bir vaqtlar men uchun eng xavfsiz joy dadamning yelkasi edi. Dadamning yelkasi jannatning bir parchasi edi. Taqdirimga shu insonning farzandi boʻlib tugʻilish nasib qilmaganida hozirgi Mehrinoz boʻlmasdi, deb oʻylayman. Shu vaqtgacha nimagaki erishgan boʻlsam, dadamga qoʻngʻiroq qilib “Bu yutuqqa siz erishdingiz”, deb aytaman. Dadam eng birinchi ustozim.

Men akalarimga nisbatan juda xunuk tugʻilgan ekanman. Koʻrgan odam yuzini burishtirar, yaqinroq qarindoshlarimiz: “Katta boʻlsa, qanday “oʻtkazarkinmiz”, deb tashvishimni ham qilishgan ekan. Faqat dadamgina dunyodagi eng goʻzal qiz menligimga, mendek pari-paykar olamda yagonaligiga qattiq ishonganlar. Shungami, goʻdakligimdan hozirgacha “oy qizim” deb chaqiradilar.

Aniq eslayman, oʻshanda 3-4 yoshlar atrofida edim. Dadam meni loy koʻchalarda yelkasiga koʻtarib olib, har kuni soy boʻyiga sayrga olib chiqardilar. Birgalikda oy, osmon, yulduz, gullar, yomgʻir, umuman, meni qiziqtirgan hamma mavzularda suhbatlashardik, sirlashardik. 

Keyin 1-sinfga qadam qoʻydim. Maktab direktorining nabirasi M. bilan tengdosh edik. U direktorning arzandasi va maktabda eng zoʻr kiyinadigan qiz boʻlgani uchun aytgani-aytgan, degani-degan edi. Oʻsha yili qish erta kelgani bois xolamning qizi bergan eskiroq kurtkani egnimga ilib, maktabga borib turishimga toʻgʻri keldi. Kunlarning birida “maktab malikasi” hammaning koʻz oʻngida kiyimim eskiligini pisanda qildi. Qattiq xafa boʻldim. Dadam bilgandek, oʻsha kuni yangi, katak-katakli, kulrang palto olib kelibdilar. Xursandligimdan uxlolmay chiqdim.

Nihoyat, ertasiga uchib maktabga bordim. Borsam, meni koʻriboq hamma qizlar piqillab kula boshladi. Keyin bilsam, sinfdoshim R. ham xuddi shunaqa paltodan kiyib borgan ekan. Oʻgʻil bolaning kiyimini kiyib olibdi, deb battar mazax qilishdi. Eʼtibor qilsam, paltoning rangi ham, fasoni ham qiz bolanikiga oʻxshamasdi. Uyga kelib, bor gapni aytdim. Dadam ishonch bilan buni qiz bola ham, oʻgʻil bola ham kiyishi mumkinligini uqtirdilar. Oʻsha zahotiyoq paypogʻimning mayda gulchalarini olib, paltomning yoqasiga tikib berdilar. Zumda butunlay boshqa koʻrinishga ega boʻldi. Bu mening, oʻz-oʻzimning chiroyli paltom ekanligiga hech kimning gapi taʼsir qilmaydigan darajada ishontirdilar.

Vaqt oʻtib dadam bizlarni shaharga olib ketdilar. Oʻqishimiz, ilm olishimiz uchun yaxshiroq sharoit qilib berishni xohladilar. Qoʻlimdan ushlab badiiy gimnastikaga yetaklab borganlari, fortepiano va dutor chalishga qiziqqanim uchun musiqa maktabiga qatnaganlarim, namoz oʻqishni oʻrgatganlari, muqaddas kitobimiz qiroatiga ishtiyoq qilsam, eng yaxshi ustozlarga berganlari, 4-sinfligimdanoq ingliz tili kurslarida oʻqiganlarim, raqs toʻgaragiyam qolib ketmagani, Namangandagi viloyat drama teatriga tez-tez tushib turishimiz, eh-he, sanasam, adogʻi yoʻq ekan.

Endi anglasam, dadam bolaligimdan fikrlarim, orzularim, maqsadlarim bilan hisoblashganlar. Oʻzimga nisbatan kuchli ishonch uygʻotganlar. Har doim dunyodagi eng yaxshi dadaning, xokisor va halol odamning qizi ekanimdan faxr tuyaman.

Sevinch Avazova,

“Yosh kitobxon 2022” tanlovi gʻolibi, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:



 

– Otam uyimiz yaqinidagi zavodda haydovchi boʻlib ishlaydi. Onam uy bekasi. Garchi oliy maʼlumot olmagan boʻlsalar-da, biz farzandlarni taʼlim olishimiz uchun barcha sharoitlarni imkon qadar muhayyo qilishgan.

“Yosh kitobxon” tanlovi oʻtkazila boshlanganidan beri televizor orqali oilaviy tomosha qilib kelamiz. Toʻgʻrisi, avvallari bundan oʻzimni olib qochardim. Sababi, men tengi tanlov ishtirokchilari biror adib hayoti va ijodi yoki asarlari haqida gapirayotganida otam mendan “Qizim, shu haqida bilasanmi?”, “Bu asarni oʻqiganmisan?” deb soʻrardilar. Aksariyat hollarda mening javobim “yoʻq” boʻlardi va bundan juda uyalardim...

Maktabni aʼlo baholarga tamomlaganim, liseyda ham yaxshi oʻqiyotganim bois otam menga ishonardi. Ana shu samimiy, kuchli ishonchni oqlash uchun oʻzbek va jahon adabiyotining zabardast vakillari, ularning durdona asarlari bilan birin-ketin tanishib bordim. 2018-yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga davlat granti asosida qabul qilindim. Shundan soʻng tanlov gʻolibi boʻlish maqsadini qoʻygandim...

Oʻtgan yili tanlovning respublika bosqichida qatnashib, 4-oʻrinni egalladim. Oʻshanda, toʻgʻrisi, oila aʼzolarimning, ayniqsa, otamning menga, mening kelajagimga ishonchiga putur yetib qolishidan qoʻrqqandim. Lekin ular meni qoʻllab-quvvatlashdi, “Kelasi yili gʻolib boʻlasan, inshaalloh”, deb meni ruhlantirishdi.

Oʻtgan yildan boshlab tanlov ishtirokchilari uchun tavsiya etiladigan adabiyotlar roʻyxatidan ilmiy kitoblar ham joy oldi. Bu yil “Qiziqarli geografiya”, “Qiziqarli bilimlar olamida” toʻplamlari oʻqish uchun berilgan edi. Ilmiy adabiyotlar boʻyicha tayyorgarlik koʻrish jarayoni menda juda ajoyib boʻlgan. Otam men bilan tengma-teng oʻqib borganlar. Dasturxon atrofiga yigʻilganimizda, hovlida yonlaridan oʻtib ketayotganimda ham otam “Dunyodagi eng katta qush qaysi?”, “Yer yuzidagi eng yirik anakonda qayerda oʻldirilgan?”, “Donolar mevasi” nima?” kabi savollar bilan imtihon qilardilar, biror davlat nomini aytib, poytaxtini soʻrardilar.

Uyimizdan kutubxonagacha uzoq. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida koʻp vaqtim yoʻlda oʻtib ketmasligi uchun otam har oyda maoshining yarmini zarur kitoblarni sotib olishim uchun ajratardilar. Bugun uyimizda nihoyatda boy kutubxonamiz bor.

Bilasizmi, gʻamdan toʻkilgan yosh issiq, shodlik-xursandchilik yoshlari esa sovuq boʻlarkan. Bu tanlovda qatnashishdan asosiy maqsadim ota-onamning, yaqinlarim, ustozlarimning sovuq yoshlariga sababchi boʻlish, ularning ishonchini oqlash edi. Xudoga shukr, niyatim amalga oshdi. Muvaffaqiyatimga sababchi boʻlgan hamma-hammadan, ayniqsa, otamdan minnatdorman.

Nodira Nazar,

Germaniyadagi “Caritas Fortbildungsinstitut” talabasi, tarjimon:

– Hali-hali yodimda. Bir safar emlangani bordik, rosa yigʻlayapman. Dadam esa “Qoʻrqma, qizim, men shu yerdaman”, deb meni onamga berib yuborib, koʻchaga otilib chiqib ketdilar. Juda-juda yaxshi koʻrardilar – ukol olayotganimda qarab turishga koʻngillari boʻlmagan. Men esa otamning soʻnggi kunlarida tomiriga tusholmasdan bilaklarini ilma-teshik qilib tashlayotgan hamshiralarning qaltiroq qoʻllarini jimgina kuzatishga majbur qoldim...

Maktabda aʼlo baholarga oʻqirdim. Dadam kelajakda doʻxtir boʻlishimni istar, men esa tabiiy fanlarga qiziqmasdim. Iqtisodiyot yoʻnalishiga tayyorlana boshladim, ammo sharoitimiz ogʻirlashib repetitorga pul topolmay qiynaldik. Tavakkal qilib, Jahon tillari universitetiga hujjat topshirdim. Kirolmadim.

Dadam xafa boʻldilar mendan. Oʻqitolmadim deb ezilardilar. Ikkinchi yili ham shu, uchinchi yil ham... Depressiyaga tushib qolgandim. Uyga qamalib yigʻlab oʻtirardim. 2012-yil 171 ball bilan oʻqishga kirdim. Dadamning xursandchiligini koʻrsangiz edi! Hammaga qoʻngʻiroq qilib, “Qizim oʻqishga kirdi, kontrakt boʻlsayam oʻqitaman”, deb xursand boʻlib gapirardi. Hatto tuzukroq kiyim olishga puli boʻlmasa ham, meni oʻqitishni istardi.

Uyimizda bir soʻm pul yoʻq. Boshni qaysi devorga urishni bilmaymiz. Men ayb ish qilib qoʻygan boladek oʻzimni hammadan olib qochaman. Dadamning koʻziga qarolmayman. Onamga toʻlov-shartnoma asosida oʻqimayman, deyman-u, ich-ichimdan oʻqigim keladi...

Shukr, oʻqidik ham. Lekin juda katta qiyinchiliklar, qarz-havolalar, dadamning azoblari, onamning koʻzyoshlari evaziga. Meni deb hatto bir burda nonga ham zor boʻlishganini keyinchalik eshitdim. Shahardagi ijaram, xarajatlarim uchun bobom pul berardi, lekin kontrakt toʻlash vaqti kelaversa yoki toʻlamaganlar roʻyxati faqat mendan iborat boʻlsa, ota-onamning uyqularini qochirgan aynan men boʻlaman.

Shularning hammasini koʻra-bila turib, dadamning raʼyini qaytara olmasdim – toʻyga rozilik berdim. Lekin baribir koʻnglim adashmagan ekan – uzoq yashay olmadim. Bir narsani bilishingizni istardim, hech bir qiz ota-onasining uyiga qaytib borish uchun turmushga chiqishni orzu qilmaydi.

Toshkentga keldim, maktabda ish boshladim. Toʻyimdan keyin dadamning koʻp tobi qochgan ekan, davolanishga puli yoʻq, kimgadir suyanay desa, suyanadigani boʻlmagan. Bir kuni dadamning shifoxonaga tushganini aytishdi, chunki uch-toʻrt kunki qoʻngʻiroqlarim javobsiz edi. Koʻnglim juda gʻash.

Soʻnggi tun tonggacha qoʻllarini qoʻyib yubormadim. Meni xafa boʻlmasin deb gapirishga urinadilar. Eh, dadam-a! Ichgisi kelmasa ham, qoʻlimni qaytarmaslik uchun sutdan arang hoʻplaydi. Lekin yutolmaydi, menga qarab qoʻyadi. Tamomlar boʻldim. Koʻz yoshimni koʻrmasin deb yigʻimni ichimga yutaman. Afsuski, birinchi maoshim dadamning janozasiga ishlatildi...

Ota-ona duosi beparda qabul boʻladi, degan gap haq ekan – Oʻzbekistonda german filologiyasini tugatgandim, Germaniyada esa dadam istagan tibbiyot sohasida, imkoniyati cheklanganlar bilan ishlash institutida oʻqish nasib etdi. Yana koʻp-koʻp orzularim ushaldi. Sheʼriy kitoblarim, nemis tilidan tarjimalarim chop etib kelinmoqda. Har doim ortga qaraganimda otam “Olgʻa, qizim! Orzularing yoʻlida davom et!” degandek boʻlaveradi.

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz