Sanʼat nomli ummon uch irmoqdan suv ichadi: tasvir, soʻz, musiqa. Bulardan tasvir va soʻz sanʼatining eng qadimiy namunalari muhrlangan holda bizgacha yetib keldi. Xoʻsh, musiqaning qismati ne kechdi? Olimlar musiqani quyidagicha davrlashtiradi:

• Eramizdan avvalgi davr (Prehistoric);

• Antik davr (Qadimgi Misr, Yunoniston, Rim);

• Oʻrta asrlar davri (V–XIV);

• Uygʻonish davri (XIV–XVI);

• Barrokko davri (XVII);

• Klassik davr (XVIII);

• Romantizm davri (XIX);

• Zamonaviy musiqa davri (XX...).

Eramizdan avvalgi davr musiqasi ogʻizdan ogʻizga oʻtgan holda avloddan avlodga yetkazilgan. Bu anʼana to musiqa notalarini ifodalovchi belgilar shakllantirilmaguncha davom etgan (Gap hozirgacha biz qoʻllaydigan “Do, Re, Mi, Fa, Sol...” haqida bormoqda). Ibodatxonalarda diniy qoʻshiq kuylarini yodlash uchun yosh rohiblardan koʻp mashaqqat va uzoq fursat talab etilgan. Bunda ham ogʻzaki oʻrganish ijro vaqtida adashishga va xatolikni improvizatorlik bilan yopishga sabab boʻlardi. Shu tariqa kuylar yildan yilga oʻzgarib bordi. Musiqiy merosni aslicha saqlab qolish ehtiyoji notalar alifbosi yaralishiga zamin yaratdi. (Notalar alifbosiga qadar musiqiy belgilar Qadimiy Misrda piktografik, Bobilda mixxat, Yunonistonda alifbo hafrlari bilan ifodalangan. Ammo bu belgilar tovushning faqat baland-pastligini ifodalash uchun qoʻllangan, xolos. Lekin davomiyligini ifodalay olmagan.)

Antik davr musiqachilari bir vaqtning oʻzida ham kompozitor, ham ijrochi boʻlishgan. Yozma musiqiy notalar hali shakllanmagan bu davrda ijro vaqti kiritilgan improvizatsiyalar borligi uchun hozirgi tadqiqotchilar asl kuyni topishga qiynalmoqdalar.

Oʻrta aslarga kelib musiqiy tovushlarni ifodalash uchun grafik belgilardan: chiziqchalar, nuqtalar, vergullar va ularning turli birikmalaridan foydalanildi. Bu davrda boshqa xalqlardan farqli ravishda slavyan qabilalari musiqiy tovushlarni ifodalashda tasvirli belgilardan, masalan, qayiq, oʻq, qilich kabi suratlardan foydalangan. Bu notalar tizimining umumiy nomi “bayroq yozuvi” deb atalib, u 80 ta tasvirdan iborat edi (Shu sababdan qadimiy rus xalqlarining musiqiy merosi haligacha oʻrganilmoqda).

Biz hozirda foydalanadigan notalar alifbosi oʻrta asrlar davrida shakllangan boʻlib, asoschisi Guido dʼArezzo (990–1050), Florensiya yaqinidagi Arezzo shaharchasi rohibi edi. Oʻsha davrlarda rohiblar shahar ahli va maʼbad talabalariga diniy qoʻshiqlarni ogʻzaki tarzda oʻrgatar, bu taʼlim tizimi 10 yil muddatni talab etardi. Guido talabalari mustaqil oʻrgana olishi uchun tovushlarni notalar (lot. “belgi” maʼnosini bildiradi) bilan belgilay boshladi. Bunda kvadratlar toʻrtta parallel chiziqdan iborat nota ustuniga joylashtirildi. Guido nota ustunini chizishda qizil, qora, sariq ranglardan foydalangan (Hozirda bu chiziqlar beshta va notalar qovunsimon doirachalar bilan ifodalanadi). Tovushlar nomini eslab qolish oson boʻlishi uchun Yahyo-Choʻqintiruvchi sharafiga bagʻishlangan madhiyadan foydalanadi. Bu madhiya uchun oʻzi kuy ham yozdi. Kuyda har misra oldingisidan bir pogʻona balandroq boshlanardi.  Ushbu misralarning birinchi boʻgʻini notalar alifbosiga asos boʻldi:

Ut queant laxis

Resonare fibris

Mira gestorum

Famuli tuorum

Solve polluti

Labii reatum Sancte Ioannes!

(Lotinchadan tarjimasi: “Biz, qullaring sening moʻjiza yaratuvchi yaxshi amallaringni madh etishi uchun, o, Avliyo Yahyo, shirk bosgan ogʻzimizdan gunohlarimizni yuvib tashla”.)

Oradan besh asr oʻtib, Guidoning musiqiy alifbosidagi birinchi nota “do” belgisiga almashtirildi. Farazlarga koʻra, “do” belgisi “dominos” – “rabbiy” soʻzidan olingan deb hisoblanadi. Keyinchalik italyan musiqashunoslari tomonidan “Si” (ingliz tili davlat tili hisoblanuvchi mamlakatlarda alifbodagi “C” harfining oʻqilishi bilan adashtirmaslik uchun musiqiy nota “Ti” deb belgilangan) notasi qoʻshildi. Bu belgi “Sancte Ioanes” (“Avliyo Yahyo”) nomi qisqartmasidan olingan boʻlib, 1574-yil fanga kiritilgan.

Shu tariqa yer yuzida yagona til – musiqa tilining alifbosi shakllandi.

Ziyodaxon TURDIBOYEVA