Oʻzimizga uy olib, koʻchib chiqqunimizcha sakkiz joyda ijarada yashabmiz. Lekin nolishga haqqim yoʻq. Doim ijara uylarda tekinga turganmiz. Biri chala qurilgan, biri tashlab ketilgan, boshqasiga tekin qorovul kerak boʻlgan uylar edi. Gapning ochigʻi, oʻsha kezlar sharoiti yaxshi uyga ijara haqini toʻlashga qurbimiz yetmas edi.
Faqat bir marta pulini toʻlab ijarada turdik. Uyning egasi choli bilan ahil yashaydigan bir kampir boʻlib, doim odmi, rangi uniqqan koʻylak kiyib yurardi. Poyabzali ham urfdan qolgan edi. Bular ikkovi ham oliy maʼlumotli, ishi, topish-tutishi tuzukkina boʻlsa ham kamtar yashab, kamtar kiyinib, yengilgina ovqatlanardi. Men esa oʻsha paytlar qimmat restoranlarda ovqatlanishni, brend kiyimlar kiyishni orzu qiladigan va baxtni ana shularda deb biladigan yoshda edim. Shuning uchun kampir va uning choli koʻzimga xasis, oʻzini yaxshi koʻrmaydigan insonlar boʻlib koʻringan. Toʻgʻrirogʻi, ular turmush tarzining mohiyatini anglamaganman.
Bugun-chi? Hamma “xarid qil, koʻproq isteʼmol qil” deya jar solish bilan ovora. Reklamalar, blogerlar, hatto doʻst-u yorlar ham goʻyo bir-birining havasini keltirish, hasadini uygʻotish uchun poyga oʻynayotgandek. Yangi gadjetlar, yangi urfdagi kiyimlar, qimmat restoranlar... Yana ziyofat va gashtaklar. Agar hayotning shu chambaragida aylanmasangiz, zamondan ortda qolib ketasiz goʻyo.
Ha, koʻp topib, koʻp sarflashni orzu qilgan paytlarim boʻlgan. Ammo vaqt oʻtib tejamkorlik degani kambagʻallik yoki xasislik emas, inson oʻzini, hayotni, atrofdagilarni tushunishi uchun bir imkoniyat ekanini angladim. Kamxarj boʻlib yashash hayotni yengillashtiradigan bir neʼmat ekan aslida. Hozir bu fikrni hamma birday qabul qilavermaydi.
Toʻqchilik va yoʻqchilikni koʻrgan ayolman. Hamma narsa yetarli hozirgi kunimda huv oʻsha yuz gramm arzon sorimoy, xashaki choy olgan paytlarimni eslayman. Oʻshanda toʻkinchilik kunlari kelishini entikib kutardim. Ammo toʻkinlik men oʻylaganday zavq-shavq bilan baxtli yashashga asos boʻla olmas ekan. Odamning bir burda qotgan non, bir piyola muzday suv bilan ham baxtli boʻlishi mumkinligini tushunishim uchun ancha vaqt kerak boʻldi. Odam oʻzining moddiyatdan ustun ekanini bilgach, oʻzini baxtli his qila boshlarkan.
Tejamkorlik xarajatni kamaytirishgina emas. Bu – ongli tanlov. Har bir tiyin qayerga ketayotganini bilish, har bir xarid haqida oʻylash va, eng muhimi, haqiqiy ehtiyojni orzu-istakdan ajrata bilishdir.
Tejamkorlik bilan yashash tarzini tanlagan kunimdan hayotimdagi har bir “yoʻq” boshqa bir “ha” bilan oʻrin almashdi. Masalan, yangi kiyim va poyabzallarga yoʻq desam, yaqinlarim, farzandlarim bilan sayohatga ha deyman. Qimmat kosmetikaga yoʻq desam, ehtiyojmand odamga sovgʻa olishga ha deyman.
Yaqinda bir dugonamning uyiga mehmonga bordim. Oshxonasidagi tuppa-tuzuk qozonlarni tashlab yubormoqchi boʻlib turgan ekan. “Shoshma, – dedim unga, – senga bularning nimasi yoqmayapti? Hali yap-yangi-ku. Sen shunchaki reklamalarga aldanayapsan. Didro falsafasi haqida eshitmaganmisan?”
Keyin unga XVIII asrda yashagan fransuz faylasufi Deni Didro eski xalatini tashlab yuborganiga afsuslanib, bitik yozib qoldirgani haqida gapirib berdim.
Bir kuni Didroga chiroyli qizil xalat sovgʻa qilishadi. Yangi xalat shkafdagi eski buyumlarga yarashmaydi. Didro shu xalatning rangiga moslab uyidagi mebellar – stol va divanni, keyin gilamni, hatto devorga osilgan rasmlarni almashtira boshlaydi. Qarasa, bu ishning oxiri ko‘rinmaydigan. Shunda u oʻziga oʻzi aytadi: “Eski xalatimning egasi edim, yangi xalatning quliga aylandim! Eski xalatimni tashlab yuborganimdan afsusdaman”.
– Pul ishlatish uchun topiladi deb oʻylaysan, – dedim dugonamga. – Toʻgʻri, pulni sarflash uchun topamiz, ammo sarf meʼyordan oshib ketsa, maqsadlarimizdan chalgʻiymiz. Hayotimizdagi ortiqcha anʼanalardan xalos boʻlish baxtni topishga yordam beradi. Bu minimalistcha yashash deyiladi.
Minimalist turmush tarzi keraksiz narsalarni sotib olmaslikni oʻrgatadi. Biror buyum sotib olishdan avval minimalist oʻzidan soʻraydi: bu haqiqatan menga kerakmi? Minimalistning koʻproq pulga ega boʻlish imkoni bor. U kam sarflaydi, demak, zaxirada ham puli bor, yaʼni u moliyaviy stressdan ham xoli. Chunki foydasiz narsalarni sotib olishdan qutulgan. Hatto minimalist uyni tozalashga ham kam vaqt sarflaydi. Tadqiqotlarga koʻra bir amerikalik xonadonini tozalash uchun oyiga kamida 24 soat vaqt ajratishi kerak. Agar odam ozroq narsaga ega boʻlsa, tozalashga ham ozroq vaqt ketadi. Ortgan vaqtni boshqa muhim yumushlarga sarflashi mumkin. Dangʻillama uyni toʻldirish uchun koʻp buyum xarid qilish kerak. Tabiiyki, bu xonalarni tozalashga ham koʻp vaqt va kuch ketadi. Bu mantiqqa zid, yaʼni oʻzimizga oʻzimiz noqulaylik yaratamiz. Mutaxassislar ortiqcha narsalar yuqori qon bosimi, ziqlik, uyqu va ovqatlanishdagi oʻzgarishlar, bosh ogʻrigʻi, charchoq, ovqat hazmi muammolarini keltirib chiqarishini allaqachon aniqlagan.
Minimalist boʻlish ona zaminga ham yordam beradi. Kamroq narsaga ega boʻlish orqali chiqindi va chiqindixonalar kamayishiga hissa qoʻshadi.
Oʻzingdan soʻra: nima muhim – miqdormi yo sifat?
Gapiraverdim, gapiraverdim. Dugonam esa jim eshitdi. Keyin “ha-a-a” dedi choʻzib jaydarichasiga.
Oradan oylar oʻtib, yana shu mavzudan gap ochildi: “Oʻsha gaplaringdan keyin oʻylanib qoldim, – dedi dugonam. – Reklamaning ortidan ergashib yurgan ekanman. Qoʻlimdagi narsani qadrlash oʻrniga, yangisini istabman. Endi xariddan oldin “Menga rostdan kerakmi bu?” deb oʻylab koʻraman”.
Bir paytlar yoʻqchilikda topishgan dugonalarim atrofimda yana paydo boʻldi. Oradan yigirma yilcha vaqt oʻtibdi. Biz bir-birimizni yoʻqotib qoʻygandik. Hamma bola-chaqa tashvishi bilan ovora boʻlib ketgan edi. Hammamiz avval oʻqidik, ishladik, yoʻqchilikni koʻrdik, oxiri toʻkinlikka erishdik. Bir-birovdan uzilish sababi moddiy toʻkinlik tashvishi boʻlgan ochigʻi. Vaqtlar oʻtib, bugun hammamiz bunaqa hayot bizga kerak emasligini anglab yetdik. Xuddi ilgarigi yoʻqchilik davrlaridagidek yana birlashdik. Aytsak, birov ishonmaydi, hozir hech birimizga toʻkin hayot qiziq emas.
– Yangi kiyimga, yangi idish-tovoqqa qiziqmay qoʻydim, – degan edi Komila opa bir suhbatimizda. – Onam rahmatli yosh oʻtib ketdi. Idish-tovogʻining sanogʻi yoʻq edi. Qayerlarda qolib ketdi ular, ochigʻi, bilmayman. Dunyo yigʻishga imkon topgan onam sogʻligʻi uchun pul topolmadi. Hozir daromadim yaxshi. Yolgʻiz boshim bilan farzand tarbiyaladim. Bir-ikki soʻm topsam, bozorga chopmayman, qiynalib qolgan biror odamga yoki oilaga yordam berishga harakat qilaman. Soʻnggi urfdagi idish-tovoq, kiyim-kechak, qimmat restoranlar huzur bermay qoʻygan. Aksincha, kimgadir yordamim tegsa, quvonaman. Qachonlardir katta uy qurish orzum boʻlgan. Oʻzimcha qimmat doʻkonlardan mebel, zamonaviy texnika, pardalar sotib olishni rejalashtirganman. Endi oʻylab koʻrsam, uy emas, balki halovat topadigan bir maskan kerak ekan kishiga. Tinchlik va samimiylik bor joy.
Koʻproq narsaga ega boʻlishga emas, yaxshiroq yashashga harakat qilaman. Yaxshiroq degani moddiyat bilan bogʻliq emas. Kamroq tashvish, koʻproq xotirjamlik. Oylar oʻtdi, qarasam, kam narsa bilan yashash osonroq. Hatto qulay.
Ha, bu oson emas. Isrofni cheklash uchun inson oʻz nafsi bilan doʻstlashishi kerak ekan. Shunday yashashni tanladim-u, havoyi orzu-havaslar ustidan ham gʻalaba qozondim.
Yaqinda bir ayolni uchratdim. Qoʻlida eski sumka, ammo yuzida xotirjamlik balqib turibdi. Ayol har oy bankka kelib ketadi. Demak, omonatga pul qoʻyadi. Bu toifa odamlar yemay-ichmay pul yigʻib, yana koʻpaytirish dardida yuradi. Axir bu xasislik-ku! Uning bu ishini oqlab boʻlmaydi deb oʻyladim.
Ayol chindan ham omonatga pul qoʻyarkan. Ammo haqiqiy vaziyat oʻylaganimday boʻlib chiqmadi. U yigʻilgan pullarini saraton kasalligi bilan kurashayotgan bolalarga berarkan.
Bir safar oʻsha ayolni uchratganimda gapga soldim. Tanishib oldik. Ismi Nafisa ekan.
– Hozir internetda pul soʻrayotganlar tiqilib yotibdi, – dedi u xuddi ayb ish qilgan odamday xijolat chekib. – Ularga koʻpam ishonavermayman. Kasalxonada esa chin bemorlar bor. Har safar ularni koʻrsam, pul hayotimdagi eng ahamiyatsiz narsaga aylanadi.
Ayol boy emas edi. Shunchaki, hayotdan koʻp narsa talab qilmaydi. Koʻzlarida qanoat bor. Baʼzilar uchun ehson – sarf, birovlar uchun – baxt, huzur. Bunday kishilar pulni oʻzini xursand qilishga emas, boshqalarni shod etish uchun tejaydi. Ular oʻzlariga kam istab, oʻzgalarga koʻp baxt ulashadi. Soʻnggi urfdagi sumkalar esa tez unutiladi. Chunki modalar ham, narxlar ham, dunyo ham doim oʻzgarib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazilgan soʻrovda bir ayol 400-500 dollarga kiyinaman, oʻzimga pulni sira ayamayman deb javob yozibdi. Kimdir hayotning oʻtkinchi ekanini aytib, koʻngli tusagan narsaga pul sochar. Ularga kiyim qanchalik goʻzal boʻlsa, ruh shunchalik shod, hayot shunchalik goʻzal boʻlib koʻrinar. Bunday qarashlarda ham jon bordir, ammo oddiygina chit koʻylak kiygan, qalbi mehr va bagʻrikenglikka toʻla Nafisa opa kabi insonlar buni qabul qilolmaydi. Ularning har bir harakati, har bir soʻzida begʻaraz muhabbat va fidoyilik balqib turadi. Qalban boy odamlar hech qachon arzon kiyimda oʻzlarini kamsitilgandek his qilmaydi. Ularga qimmat kiyim emas, oliyjanoblik muhim. Ular uchun oʻzini sevish nafaqat oʻzini, balki atrofdagilarni ham qadrlash, dardiga sherik boʻlish, yaxshilik ulashishdir. Ular ozgina narsa bilan ham baxtli boʻlish mumkinligini teran anglaydi.
Barno SULTONOVA
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Egalikmi yo qullik” maqolasi