Tarixga axborot asri sifatida kirgan XXI yuz yillik internet jurnalistikasi vujudga kelgani bilan ham insoniyat kechmishida alohida bosqich boʻldi. Blogerlik, fuqarolik jurnalistikasi, mobil reportyor kabi atamalar muomalaga kirib kela boshladi. Jurnalistika nazariyasida hali ularga toʻliq taʼrif berilmagan. Bugungi kunda axborotning shakl-shamoyili oʻzgardi. Davlat, amaldor va taniqli shaxslar tomonidan taqdim etilayotgan bayonotlar, qabul qilinayotgan qarorlar ijtimoiy tarmoq yuzerlari va jurnalistlarning keskin muhokamasiga uchramoqda. Tabiiyki, qaynab turgan axborot muhiti kamchilikdan xoli emas. Shulardan biri piar atamasi bilan bogʻliq.

Xoʻsh, piar nima? Inglizcha PR (Public Relations), yaʼni public ‒ omma, relations ‒ aloqa; ommaviy aloqalar degan atamaga toʻgʻri keladi. Alohida olingan odamlar ham, ijtimoiy guruhlar ham muayyan ehtiyojini qondirish uchun robita-munosabatga kirishadi. Turli ijtimoiy qatlamlar, siyosat va iqtisodiyotda oʻzaro kelishuvga shu tariqa yoʻl topiladi. Ayni choqda oʻzaro aloqa va hamkorliklarda doimo muayyan darajada manfaatlararo yashirin qarama-qarshilik boʻladi.

Piarning maqsad va vazifasi – hukumat va jamiyat, ishlab chiqaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi umumiy manfaatlarni topib, shulardan kelib chiqqan holda toʻliq haqqoniy axborotga asoslangan aloqalarni oʻrnatish, oʻrtadagi anglashilmovchilik va tushunmovchiliklarni bartaraf etishdan iborat.

Kichik ijtimoiy uyushma boʻlgan oilada ham baʼzan anglashilmovchiliklar boʻlib turadi. Jamiyatda va biznesda esa oiladagiga oʻxshash munosabatlar tushunchasi kengayadi, oʻzaro munosabatlar chegaralanadi. Bu esa hamkorlik va kelishuvni qiyinlashtiradi. Oʻzaro uzviy aloqalarni tiklash uchun piar xodimlari ishontirishning zamonaviy metodlarini qoʻllaydi.

1948-yilda Buyuk Britaniyada Piar instituti (IPR) tashkil etilgan va shu yili Public Relations faoliyati boʻyicha ilk tavsif qabul qilinib, 1987-yilda unga oʻzgartishlar kiritilgan: “Piarning faoliyat doirasi tashkilotlar va ular bilan omma oʻrtasidagi xayrixoh munosabatlar tashkil etilishini quvvatlab, ularni rejalashtirish hamda amalga oshirish uchun harakat qilishdan iborat” (Почепцов Г. Паблик рилейшнз для профессионалов. Издание 6-е, дополненное. Москва, “Рефл-бук”, 2005. Стр. 17. Maqoladagi keyingi koʻchirmalar shu manbadan olingan).

Mexiko shahrida qabul qilingan (1978), soha boʻyicha 30 dan ortiq milliy va hududiy assotsiatsiyalar tomonidan tan olingan, eng ommalashgan taʼrif quyidagicha: Public Relations amaliyoti ijodiy va ijtimoiy-ilmiy xususiyatiga ega boʻlib, tashkilotlar rahbariga natijalarni oldindan koʻrib, rejalashtirilgan dasturlarni amalga oshirishda tashkilot va omma manfaatiga mos keladigan tavsiyalarni berishdan iborat. AQShdagi “Public Relations” jamiyatining (PRSA) rasmiy taʼrifi esa bunday: “Public Relations – oʻta samarali qarorlarni qabul qilishda, vazifalarni amalga oshirishda, turli guruhlar hamda tashkilotlarning oʻzaro hamjihatligiga hissa qoʻshishda bizning murakkab plyuralistik jamiyatimizga yordam beradi”.

Bu borada tilga tushgan yirik olimlardan biri Sem Blek esa: “Public Relations – faoliyat doirasi ichki muhit vositasida xayrixoh munosabatlar hamda oʻzaro ishonchga asoslangan toʻliq axborot uygʻunligiga erishish sanʼatidir”, deydi.

Mazkur tizim keng koʻlamdagi faoliyatga ega boʻlgan ommaviy muassasalar, masalan, korxonalar, kasaba uyushmalari, hukumat agentliklari, turli fondlar, taʼlim hamda diniy jamiyatlarga xizmat qiladi. Oʻz maqsadiga yetishda bu tashkilotlar turli auditoriyalar yoki umumiy guruhlar, shuningdek, jamiyat aʼzolari, isteʼmolchilar, mahalliy guruhlar, aksionerlar va boshqa korxonalar hamda ijtimoiy jamiyat bilan samarali aloqa bogʻlashi lozim. Public Relations haqqoniy axborotga asoslangan uzviy munosabat oʻrnatib, bu munosabat davomiyligini taʼminlaydi.

Maʼlum tashkilot yoki shaxs haqida omma orasida yolgʻon, notoʻgʻri maʼlumot tarqatib shov-shuv qilish, salbiy taassurot uygʻotish; oʻz-oʻzini reklama qilish, faktlarni buzib, maʼlum maqsadda axborot berish kabilar Public Relations boʻlolmaydi. Binobarin, piarni targʻibot, oʻz­oʻzini marketing qilish kabi yondosh-oʻxshash tushunchalardan farqlash lozim.

Spartak Beglovning “Tashqi siyosat targʻiboti” kitobida “oq, kulrang va qora targʻibotlar” haqida soʻz borib, oq targʻibotda haqqoniy, kulrangda qorishiq va qorada yolgʻondan iborat maʼlumotlar berilishi aytiladi. Yozef Gebbelsga koʻra, targʻibot – “siyosatning quroli boʻlib, jamiyatni nazorat qiluvchi kuch. Targʻibotning vazifasi ishontirishdangina iborat boʻlmay, amalda uning faoliyati ergashuvchilarni jalb etib, safda ushlab turishga qaratilgan. Targʻibotning vazifasi ‒ inson faoliyatining barcha jabhalarini qamrab olib, odamlar dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatishdan iborat”. Targʻibotda maʼnaviyat va axloq ahamiyatsiz boʻlib, u bir shaxsni ilohiylashtirish uchun timsol, qiyofa, obraz yaratish va jimjimador nutqlar orqali ishontirish bilan shugʻullanadi. Niderlandiyaning Utrext universiteti professori Anna van der Meyden targʻibot bilan piarni quyidagicha farqlash kerakligini aytadi: “Piarning maqsadi kelishuvga erishish boʻlsa, targʻibotniki esa harakatni shakklantirish. Piar haqqoniy dialog oʻrnatish yoʻlidan borib, uning metodlari toʻliq oshkoralikka asoslansa, targʻibot, kezi kelsa, faktlarni berkitadi”.

Oʻzini marketing qilish biz uchun yangi tushuncha boʻlib, shaxsiy qobiliyat, koʻnikma va xatti-harakatini maqsadli ravishda oʻziga foyda keltiradigan shaklda taqdim qilishdir. Zamonaviy dunyoda hamma narsa, hatto gʻoyalar ham, mehnat bozoridagi yuqori raqobat sharoitida odam ham tovarga aylanishidan kelib chiqilsa, oʻz-oʻzini marketing bozor sharoitida har bir kishidan yaratuvchilikni, oʻz ish kuchining sotuvchisi boʻlishni taqozo etishi ayonlashadi. Odam oʻzining professionallar va ishbilarmonlar doirasida tanilishini va mijozlar uchun “brend”ga aylanishini xohlaydi. Soʻnggi yillar ichida mehnat bozorida vaziyat tubdan oʻzgardi ‒ har qanday sharoitda ish topishni istagan va eng kam ish haqi miqdoriga rozi boʻlganlar oʻrnini mutaxassislar egalladi.

Hozirda piar atamasini bilar-bilmas qoʻllash amaliyoti kuchaygandek. Asl mohiyatga zid yondashuv esa har qanday tushuncha, atama mohiyatini xiralashtiradi; jamiyat aʼzolari, ayniqsa, yosh avlod tasavvurida notoʻgʻri fikrlar shakllanishiga sabab boʻladi. Demak, ommaviy axborot vositalarida soʻz yoki tushunchaning mohiyatga zid qoʻllanishidan ehtiyot boʻlish zarur.

Shohrux QOSIM,

OʻzMU jurnalistika

fakulteti oʻqituvchisi

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son.

“Piar nima?” maqolasi