Bu yorug‘ dunyoda yashamoqdan maqsad-muddao nima? Istisnosiz oʻlim bilan yakun topar ekan, hayot nimaga kerak oʻzi? Shu xil savollar mutafakkirlarni azal-azaldan qiziqtirgan. Bu sof falsafiy masaladek koʻrinadi, lekin Yerdagi hayotning davom etishidan tortib jamiyat rivoji-yu oddiy kundalik turmushgacha boʻlgan barcha jabhalarga taʼsir koʻrsatadi. Deylik, hayotni oʻtkinchi, uning qarshisida oʻzini ojiz-chorasiz deb bilgan odam biron ishga astoydil qoʻl uradimi? Toʻrt kunlik dunyo deb, sidirgʻasiga aysh-u ishratga berilib ketmaydimi? Tap tortmay zoʻravonlikka qoʻl urmaydimi? “Baribir hech narsani oʻzgartirib boʻlmaydi”, degan kimsa nohaqlig-u adolatsizlikka, zulm-u haqoratga koʻnib ketavermaydimi?

Ha, hayotning asl maʼnosini anglamaslik tushkunlik, loqaydlikka olib keladi. Umrida falsafaning koʻchasidan oʻtmagan kimsa ham kuni kelib “e, shu dunyo nimaga kerak menga?” deb yuborishi mumkin. Kezi kelganda, bu kayfiyat oʻzini imtiyozlarning badalsiz egasi – xos tabaqa sanaydigan, tasavvurga sigʻmas mol-mulk, shon-shuhrat sohiblarini ham chetlab oʻtmaydi. Negaki, hech birimiz hayot sinovlari, gʻam-kulfat va yoʻqotishlardan emin emasmiz. Zohirda turmushi toʻkisdek koʻringan zotlarga ham tiriklik goho ogʻir yukka aylanib, yashash nihoyatda zerikarli mashgʻulot boʻlib qolishi bor gap.

Farang faylasuf adibi Alber Kamyu (1913–1960) tafakkur isteʼmoliga olib kirgan absurd taʼlimoti ham yuqoridagi savollarga javob izlaydi. Absurd umr maʼnosi, baqo va fano, baxt va inson ixtiyori singari barcha zamon-u makonlarga daxldor falsafiy masalalarga bagʻishlangandek koʻrinadi. Ayni choqda, bu taʼlimotning XX asr birinchi yarmida paydo boʻlgani ham tasodif emas. Bu – dunyoning mutloq hokimi boʻlmoq harakati avj olgan, urush va zoʻravonlik siyosati mazlumlarni ham,  zolimlarni ham mahv etayotgan bir davr edi.

Absurd “balo”si milliy ziyolilarimiz eʼtiboriga oʻtgan asrning soʻnggi choragida tushdi. U chog‘ bizda kommunizm ideali chirikligi fosh boʻlib, hammasini yangilash ehtiyoji tugʻilgan edi. Qarangki, ushbu qarash hali-hanuz zehn-u idrokimizni jodulab turibdi. Negaki, absurd degani turmushning ovozi yetib borolmaydigan yuksaklardagi mavhum taxayyulot emas. U aslida jahondagi keskin ijtimoiy voqealar turtkisidan tugʻilgan. Uning tegrasidagi munozara va xulosalar kundalik turmush bilan qattiq bogʻlangan.

Absurd – koʻlamdor, ayni choqda munozarali mavzu; shunga koʻra, biz Sizif timsoliga oid kuzatuvlari-la cheklandik. Bir jihati, rasmona bahslarga sabab boʻlgan “Donishmand Sizif” romani, adabiyotshunos olim Yoʻldosh Solijonovning jurnalimizda eʼlon qilingan maqolasi ham fikrimizni qogʻozga tushirmoqqa undadi.

Gunohkormi yoxud qahramon?

Qadim yunon afsonasining variantlari turlicha boʻlsa-da, umumiy qolip bitta: Sizif ogʻir gunohga yoʻl qoʻyadi-yu maʼbudlar qahriga uchraydi. Qay yoʻsinda jazolangani maʼlum. U qanday gunohga yoʻl qoʻydi – turlichalik mana shu nuqtada.

Talqinlarning eng mashhur va qadimiysi buyuk Homerning “Odisseya”sida uchraydi: makkorlig-u zehni oʻtkirlikda tengi yoʻq Sizif dunyo-dunyo mol-u davlat yigʻadi. Vaqti-soati yetib qariydi. Toʻplaganlarini tashlab ketgani ham, birovga bergani ham koʻzi qiymay, ajalga qanday chap berishni rejalaydi. Sirasi, u “oʻlim maʼbudi” Tanatni kishanband qiladi. Oqibatda Yer yuzida oʻlim sodir boʻlmay, dabdabali motam marosimlari taqqa-taq toʻxtaydi, yerosti saltanati maʼbudlariga qurbonlik keltirilmaydi – “bosh xudo” Zevs yerliklar hayotiga joriy etgan qoidalarga putur yetadi. Shunda Sizif kuch bilan marhumlar oʻlkasiga olib ketiladi. Lekin oʻshanda ham boʻsh kelmaydi: xotiniga jasadini koʻmmaslik, qurbonlik keltirmaslikni tayinlaydi. Maʼbudlar gʻazab otiga minadi. Sizif “meni qoʻyib yubor, xotinimga sening sharafingga zoʻr qurbonlik qilishni tayinlayman-u huzuringga qaytaman” deya Aidni yana aldaydi. Ayonki, u marhumlar oʻlkasiga qaytmaydi. Kayf-u safo qilib, u dunyodan qaytishni faqat men uddaladim deya maqtanib yuraveradi. Pirovardida, osiyning joni ikkinchi bor olinadi va makr-hiyla, shakkoklik uchun abadul­abad ogʻir jazoga mustahiq etiladi.

Sizif negadir bora-bora ayyor, ochkoʻz, osiy kimsadan tanti va yurtparvar qahramonga, olijanob shaxs timsoliga aylangan...

Absurd va isyon

Oliymaqom Nobel mukofoti sovrindori, “Ovrupo vijdoni” deya ulugʻlangan Alber Kamyu absurd nazariyasi bilan dunyoni larzaga soldi. Adibni oʻqib-oʻqib, shunday xulosaga keldim: absurd – oʻlimga mahkumlik, odamning abadiy hayotdan mahrum ekani (aslida unday emas, bu haqda keyinroq soʻz yuritiladi). Shu hol goʻyo inson umrini maʼnisiz qilib qoʻyadi. Boyagi gap: muqarrar oʻlim bilan yakun topar ekan, hayot nimaga kerak oʻzi? Axir, vayron boʻlishini bila turib imorat qurmaydi-ku odam. Bu dunyoda qilingan yaxshilig-u yomonlik-chi – oʻlim bilan hammasining ustiga qizil chiziq tortiladimi? Kamyu faylasuf va gumanist sifatida ham, “yashayman” deb dunyoga kelgan odam sifatida ham bunga aslo rozi boʻlmaydi. U taqdirga mahkumlikdan maʼno axtaradi va Sizif timsoliga murojaat qiladi.

Inson umri “jarlik – choʻqqi – jarlik...” aylanasidagi kabi natija va mazmundan mahrum jarayon. Ustiga-ustak, hayot goʻyo odamning oʻziniki-yu, lekin bir nimani oʻzgartirish vajhida unda inon-ixtiyor yoʻq! Shu diqqinafaslik aro faqatgina absurdni, yaʼni oʻlimga mahkumlikni tan olgan bandai ojizgina erkindir – odam bolasi borliqdagi holatini oʻzi uchun shu taxlit ayin etgandan keyin “hayot maʼnisizligi”ga qarshi kurashishi, uni yengishi mumkin boʻladi. Ajalga mute ekanman, deb harakatsizlikni kasb qilib olmaydi. Turmush yukini yengillatish, maʼnisiz jarayonga maʼno bagʻishlash mumkinligidan ogoh boʻladi – kamyucha absurdning loʻnda tavsifi shu.

Faylasuf adib yashagan zamonda oʻzini oqsuyak sanagan ozchilik tomonidan ommaning hayoti – qashshoqlikka, mehnati – natijasizlikka, orzulari – halokatga, umri – zulm va urush quchogʻiga uloqtirilgan edi. Odam odam sanalmasdi. Kamyu zulm, haqsizlik va notenglik alamlarini oʻz boshidan kechiradi. Fikrchanlik va kuyunchaklik bilan bu holdan qanday qutulish mumkin, deb oʻylaydi. Yechim topolmagach, dunyo ilm-u donishini mukkasidan ketib oʻrganadi. Yoʻl axtarib kommunistik partiyaga kiradi, markscha gʻoyalarning maftuni boʻladi; oʻsha oliyshon shiorlarning-da amalga mutlaqo tersligini koʻradi... Ulardan ham ketadi. Yana oʻzicha yechim axtaradi.

“Sizif haqida afsona”ga oid ilk tezis 1936-yilda yozilib, asar 1942-yilda toʻliq nashr etiladi. Oʻsha 30-yillar adib uchun ogʻir keladi: xastaligi sabab Ekol Normal oliy maktabiga qabul qilinmaydi, turmushidan ajraladi, moddiy ahvoli tanglashib, oʻpkasidagi sil zoʻrayib ketadi. Yaqinlarining shohidlik berishicha, mazkur esse gʻoyasi va xudkushlik mavzusi ayni shu shaxsiy turmush muammolari zaminida paydo boʻlgan. Lekin uni oʻshanda ham umidvorlik, nekbinlik tark etmagan. Na turmushda maza-matra, na ertangi kunga umid qolgan kunlar tafakkur dahosini yashash maʼnosi haqida oʻylashga majbur etgan. Qorongʻilik – nur borligining dalili-ku! Kamyu bu haqiqatni, ehtimol, oʻsha kunlarda kashf etgan va koʻrgilik ichidan shodlik axtargan. Bularning bari odamdan qancha iroda, qancha yuksak ruhiy kuch talab qiladi! Soʻqir turmushning arzir-arzimas sabablari bois oʻzi yo oʻzganing joniga zomin boʻlayotganlarni koʻrib turibmiz-ku! Esse, balki Kamyuning oʻz-oʻziga taskini boʻlgandir...

Soʻngroq, 1948-yilda esa: “Shak-shubhasiz, bizning avlod chekiga shunchalar koʻp koʻrgilik tushdiki, ular koʻzidagi “qirmizi oynak”lar yechilib ketdi. Ular qamoqxona nimaligi, tong mahalidagi qatllarni, gunohing yoʻqligi eʼtiborga olinmasligi va yolgʻonning muzaffarligini bilishadi. Lekin bu – umidsizlik emas! Bu – bor haqiqat. Haqiqiy umidsizlik – soʻqirlik demak. U nafrat, zoʻravonlik va qotillik bilan murosa qiladi. Bu xil umidsizlik bilan men hech qachon kelisholmayman”, deb yozadi adib.

Alhol, mutafakkir yozuvchi real voqelik bilan qatʼiy isbotlanib turgan, “odam hayoti hech nimaga arzimaydigan maʼnisizlikdir” qabilidagi tushkun xulosaga duch keldi. Bu xulosa adibni hamisha ruhlantirib turgan “inson – oliy mavjudotdir” degan haqiqatga zid edi. Zidmi, demak, bu yerda boshqa gap bor... Kamyu oʻsha “boshqa gap”ni izladi, topdi; uni Sizif misolida hammaga tushunarli tilda aytmoqchi boʻldi.

Bizningcha, tafakkuri zang bosmagan har bir inson vaqti kelib absurdni anglab yetadi. Gap – uni qanday yengishda. Kamyuga koʻra, odam oʻshanda tanlov qarshisida qoladi: yo absurdga boʻysunib yashamoq, yo unga qarshi isyon. Albatta, fikrlovchi odam oʻzi mantiqsiz sanagan hodisaga boʻysunib yashayolmaydi. U holda, ikkinchi yoʻl – isyon qoladi. Xoʻsh, isyon nima? Axir, oʻlimga mahkumlikdek qudratli haqiqatni oʻzgartirib boʻlmasa... Unda isyon degani – xudkushlikmi? Yoʻq, Kamyuga koʻra, oʻz joniga qasd qilmoq yechim emas; bu – absurd oldidagi chorasizlikdir.

Falsafaning asosiy masalasi – “Hayot yashashga arziydimi?” degan savolga javob topishdir; “olam uch oʻlchovlimi, boshqami; aql-idrok toʻqqiz yo oʻn ikki tabaqalimi” qabilidagi mulohazalarning bari ikkinchi darajali, deydi adib. Uning uchun hatto eng ulugʻvor gʻoyalar ham hayotingizni tikishga arzimaydi. “Galiley ilmiy haqiqatni muhim deb bildi, lekin hayotiga xavf tugʻdirishi bilan oʻz gʻoyasidan osongina voz kechib qoʻyaqoldi, – deb yozadi adib. – Bu xil haqiqat oʻtda yonish badali boʻlolmaydi. Yer Quyosh atrofida aylanadimi yoki aksinchami – nima farqi bor? Bir soʻz bilan aytganda, bu arzimas masala”. Ha, muqarrar oʻlim tufayli maʼnisiz tuyuladigan inson hayoti Kamyu uchun shu qadar ulug‘ qadriyat edi. Shuning uchun ham u absurdni xudkushlik bilan yengishga qatʼiy qarshi boʻldi.

Absurd goʻyo oʻlimning muqarrarligidan tugʻilar, butkul yoʻq boʻlib ketish tayin ekan, unda yashash – maʼlum muddat mavjudlik – maʼnisizlikmi? Oʻlim bilan tugaydigan hayot aslida yoʻqlik yoki oʻlimning ayniyati emasmi? Bu kabi savollarning barchasiga “yoʻq” degan javob – absurdga qarshi isyon sanaladi. Kamyudagi isyon – umrni uning maʼnosizligiga qarshi oʻlaroq maʼno bilan toʻldirish, chorani chorasizlik ichidan topmoq, demak. Xalqona aytganda, sopini oʻzidan chiqarmoqdir.

Mantiqan tahlil etilsa, urush, kasallik yo muhtojlik boʻlmaganda ham odam baribir bir kun olamni tark etadi. Baribir ketar ekanman, hayotning nima keragi bor, qabilidagi tushkunlik isyonni, kurash tuygʻusini soʻndiradi. Boz ustiga, oʻzini “elita” sanaganlarning hukmronligi dastidan yashash koʻpchilik uchun mashaqqatga aylanadi. Butun jamiyatni-ku qoʻyaturaylik, oddiy kundalik turmushning bir qadar yaxshilanishiga-da ishonch yoʻqolishi, chorasizlik odamni hayotdan bezdiradi. Ruhiy quvvatni sezdirmay yemira boradi. Kishini ogʻir xasta kabi hafsalasiz qilib qoʻyadi.

Tushunishimcha, mutafakkir shunday qarashda boʻlgan: jamiyatdagi tengsizlik va zulmning oxiri yoʻq; tabaqalanish, yuqori-quyi oʻrtasidagi ziddiyat yoʻqolmaydi. Odamga baxtni jamiyat bermaydi. “Fozil shahar” yoxud “utopiya oroli” hamisha shirindan-shirin xomxayol boʻlib qolaveradi. Bunga tarix shohid. Xulosa: bu yechimsizlikka qarshi isyon – baxtsizlik ichidan baxt topa olishdir.

Baxtning kamyucha formulasi

Farang mutafakkiri diqqatini tortgan voqelik – ijtimoiy faoliyat namoyandalarining turli-tuman idora-yu mahkamalarda odamlarga sariq chaqalik foydasi boʻlmagan yumushlar bilan bandligi. Uningcha, shu yumushbozlik – absurd, uni anglash esa fojiadir. U bosh-keti yoʻq shu benaf mashgʻullikni majozan maqsaddan mahrum etilgan “Sizif mehnati”ga muqobil qoʻyadi.

Alber Kamyuning koʻpchilikni maftun aylagan kashfiyoti – tosh dumalab pastga tushgan muddatda Sizif xayolidan kechgan oʻylar. Qahramonning mahkum boʻlsa-da, oʻzini ozod his etishi. Tafakkur qilishi, abadiy jazo ichidan mazmun topishi! Sizifning Kamyu kashf etgan isyoni, iroda kuchi, erkinligi mana shu.

Adibga koʻra, hayotda insonga baxt-saodat uchun berilgan muddat – toshning choʻqqidan pastga tushish vaqtiga teng. Atigi shu, xolos. Odam bolasi oʻziga atalgan ana shu baxt lahzalari mavjudligini fahm-u idrok etsa, umri mazmun kasb etadi.

Aynan Sizif oʻsha fursat – fikr yuritish lahzasi ekanini bilib qoladi. Adoqsiz mashaqqat ichidan hayot barq urgan daqiqalarni topa oladi. Jazo zulumoti shu muddat xayoli bilan yorishib turadi. Ha, Sizifning baxti – oʻsha yashirin imkonni topa olgani, sanoqli lahzalarning sohibiga aylanganida. Yoʻq, bu lahzalar unga berilgan emas. Uni Sizifning oʻzi – poyonsiz koʻrgilik halqalarini uzib, oʻziniki qilib olgan.

Kamyu Sizifni bizga oliy inson timsoli oʻlaroq oʻrnak qilib koʻrsatadi: qismat roʻbaro‘ qilgan har qanday voqelikka soʻqirlarcha itoat – odamiyatdan emas. Inson yashashdan zavqlanmogʻi, oʻz qarori va xatti-harakatlarida ozod boʻlmogʻi kerak. Gʻofillik – baxtsizlikdir; insonning baxti – tafakkur qilishida. Baxtning kamyucha formulasi shu. Adib, taʼbir joiz boʻlsa, haqiqatning afsona satrlari orasida uchib yurgan koʻrinmas qushini tutib oladi va uni kaftiga qoʻndirib bizga shoyon koʻrsatadi.

Sizif nega jazolandi? U qismatga koʻnmadi. Oʻlim muqarrarligi tufayli yuzaga kelguvchi absurdga qarshi isyon qildi. Lekin yana maʼnisizlikka mahkum etildi. U bu “yangi absurd”dan ham maʼno topdi, unga boʻysunmadi – mana, Sizif xazinasidan Kamyu topgan durri yatim!

Toʻgʻri tushungan boʻlsak: absurdga qarshi isyon – xudkushlik bilan oʻlimni dogʻda qoldirish emas. Bilʼaks, oʻtkinchi boʻlsa-da, hayotni har qanday holatda ham zavqli, foydali jarayonga aylantirishdir.

Sizifga sharqona qarash

Islomiy haqiqatga koʻra, inson hayoti – muqarrar ravishda abadiy; fano – shu mangulikning bir qismidir; ikki dunyo chegarasini oʻz xohishi bilan belgilashga bandaning haqqi yoʻq. Berilgan umrni munosib yashab oʻtish kerak. Fano – baqoga tayyorgarlikdir, xolos.

“Tirik qolmoq yo oʻlmoq” – mazkur masalaning yechimi eʼtiqodimizga koʻra ham, Kamyuga koʻra ham bizning ixtiyorimizda emas. Bu birinchi holda – shakkoklik, ikkinchisida – irodasizlikdir. “Dunyo mashaqqati ichidan qanday qilib baxt topsa boʻladi?” – mana absurd taʼlimotidagi asosiy masala. Shu nuqtada Kamyu falsafasining Uygʻonish davri tomoshanavisiga qaraganda nihoyatda balandligi oliy gumanizm bilan izohlanadi.

Ammo... Sizifni irodali, oʻjar, maqsad sari sobit intiluvchi qahramon sanaydiganlar unutmasinlarki, uning gunohi – oʻlimni tan olmagani, qazo-qadardan bosh tortgani, foniy hayotda abadiy yashamoqchi boʻlganida. Ilohiy aqidaga koʻra, bu – kibr, shakkoklikdir. Demak, Sizif – avvalboshdayoq salbiy timsol boʻlgan. U bu dunyoda bandalikni tan olmagani uchun u dunyoda jazolangan. Tosh – bu jazo, boshqa narsa emas. Buni unutsak, “Sizif hodisasi”ning tub mohiyatidan uzoqlashamiz. Jazo nohaq berilgan, maʼbudlar isyonkor qahramondan oʻch olgan, deb talqin qilish zoʻrakilikdan boshqa narsa emas.

Gap shundaki, Sizifning zamonlar oʻtishi bilan gunohkordan qahramonga aylanishi sababi fano va baqoning chalkashtirib yuborilganida – oʻrtadagi uzilgan halqa ana shu. Ijod ahli jozibali afsonani oʻz maqsadiga moslab chimdim-chimdim oʻzgartirib ketaverganga oʻxshaydi.

Ovrupolik adib taqdirni – oʻlimga mahkumlikni tan olgani, qolaversa, inson hayotida tafakkurning oʻrni masalasida ruhimizga juda yaqin. Ammo u odamzod hayoti bu dunyo bilan tugaydi deb ishongan. Uningcha, afsonadagi jami voqealar fanoda sodir boʻladi, tosh bilan bogʻliq jazo ham bu dunyodagi hodisa oʻlaroq talqin qilinadi. Sirasi, maftunkor absurd falsafasi chegarasi fano tugagan joygacha – baqo unga begona.

Agar Kamyu talqinidagi Sizifda ruhiyatimizga zid nimadir his etayotgan boʻlsak, uni oʻrnak oʻlaroq qabul qilmoqni gʻayri­shuuriy istamayotgan boʻlsak, gap – shu chegarada, Sizifning u dunyodagi hayoti odam bolasining bu dunyodagi hayoti oʻlaroq talqin etilganida. Shakkoklik uchun berilgan haqli jazodan zaminiy maʼno axtarilganida, ilohiy hukm taftish qilinganida...

Bizning vazifamiz – berilgan umrni imkon deb bilib, uni yaxshi amallar bilan munosib yashab oʻtishdir. Shunda yaxshi-yomon qilmishlarimiz masʼuliyatini taqdir zimmasiga yuklashdan tiyilamiz. Xatolarimizni “peshonaga yozilgan” deya xaspoʻshlamay, mudom javobgarlikni his etamiz.

Qanchalik gʻalat tuyulmasin, “aqllar hukmdori” deb ulugʻlangan adibdan farqli oʻlaroq, biz Sizif toshi qarshisida bosh egamiz. Sizifga berilgan jazo haqli va abadiy – ilohiy hukmga boshqa maʼno-mohiyat yuklab boʻlmaydi.

Ha, turli taʼlimotlar-u falsafalar oʻz yoʻliga. Ammo toʻgʻri yoʻl oʻlaroq yuborilgan qonun-qoidalar bilan yashab, umumjahon tinchligiga erishmoq ham, oʻzimiznikimi, oʻzganikimi – hayotning qadriga yetmoq ham mumkin. Ana shunda balki bir-birimizga mehr-u shafqat koʻzlari bilan qararmidik? Yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf boʻlarmidik? Tunda jigargoʻshamizning ustini koʻrpa bilan yopib qoʻyishni din yoʻlidagi jihoddan ulugʻroq amal deb bilarmidik?

Islom Sharqining Sizifdan jozibador, hayot nafasi ufurib turgan timsollari naqadar koʻp, desak, umidvormizki, mahdudlik deya tushunilmas...

Lirik chekinish

Folklorshunoslar gʻalati bir qonuniyatni ilgʻaganlar: dunyoning turli nuqtalarida yashaydigan xalqlar ogʻzaki ijodining qadimiy namunalarida mushtarak motivlar, oʻxshash qahramon va uyqash kechmishlar tez-tez uchrab turadi. Mushtariy “Xalqlar qadim-qadimdan oʻzaro qizgʻin robitada-ku! Elchilar, savdogar-u qaroqchilar – dunyo kezib, matal, afsona va choʻpchaklarni ellararo doston qilib yuravergan. Buning nimasi gʻalati?” deb eʼtiroz bildirishi mumkin. Gap shundaki, olimlarning aniqlashicha, bu gʻaroyib hodisot – yoʻllari tarixda aqalli bir marta ham kesishmagan, bir-birining boridan bexabar elatlarni ham chetlab oʻtmagan ekan. Tadqiqotchilar tekshira-tekshira, shunday farazni ilgari surgan: bu oʻxshashlik yo shunchaki tasodif, yo oʻsha xalqlarning tarixiy rivoji bir-biriga monand boʻlgan.

Men ham oʻzimcha turli tasavvurga berilaman. Lekin ulardan soʻz ochmakka jurʼat yetmaydi. Negaki, ular oʻta munozarali, oʻta bahstalab...

Menga dunyoning barcha qadim xalq asotirlari ilohiy kitoblardan ibtido olgandek tuyuladi. Faqat... ogʻizdan-ogʻizga oʻtib oʻzgarib ketgan. Darvoqe, Sizif afsonasidagi bu dunyo hayotining oʻtkinchiligi, oʻlimning muqarrarligi, gunoh uchun jazolanish va jazoning abadiyligi... kabi motivlarning bari ilohiy kitoblarda bitib qoʻyilmaganmi? Tantalning maʼbudlarni ziyofat qilmoq uchun oʻz oʻgʻlini soʻyishi tanish qissani eslatmayaptimi? Dunyo toʻfoni haqidagi yunon afsonasi-chi?

Mayli, qadim ilohiy kitoblar asliyatini tiklash imkoniyati endi yoʻq. Lekin aniq isbotlash mumkin boʻlgan misollar bor-ku. Nima sabab boʻlganini bilmadik, lekin odam bolasi oʻz xayolida Iso alayhissalomni Xudoning oʻgʻliga aylantirib, Ayyub alayhissalomning vujudini jirkanch qurtlarga talatmadimi? Oʻsha qiyshiq koʻzgu Yusuf alayhissalomni Zulayxo bilan “qoʻsha qarit”madimi? Sizif voqeasi ham “tahrirchilar” qoʻliga tushmagan deb kim ayta oladi? Vikipediya ensiklopediyasida yozilishicha, davrlar oʻtishi bilan “Sizif obrazi odamlarda hamdardlik, achinish tuygʻularini uygʻotadigan boʻldi.... Uning gunohlari unutildi, yunon aristokratiyasi taomilida esa Sizifni oʻzining afsonaviy ajdodlaridan bilish shon-sharaf sanaladigan boʻlib qoldi. Ogʻir jazo endi gunohga yarasha ajr emas, xudolarning oʻch va qasoskorligi ramziga aylandi”. Kim bilsin, nafsi ammora hukmiga tobe oʻsha zodagonlar ogʻir gunohlarini el koʻzida oqlash uchun shakkok Sizifdan qahramon yasab olishgandir? Agar bu faraz toʻgʻri boʻlsa, sevimli yozuvchimiz ham timsolni toʻgʻri tanlamagan boʻlib chiqadi. Nachora...

Buyuk gumanist

Alber Kamyu kommunizm, fashizm kabi gʻayriinsoniy taʼlimotlarning mohiyatini oʻz vaqtida angladi. Urush va sinfiy zulmni qattiq qoraladi. Odam bolasini oliy mavjudot sanagani uchun ham, baxt talabidagi kurashda iroda va tafakkurni hal qiluvchi oʻringa qoʻydi. Tengsizlik hukm surgan dunyoda ogʻir qismatga mubtalo boʻlganlarni koʻr-koʻrona bosh egmaslikka, kurashga chorladi. Yozuvchining “Inson oʻlimga mahkum, hech kim bundan istisno emas. Umrni hayotsevarlik, tafakkur qilmoq kabi maʼno bilan toʻldirish lozim. Xudkushlik – ojizlikdir” singari qalbga umid va qanoat bagʻishlovchi fikrlari talaygina. Kamyu gumanizmi Yer kurrasida zulm va zugʻumlar hamon avj olib turgan bizning asrda yanada qadrlidir. Fikrlaydigan ziyolini bu mutafakkirga mubtalo qilgan jozib kuch – jamiyat boyliklari yaratuvchisi boʻlgan, ammo mehnati mahsulidan mahrum etilgan oddiy odamlarga mehr-u muhabbat, hamdardlikdir. Kamyu “Sizifni baxtli sanamoq joiz” deyish ila ogʻir jismoniy mehnat, muhtojlik va zulmga mahkum etilganlar ham tafakkur ila saodat topadilar, demoqchi. Baxtga limmo-lim istiqbolga umid uygʻotmasa-da, harqalay, hayotning har lahzasida yorugʻlik bor, demoqchi. Lev Tolstoy taʼbiri bilan aytganda: “Hayot bor joyda baxt-saodat ham bor”.

Nodira OFOQ

“Tafakkur” jurnali 2019-yil 3-son.

“Men Sizif toshiga egaman boshim” maqolasi