Ukam “Feysbuk”da har safar inglizlarning sehrgar Merlin obrazidan foydalanadi. Koʻpincha suratlarini ilova qiladi. “Nega aynan Merlin?” deb soʻradim. “Merlinning aqli va muammoga yechim topishga ustaligi yoqadi” deb javob berdi u.
Serialni qayta-qayta koʻrgan ukam Merlinning har bir harakatidan zavq olar, uning sehrgarligiga emas, qahramonligiga oshiq edi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda fikr aytish, turli foto-video yuklash, har xil bachkanaliklar bilan ommaning eʼtiborida boʻlish urfga aylandi. Yoshlarimiz bu borada ancha faol. Ular mashhurlarga – film qahramonlari, futbolchilar, boylar, artistlar va boshqa kishilarga taqlid qiladi, shulardan iqtiboslar keltiradi. Ularning suratini virtual olamga joylab boradi.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqda Beruniy yo Forobiy asarlaridan iqtibos keltiradigan, ilmiy qarashlarini muhokama qiladigan yoshlar juda oz. Nega? Doʻppini boshdan olib oʻylab koʻrsak, koʻp yillar buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini yoshlarga yetarli tanitish oʻrniga faqat qulogʻiga ularning nomini quyish bilan ovora boʻldik. Yana ota-bobomizni tanimaydi, bilmaydi deb oʻpkalaymiz. Millat oʻz qahramonlarini tanimas ekan, hech qachon qudratli boʻlolmaydi. Odamlarga doim qahramon kerak. “Haqiqiy qahramonlik qoʻlda emas, miya va yurakda” degan edi amerikalik adib Herman Melvill. Bugun milliy tafakkurni uygʻotish, turli “...parastlik” sindromlaridan xalos boʻlish uchun tariximizning yorqin sahifalarini jamiyatga yuqtirish ehtiyoji bor. Buyuk allomalar, mumtoz shoirlar, dovyurak sarkarda-yu maʼrifatli hukmdorlarimizni xalqqa qayta tanitish ziyolilar zimmasidagi maʼnaviy burch.
Zamonaviy kinoijodkorlar bir zamonlar qabila sardori boʻlgan, nasl-nasabining tayini yoʻq kimsani ham qahramonga aylantirib yubora oladi. Tabiiyki, bu qahramon najotkor, qudrat sohibi oʻlaroq millionlab oʻsmirlarning koʻnglidan joy oladi. Jahon kino sanʼati ilm-u tafakkur namoyandalarini ham unutgan emas. “Google” dasturida biror tarixiy shaxsni qidirsangiz, hech qursa, u haqida bitta kinoasar bor. Afsuski, biz – oʻzbeklar bu borada maqtana olmaymiz.
Buyuk ajdodlarimiz haqida oʻtgan yigirmanchi asrda romanlar yozilib, filmlar ishlandi, spektakllar yaratildi. Biroq tarixiy-biografik janrdagi bu asarlar egizday bir-biriga oʻxshash. Davr va ijtimoiy muhit oʻxshashligi tabiiy. Ammo har bir ajdodimizning oʻz taqdiri, ijod yoʻli, gʻoyasi va albatta xarakteri boʻlgan. Hozir bir qolipdagi zoʻrma-zoʻraki, badiiy talqini bitta oʻzanga qamalgan, bir-birini takrorlaydigan qahramonlar yaratish urfdan qolgan.
Deylik, yoshlarimiz Alisher Navoiyni qanday tasavvur qiladi? Koʻpchilikning koʻz oldida avvalo hassa tutgan, soch-soqoli oqargan, munkillab qolgan sallali chol qiyofasi gavdalanadi. Vaholanki, Navoiy bobomiz vafot etganda oltmish, “Xamsa”ni yozganda qirq yoshda edi. Bir oʻzbek oʻgʻloni sifatida Navoiyni munkillagan chol emas, ham jismonan, ham maʼnan baquvvat, ruhan tetik, gʻayratli shaxs boʻlgan deb tasavvur etishga urinaman. Ne ajabki, har safar nuroniy chol siymosi xayolimda gavdalanaveradi.
Shu kungacha oʻzbek adabiyotida, kinosida yaratilgan asarlarni yoʻqqa chiqarish adolatsizlik boʻladi, albatta. Oʻtgan asrda “Alisher Navoiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Ulugʻbek yulduzi”, “Abu Ali ibn Sino”, “Buyuk Amir Temur”, yaqin yillarda “Ibrat”, “Avloniy”, “Qoʻqon shamoli”, “Imom Abu Iso Termiziy” kabi tarixiy mavzudagi qator filmlar yaratildi. Turk ijodkorlari bilan hamkorlikda “Menkim, Jaloliddin” seriali suratga olindi. Lekin bu filmlar kutilganidek samara bergani yoʻq.
Adabiyot inson qalbini ifoda etsa ham odamzot koʻrganiga koʻproq ishonadi. Kinolar asosida esa baribir adabiyot yotadi. Tarixiy filmlar albatta badiiy poydevori baquvvat asarga asoslanishi lozim. Ajdodlarimizning tarjimai holini bitta formulaga solib, asardan asarga koʻchirish bilan maqsadga erishish qiyin. Birxillikdan qochish, tasavvurimizni bir sidra tozalab olish, ajdodlarimiz bilan oramizni yaqinlashtirish hozirgi oʻzbek adabiyoti va kinosining muhim vazifasi deb oʻylayman.
Haqiqiy vatanparvarlik qasidasi oʻlaroq tilga olinadigan Mel Gibsonning “Sheryurak” badiiy filmini hammamiz yaxshi bilamiz. Shotlandiya va Angliya oʻrtasidagi urushlarda afsonaga aylangan Uilyam Uollesning hayotidan taʼsirlanib suratga olingan mazkur filmda koʻp epizodlar toʻqima boʻlsa ham shotland oʻgʻlonlarining urushdagi matonati, vatanparvarligi va jasorati hanuzgacha millionlab qalblarni toʻlqinlantirib keladi. Mazkur film XV asrda Blaynd Harri degan soʻqir shoirning Uolles haqida yozgan dostoni asosida yaratilgan. Film ijodkorlari esa bitta personajni butun dunyoga vatanparvarlik timsoli sifatida taqdim eta bildi. Nima, bizning tariximizda Uolleslar yashamaganmi? Oʻtmishimizning har bir sahifasida bir emas, ikki emas, oʻnlab Uolleslar bor-ku! Shunday ekan, nega Spitamen yoki Toʻmaris hayotini tomoshabinga professional darajada koʻrsata olmaymiz? Oʻn besh yilcha ilgari teleekranlarimiz karis tarixiy seriallari bilan toʻlib-toshgan edi. Oqibatda bolalarimiz karis qahramonlari boʻlishni orzu qila boshladi. Oʻquvchilar Shiroq, Toʻmaris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro kabi buyuk vatanparvarlarimiz haqida faqat darsliklarda oʻqishi yetarli emas.
Dunyoda motivlar tugamagan, lekin syujet va gʻoya taqchilligi bor. Shunga qaramay yaqin yigirma yilda qanchadan qancha qahramonlar oʻylab topilmadi deysiz? Oʻrgimchak odam, Chumoli odam, Koʻrshapalak odam (Betmen), Terminator, Temir odam... Sanayversak, roʻyxatning adogʻi yoʻq. Eng qizigʻi, ular oʻylab topilgan, bor-yoʻgʻi fantaziya mahsuli, xolos. Bizning tariximiz va folklorimiz esa Hollivudni yigirma-oʻttiz yil tarixiy qahramon bilan taʼminlashga yetib ortadi.
Yozuvchi tarixiy qahramonning hayoti va faoliyatini aks ettirmoqchi ekan, eng avvalo individual mahoratga tayanadi. Uzoq asrlar sukunat ichra yotgan qoʻlyozmalar bilan suhbatlashadi, tarix qabristonidagi toshbitiklarni xolis oʻqiydi. Badiiyat ila tarixni hikoya qilish sanʼati esa oson emas. Badiiy asarning gʻoyasi – ildizi baquvvat boʻlishi kerak. Gʻoyasi boʻsh asarning na badiiy qiymati, na estetik zavqi boʻladi. Tarixiy qahramonning gʻoyasi muhim! Biror katta gʻoya bilan bugungi odamlarning qalbiga taʼsir koʻrsatishi shart. Rus yozuvchisi Sigizmund Krjijanovskiyning bir gapi bor: “Vatan tarixini yozishingiz uchun ikkita narsa boʻlishi kerak: ham vatan, ham tarix. Oʻtmishingizni sevishingiz, qadimgi zamonning eng yomon faktlaridan ham yaxshilik izlashni oʻrganishingiz lozim. Tarix haqida badiiy asar yozishdan oldin mamlakatingiz tarixini bilishingiz, toʻliq material toʻplashingiz va shundan keyingina tarixiy asarda ketma-ket boʻlib oʻtadigan voqealarni koʻrib chiqishingiz mumkin”.
Jahon adabiyotida buyuk shaxslarga bagʻishlangan biografik asarlar talaygina. Oddiy misol: Shekspir hayotiga bagʻishlangan oʻndan ortiq roman bor. Italyan xalqining buyuk shoiri Dante Aligeri haqida beshta roman yozilgan. Bu asarlarda Shekspir va Dante shaxsi turlicha talqin qilingan. Mazkur asarlar asosida bir nechta badiiy film ishlangan. Masalan, Uilyam Shekspir haqida oʻn uchta kino suratga olingan boʻlib, ularda adibning butun umri tasvirlanmagan, hayotining muayyan bir davri badiiy tahlil etilgan. Film ijodkorlarining maqsadi Shekspir yoki Dantening hayoti haqida hikoya qilib berish emas, ularning gʻoyalarini jamiyatga yetkazish boʻlgan. Oʻzbek adabiyotida esa tarixiy obrazlar koʻpincha nuqsondan xoli qilib tasvirlanadi. Muallif asarda qahramonini toʻla himoyaga olib, biror xato qilishiga izn bermaydi.
Bolaligimda rus yozuvchisi Klara Moiseyevaning Abu Rayhon Beruniy haqidagi “Beruniy yulduzlari” qissasini oʻqigandim. Asar bobomizning falakiyot ilmi bilan bogʻliq faoliyati, Maʼmun akademiyasidagi muhit haqida tasavvur beradi. Qizigʻi, asar bosh qahramoni Beruniy emas, balki Yoqub ismli shogirdi edi. Bu yondashuv ham muallifning oʻziga xos talqini desak xato boʻlmaydi.
Robin Hud haqida bilmagan odam yoʻq hisobi. Boylarning mulkini oʻmarib, kambagʻallarga ulashadigan bu toʻqima qahramonning oʻzimizda ham muqobili bor – Namoz Pirimqul oʻgʻli. Xudoyberdi Toʻxtaboyev u haqida “Qasoskorning oltin boshi” romanini yozgan. Lekin bu asar asosida film ishlanmagan. Hatto yaxshiroq targʻib ham qilinmagan. Aslida bunday asarlar yuz minglab nusxada chop etilishi, barcha maktablarga tarqatilishi, jamoatchilik orasida koʻproq muhokama qilinishi zarur.
Bugun har bir ziyoli millat tafakkurining oʻsishi uchun qaygʻurishi – davr talabi. Buyuk ajdodlarimizning gʻoyalarini jamiyatga singdirish – zimmamizdagi burch. Bu vazifani sharaf bilan ado etish – katta saodat. Toki yoshlar qalbida Temur Malik va Jaloliddin Manguberdi kabi sarkarda, Beruniy va Xorazmiy kabi olim, Navoiy kabi shoir, Mirzo Ulugʻbek kabi astronom boʻlish istagi tugʻilsin. Faqat nomini sanashni bas qilib, ulardan qolgan maʼnaviy xazina eshiklarini ochaylik, ulardan qolgan asl ganj bilan tanishtiraylik. Tarixiy shaxslarning yuksak badiiy talqini bugungi millat yoshlarida ajdodlarga nisbatan faqat faxr tuygʻusini emas, ularga ergashish, joiz boʻlsa taqlid qilish istagini uygʻotsin.
Farzandlarimizni tariximiz bilan rosmana tanishtirmas ekanmiz, ular koʻngli dunyoning toʻqima qahramonlariga mahliyo boʻlib qolaveradi.
“Nafʼing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ oʻzungga koʻprakdurur”.
Xurshid ABDURASHID,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti ilmiy xodimi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.
“Oʻzbek oʻz qahramonlarini tanisin” maqolasi