XXI asrning ilk choragi insoniyat hayotida olamshumul voqealarga boy kechdi. Tarix yoʻnalishi, dunyo geosiyosiy qiyofasini oʻzgartirayotgan hodisalar silsilasini eski jahon tartibotidan yangisiga oʻtishning zohiriy alomatlari deb baholash mumkin. Bunday burilish lahzalarida xalqlar ruhiyatidagi botiniy bir quvvat yuzaga chiqadi va uning taʼsirida dunyo sifat jihatdan oʻzgarib, yangi qoidalar asosida yashamoqqa tutinadi.
Sivilizatsiyadan sivilizatsiyaga, davrdan davrga oʻtish pallalarida ilm-fan vakillari, xususan, jamiyatshunoslarning shunchaki tomoshabin boʻlmoqqa haqi yoʻq. Bilʼaks, ular jamiyat ahliga zalvarli muammolar yechimi borasida oqilona javoblar hozirlamogʻi darkor. Qariyb toʻrt yuz yil hukmronlik qilgan yevrotsentrik tartibot oʻrnida koʻpqutbli global nizom shakllanmoqda. Ushbu evrilish muhim bir xulosaga undaydi: eski nizomdan hafsalasi pir boʻlgan milliardlab odam yangi qonun-qoidalarni talab etayotir.
Dunyo davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib, kurrai arzni insonparvarroq bosqichga betalafot olib oʻtish yoʻllarini topishi lozim. Hozirda bashariyat hayoti taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgandek. Holbuki, umumsayyoraviy muammo yechimini paysalga solib boʻlmaydi. Xavfsizlik va barqarorlik uchun masʼuliyatni zimmasiga olgan davlatlar, xalqaro muassasalar jiddi jahd qiladigan vaqt allaqachon kelgan.
Bir necha asr mobaynida metropoliya davlatlar – mustamlakachilar tomonidan oʻz manfaatlariga moslab yaratilgan boshqaruv prinsipi va tuzilmasi chiridi. Paradoks shundaki, bundan AQSh yutgan boʻlsa, mazkur siyosiy-iqtisodiy va mafkuraviy tartibot meʼmorlari – Buyuk Britaniya va Fransiya singari davlatlar sezilarli ziyon koʻrdi. Bugun aksilgʻarb kuchlar siyosat maydoniga chiqayotgani bejiz emas. Ikkinchi jahon urushi yakunida Xitoy Xalq Respublikasining paydo boʻlishi, Hindistonning davlat mustaqilligini qoʻlga kiritishi, XX asrning 50 – 60-yillarida Hindixitoy zaminida mustamlakachi armiyalarning magʻlubiyatga uchrashi, Afrikada milliy ozodlik harakatining kuchayishi, Yugoslaviyaning parchalanishi, Bolqon yarim orolidagi etnosiyosiy ayirmachilik kabi hodisalar anglosaks sivilizatsiyasi koʻchasida bayram yakunlanayotganidan dalolat berardi (Володин Г. Возвращение развития: полицентричный мир в поисках новой экзистенциальной парадигмы // Вестник Российской академии наук. 2023, том 93, №11. Стр. 1019-1031). Afgʻoniston, Iroq va Suriya dramasi esa AQSh kuch-qudratining mukammalligini shubha ostiga qoʻydi.
Aksilamerika yoʻnalishidagi yangi sivilizatsiyalararo birlashma – BRIKSning qamrovi kengayib borayotgani, musulmon dunyosida oʻz-oʻzini qayta anglash jarayoni kechayotgani, Yevroatlantika makonidagi notinch harbiy-siyosiy vaziyat Gʻarb hegemonligi quyoshi botayotganiga shohidlik berayotgandek. Umumsayyoraviy aksilgʻarb harakati zamirida “Vashington konsensusi” bilan bogʻliq vaʼdalar, “tarix nihoyasi”, “liberal demokratiyaning abadiy tantanasi” singari futuristik bashoratlarga nisbatan ishonchsizlik yotibdi. Neokolonializm iskanjasidagi “uchinchi dunyo” mamlakatlari “faqir kishi panada” qabilida katta siyosatdan chetda boʻlmoq yoʻlidan voz kechdi. Bu hol ovrupocha va amerikancha yashash tarzini rad etib, taraqqiyotning milliy etatizm, qarshilik koʻrsatish strategiyasini ixtiyor etishda namoyon boʻlayotir (Го Д. Мыслить против империи: антиколониальная мысль как социальная теория // СоцИс, 2024, №1. Стр. 16-26).
Sayyoramizda soʻl radikal davlatlar (Braziliya, Peru, Boliviya, Ekvador, Nikaragua, Venesuela) safi ortib, ularning geografik qamrovi tobora kengaymoqda. Bu sira davlatlar yovvoyi kapitalizm va bozor merkantilizmini rad etgan holda ijtimoiy himoya yoʻlini tanlamoqda.
Yaqin oʻtmishda sobiq “sotsialistik lager”da kuzatilgan “rangli inqilob”lar tashqi kuchlar tomonidan idora etilgani oshkor boʻldi. Zamonaviy “salib yurish”lari Afrika magʻribida toʻxtagan boʻlsa-da, mintaqada ichki beqarorlik, millatlararo nizolarni keltirib chiqardi. Moddiy jihatdan toʻq, siyosiy jihatdan barqaror Liviyaning qonga botirilishi ayanchli oqibatlarga olib keldi. Ayni vaqtda Mali, Niger, Burkina Faso, Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlarda aksilgʻarb kayfiyatining kuchayishi ham “qora qitʼa”ning Liviya fojiasiga javobi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy oʻzgarishlar davrida global milliy ozodlik harakati yangi maqomda oʻz huquqini talab qilmoqda. Tabiiy oʻzaniga qaytayotgan milliy demokratik kuchlar erkin yashashga intilayotgan davlatlar atrofida birlashmoqda. Sovet Ittifoqi parchalangach, dunyo hukmronligini qoʻlga olgan kuchlar muammolar girdobiga tushib qoldi. Bu hol ijtimoiy ongning chuqur qatlamlarida yuz bergan va berayotgan umumsayyoraviy tektonik siljishlar silsilasida yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Sirasi, bir necha asr mobaynida bashariyatning maʼnaviy yuksalishiga toʻgʻanoq boʻlgan, erksevar mazlumlarni xohish-irodasiga zid yumushlarga majburlagan kuch barham topmoqda. Demakki, endilikda jahonda zulm, zoʻravonlik va kamsitishlardan xoli, milliy, konfessional va sivilizatsion mansublikdan qatʼi nazar, butun bashariyat uchun qulay muhit yaratilmogʻi shart.
Jahon tartiboti va uning behisob institutlari bashariyatning bugungi talab-ehtiyojlariga javob berolmay qoldi. Nazarimizda, bu holatning aybdorini qidirmoq ham toʻgʻri emas. Muhimi, maqbul va manzur yashash usullarini topmoq va amalga tatbiq etmoqdir. Sharq-u Gʻarb mutafakkirlari fikricha, adolatli tartibot xomxayol emas, balki reallik, odamzodning “transsendent vazifasi”dir. Insoniyatning saodati muammosi esa Sharq fikr ahli tomonidan koʻp va xoʻb tadqiq etilgan.
Mushtariylar mulohazalarimizni Gʻarbni biryoqlama qoralash, tanqid qilish deb tushunmasinlar. Dunyoni gʻarbona qolipda idora etish oʻz davrida insoniyat koriga yaradi, albatta. Iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, axborotlashtirish kabi jabhalarda olgʻa siljishlar roʻy berdi, ilm-fanda inqilobiy yutuqlarga erishildi. Biroq inson zotining mudom ezgulik, farovonlik va yangilik tomon intilishi qonuniyati inobatga olinsa, anʼanaviy global tartibotdan adolatlirogʻini qidirish tabiiy hol ekani ayonlashadi. Darhaqiqat, gʻarbona tafakkur tarzini yomonotliq qilish ilm ahliga yarashmaydi. Ammo xolislik nuqtai nazaridan aytsak, Gʻarb oʻzi yaratgan boshqaruv tizimini endilikda na isloh etishga, na yangisini yaratishga qodir. Chunki u bir necha asr davomida hayot haqiqatiga zid yoʻl tutdi, yaʼni insoniyatning jamiki muammolarini hal qilishni qayta-qayta oʻz zimmasiga oldi, bu jabhada yakka-yu yagona karvonboshi ekanini bani basharga uqtirish yoʻlida bor imkoniyatini ishga soldi. Shu maqsadda katta miqdorda sarmoya xarjlandi, hatto dindan ham ustalik bilan foydalanildi. Biroq kasalni yashirsangiz, isitma oshkor etadi. Alhol, inson ruhiyatining chuqur qatlamlarida mavridini kutayotgan yaratuvchi quvvat bosh koʻtarishi muqarrar edi. Polshalik faylasuf va psixolog Yuliush Slovaskiy odamzod vujudida bir “azaliy va abadiy inqilobchi” mavjudki, u inson ruhiyatidir, deya obrazli taʼrif berganida haq edi (Рашковский Е. Человеческий капитал как проблема социальной философии // Вопросы философии, 2022, №6. Стр. 52).
Aynan oʻsha – inson bagʻrida yashiringan cheksiz quvvat (bu oʻrinda gap jismoniy kuch haqida ketayotgani yoʻq) dunyoni tubdan oʻzgartira oladi. Gʻarbda ratsional aqlga tayangan holda, inson qalbi, shuuridagi botiniy quvvat siqib chiqarildi. Bu ham yetmaganidek, inson miyasini mitti chiplar yordamida yanada faollashtirish boʻyicha tajribalar olib borilmoqda. Muxtasar aytsak, Hazrati Inson temirtan robot yoki shunchaki dastgoh darajasiga tushirilmoqdaki, bu vaqti kelib insoniyat boshiga falokat yogʻdirishi hech gap emas.
Sharqda masala mutlaqo boshqacha tarzda qoʻyiladiki, uning zamirida insoniylik va ilohiylikni ulugʻlash, odamzodni ham maʼnan, ham moddiyan baxtli qilish istagi yotadi. Shu bois Gʻarb ahli hatto Yaratgandan voz kechgan kezlarda ham Sharqda buyuk oʻzgartiruvchi botiniy quvvatga ishonch poydor boʻlib qoldi. Ildizi muqaddas bitiklarga borib taqaluvchi insonning ilohiy missiyasiga doir qarashlar Sharq allomalari ijodidan mustahkam oʻrin egallagani maʼlum.
Amerikalik taniqli siyosatshunos Samyuel Hantington “Biz kimmiz? Amerika milliy oʻzligiga tahdidlar” degan risolasida “Yaratganning qasosi” haqida soʻz yuritarkan, diniy qarashlar gʻarbliklar uchun ham begona emasligini taʼkidlaydi (Samuel P. Huntington. Who Are We? The Challenges to Americaʼs National Identity. New York, Simon & Schuster, 2004). Biroq gʻisht qolipdan koʻchib boʻlgan va vaziyatni oʻnglamoq uchun insoniyat kechikkan chogʻi. Nazarimizda, bugungi taqdirulamal murakkab vaziyat yangi Gobbs va Dekart, Ibn Arabiy va Rumiy, Gandi va Bxavelarni talab etayotir.
Taraqqiyot yoʻli hech qachon ravon va oson boʻlmagan. U mudom turli-tuman toʻsiqlar, ziddiyatlar aro kechadi. Gohida insoniyat bir joyda depsinib ham qoladi. Mana shu hayotiy haqiqatni chuqur anglagan bobo Sharq dunyoning boshqa puchmoqlari uyquda yotgan pallalarda ham bashariyat qismati, istiqboli, maʼnaviy quvvati xususida mushohada yuritishdan toʻxtamagan. Misol uchun, olam, tabiat va inson mushtarakligi gʻoyasini olaylik. Sharq mutafakkirlari ijtimoiy va ruhiy hamnafaslik umumsayyoraviy muvozanatga olib borishini hammadan avval anglagan. Ushbu gʻoya xitoy allomasi Konfutsiyning izdoshi, mutafakkir Chjuansziga nisbat berilsa-da, u umuman Sharqqa ibtidodan xos olam yaxlitligi gʻoyasining tarkibiy qismi sanaladi (Чэнь Хунь, Гань Цяоцзюань. О философских основах концепции сообщества единой судьбы человечества // Вопросы философии, 2023, №3. Стр. 99).
Ayni shu ruhdagi fikrlar hind falsafasida ham uchraydi. Jumladan, hinduviylikka doir bitiklarda (vedalar, rigvedalar va upanishadlar) jamiyat, davlat va dunyoqarashlar hamnafasligi umuminsoniy yaxlitlik bagʻrida kamol topishi bayon etilgan.
XIX asr Hindiston, Bengaliya renessansining buyuk vakillari Rammoxon Ray, Bxaktivinoda Thokur hamda Shri Aurobindolarning ilmiy-maʼrifiy merosida adolatsizlikka barham berish, insoniyatning farovon hayot kechirishiga oid tavsiyalar ilgari surilgan. Ularni birlashtiruvchi xususiyat shuki, inson zoti batamom yangicha tartibotni yaratishga qodir xilqat oʻlaroq talqin etiladi. Insoniyat bunga diniy, dunyoviy bilimlardan boxabarlik, maʼnaviy komillik, boshqa xalqlar bilan doʻstona munosabatda boʻlish, avlodlararo hurmat hamda bashariyat oldida qarzdorlikni his etish orqali erishishi uqtiriladi. Eʼtiborli jihati shundaki, zamonaviy ilmiy jamoatchilik ham ideal tartibotni hozirgi yalangʻoch intellektdan mutlaq farqlanuvchi transsendent ratsional intuitsiya, yuksak tafakkur pillapoyasiga koʻtarilish ila bogʻlamoqda (Инков А., Шиков А. Встреча Индии и Запада в социально-философских концепциях Бхактивиноды Тхакура и Ауробиндо Гхоша // Вопросы философии, 2022, №2. Стр. 212-213).
Qadimgi Sharq falsafasiga bugungi kun nuqtai nazaridan nigoh tashlar ekanmiz, maqsadimiz oʻtmishdagi ijtimoiy munosabatlar tizimini bugunga moslash emas, balki odamzod dunyoga kelibdiki, mudom durust tartib-nizomni orzu qilgani, chin insoniylikka intilish ildizi olis-olislarga borib taqalishini eslatmoqdir. Harholda, olam va odam bardavomligining maqbul yoʻl-yoʻrigʻi ildizlari Sharqqa bogʻliqligini keng ilmiy jamoatchilik eʼtirof etgan (Гарридо В. Символ Дракона в космогонических схемах Древнего Китая // Вопросы философии, 2023, №4. Стр. 162-167).
Azaldan kishilik chigal muammolarni asosan urush yoʻli bilan hal etib kelgan. Aslida, harbu zarb – muammo yechimining eng soʻnggi chorasi. Binobarin, bu usul-uslub umumsayyoraviy ziddiyatlarni hal etishga emas, aksincha, global halokatlarga olib kelishi muqarrar. Shunday ekan, dunyoning buguni va istiqboli, jumladan, barqaror tartibotga oʻtish turfa xil intilishlar kelishuvi, uygʻunligini talab etadi. Bashariyat bir bosqichdan ikkinchisiga oʻtish haqida bosh qotirayotgan ekan, u tinchlikdan boshqa yoʻli yoʻqligini anglamogʻi darkor. Yer kurrasidagi barcha gumanistik gʻoyalar, ijtimoiy loyihalar ham aynan shu negizda shakllanishi lozim. Barcha siyosiy kuchlar (liberal demokratiya, neoliberalizm, humanizm yoki soʻl radikalizm tarafdorlari) shu haqiqatni unutmasligi kerak.
Dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarning siyoqi liberalizmning quvvat zaxirasi tugab borayotgani, qanchalik chiranmasin, u endi avvalgi mavqeda boʻla olmasligidan dalolat bermoqda. Insoniyat ham allaqachon boshqa ufqlarni koʻzlayotir. Masalan, 2014-yilni olaylik. Tarixiy sanalar silsilasida u shunchaki bir yil boʻlib tuyuladi. Ammo bu sana dunyodagi evrilishlarni koʻlamliroq anglash va qayta idrok etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Tahlilchilar fikricha, aynan 2014-yildan, bir tomondan, yevroamerikanotsentrik xalqaro birlashmalarning global jarayonlarga taʼsiri susayishi, ikkinchi tomondan, dunyodagi aksilgʻarbiy davlatlar oʻrtasida oʻzaro yaqinlashuv kuzatilgan (Карами Дж. Стратегическая роль Ирана для ШОС: укрепление евразийской интеграции // Вестник Российского университета дружбы народов. Серия: Международные отношения. 2023, №3. Стр. 549).
Xalqaro maydonda kuchlar muvozanatidagi ijobiy siljish, ayniqsa, Katta Yevroosiyoning global taraqqiyot lokomotiviga aylanayotganida namoyon boʻlmoqda. Bir zamonlar dunyoning katta qismi Gʻarbiy Yevropa atrofida – anglosaks va roman-german tamadduni tegrasida birlashgan edi. Endilikda nogʻarbiy olam davlatlarining Yevroosiyo atrofida jipslashuvi ehtimoli ortmoqda. Oʻtgan asr oʻrtalarida Yevropa millatlari integratsiyasi yuzaga kelgan edi. Endilikda Yevroosiyo makonida ham oʻshanday oʻzaro tenglik, adolatga tayangan yangi iqtisodiy, siyosiy birlashmalar ildiz otmoqda. Boy berilgan imkoniyat va tarixiy tajribani hisobga olgan xalqaro hamjamiyat tamomila yangi umumbashariy birlashmalarga umid bogʻlayotir.
Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida ham yangi jahon tartibotida munosib maqom-mavqeni egallashga intilish kuchaydi. Ilmiy nashrlarda hatto “Osiyo, Afrika hamda Lotin Amerika Yevroosiyosi” degan istiloh paydo boʻldi. Bashariyat, xususan, Sharq va Osiyo bu gal tarixiy imkoniyatni qoʻldan chiqarmaydigan koʻrinadi. Liberal demokratiya manfaatlariga xizmat qilib kelgan anʼanaviy global tartibot oʻrnini tenglik gʻoyasiga asoslangan qitʼalararo, sivilizatsiyalararo robita egallashi ayon boʻlib qoldi.
Gʻoya va fikrlar olamida qizgʻin muhokama etilayotgan yangi jahon tartiboti milliy davlatlarning oʻziga xosligi, chegaralar hamda madaniy-tamadduniy xilmaxillikni inkor etmaydi. Davlatlararo munosabatlarda konstruktiv munozaralar, dunyoqarashda rangbaranglik saqlanib qoladi. Zotan, azaldan fikrlar hurligi, olam maromiga turli xil yondashuv hukm surgan kezlarda davlatlar taraqqiyot va farovonlikka erishgan. Atoqli hind faylasufi Vinoba Bhave aytganidek, “Nuqtai nazarlar har xil boʻlishi mumkin, biroq qalblar bir boʻlmogʻi lozim”.
Oʻtgan asrda Gʻarbdagi neoliberal davlatlar milliy taraqqiyot modelini AQShga moslashtirgan, Vashingtonning nafasi Yer kurrasining aksar mintaqalarida birdek sezilib turar, uning hukmi va izmiga qarshi chiqmoq keskin jazoga sabab boʻlgandi. Sayyoramiz uzra keng quloch yozgan globallashuv ham, aslida, gʻarblashuv jarayoni edi. Sankt-Peterburg universiteti professori, faylasuf va siyosatshunos Leonid Seleznev fikricha, Qoʻshma Shtatlar XXI asrda ulkan tabiiy va inson resurslariga ega dunyoning eng nufuzli davlati, yagona superdavlat darajasiga koʻtarildi. Biroq tez orada u butun dunyoda milliy-etnik separatizm va mintaqaviy biqiqlik, aniqrogʻi, aksilgloballashuv fenomenini keltirib chiqardi (Селезнев Л. Гражданское общество и государство: зарубежные модели политической системы. Изд-во С.-Петерб. университета, 2014. Стр. 173). Tor doirada yaratilgan globallashuv taʼlimotini bashariyatning muayyan qismi inkor etdi. Yaʼni yevropeizm gʻoyasi yoki anglosaks sivilizatsiyasining navbatdagi vaʼdasi barchani ham birdek rom eta olmadi (Скворцова Е. XXI век: интенция как духовная судьба цивилизационного самоопределения // Вопросы философии, 2024, №1. Стр. 13-16).
Hodisalar dinamikasi sivilizatsiyalar nechogʻli obyektiv quvvatga ega boʻlmasin, ijtimoiy jarayon sifatida siyosiylashsa, tashqi (ekzogen) subyektiv kuchlar taʼsirida salbiy oʻzanga burilib ketishini koʻrsatadi. Bu vaziyatda tamaddun subyektiv boshqaruvchi kuchlar izmi va hukmidagi qurolga aylanadi. Afsuski, keyingi oʻnyilliklarda ana shunday voqelikka guvoh boʻldik.
Mumtoz tarixchi Arnold Toynbi sivilizatsiyalar haqida mushohada yuritar ekan, qiziq xulosaga kelgan edi. Olimning fikricha, sivilizatsiyalar shunday xususiyatga egaki, ularning tadriji mobaynida gʻayrioddiy “tinchlikbuzarlar” voyaga yetadi. Moziy shohidlik beradiki, tarixning turli davrlarida Ptolemeylar imperiyasi (mil.avv. III – I asr), Afina va Sparta davlati (mil.avv. IV – II asr), Kushonlar imperiyasi (mil.avv. II – mil. II asr), Gʻarbiy va Sharqiy Rim imperiyalari (mil.avv. I – mil. XV asr), Temuriylar, Boburiylar davlatlari, Niderlandiya (XV – XVI asrlar), Buyuk Britaniya (XVII asr), Fransiya (XIX asr), Rossiya (XX asr) kabi “tinchlikbuzarlar” dunyo taraqqiyoti maromini keskin oʻzgartirgan. Yangi ijtimoiy-siyosiy jarayonni boshlagan xalqlarning taʼsir kuchi asrlar mobaynida saqlanib turadi.
Takror boʻlsa-da, taʼkidlash joizki, anglosaks jahon tartiboti oʻz oʻrnini muqobil tizimga boʻshatib beradigan fursat keldi. Ulkan ijtimoiy-siyosiy evrilish Yer kurrasining istalgan hududida roʻy berishi mumkin. Zero, koʻplab mamlakatlarda yangi jahon tartibotiga oʻtish istagi tobora kuchayib bormoqda. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasida roʻy berayotgan keng qamrovli oʻzgarishlar botiniy kuch qayta uygʻonayotgani haqidagi farazlarga yoʻl ochmoqda. Chin xalqining oʻziga sobit ishonchi, xalqaro xayrixohlik, boz ustiga, xitoyliklarning yevrotsentrik bosimdan koʻp ziyon koʻrgani bu qarashni qoʻllab-quvvatlayotgandek.
Yangi ijtimoiy gʻoya va loyihalar hamisha dastavval inson psixologiyasida, qalbida nish uradi-da, soʻngra keng omma ong-u tafakkurini egallab, muayyan bir mamlakatda yuzaga chiqadi. U har doim ham ijtimoiy inqilobga aylanmasligi mumkin, lekin uning maʼnaviy taʼsiri boshqa makonlarda sezilmogʻi, yashash va tafakkur tarzini oʻzgartirmogʻi tayin. Xitoyda ishlab chiqilgan “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” loyihasida dunyo xalqlarining tengligini saqlagan holda turfa millatlar va davlatlar hamnafasligiga yoʻnaltirilgan tartibotni yaratish gʻoyasi ilgari surilgan. Mazkur konsepsiya anglosaks sivilizatsiyasi intilishlari, geostrategik moʻljallarini aks ettirgan “globallashuv”, “vesternlashuv”, “yevroatlantizm”, “liberalizm”, “oltin milliard”, “yettilik guruhi”, “isteʼmolchilik jamiyati” singari ideologemalardan farqli falsafaga asoslangan (Чэнь Хунь, Гань Сяоцзюань. О философских основах концепции сообщества единой судьбы человечества // Вопросы философии. 2023, №3. Стр. 92-101).
“Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” modeli odamzodni irqlar, sinflar, millatlar, diniy qarashlar va ijtimoiy qatlamlarga ajratish mafkurasini rad qiladi. Unda jonzotlar orasida insonga yuksak maqom, botiniy samimiyat va muruvvat hissi ato etilgani urgʻulanadi. “Insoniyat – bir oila” gʻoyasiga tayangan konsepsiyada milliardlab kishilarni farovonlikka boshlovchi muqobil gʻoyalar taklif etilgan. Xususan, Xitoyda, umuman, Sharqiy Osiyoda keng quloch yoygan komillik gʻoyasini konsepsiyaning tamal toshi deyish mumkin. “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” loyihasida biror bir ijtimoiy-siyosiy tuzilma yoki taraqqiyot modeliga ustuvorlik berish haqida emas, balki hamma xalqlarga barobar xizmat qiladigan umumsayyoraviy mushtaraklik nizomi haqida soʻz yuritiladi. Uning ontologiyasi qadimdan chinliklar ruhiyati va qalbidan mustahkam oʻrin egallagan “oʻn ming qoʻshni elatlar hamnafasligi” gʻoyasiga borib taqaladi.
Pekin ilgari surgan tashabbus muqobil bir gʻoya, albatta. Mintaqa va davlatdan qatʼi nazar, dunyo miqyosida kuchga tayangan global boshqaruv hamda umumsayyoraviy hegemonlikka qarshi yangi universal botiniy quvvat boʻy choʻzayotir. Yangi jahoniy tartibot asosini allaqachon eskirgan kapitalizm, sotsializm, liberal demokratiya prinsiplariga asoslangan zamonaviy nizomlar emas, balki XXI asr kishisi talab va ehtiyojiga mos teran falsafa, yangi maʼnaviy quvvat egallashi ayon boʻlib qoldi. Asosiysi, yangi nizom iqtisodiyot-u maʼnaviyatning uygʻun taraqqiy etishiga xizmat qilmogʻi darkor.
Temur JOʻRAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Jahon tartiboti: xazonrezgi alomatlari” maqolasi