Oʻzbek va turk tillarini oʻzaro qiyoslashda davom etamiz. Turkiyaliklar lisonida bizdagidan koʻra aslicha saqlangan soʻzlar koʻpdek nazarimda. Bunga  öğretmen va öğrenci soʻzlarini misol qilish mumkin. Ushbu kalimalar oʻzbek tiliga oʻqituvchi va oʻquvchi deya tarjima qilinadi. Bizdagidan farqli ravishda turklar ishlatayotgan soʻzlarning maʼnosi kengroq.

Turkiy xalqlar tarixiy soʻzlari ichida oʻg kalimasi bor. Bu leksema aqlni ifodalashda qoʻllangan. Milodiy 1069-yilda ajdodimiz Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan “Qutadgʻu bilig” dostonida shunday jumlalar uchraydi:

Neki ter eshitgil Oʻtukan begi,

Sinab sozlanish soʻzni yetru oʻgi.

(Bek xalqni bilim bilan tutib turadi,

Bilim boʻlmasa, ishga aqli yetmaydi). [2. 53]

Bu beglik iginga oʻti oʻg bilik,

Uqush birla emla, ey qilqi silig.

(Beklikka tekkan dardning davosi – aql bilan bilim,

Uni aql bilan emla, ey xushxulq). [2. 56]

Bu oʻglug kishilar oʻngarur ishig,

Yiraq tutgʻu ishta bu oʻgsuz kishig.

(Aqlli kishilar ishini oʻnglaydi,

Aqlsiz kishini ishdan yiroq tutish kerak). [2. 57]

Yuqoridagi mislarlarda oʻg soʻzi aql maʼnosida kelganining guvohi bo‘ldik. Quyida keltirilayotgan misolda esa oʻg kalimasi shakldoshlik hosil qilib ham aqlga nisbatan, ham dono kishiga nisbatan qoʻllanganini koʻrishimiz mumkin:

Ne edgu turur bu kishika oʻga,

Oʻgi boʻlsa, oʻtru atagʻu oʻga.

(Aql kishi uchun qanday yaxshi narsa!

Aqlli kishigina dono boʻladi). [2. 57]

“Qutadgʻu bilig” dostonining qahramonlaridan biri Oʻgdulmishning nomi ham aql toʻlmish, aqlga toʻlgan deya tarjima qilinadi. U vazirning oʻgʻli boʻlib asarda aql va zakovat ramzi sifatida tasvirlangan.

Demak, hozirgi turk tilidagi öğretmen soʻzi aql beruvchi, donolikka oʻrgatuvchi mazmunidan kelib chiqqan. Soʻzdagi g tovushi dastlab oʻgʻuz qabilalari tilida g‘ tovushiga oʻzgargan. Keyinchali usmoniy turklar lisonida qattiq undoshlarning yumshashi sodir boʻlgan. Shu sababli  hozirda Onadoʻli turklari bu soʻzni oʻyretmen deya talaffuz qilishadi. Bu soʻzning asosi esa öğretmek – bilim bermoqdir.

Darvoqe, oʻrgatmoq soʻzi bizning tilimida ham mavjud. Biroq u metateza hodisasi sababli oʻzining oʻgratmoq asliy shaklini yoʻqotgan. Turklar ishlatayotgan öğretmen aynan oʻrgatuvchidir. Uning asil izohi aql oʻrgatuvchi degani. Shu oʻrinda qiziq holatga duch kelamiz. Modomiki, oʻgning oʻzi aql ekan, oʻrgatuvchi aql oʻrgatuvchi boʻlsa, demak soʻzlar qayta takrorlanib qolyapti. Bu xuddi forscha omad (keldi) soʻzini omad keldi deya ishlatayotganimiz singari. Oʻzbekiston qahramoni, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning “Soʻz latofati” kitobida omad keldi deyish bu xuddi keldi-keldi deya qayta aytish, degan mazmunda izohlangan.

Endi shu soʻzning oʻzbek tilida saqlanib qolgan variantlari bilan yuzlashsak. Bizda   oʻgit degan ulug‘ bir kalom bor. U odatda bobolarning avlodlarga bergan pand-nasihatini ifodalaydi. Bunda oʻg soʻziga -it qoʻshimchasi qoʻshilganini payqaymiz. Bu qoʻshimcha bilan koʻp hollarda feʼl yasaladi yoki feʼlning orttirma nisbati hosil qilinadi. Tinch, boy kabi soʻzlardan feʼl, yur soʻzidan feʼlning orttirma nisbati hosil boʻlgan. Bundan koʻrinadiki, o‘gitning maʼnosini aqlli qil, aqlli et kabi mazmunda anglasak toʻgʻriroq boʻlarkan. Keyinchalik bu leksema ot soʻz turkumiga koʻchib oʻtgan.

Bundan tashqari oʻzbek lafziga xos oʻgirmoq jumlasi biror tildagi matnni tarjima qilishni anglatadi. Aql soʻziga yaqin boʻlgani sababli uni tushuntirmoq deya izohlaganimiz maʼqul. Oʻzbekchaga oʻgirmoq, bu oʻzbekchada tushunarli qilmoqdir. Oxirgi misol keltirganimiz soʻz vaqtlar oʻtib burilmoq, qayrilmoq maʼnosiga oʻzgargan boʻlishi mumkin. Soʻzlashuv uslubida oʻzbekchaga oʻgirmoq emas, oʻzbekchaga agʻdarmoq koʻrinishida koʻproq uchraydi. Bu esa undan oʻgirilmoq degan oʻzlik nisbatidagi soʻz yasalishiga olib kelgan degan fikrga asos boʻladi. Dastlab majhul nisbatda biror asar boshqa tilga oʻgirilgan tarzida qoʻllanilib kelgan. Keyinchalik kishining ortga qayrilishi (bosh, boʻyin, yuz qismlarining orqaga burilishi)ga nisbatan oʻgirildi kalimasi muomalaga kirgan.

Oʻrgatmoq kalimasi metateza hodisasi sabab oʻzgargan ekan, demak, oʻrgilmoq soʻzining ham oʻgga aloqasi bor. Balki bu leksema oʻgirilmoqdan tarmoqlanib ketgandir. Aytaylik, tushunarli boʻlmoq qayrilmoqqa oʻzgargan, qayrilmoq esa aylanmoq, parvona boʻlmoqqa evrilgan. Biz oxirgi ishlatgan soʻzimiz evrilmoq ham “Soʻz latofati” asarida oʻgirilmoqdan kelib chiqqani aytiladi:

“Tilimizda oʻrgilay degan soʻz bor. Aylanay maʼnosida. Lekin aslida oʻgrilay boʻlishi kerak. Chunki orqaga qaraganda biz oʻrgilmaymiz, balki, oʻgirilamiz. Xonanda-yu raqqosaga pul oʻgiramiz. Yaʼni boshidan aylantirib, soʻng doʻppisiga qistiramiz, choʻntagiga solamiz, yo mashshoqlar oldiga tashlaymiz. Aylanish va oʻgrilish bir mazmunli soʻzlar. Lekin oʻgrilish demakka til qovushmaydi, shu bois bu soʻz bir shevada oʻrgilish, yana bir shevada oʻvrilish, evrilish boʻlgan”. [1. 50]

Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, oʻg soʻzining tarixiy shakli va mazmuni oʻzgarib, yangicha mazmundagi soʻzlarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Oʻgirilmoq tushunarlilik maʼnosida tarjima boʻlmoqqa asos boʻlgan. U esa oʻz navbatida agʻdarilmoq, burilmoq mazmunlarining kelib chiqishiga olib kelgan. Bu ikki jumladan esa qayrilmoq, aylanmoq kabi yangicha maʼnoli oʻgirilmoq, oʻrgilmoq soʻzlari hosil boʻlgan.

Anvar ESHNAZAROV

Foto: Abdumannon Muhammad

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Erkin Vohidov “Soʻz latofati”. “Oʻzbekiston” NMIU, Toshkent–2014.

2. S.Olim, S.Ahmedov, R.Qoʻchqorov Adabiyot birinchi qism. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 8-sinf uchun darslik-majmua. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent–2014.