Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Majlisda koʻtarilgan asosiy masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, maʼnaviyat sohasi vakillari tinimsiz munosabat bildirmoqda. Oyina.uz mana shunday fikr va mulohazalarni sizga ulashishda davom etadi. 


Iqbol MIRZO,

Oʻzbekiston xalq shoiri, “Jadid” gazetasi bosh muharriri

 


Muhtaram Prezidentimiz yaqinda  boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining majlisida qilgan maʼruzasida bizning barcha ogʻriqli, dardli nuqtalarimizni ochiq-oydin koʻrsatib berdilar. Bu nuqtalar nima desangiz: bular loqaydlik, jaholat, oʻziboʻlarchilik, korrupsiya. Eng muhimi, davlatimiz rahbari mazkur dardli nuqtalarni koʻrsatib berish bilan birga ularning davosini  ham aytib oʻtdilar. Yaʼni, buning yagona davosi, oʻqish-oʻrganish, yuksak bilim-maʼrifat ekan.

Ilm-maʼrifat haqida gap ketar ekan, bundan yuz yil avval oʻtgan jadid bobolarimizning qilgan ishlari, ochgan maktablari, chiqargan gazeta va jurnallari, umuman, xalqimiz ongi va maʼrifatini yuksaltirish bobida qilgan barcha saʼy-harakatlari bir-bir koʻz oldimizdan oʻtadi.

Jadid bobolarimiz oʻz maqolalari va kitoblarida millatimizning har bitta oʻgʻil-qizi maktablar va madrasalarda diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallashi zarurligini qayta-qayta uqtirishgan. Ular buni shunchaki uqtiribgina qolmay, balki bu yoʻlda oʻz mablagʻlari, mol-mulklari, hattoki jonlarini ham ayamaganlar. Jadidlar otasi Ismoilbey Gaspirali 1883 yilda ilk jadid maktabini ochgan boʻlsa, oradan atigi oʻn-oʻn besh yil oʻtiboq bizning bobolarimiz Turkiston zaminida – Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda xuddi shunday yangi usul maktablarini ochishgan. Bu bejiz emas, chunki xalqimiz tiynatida azal-azaldan ilmga tashnalik, intilish kuchli boʻlgan. Birinchi renessansning darakchilari Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al Fargʻoniy, Muhammad Xorazmiy va boshqa  allomalarning  koʻpgina fan sohalariga tamal toshi qoʻyganlari bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Bugungi jahon manzarasini koʻrib, uning oʻta murakkabligini his etmaslik mumkin emas. Milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimizga yot boʻlgan turli guruh va oqimlar oʻzgacha niqoblar va qiyofalarda insonlar, ayniqsa yoshlar  ongi va maʼnaviyatiga tajovuzlar qilishayaptiki, bu hammamizni hushyorlikka daʼvat etishi lozim. Yana ham aniqroq aytsak, bugungi kun har birimizdan yanada fidoyilik, safarbarlikni talab etmoqda.

Yangi yilda ilk soni gazetxonlar qoʻliga yetib boradigan “Jadid” nomli gazetamizga bobolarimizning “Dilda, fikrda va ishda birlik” degan soʻzini shior qilib tanladik. Darhaqiqat, ulug‘ jadidlarning orzu-armonlari ushaladigan, millatni tom maʼnoda yuksaltiradigan  fursat yetib keldi. Yurtboshimiz rahbarligida hammamiz qoʻlni qoʻlga berib, birlashib, albatta, uchinchi renessansning poydevorini quramiz.

Sarvarjon Gʻafurov,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar doktori, professor

 


Tarixiy jarayonlarning evolutsion taraqqiyot genezisida maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyat yuksak rivojlangan jamiyatlar jahonning qudratli davlatlari, imperiyalari boʻlganligini isbotlaydi. Ana shunday xususiyatga ega mintaqalarda ilm-fan va madaniyat misli koʻrilmagan darajada taraqqiy topdi. Va aksincha, maʼrifatdan uzoqlashgan, maʼnaviyati izdan chiqqan sulolalar tanazzulga yuz tutdi. Bunga tarixda misollar bemisl.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda kechayotgan siyosiy jarayonlarni kuzatib, iqtisodiy, ijtimoiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilgan holda, yurtimizni kelgusi yillarda jahon siyosiy doiralarida markaziy oʻrinlardan birini egallashiga optimistik xulosa qilish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishidagi nutqini xalqimiz, jamoatchiligimiz katta qiziqish bilan tingladi. Davlat rahbari yurtimizda maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, taʼlim va tarbiya sohalaridagi ishlarni sarhisob qilib, asosiy eʼtiborni Uchinchi Renessansni yuksak maʼnaviyatga ega xalqimiz bilan qurishimiz borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarga atroflicha toʻxtaldi.

Prezidentimizning nutqida koʻtarilgan masalalar orasida bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart ekanligi alohida taʼkidlandi. Maʼnaviyat sohasining yoshlarni axloqiy yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, milliy qadriyatlar asosida dunyoqarashini shakllantirish borasidagi avangard kuchga aylanishi lozimligi koʻrsatib berilmoqda. Maʼnaviyat jamiyat boshqaruvida lokomotivga aylanishi qator aktual vazifalar bilan belgilab berilmoqda. Bu oʻrinda, yoshlarni barqaror, taraqqiy etgan davlat va jamiyat qurishga safarbar etish asosiy yoʻnalishlardan boʻlishi koʻrsatildi.

Maʼnaviyat bazasida yangi kuch va yangi harakatni yaratish, uning faoliyatida fuqarolarni, shu jumladan yetishib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, ezgulik, birdamlik, bagʻrikenglik prinsiplari asosida maʼrifat va maʼnaviyat dasturlari orqali tarbiyalash, ongi va dunyoqarashini shakllantirish ishlari amalga oshiriladi. Harakatning asosiy maqsadlaridan biri – Yangi Oʻzbekistonda yangi Renessans poydevorini qurish, uni mustahkamlash, kelajak avlod uchun taraqqiy etgan va barqaror jamiyatni yaratishni strategik vazifa qilib belgilash va uni amalga oshirishdan iborat boʻlishi kerak.

Maʼnaviy harakat oʻz faoliyati doirasida bugungi zamonaviy siyosiy jarayonlarni tahlil etgan holda, davlat va jamiyat boshqaruvi, amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida oʻzining munosabatini bildira olishi, oʻrni kelganda, ijtimoiy jarayonlarga oid tavsiyalar, strategik qarorlarga koʻmak boʻluvchi takliflar berib borishi mumkin. Harakatga siyosiy jarayonlar, taʼlim, maʼnaviyat, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa barcha ijtimoiy sohalarga taalluqli, kreativ fikrlaydigan, innovatsion yondashuvlarga ega, jamiyat boshqaruvida zamonaviy qarashlarga qodir shaxslarni qamrab olishga eʼtibor qaratish muhim.

Davlat rahbari maʼnaviyat va maʼrifat, yoshlarni tarbiyalash nafaqat taʼlim dargohlari va markazlar, jamiyatning barcha sohalari vazifasiga aylanishi lozimligini taʼkidlamoqda. Yoshlarning katta kuch ekanligi, ularning barqaror jamiyat qurilishida faol ishtirok etishini taʼminlash davlatning ustivor vazifasi boʻlmogʻi lozim.

Uchrashuv maʼnaviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berishligi aytildi. Islohotlarni amalga oshirish doimo murakkabliklarga ega, bir qator vazifalar izchillik bilan amalga oshirilishi zarur boʻlgan jarayon. Darhaqiqat bu oson ish emas. Unda jamiyatimizning barcha aʼzosi – davlat va jamoat vakillari, ziyolilar, murabbiylar, tadbirkorlar, yoshlardan tortib nuroniylar, yurtimiz taraqqiyotiga befarq boʻlmagan barcha qatnashish lozim.

Yangi Oʻzbekistonni tinch-osoyishta, barqaror, obod Vatan qilib qurishdagi bunyodkorlik ishlari yoʻlidagi mashaqqatli va fidokorona mehnat jasoratni talab qiladi. Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida millati, dinidan qatʼiy nazar, Oʻzbekistonni oʻzining vatani deb biladigan har bir fuqaro davlat va jamiyat ardogʻida boʻlishiga urgʻu berdi. Mazmun va mohiyati jihatidan muhim boʻlgan mazkur tarixiy ahamiyatga ega uchrashuvda millatning yuksak maʼnaviyati, maʼrifati va madaniyatini ulugʻlash, ardoqlash, uning salohiyatini oshirish davlatning mustahkam ruhiy poydevori boʻlishligi koʻrsatib berildi.

Shodmonqul Salom,

shoir




Keksa, kuchdan qolgan otasidan or qiladigan oʻgʻil akademik boʻlsa ham uning elga nafi yoʻq. Bunday yigitdan xayr kelmaydi.

Insonning jami ishlari uning tabiatidan kelib chiqadi – bundan uzoqqa ketmaydi. Millat ham bir inson kabidir. Tabiatimizga majburlab, mustabid asrlar kuchi bilan singdirilgan oʻzidan, oʻzligidan – boridan uyalish, oʻzgani koʻrsa jilpanglab qolish hissi afsuski, bizni tark etmayotir.

Ijtimoiy hayotdan nolish, qanoatsizlik, “xoʻrozqand xorijniki boʻlsa, yotib yalash” kabi tamoyillar hayotimizga soya solib turibdi. Bu ufunat ruhiyatimizni tark emas ekan, otamizdan or qilaveramiz, gʻurur hissi bizga begona boʻlib qolaveradi.

Oʻtgan haftada Prezidentimizning maʼnaviyat masalasida kengaytirilgan yigʻilishda aytgan soʻzlari bir qalamkash oʻlaroq, meni ham oʻylantirdi. Yigʻilishda juda katta masalalar, aynan maʼnaviyat muammolari ham atroflicha oʻrtaga tashlandi. Bizning qisqa davrda erishgan yutuqlarimiz ham eʼtirof etildi, ammo qilinmagan, ayni maʼnaviy jabhada javobini kutayotgan masalalar ochiqcha aytildi.

Rusparastlik, gʻarbparastlik va boshqa oqimlar taʼsiriga tushib qolish, millat, vatan degan tushunchalarga boʻlayotgan tahdidlar biz oʻylab yurgandan koʻra kattaroq salmoqda ekanini his etdim.

Dunyoning istalgan burchagida oʻtirgan bir siyosatchi oʻzbek, Oʻzbekiston degan qadim va ulug‘ mamlakat shaʼniga ogʻziga kelgan gapini aytaverishi mumkinmi? Bunday xatti-harakat uchun u asl kuchni qayerdan olyapti? Asl sabab nima?

Asl sabab oʻzbekni hurmat qilmasligi! Oʻzini yetarlicha hurmat qilmagan odamni boshqalar ham oyogʻining uchi bilan koʻrsatadi. Bu haqiqat! Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaralsa, jumboq biroz oydinlashadi. Oʻnta oʻzbek oʻtirgan xonaga bitta oʻris kirib kelsa, oʻzbeklarning hammasi u bilan oʻrischa (bilsa-bilmasa) gaplashadi. Bu bagʻrikeng, mehmondoʻst degan sifatlarini saqlagan, ammo oriyatiga putur ketgan odamlarning holi. Bu achchiq haqiqatdan koʻz yumolmaymiz.

Muhtaram Prezidentimizning maʼnaviy va maʼrifiy sohalarga  koʻrsatayotgan katta eʼtibor va eʼtirofi majlis davomida qarsaklar bilan qoʻllab-quvvatlab turildi. Notiqlarimiz ham oʻz chiqishlarida buni tasdiq etishdi. Bunday eʼtibor, gʻamxoʻrlik asosida Prezident shu ziyolilardan, maʼnaviyat vakillaridan xalq qalbiga kirib borish, haqqoniy vaziyatni odamlarga anglatish, bir soʻz bilan aytganda gʻururi baland xalqni tarbiyalashdek katta vazifalarni talab etishga haqli. Qolaversa, bu narsa biz ziyolilarning ham millat oldidagi asosiy qarzimizdir. Bu vazifani bajarish uchun eng avval ziyolining oʻzi oʻzidan faxrlanishni oʻzlashtirgan boʻlmogʻi lozim.

Biz koʻp va xoʻp yozadigan vatan tuygʻusi, vatanga muhabbat degan muqaddas tuygʻular haqida keyin gaplashsa boʻladi.


Oʻxshash maqola:


“Biz uchun tarixiy kun boʻldi”. Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan keyingi xulosalar

           
                                                        
Oyina.uz