Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar oila institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish va inson qadrini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini yana bir bor koʻrsatdi.

Darhaqiqat, bugun oila haqida soʻz yuritganda, avvalo, bizga berilgan tinch va osoyishta hayot, xonadonlarimizdagi xotirjamlik, farzandlarimizning sog‘-omon ulgʻayayotgani, yaqinlarimiz bagʻrida yashab kelayotganimiz kabi ulug‘ neʼmatlarni qadrlash va ularga shukr qilish tuygʻusini mustahkamlash muhimdir.

Shukronalik — insonning bor neʼmatni qadrlay bilishi, hayotidagi yaxshiliklarni koʻra olishi va mavjud imkoniyatlarga munosib munosabatda boʻlishidir. Oilada shukronalik muhiti qaror topsa, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik ham mustahkamlanadi. Bunday xonadonda har bir aʼzo oʻzini qadrlangan va kerakli inson sifatida his qiladi.

Bugun yurtimizda oilalarning farovon va munosib hayot kechirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ilgarigi davrlar bilan qiyoslaganda, bugungi oilalarning turmush sharoiti, taʼlim olish, kasb-hunar egallash, mehnat qilish, zamonaviy uy-joy va infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oila institutiga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasidir.

Albatta, taraqqiyot faqat moddiy sharoitlar bilan emas, insonning maʼnaviy dunyosi, oilaviy munosabatlari va hayotga boʻlgan munosabati bilan ham belgilanadi. Zamonaviy sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, oilada milliy qadriyatlar, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, sadoqat va masʼuliyat kabi fazilatlarni asrab-avaylash ham muhim vazifadir.

Oilada tinchlik boʻlsa, uning har bir aʼzosi hayotdagi imkoniyatlarni xotirjamlik bilan roʻyobga chiqara oladi. Tinch xonadonda farzand taʼlim oladi, kasb egallaydi, orzu qiladi va kelajakka ishonch bilan intiladi. Shuning uchun oila tinchligi — oddiy maishiy masala emas, balki jamiyat taraqqiyoti va kelajak avlod kamolotining muhim shartidir.

Shu nuqtai nazardan, oiladagi maʼnaviy muhitning barqarorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Er-xotinning bir-biriga hurmati, oʻzaro ishonchi, muammolarni tinch yoʻl bilan hal etishi, bir-birining mehnatini va hissasini qadrlashi oila mustahkamligining asosiy omillaridan.

Bugungi oilalarda ham zamon bilan birga yangi munosabatlar, yangi imkoniyatlar va yangi qarashlar shakllanmoqda. Bu jarayonda zamonaviylik bilan milliy qadriyatlarni uygʻunlashtirish, oilaviy munosabatlarda oʻzaro hurmat va masʼuliyatni saqlash muhim. Chunki zamonaviy oila — faqat zamonaviy uy-joy yoki qulay sharoit emas, balki bir-birini tushunadigan, qoʻllab-quvvatlaydigan, birgalikda qaror qabul qiladigan va kelajak uchun masʼuliyatni his qiladigan oiladir.

Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasida mavjud tinchlik va totuvlikni asrash, bor neʼmatlarga shukr qilish, oila qadrini anglash muhim maʼnaviy omildir. Har qanday kelishmovchilikni ajrim bilan hal etishdan oldin, birgalikda qurilgan oila, farzandlar taqdiri, yillar davomida shakllangan mehr va ishonch haqida oʻylash, muammoni muloqot va murosa orqali hal etish madaniyatini shakllantirish zarur.

Shu bois oilaviy ajrimlarning oldini olish ishlari faqat muammoli oilalar bilan ishlashdan iborat boʻlib qolmasligi kerak. Barcha oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash, oilaviy munosabatlarga ijobiy qadriyatlarni singdirish, shukronalik, mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini kuchaytirish ham profilaktikaning muhim yoʻnalishidir.

Farzand tarbiyasida ham oiladagi ana shu muhitning taʼsiri beqiyos. Ota-ona bir-biriga hurmat bilan munosabatda boʻlsa, farzand ham hurmatni oʻrganadi. Xonadonda tinchlik va shukronalik hukm sursa, farzand hayotning qadrini, oila va Vatan neʼmatlarini anglab ulgʻayadi. Demak, farzand tarbiyasi avvalo ota-onaning shaxsiy namunasidan boshlanadi.

Nigora Qashqaboyeva
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati boʻlimi rahbari