Atoqli oʻzbek teatr va kino aktyori, Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq artisti Zikir Muhammadjonov (1921–2012) hayoti davomida sahnada va kinoda koʻplab obrazlar yaratgan, oʻzbek sahna sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan siymolardandir.

Z.Muhammadjonov sahnadagi sermahsul faoliyatidan tashqari koʻplab sanʼatkorlar haqida koʻrgan-bilganlari va xotiralarini qogʻozga tushirib, kelajak avlodga qimmatli manbalar qoldirgani maʼlum.

Birinchi oʻzbek aktrisalaridan biri, Oʻzbekiston xalq artisti Maʼsuma Qoriyeva tavalludiga bu yil (2018) 116 toʻlmoqda. Shu munosabat bilan quyida Zikir Muhammadjonovning ushbu aktrisa xususidagi xotiralarini toʻldirilgan holda eʼtiboringizga havola etmoqdamiz. Mazkur xotira-esse oʻquvchilarimizga Maʼsuma Qoriyevaning shaxsi, sanʼatkor sifatidagi qiyofasi, qalb jasorati haqida keng tasavvur beradi.

Oʻzbekiston xalq artisti Maʼsuma Qoriyevaning haqiqiy ismi Saʼdiya Nizomiddinova edi. U aslida tatar qizi boʻlib, oʻzbeklar ichida oʻsib-ulgʻaydi va shu tariqa oʻzbek qiziga aylangandi. Oʻtgan asrning boshlarida rus, tatar va ozarbayjon teatr truppalari oʻlkamizga gastrolga kelib, turli tomoshalar namoyish etardi. 1916-yilda 15 yoshli Maʼsuma Bokudan Toshkentga gastrolga kelgan teatr truppasi aʼzolari ijrosida “Layli va Majnun” spektaklini tomosha qilishga muvaffaq boʻladi. Hatto teatr truppasi rahbari Sidqi Ruhillodan iltimos qilib, ommaviy sahnalarda ishtirok ham etadi. Shu-shu qizcha sahnaga maxliyo boʻladi-yu, aktrisa boʻlish orzusi bilan yashaydi. Oʻzbek ayolining sahnaga chiqishi favqulodda hodisa hisoblanardi. Ana shu sharoitda choʻchimay, dovyuraklik bilan sahnaga otilgan xotin-qizlardan biri Maʼsuma Qorievadir.

Oʻsha yillari taraqqiyot yoʻliga tushgan, oʻzlarini “jadid” deb nomlagan yoshlardan bir nechtasi teatr tuzish payida boʻladilar. Chor Rossiyasining Toshkentdagi general-gubernatoriga sovgʻalar taqdim etib, “Layli va Majnun” spektaklini qoʻyishga ruxsat soʻraydilar. Ayyor general-gubernator sovgʻalarni mamnunlik bilan qabul qiladi-yu, hal etishni boshidan soqit qilib, Peterburdan ruxsat olib kelishlariga ruxsat berganday boʻldi. Bunday uzoq safarga borib, byurokrat amaldorlar eshiklarini qoqib, olti oydan soʻng, spektaklni faqat bir martagina koʻrsatishga ijozat olib qaytadilar. Garchi bir marta boʻlsa ham ular zavq-shavq bilan ishga kirishadilar. Ammo shariat ayol kishining sahnaga chiqishiga monelik qilardi. Maʼsuma Qoriyeva toshboʻronga tayyor turgan holda rol ijro etishga kirishadi. Boshqa ayol rollarini erkaklar ijro etishga majbur boʻlgan edi. Spektakl shu qadar muvaffaqiyat bilan chiqqan ediki, bir marta ijro etib kifoyalanishga hech kim rozi boʻlolmasdi. Nihoyat, pyesani ruschaga tarjima qilib, yana amaldorlar eshigiga yugurishdi. Xullas, har safar spektakl qoʻyilmoqchi boʻlar ekan, albatta, shunday toʻqnashuvga duch kelishlari aniq edi.

Maʼsumaxonim Mannon Uygʻur rahbarligida Toshkentda tashkil etilgan oʻzbek teatr truppasida qabul qilinadi. Truppa aktyorlaridan biri, Oʻzbekiston xalq artisti Sayfi Olimov M.Qoriyevani eslab shunday deydi: “Dastlabki yillarda truppada ayollardan yolgʻiz uning oʻzi ishlagan. Tashviqot poyezdida shaharma-shahar kezgan. U tabiati bilan sanʼat fidoyisi edi. Shuning uchun ham hamisha odamlar ichida boʻlar, xalqqa xizmat qilgisi kelardi”.

Oʻzbek teatri truppasi rahbari Mannon Uygʻur Maʼsumadagi talantni koʻrib, unga hamisha yordamlashgan va deyarli hamisha bosh rollar ijrosini ishonib topshirgan. Shu tariqa u G‘.Zafariyning “Halima”, Choʻlponning “Yorqinoy”, U.Hojibekovning “Arshin mol olon”, F.Shillerning “Makr va muhabbat”, H.Jovidning “Shayx Sanʼon”, Xurshidning “Layli va Majnun” pyesalarida Halima, Yorqinoy, Gulchehra, Luiza, Xumor va Layli rollarini mahorat bilan ijro etib, el-yurtga tanila bordi. U lirik rollarni qiyomiga yetkazib, tomoshabinlarga taqdim etgan.

30-yillarga kelib, M.Qoriyeva oʻz talantini, sanʼatkorlik qudratini A.Faykoning “Portfelli kishi” (Buvi), N.Pogodinning “Mening doʻstim” (Kseniya), M.Gorkiyning “Yegor Bulichev va boshqalar” (Varvara) asarlarida sinab koʻrishga jazm etadi. Mazkur asarlardagi bir-biridan tubdan farq qiluvchi uchala obraz uning ijrosida yanada tiniqlashadi va sayqal topadi. Xalqimizning sevimli sanʼatkori Sora Eshontoʻrayeva oʻsha yillarni xotirlab, shunday deydi: “Men M.Qoriyevani ustozim deb bilaman, mening sahnaga chiqishimda uning juda katta xizmati bor. Shuningdek, qator obrazlar yaratishimda ham hamisha unga suyanardim. “Portfeli kishi spektaklida men Gogo rolini, Qoriyeva esa mening buvim rolini ijro etdi!”. Aktrisa “Gamlet” fojiasidagi shahzodaning onasi – Gertruda obrazini yaratish uchun koʻp yillar mobaynida tayyorgarlik koʻrdi. Soʻzlarni qayta-qayta yod oldi, tinimsiz izlandi. Oqibatda Shekspir tragediyasidagi ushbu Gertruda obrazi ishqda ehtirosli, ayni paytda farzandi Gamletga gʻamxoʻr va mehribon ayol sifatida sahnada namoyon boʻladi. Ayniqsa, asarning soʻnggi koʻrinishlaridagi Gertrudaning oʻzini oʻgʻli oldida gunohkor sezishi tomoshabinda bu obrazga nisbatan xayrixohlik toʻygʻusini uygʻotadi.

Bu obrazni M.Qoriyevadan tashqari koʻplab aktrisalar, xususan, uning shogirdlari ham ijro etdilar.

Meni teatrga ishga qabul qilishgan yillari zamon algʻov-dalgʻov edi. Har kuni kimningdir yaqin kishisi hibsga olingani haqida xabar topardik. Aktyorlarimiz bir-birlari bilan koʻrishganlarida sekingina: “Tinchlikmi?” deb soʻrab qoʻyishardi. Jamoa aʼzolari ayniqsa, Mannon Uygʻurdan xavotirlanar, u kishi teatrga kirib kelishi bilan hamma “Xudoga shukr” deganday quvonib ketishardi. Chunki u kishining safdoshlari allaqachon hibsga olingan edi. Biz mashhur yozuvchi, dramaturg, teatrning direktori Ziyo Saidning qamalishi Mannon Uygʻur taqdiriga taʼsir etadi, deb oʻylardik. Ogʻaning boʻlayotgan voqealardan ich-ichidan qaygʻurayotgani sezilib turardi. Har kuni teatrga kirib kelishi bilan biz – yoshlar Ogʻa huzuriga kirar ekanmiz, sochlaridagi oqlarning koʻpayotganini koʻrib, yuragimiz ezilardi. Ogʻaning bu qaygʻulardan beli bukchayib ketgandi. Hatto bir kuni sahnaga qoʻltiqlab olib chiqqanimiz esimda.

Bir kuni endigina repetitsiyani boshlamoqchi boʻlib turgan edik, Maʼsuma Qoriyeva toʻgʻri Ogʻa huzuriga keldi-yu, oʻzini uning bagʻriga tashladi. Maʼlum boʻldiki, u kishining ham boshiga tashvish tushgan. Uning turmush oʻrtogʻi, oʻsha zamonning maʼrifatparvarlaridan boʻlib, katta idoralardan birida rahbarlik lavozimida ishlardi. Masʼuma Qoriyeva oʻzini biroz tutgach, Bosit Qoriyevni ham kechasi olib ketishganini aytdi. Mannon Uygʻur biroz sukutdan keyin M.Qoriyevaning yelkasiga qoʻl qoʻyib, “dadil boʻl” ishorasini qildilar. Ha, oʻsha yillari biror narsa deb hamdardlik qilish ham xavfli edi. Artist Muhsin Hamidov bir yozuvchi qamalganida “notoʻgʻri” deb yuborgani uchun bir necha kun soʻroq berganini hammamiz bilardik. Qamalgan kishining oilasi, bola-chaqasi, hatto yaqin tanish-bilishlarining ham ahvoli tang edi. Ayniqsa, oila aʼzolari koʻp narsadan chetlatilardi. Ana shunday fojia Maʼsuma Qoriyevaning ham boshiga tushdi. Ijodkor uchun ijoddan chetlatilish barchasidan ham mudhishdir.

1939-yil Hamza Hakimzoda Niyoziy vafotiga oʻn yil toʻlishi munosabati bilan uning “Boy ila xizmatchi” pyesasi Komil Yashin tahriri bilan qaytadan sahnalashtiriladigan boʻldi. Asarni talqin etish mashhur rejissyor Yatim Bobojonovga yuklatildi. Pyesada rollar nihoyatda koʻp boʻlib, har biri alohida sayqal bilan tasvirlangan. Aktyorlar shunday pyesalarda obraz yaratishni orzu qiladilar. Ayniqsa, ayollar obrazi shu qadar koʻp ediki, bundan teatr jamoasi xotin-qizlari mamnun boʻlgan edilar. Rol taqsimotida M.Qoriyevaning nomi chiqmadi. Bunga faqat aktrisa emas, balki hamma hayron boʻldi. Chunki u kishi ijro etishi mumkin boʻlgan rollar koʻp edi. Bunda teatr rahbarlarining, ayniqsa, Yatim Bobojonovning aybi yoʻq ekanligi maʼlum boʻlsa-da, Maʼsuma Qoriyevadan sababini soʻrashganida, u yelkasini qisib qoʻydi. Demak, aktrisa shubha ostiga olingan.

1939-yili Katta Fargʻona kanaliga butun sanʼat jamoalari qatori Milliy teatr jamoasi ham otlandi. Ammo boradiganlar roʻyxatida M.Qoriyevaning nomi yana chiqmadi. Demak, u kishini chetlashtirish haqida buyruq berilgan. Safardan qaytishimiz bilan teatr jamoasining bir necha yoshlari u kishidan xabar olgani uylariga bordik. Maʼsuma opa har safargidek endigina oʻsha idora eshiklaridan qaytgan ekan. Ikki oʻgʻillari bizni kutib oldi. Maʼsuma opa eshikdan kirib, bizni bagʻirlariga bosdi. Shu bir oy ichida insonning bu qadar oʻzgarib ketishi mumkinligini Maʼsuma Qoriyeva misolida birinchi bor koʻrgan edim.

Aytishlaricha, hali biror marta erlari bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Hatto, xat olish ham taqiqlangan. Ularga siyosiy mahbus deb qaralar, “xalq dushmani”ga chiqarishgan edi. Maʼsuma opaning aytishlaricha, oʻgʻillariga taʼna toshlari otilaverib, ular maktabdan soviy boshlabdi. U kishi hamma narsaga dosh bersa ham, bolalarining haqoratlanishiga chiday olmasdi. Ota-ona bu ikki oʻgʻilni juda katta orzular bilan voyaga yetkazishni niyat qilishgandi. Xullas, bolalar ham maktabga bormay qoʻyishdi. Shunday kunlarning birida teatrimizga Moskvadan Nikolay Vladimirovich Ladigan kelib, bosh rejissyor boʻldi. Mannon Uygʻur bosh rejissyorlik lavozimidan navbatchi rejissyorlikka oʻtkazildi.

40-yillarda “Otello”ni sahnalashtirish teatr jamoasining katta orzusi edi. Mannon Uygʻur Gʻafur Gʻulom bilan birga asar tarjimasini tayyorlab yurar edi. N.V.Ladigan badiiy rahbar boʻlgandan soʻng, bu asarni sahnalashtirishni oʻz qoʻliga oldi.

Rol taqsimotida Maʼsuma Qoriyeva yana ijrochilikdan chetlatilganiga qaramay, Mannon Uygʻur Emiliya rolini unga berishni Ladigindan iltimos qildi. Xullas, jamoaning qatʼiyligimi yo Mannon Uygʻur tashabbusi bilanmi, bu rolga uchinchi ijrochi sifatida Maʼsuma Qoriyeva tasdiqlandi. Ish boshlandi. Ammo safdoshlar Toshxon Sultonova, Zaynab Sadriyevalar Emiliyani Maʼsuma Qoriyeva ijro etishiga imkoniyat yaratib berishga intilishdi, shu bilan biroz boʻlsa-da ruhan qoʻllab-quvvatlashga harakat qilishdi. Ladigin ham jamoaning tashabbusiga qarshilik qilolmadi. Shunday qilib, asosiy repetitsiyada Maʼsuma Qoriyeva qatnashdi. Bu aktrisaga ancha ruh bagʻishlagandek boʻldi.

Ijod qiziq narsa. Rol yoqib, unga berilib qolsang, butun fikr-zikring oʻsha bilan band boʻlib, shaxsiy qaygʻularing biroz boʻlsa ham chekinadi. Maʼsuma Qoriyevada ham shunday boʻldi. Hatto, u kishi teatrda yotib qolar edi. Men shu spektaklda yordamchi rejissyor boʻlib ishlaganimdan va doim teatrda boʻlganim uchun uning holidan xabar olib turardim. Qachon qaramay, oʻz xonasiga kirib olib, oʻsha rol bilan shugʻullanar edi.

Nihoyat, “Otello” sahna yuzini koʻrib, katta dovruq qozondi. Otellodan tortib, boshqa hamma rollar shu qadar qiyomiga yetgan ediki, bu haqda matbuotda ham Otello, Dezdemona va Yago rollari qatorida Masʼuma Qoriyeva ijro etgan Emiliya roli alohida tilga olindi. Bu hol aktrisaning ruhiga ruh bagʻishlab, uni ancha tetiklashtirdi. Xuddi shu kunlarda urush boshlangani haqida xabar tarqalgach, “Otello” spektaklidan chiqqan Maʼsuma Qoriyeva allanimalarni oʻylab xayolga toldi. Ertasiga maʼlum boʻldiki, u ikki oʻgʻlini frontga joʻnatsam, otasi tufayli otilgan taʼna toshlaridan qutilar, deb oʻylagan. Bolalar ham onaning shu taklifini kutib turgandek urushga otlangan. Ikki oʻgʻilni harbiy komissarlikka yetaklab olib borgan bu ayol yana bir kaltakka duch keldi. Yaʼni, “xalq dushmani”ning oʻgʻillari frontning faqat “shtrafnoy” bataloniga olinishi mumkin ekan. Oʻgʻillar bunga ham rozi ekanliklarini bildirishdi.

Maʼsuma Qoriyevaning eski gʻamlari yana yangilangandek boʻldi. Endi nafaqat erining tashvishlari, balki ikki oʻgʻilning tashvishi bilan ham sochlari oqara boshladi. Biz bir necha bor borib, u kishini uyidan topolmasdik. Endi opaning oʻz uyiga kirishga ham uning yuragi betlamay qolgan, xonadoni huvillab qolgan edi. Maʼsuma Qoriyeva koʻrpa-toʻshagini olib kelib, teatrda istiqomat qiladigan boʻldi. Teatr jamoasi u biron ish bilan ovvora boʻlsa, qaygʻulari kamayar, degan umidda kasaba uyushmasi ishini unga topshirishni moʻljalladi.

Partiya tashkilotining kotibi Maʼsuma Qoriyevaning rais boʻlishiga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Ammo teatr jamoasi ham oyoq tirab turib oldi. Birlashgan koʻpchilikning kuchi sezildi. Maʼsuma Qoriyeva qiyinchilik yillarida mahalliy qoʻmita raisi boʻlib, jamoaga onaxonlik qildi. Artistlar turmushi juda ogʻir boʻlgan bir paytda ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga bel bogʻladi.

Maʼsuma Qoriyeva qayerlardandir soʻrab, iltimos qilib boʻlsa ham, oziq-ovqat undirib kelib, teatrda har kuni bir mahal issiq ovqat tashkil qilgani esimizda. Xuddi shu yillarda iqtisodni nihoyat yaxshi tushunadigan, aktyorlarga gʻamxoʻr Sobir Azizov teatrga direktor edi. Ular birgalashib jamoaga koʻp manfaatlar keltirishgan. Xususan, Qorasaroy koʻchasidagi katta bog‘ olindi. Oziq-ovqatlar beriladigan doʻkon ochildi.

Bir qiziq voqeani aytib beray. Oʻsha yillari Amerikadan keltirilgan tuxum uni boʻlar edi. M.Qoriyeva oʻsha undan ikki qopini qayerdandir undirib keldi-da, keyin tuxum unini mol goʻshtiga almashtirdi. Goʻshtni esa tirik molga almashtirib, aktyorlarga tarqatadi. Maʼsuma Qoriyevaning gʻamxoʻrligidan, tadbirkorligidan yigirmata sigir teatr hovlisiga bogʻlab qoʻyilganini oʻzim koʻrganman. Buning taqsimoti qanday boʻlgani ham qiziq. Oilasi kattalar roʻyxatga olinib, nohaqlik boʻlmasin deb, chek tashlashga qaror qilishdi. Ana shunday qilib, yigirmaga yaqin aktyorimizning xonadoniga sigir-buzoq bogʻlangan edi. Maʼsuma Qoriyeva oʻzlari istamagan holda roʻyxatga kiritilgan boʻlsalar ham, u kishiga chek chiqqach, sigirni Azim aka degan koʻp bolali sahna ishchisiga berib yuboradi.

Qorasaroy koʻchasidagi teatr jamoasi uchun ajratilgan bogʻda biz – yoshlar deyarli har kuni borib ishlardik. Opa bizni mehribonligi, yaxshi soʻzlari bilan mehnatga ragʻbatlantirardi. Ekilgan kartoshka hosili hammaga barobar taqsimlanardi. Kunlar sovib qolganiga qaramay, M.Qoriyeva hosil yigʻib olinguncha bogʻda istiqomat qiladigan boʻldi. Kunlarning birida borsak, oʻrtada olov yonib turibdi-yu opa olovga tikilgancha xayolga tolgan. Jamoadan koʻpchilik oʻziga tegishli kartoshkalarni olib ketgan, ustiga ism yozigʻliq bir necha xaltada kimlarningdir kartoshkasi turar edi. Biz opaning yoniga kelib oʻtirib, hol-ahvol soʻragan boʻldik. U kishi hamon uzoqqa nazar tashlab, allanimani oʻylayotgani sezilib turardi. Birdan oʻrinlaridan turib “Endi Moskvaga bormasam boʻlmaydi”, dedilar. Turmush oʻrtogʻi, oʻgʻillaridan dom-darak yoʻq edi.

Xullas, Maʼsuma Qoriyeva haqiqat qidirib, Moskvaga joʻnagan edi. Ming afsuski, koʻp oʻtmay, oʻzlarining hayotdan koʻz yumganligi haqida shum xabar yetib keldi. Biz buning sababini avval shunday oʻyladik, kishining sevinchdan ham yuragi yorilishi mumkin-ku! Yoʻq, aksincha boʻlgan ekan. Erlari otilgan, oʻgʻillarining ikkalasi ham halok boʻlgan ekan. Bu dahshatli qaygʻu oʻzi hilvillab turgan yurakni toʻxtatib qoʻygan ekan...

Shu tariqa mehribon ona, ajoyib aktrisadan ayrildik. Voqeadan xabar topishimiz bilan teatr direktori Sobir Azizov Moskvaga joʻnadi. Uning Moskvada bir necha kun qolib ketishi bizni yana tashvishlantira boshladi. Maʼlum boʻlishicha, jasadni samolyotga olmagan, poyezdda noqulay boʻlgan. Natijada jasadni kuydirishga qaror qilingan. Shunday qilib, ajoyib qalbli ona, oʻzbek xalqining katta aktrisasi kul qilinib, kichik bir idishda keltirildi. Biz motam marosimini toʻrt kishining halokatiga bagʻishladik. Ularning birortasi ham oʻz ajali bilan oʻlmagan edi. Toʻrt kishiga bir qabr qildirib, oʻsha idishdagi xokni qoʻyib, qabr tepasiga toʻrtalasining ismini yozdirdik. Hamon uni “ramziy qabrlar” sifatida ziyorat qilib turamiz.

Shunday saxovatli qalb egasi, yoshlarning onaxoni va ustozi, tajribali aktrisaning 43 yoshida vafot etganini eslasam, koʻzlarimdan yosh qoʻyilib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolaman. M.Qoriyeva oramizdan ketgan boʻlsa-da, uning nomi hamisha barxayot. U boshlab bergan sanʼatni dastlab Nazira Aliyeva, Toshxon Sultonova, Zamira Hidoyatova, Zaynab Sadriyeva, Xolida Xoʻjayeva va Suydi Sotbodiyevalar, keyinchalik Yayra Abdullayeva, Erkli Malikboyeva, Iroda Aliyeva, Lola Badalova, Rihsi Ibroximova, Gulchehra Jamilova, Oydin Norboyeva, Toʻti Yusupovalar davom ettirdilar. Bugun parvoz qilayotgan sahna qaldirgʻochlarini koʻrib, ular uchun yoʻl ochib bergan ilk qaldirgʻochlardan biri – Maʼsuma Qoriyeva xotirasini iftixor bilan yodga olamiz.

Zikir MUHAMMADJONOV,

Oʻzbekiston Qahramoni

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2018 yil 3-son.

“Matonat timsoli” maqolasi