Baʼzan oʻrtadagi rishtalarni katta voqealar emas, balki kun sayin takrorlanadigan kichik odatlar zaiflashtiradi. Quyida munosabatlarni yemiradigan 5 ta omil keltirilgan. Bular:

Bir-birini doimiy ravishda oʻzgartirishga urinish

Har bir insonning oʻz xarakteri, odatlari va qarashlari bor. Juftingizni doimiy tanqid qilish, undan “men xohlagandek boʻlishi kerak” deb talab qilish vaqt oʻtishi bilan norozilik va hissiy uzoqlashishga olib kelishi mumkin.

“Uni qanday oʻzgartiraman?” emas, “Bir-birimizni yaxshiroq tushunish uchun nima qila olamiz?”degan savol munosabat uchun foydaliroqdir.

Ota-ona va qarindoshlarning munosabatga haddan tashqari aralashuvi

Ota-ona va yaqinlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlash muhim. Ammo er-xotinning hayotiga oid qarorlar doimiy ravishda boshqa odamlarning fikri taʼsirida qabul qilinsa, juftlik oʻrtasidagi ishonch va mustaqillik zaiflashishi mumkin. Oilaga oid jiddiy masalalarda, avvalo, er-xotinning oʻzaro maslahatlashib qaror qilishi va oilaviy chegaralarni kelishib olishi muhimdir.

Telefonning suhbat oʻrnini egallashi

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar baʼzan yonimizdagi inson bilan muloqot qilishdan koʻra koʻproq eʼtiborimizni tortadi.

Birga vaqt oʻtkazayotgan paytda ham telefonga qayta-qayta qarash, yozishmalar yoki ijtimoiy tarmoqlarga berilib ketish juftingizda “Men uning uchun muhim emasman” degan hissiyot uygʻotishi mumkin.

Baʼzan telefonni chetga qoʻyib, bir-biringizni diqqat bilan tinglashning oʻzi yaqinlikni tiklash uchun katta qadam boʻladi.

Odamlar oldida tanqid qilish

Juftingizni boshqalar oldida kamsitish, kamchiliklarini oshkor qilish, uning ustidan hazil tariqasida boʻlsa ham kulish yoki oilaviy muammolarni boshqalarning oldida muhokama qilish oʻzaro hurmatga zarar yetkazishi mumkin.

Muammo boʻlsa, uni imkon qadar tinch muhitda, yolgʻiz qolganingizda va bir-biringizni kamsitmasdan muhokama qilish samaraliroq. Chunki muammoni hal qilish uchun juftingizning qadr-qimmatini tushirish shart emas.

Janjal paytida chegaradan oshish

Har bir oilada kelishmovchilik boʻlishi tabiiy. Bu munosabat tugaganining belgisi emas. Ikki insonning fikri har doim bir xil boʻlishi ham shart emas.

Ammo janjal vaqtida:

— haqorat qilish;

— tahdid solish;

— kamsitish;

— eski xatolarni qayta-qayta yuziga solish;

— juftingizning zaif yoki ogʻriqli nuqtalaridan ataylab foydalanish munosabatda uzoq vaqt saqlanib qoladigan ruhiy iz qoldirishi mumkin.

Sogʻlom kelishmovchilikdan maqsad “Men yutishim kerak” emas, “Biz bu muammoni qanday hal qilamiz?” boʻlishi kerak.