Evrilish, yaʼni metamorfoza hodisasi soʻz sanʼatida yozma adabiyotga qadar mavjud boʻlgan. “Qisasi Rabgʻuziy”ning dastlabki “Osmonlar va yerlar haqida soʻz” faslida bunday deyiladi: “Xabarda keltiribdilarki, Olloh subhanahu va taolo hamma narsadan ilgari bir gavharni yaratdi. Bu gavharga haybat nazari bilan qaragan edi, u erib ketdi. Erib suv boʻlgan gavhardan yerni yaratdi. Suv ustiga tushgach, u koʻpiklandi. U koʻpikdan tutun koʻtarildi, u tutundan koʻkni yaratdi. Ul suv Olloh taoloning haybatidan qaynab koʻpiklandi. Ul koʻpikdan Kaʼbaning oʻrnicha yerni yaratdi” (Nosiruddin Rabgʻuziy. Qisasi Rabgʻuziy. www.ziyouz.com). Bu oʻrinda bir qancha evrilish jarayonlari haqida soʻz boradi va ularning bari ilohiy qudrat sohibining irodasi bilan amalga oshgani aytiladi.

Olamning muayyan evrilishdan paydo boʻlishi boshqa xalqlar mifologiyasida ham uchraydi. “Bir qator hind-yevropa mifologik anʼanalarida koinot va yerning qismlari oʻldirilgan Ilk odam tanasining parchalaridan, masalan, Skandinaviya asotirlarida bahaybat Imirdan (uning qoni   –   suvga, tishlari   –   qoyalarga, suyagi   – togʻlarga, sochi    –    oʻrmonlarga, miyasi    –    bulutga, bosh chanogʻi – osmon  gumbaziga, eti – quruqlikka evriladi), vedalar mifologiyasida Purushadan  (uning tanasidan koinot paydo boʻlgan), oʻrta fors va sharqiy slavyan bitiklarida ilk odamdan metamorfoza vositasida paydo boʻladi” (Терещенко А. Стилистический приём “метаморфоза” и особенности его репрезентации в селькупских сказках и мифах народов мира. Филологические науки. Вопросы теории и практики. Тамбов, “Грамота”, 2014. Стр. 182).

Rabgʻuziy asarida farishtalar oʻtning yorugʻidan, parilar oʻtning alangasidan; Odam alayhissalom tuproqdan, Havvo Odamning chap qovurgʻasidan yaratilgani rivoyat qilinadi. Yana bir qissada bayon etilishicha, iblis vasvasasi bilan Hobilni oʻldirishga ahd qilgan Qobil bu ishni qanday amalga oshirishni bilmay turganida, iblis odam qiyofasiga kirib, bir qushni tosh bilan urib oʻldiradi. Qobil buni koʻrib, oʻrganib oladi. Shu tarzda odam bolasi ilk bora gunohga qoʻl uradi. Iblis yovuz niyatini amalga oshirmoq uchun gʻaybiy quvvati va ilmidan foydalanib odamga evriladi.

Xalq ogʻzaki ijodining eng qadimgi namunalari hisoblanmish mif, afsona va rivoyatlarda uchraydigan metamorfozalar qargʻish yoki jazo sifatida ilohiy qudrat vositasida amalga oshadi. “Boyoʻgʻli” afsonasiga koʻra, bir boyning yakka-yu yagona oʻgʻli otasining aytganini hech qilmas ekan. Shunda boy “Bolamni jazolagan boʻlib, doʻq-poʻpisa qilib qoʻy” deb Xudoga nola qilibdi. Bola boyoʻgʻliga aylanib qolibdi. Boyoʻgʻli oʻshandan beri uyalganidan, elga qoʻshila olmay, yolgʻiz yasharkan (Asotirlar va rivoyatlar. Toshkent, “Yosh gvardiya”, 1990. 30-31-betlar).

“Choshtepa” afsonasida hikoya qilinishicha, qadimda uch aka-uka juda ahil-inoq yashagan ekan. Kunlarning birida katta aka savdo uchun uzoq yurtga ketibdi. Hosil koʻtarar vaqtda ikki uka akaning bugʻdoy oʻrimi va yigʻimida qatnashmaganini roʻkach qilib, hosilni ikkiga boʻlib olmoqchi ekanini aytibdi. Lekin kelisha olmay janjallashib ketishibdi. Shu mahal aka kelib qolibdi va u ham jiqqamusht boʻlib ketibdi. Aso tutgan bir nuroniy chol paydo boʻlib, ularga nasihat qilibdi. Lekin tinchitishning uddasidan chiqa olmabdi. Shunda qariya, yaʼni Xizr (a.s.) akani somonga aylantirib gʻaramga qoʻshibdi, ikki ukani esa tuproqqa aylantirib ikki tepalik hosil qilibdi (oʻsha manba, 42-bet).

Folklor asarlarida sehr-jodu yoʻli bilan amalga oshirilgan metamorfozalar ham uchraydi. Bunda Xudo yoki ilohiy qudrat sohibi, ruhlar aralashmaydi. Evrilish sehr-jodu yoʻli bilan odamlar tomonidan amalga oshiriladi. Ertak va rivoyatlarning asosiy qahramonlari sifatida endi gʻayb olami emas, moddiy olamdagi qahramonlik koʻrsatgan shaxslar, favqulodda kuch-qudrat, isteʼdod egalari maydonga chiqadi. “Zumrad poshsho”, “Malikaning uch sharti”, “Sehrli pichoq” kabi ertaklarda shu xil metamorfozalar asosiy muddaoni ochishga xizmat qilgan.

Xalq ertaklarida oyna koʻpincha daryoga, taroq    –    changalzorga, qayroqtosh    –    toqqa evrilib, qahramonni balo-ofatlardan yoki quvib kelayotgan dushmandan xalos etadi.

“Anqo qush” ertagida esa voqealar rivoji asosan evrilish motivlari asosiga qurilgan. Podshohning Anqo qushini izlab yoʻlga chiqqan yigit sayohat mahali chinor daraxtida katta ilonni koʻrib qolib, uni oʻldirmoqchi boʻladi. Ilon yigitga yolvoradi; tirik qoldirsa, unga yordam berishi, oʻzining aslida shahzoda ekani, qirq qiz va bir erkak parilarga yoʻliqib, ular uzatgan suvdan ichganidan soʻng ilonga aylanib qolganini aytadi. Hajman ancha katta (30 sahifali) ertakda sehrgarlik yoʻli bilan koʻplab evrilishlar sodir boʻladi. Bunda tuproq, koʻzgu, ilonning moʻylovi, suv, xilma-xil taomlar kabi vositalar ishga solinadi. Shu kabi boshqa sehrli-fantastik ertaklarda ham evrilish motivi yetakchilik qiladi. Qahramon sehr yordamida turli shakllarga kiradi, oʻz qiyofasini oʻzgartirish imkoniga ega boʻladi. Bu ertaklarda xalqning yovuz kuchlardan, zolimlardan qutulish, oʻzini kuchli-qudratli his etish orzusi, hayot mashaqqatlari qarshisidagi armonlari, dushmandan qasos olish maqsadi oʻz ifodasini topgan. Ularda bir moddiy koʻrinishdan ikkinchisiga evrilish jazo, oʻch olish kabi yovuz; mukofot yoki yordam, koʻmak berish kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi; syujetni rivojlantiruvchi asosiy badiiy vositaga aylanadi. Ayni vaqtda metamorfoza-turlanishlar ertakning qiziqarliligini taʼminlashda; syujet tugunining yechilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Goʻzal RAMAZONOVA,

mustaqil tadqiqotchi

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Evrilish moʻjizalari” maqolasi