Yaqinda Sherzod Komil Halilning “Oʻlim labirinti” toʻplamini oʻqib chiqqan edim. Hozirgina Temirpoʻlat Tillayevning “Oʻlim oʻpqoni” kitobini oʻqib tugatdim. Qashqadaryolik yozuvchilarning uslub, poetik makon yartishdagi koʻp oʻxshash jihatlari bor. Agar Nazar Eshonqul nasrini qoʻshib qiyos qilsak, manzara yanada oydinlashadi va kengayadi.

“Oʻlim oʻpqoni” toʻplami bir nechta qissalardan iborat boʻlib, 1980–1987-yillar orligʻida qogʻozga tushirilgan. Ularning ayrimlari avval ham nashr etilgan. Endilikda yangi davr oʻquvchilari uchun qaytadan, boyitilgan holda eʼlon qilinibdi.

“Voris” hikoyasi hozir ham ayrim millatdoshlarimiz osilib yashayotgan aqidalar taftishiga qurilgan. Ota oʻgʻlini maktabga qoʻyishni, uning madaniy dunyoga yaqinlashishini istamaydi. Dunyoni tasarrufidagi uch-toʻrt bosh mol-qoʻyining oliq-soligʻidan iborat deb biladi. Goʻyoki bularning barini oʻgʻlining istiqboli uchun qiladi-yu, aslida bittagina farzandini shu mol-qoʻyga qorovullikka qoʻyilgan choʻpon itdek koʻradi. Bolaning dunyosini toptaydigan, tahqirlaydigan bir manzara. Otaning alami-yu abgorligini koʻtararmidi uning bola joni. U ham “Oq kema”ga oshiqqan bola kabi adirlar ortida gʻoyib boʻldi. Vorislik shu taqlid oʻtadi va alamzada, johil, yuraksiz dunyo bolalar va bolalikni mahv etib boradi.

“Oʻlim oʻpqoni” qissasi, men yuqorida eslatgan, qashqadaryo nasri tajribalarini oʻzida toʻla aks ettiradi. Yaratilgan mifo-poetik olam, makon hamda zamonning shu tarzda hal etilishi, yarim savdoyi odamlar, qahramonlarning qorongʻilikka tushib borishi va syujetning shu asosga qurilishi, ifoda tarzi, jumlalarning burama shakllari, Kafka, Borxes, Dostoyevskiy asarlariga ochiq berilish – Nazar Eshonqul uslubini takrorlaydi. Takrorlaydi deyish notoʻgʻridir. Chunki har ikki ijodkorning bu yoʻnalishda tajribalar olib borgani bir davrga toʻgʻri keladi. Ularni bir muddat bitta laboratoriyada ishlagan deyish mumkin, ehtimol. Temirpoʻlat Tillayev bu asarida professional yozuvchi sifatida qalam suradi, bu, ayniqsa qahramonning tashqi qiyofasi va ichki kechinmalarini uygʻun ifodalashda koʻrinadi. Ammo bu ifodaga ortiqcha zoʻr berish sunʼiylikni yuzaga keltirgan. Bu sunʼiylik syujetga, ifodaga, bayonga bevosita taʼsir koʻrsatgan. “Koʻk tangri”, “Koʻk boʻri”ga aloqador jumlalar, “Qurʼon” oyatlari matnga begona boʻlib qolgan, singmagan. Bu olaquroq maydonda – asar nima maqsadda yozilgan oʻzi, degan savol koʻndalang boʻladi.

 “Basirat tuni” qissasi ham Chingiz Aytmatov asarlariga mavzu jihatdan uygʻun. Bu qissadan ham bola yelkasiga tushayotgan kaltak saslari eshitilib turadi. Bolalik dunyosining kattalar dunyosi oldidagi ojiz va hayajonli ovozi, uning ichki oʻlchamlari mohirona tasvirlangan. Ammo ayrim dialoglardagi, syujet nuqtalaridagi sunʼiylik asarning taʼsir kuchini qirqqan.

“Paymona” qissasi ham boshqa hikoyalar kabi qiziqish bilan oʻqiladi, ularning hech biri maʼnan eskirmagan. Bunda ham matn mohoratli yozuvchiga tegishliligi bilinib turadi. Ammo bu qissada ham ayrim tahrirtalab oʻrinlar bor. Jon berolmay alahlab yotgan chol juda rovan fikrlaydi,  roviyga aylanib ketadi.

Hikoyalarda mantiqiylik buzilgan oʻrinlar bor: “Koʻkda yulduzlar sovuqdan junjikkandek charaqlardi”, “...oynadek yaltirab yotgan Oynakoʻl”, “Nima emish, menda eʼtiqod yoʻq emish. Eʼtiqod-petiqodingdan oʻrgildim... Nima, anovi iymonsiz chollarga qoʻshilaymi?!” (“Turnalar ohi”); “biyron qoʻllar bilan jun titib” (“Basirat tuni”); “...tuhmat Xudoning arshidan ulug‘”, “Avvaliga oʻt-oʻlanlarni bosib-yanchib kelayotgan eshakning shiviri, soʻng sinchiklab qarayvergach, qorongʻilik ichida elas-elas qora koʻrindi” (“Paymona”) kabi.

Kitobni  nashrga tayyorlashga doir kamchilik ham kuzatiladi. Ayrim jumlalar bir oʻrinda aynan takrorlangan: “...xayoli ham tiniqlashib borardi”, “...uning tafakkuri tiniqlashib borardi”, “...idroki tiniqlasha boshladi”, “...tiniqlashayotgan shuuri” (139, 165-betlar; “Turnalar ohi”); “ingrab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishladi” (218, 219-betlar; “Paymona”). Butun xat boshi takrorlangan oʻrinlar ham mavjud (219, 223-betlar; “Paymona”). Nashrda matnga aloqador boʻlmagan “Qulbul rais bilan juda oʻxshash obraz, muallif mulohazalari ham oʻsha hikoyadagi kabi takrorlangan” jumlasi qolib ketgan (232-bet; “Paymona”). Matn kirill xatidan lotin xatiga oʻtkazilganda yuzaga kelgan xatolar tuzatilmagan. Bu kabi texnik xatolarga qaramasdan, kitobni yaxshi koʻrib oʻqidim. “Oʻlim oʻpqoni” yosh yozuvchilar, boshlovchilar, ellik yoshdan oshsa ham yoʻl topolmay yurganlar uchun oʻqilishi zarur boʻlgan kitoblardan biri.

Shahnozaxon NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori, dotsent