Dunyoda anglaganingiz sari bahosi tengsiz boʻlib boradigan nomli va nomsiz boyliklar bor. Shunday boyliklardan birining nomi ustoz deb ataladi. Ular vaqt, imkon, naf, burch kabi umrning qiymatini belgilovchi omillarning sarlavhasi. Ular shogirdlarning yoʻl xaritasini tepadan koʻrib turadi. Ular har bir qalb, orzuning meʼmorlari. Ularning xizmatlari evaziga insoniylikning qiyofasi tiniq, maʼnaviy va moddiy olamimiz bugun shu koʻrinishda.
Bir kishiga, bir sulolaga, bir mamlakatga tegishli boylik, mulklar boʻladi. Shuningdek, millatga, insoniyatga tegishli boyliklar ham. Shunday insonlar borki, ular insoniyatning mulki, boyliklaridir.
Oyina.uz Ustozlar kuni munosabati bilan jamiyatda soʻzi, oʻrni, amali bilan oʻchmas iz qoldirgan ustozlarning shogirdlaridan millat boyliklari haqida yodnoma yigʻdi.
Urintirib qoʻyish, vaqtlarini olishdan tortinib dastxat olmaganman
Hasanxon qori YAHYO ABDULMAJID,
Qurʼoni Majid mudarris ustozi
Allohga hamd boʻlsin, dindor, ahli ilm oilada dunyoga kelganmiz. Dadamiz Yahyoxon qori Andijondagi ikki katta masjidning ikkinchisida imom-xatib edilar. Onamning otasi, bobomiz esa katta masjidda imom edilar. Shuning uchun din, ilm sohasidagi gap-soʻzlar, xabarlar bizning xonadonda doimiy yangrab turardi. Bola boʻlsak ham oʻsha gap-soʻzlar qulogʻimizga kiraridi, keyinchalik bu gaplarni tahlil qilib yana ham anglab borganmiz.
Hazrat muftiy boʻlayotgan paytlarida aynan oʻsha muftiylik quriltoylarida, saylovlarida bizning otalarimiz, bobolarimiz qatnashgan. Toshkentga kelib ketish asnosida boʻlayotgan voqealar haqida gapirilganda, jumladan shu gaplar esimizda qolgan, dadam aytganlarki, Muhammad Sodiq degan yigit bor, juda yaxshi olim odam, nomzodlarning ichida agar bu kishi muftiy boʻlsa musulmonlarga nihoyatda foydali boʻladi, yaxshi boʻladi. Hazrat haqida birinchi eshitgan gapimiz mana shu boʻlgan.
Keyinchalik hazrat muftiy boʻldilar. Qiblagohimiz vafot etib qoldilar. Hazrat fotihaga borganlar. Biz 7-8 yosh bola edik. Hazrat ukam ikkalamizning peshonamizdan oʻpib, erkalatib koʻrishganlar.
Mana shu joyda bir nuktani eslab oʻtgim keladi. Bizning bir qoʻshnimiz boridi. U kishi juda koʻchabezori odam boʻlgan. Oʻsha vaqtda navqiron yigit vaqti. Oilasi rus tabiatli edi. U yigitning ota-onasi “русны язичны” boʻlsa ham u oilada muftiy boʻlganlaridan keyin hazratga nisbatan muhabbat bor edi. Rus tilida gapirgan nutqlariga ishqibozmiz, deyishardi. Shundan oʻgʻlida muhabbat tugʻilganmi, xullas, hazrat biznikiga borganlarida oʻsha yigit hazratning qoʻllariga oʻzim suv quyaman deb talashib, shunday qilgan. Bu haqda oʻzi keyin ham aytib yurardi, oʻsha bir martalik muloqotda 180 gradusga oʻzgargan. Yaʼni, namozxon, ibodatli odamga aylanib ketdi. Bu ham oʻsha ahli ilm, ahli fazl kishilarning fazilatlaridan boʻladi. Hazratda mana shunday tavfiyq ham boridi. Bir marta uchrashib, muloqot qilgan odamda (muhabbatga yarasha Alloh tavfiyq beradi baribir) mana shunday oʻzgarish boʻlgan. Keyinchalik u qoʻshnimiz bilan ancha qadrdon boʻlib yurganmiz. Bizning mahallamizga borganlarida xotiramizda mana shunday iz, taʼsir qoldirgandilar.
Keyinchalik “Tafsiri Hilol”ning ilk juzlari, “Shoyadki taqvodor boʻlsak”, “Iymon” kitoblari nashr boʻldi. Bu kitoblarning har biri nashr boʻlgandayoq, sotuvga chiqishi bilan xonadonimizga kirib borardi. Onamiz rahmatli kitobga nihoyatda haris edilar. Hazratning kitoblarini hech qoldirmay olib kelardilar, oʻqib berardilar. Men aniq eslayman “Ar-rahmon” surasini yodlayotgan paytimizda, 8-9 yashar boʻlsak kerak, “Tafsiri hilol”dan tarjimasi bilan yodlaganmiz. Chunki “Ar-rahmon” surasida oʻttiz bir marta takror keladigan oyat bor, qori adashib ketadi. “Tafsiri hilol”dan aynan maʼnolari bilan yodlash orqali oyatlarning tartibini adashtirmaydigan boʻlganmiz. Ana oʻshandan hazratning kitoblari orqali gʻoyibona shogird boʻla boshlaganmiz – el qatori, ilmlaridan bahramand boʻla boshlaganmiz.
2000-yil musobaqa va Umra ziyoratidan qaytayotganimizda hazrat koʻp qavatli uyda turarkanlar, oʻsha uylarida mehmon boʻlganmiz. Oʻshanda hazrat Qurʼonni tugatganlaringga qancha boʻldi? deb soʻraganlar, biz 6-7 yil boʻlganini aytganmiz. Shunda qancha dars oʻqiganimizni soʻraganlar. “Kofiya”ni tugatganmiz, “Muxtasar”dan ozgina oʻqiganmiz va hokazo deganimizda, 6 yilga “Bu juda oz, koʻproq oʻqishlaring kerak” deb bizga irshod berganlar.
Keyinchalik, 2003-yillarda hazrat vodiyga koʻproq boradigan boʻldilar. Biz marosimlarda tez-tez uchrashadigan boʻldik. Marosimlarda Qurʼon tilovat qilish uchun bizni ham koʻp taklif qilishardi. Shu zayldi hazratning marosimdagi suhbatlaridan bahramand boʻlib borildi.
Hazratning dadalari Muhammad Yusuf hoji dadaning suhbatlarida ham juda koʻp boʻlganman. Suhbatlarning birida yaxshi xotiralarini aytganlar. Buxoroda Muhammadamin domla degan ustozlari bor ekan. U kishi oilasiz yasharkanlar. Koʻp xizmatini Muhammad Yusuf hoji dadaga aytar ekanlar. Keyin yana taʼkidlab qoʻyarkanlarki, boshqa bolalarga ham aytsam boʻladi, yoʻq deyishmaydi-yu, ular sal malollanganga oʻxshaydi, sen chin koʻngildan qilasan, der ekan. Bir kuni oʻsha ustozlari qorin ogʻriq boʻlib ogʻrib qolibdi. Bir kunda 16 marta usti-boshlarini almashtirdim, deydilar. Oʻzi ikkita almashtirishga kiyimlari bor ekan. Bittasini yuvib-tozalab, quritib turishingiz kerak, ikkinchisi ishdan chiqadi bir pas turib, deydilar. Aytadilarki, bir kunda 16 marta almashtiribman. Shunda domla yigʻlab duo qilganlar, avlodingdan olimlar chiqsin, dunyoga tatiydigan olim chiqsin, deb. Muhammad hoji dadaning ogʻizlaridan chiqqan soʻz shuki, Muhammad Sodiqning muvaffaqiyatlarida ustozning mana shu duolarining barkasi bor deb bilaman, deganlar.
Hazrat oʻzlarining vaqtlarini qanday tejasalar, oʻzlariga xizmat qilib turgan shogirdlarining vaqtini ham xuddi shunday tejashga harakat qilardi. Bizning vaqtimizni bizdan koʻra koʻproq qizgʻonardi.
Hazrat bilan soʻnggi uchrashuvimiz oʻsha “Hikmatli xislatlar” kitobi taqdimoti boʻlgan. Undan bir-ikki haftacha oldin, balki bir oycha oldindir, “Ochiq xat” kitobining taqdimoti boʻlgan. Taqdimotga men, adashmasam, uch daqiqa kech qolib keldim. Hali boshlanmagan ekan. Menga birov shu taqdimotni oʻtkizib berasiz, yo boshqa demagan. Oddiy ishtirokchi boʻlib kirib kelyapman. Shoshib kelib oʻtirsam, hazrat aytdilarki, nima qilamiz endi, men oʻzimdan oʻzim gap boshlamayman-ku. Qani olib boruvchisi? deb qoldilar. Bu majlisning tashkilotchiligini menga topshirmagan edilar, shuning uchun bu gaplari menga malol kelmadi. Qani kim boshlaydi, kim gapiradi, degan edilar, oʻsha yerdagilar Hasanxon boshlovchi boʻlsin deb yuborishdi. Xullas vazifani bajardim. Hazrat oʻsha kungi boshlovchiligimdan xursand boʻlganlar shekilli, “Hikmatli xislatlar” taqdimotini siz olib borasiz, dedilar. U taqdimot ham yaxshi oʻtgan. Mana shu taqdimotda bizning oxirgi uchrashuvimiz boʻlgan. Bitta narsaga men juda katta afsusmas-u, baribir afsus qilaman. “Ochiq xat” kitobini eslaganimning sababi, bu kitob taqdimotidan keyin hazratdan dastxat olganmiz. Oʻzi birovlarning iltimosini bajarib dastxat olardik, oʻzimizga yozdirgani tortinardikki, u kishining vaqtlarini olib, urintirganga oʻxshaysiz. “Ochiq xat” kitobida vaziyat boʻlib qoldi, dastxat yozib berdilar. “Hikmatli xislatlar” taqdimotidan keyin shu kitoblarning bittasiga hazratdan dastxat olvolay degan xayol kelyapti. Yoʻq, yana erta-merta uylariga borganda, xotirjam vaqtlarida olarman dedim-u, olmadim. Lekin u narsa nasib boʻlmadi, qoldi. Taqdimot dushanba boʻlgan boʻlsa, hazrat seshanba kuni kechki payt vafot etdilar.
Hazrat Allohdan “xayri xalaf ber” deb soʻrardilar. Alloh u kishiga xayri xalaf berib, xalqimizga ana shunday olimlarning yana koʻplab chiqishini Oʻzi nasib etsin.
Ustozda olimlik bilan odamiylik uygʻun edi
Sohiba UMAROVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Men ustozim Suyima Gʻaniyeva bilan 2009-yilda koʻrishganman. Ungacha televizor va radiodagi chiqishlarini eshitib, matbuotda eʼlon qilingan maqolalarini kuzatib borardim. Katta navoiyshunos olima ekanliklarini bilgan holda judayam hayajonlanardim, Navoiyning qoʻlyozma asarlarini tadqiq etgan matnshunos olima sifatida hurmatim balan edi. 2009-yili ustozim Shuhrat Sirojiddinov tashabbuslari bilan Suyima Gʻaniyevaga telefon qilganman. Ular bilan suhbatdan keyin menda yanayam kuchi masʼuliyat, hayajon boʻlgan.
Ertasi kuni kafedralarida koʻrishdik. Bir dasta gul olib borganman. “Suyima Ganiyeva ilmiy-adabiy faoliyati” mavzusida ilmiy ish qilmoqchi ekanligimni eshitib rosa xursand boʻlganlar. Darslariga olib kirdilar. Qaytishda uylarida choy ichishga taklif qildilar. Uylariga qanday borarkanman, ustozning yonlarida qanday choy icharkanman deb hayajonlanganman. Dars oʻtishlarida qanchalik katta bilimga ega olima boʻlishlari bilan birga inson sifatida judayam kamtar, samimiy edilar. Shunday qilib 2012-yilga qadar doim ustozning yonlarida boʻldim.
Ustozda diplomatlik qobiliyati ham yuqori edi. 2010-yil, Singapur universiteti endi ochilgan vaqtlar. Navoiy va Bobur tavalludi munosabati bilan tadbirga chaqirishgan ekan. Men hayron boʻldim, menejer sohasi, ingliz tilini oʻrganadigan talabalar Navoiy va Boburni qanday eshitarkan deb. Ustoz sahnaga chiqdilar, men bu talabalarni qiziqtiradigan qanday gap aytar ekanlar deb turibman. Navoiyning hayotidan kirish qism qilib keldilar-da, shoirning xalqparvar, insonparvarligiga urgʻu berdilar. Alisher Navoiy uchun inson qadrli boʻlganiga “Saddi Iskandariy”dan misol keltirdilar. Iskandar bir shaharni bosib olganda, oʻsha hudud aholisiga ziyon yetkazmasligi uchun askarlariga shahardan tashqarida turishini buyuradi. Soʻzlariga xulosa sifatida Iskandarday shoh insonlar manfaatini oʻylab shu ishni qilganini aytdilar. Sizlar ham kelajakda menejer boʻlarkansizlar, marketing sohasida ishlarkansiz, xalqaro bitimlarning tuzilishida qatnasharkansiz, sizning vazifangiz – har qanday vaziyatga insonni yuqori, birinchi qoʻyish kerak degan xulosani shunday chiroqli yoʻl bilan chiqarib berdilar. Ustozning diplomatik qobiliyatiga tan berganman shu yerda ham.
Ustoz Islom shariatini yaxshi bilardilar. Birovga vaʼda bergan boʻlsalar, biror tadbirga boraman degan boʻlsalar albatta bajarardilar. Qarz (sovgʻa, tuhfalarga ham shunday qarardilar) olgan boʻlsalar ortigʻi bilan qaytarishni farz deb bilardilar. Isrofni yomon koʻrardilar. Bir varaq qogʻozni ham qadrlashni uqtirardilar. Hozir aksar olimalar oʻzlarini tashqi koʻrinishdan olimaga oʻxshatib olishyapti. Ichki tutumlarini kuzatsangiz, olimalikga hech qanday daʼvosi yoʻq. Ustozda olimlik bilan odamiylik uygʻun edi. Odamiyligi olimligidan ham yuqori edi.
Asomiddin Oʻrinboyev degan manbashunos, katta olim oʻtgan. Ustozim yoshligidan shu kishi bilan doʻst boʻlganlar. Bir kuni ustoz ertaga tugʻilgan kunga boramiz, dedilar. Ertasi kuni men shu kayfiyatda kiyinib bordim. Aytilgan xonadonga bordik. Qarayman, hech bir tugʻilgan kunning kayfiyati sezilmayapti. Keyin bilsam, Asomiddin Oʻrinboyev oʻtganlariga 7-8 yil boʻlgan, ularning akalarimi, ukalari yashaydigan xonadonga doʻstining tugʻilgan kuni sanasida ustoz har yili kelarkanlar. Oʻsha kungi davrada ham doʻsti rosa eslandi: kitoblari varaqlandi, rasmlari koʻrildi, boʻlgan voqealarni aytib berdilar. Ustoz har doim bajarib keladigan qadriyatini oʻsha yili ham shunday bajarganlar. Baʼzan insonlar orasida “Oʻlding – oʻchding” maqolini yodga soluvchi holatlarga guvoh boʻlganimda ustozimning shu jihatlariga ham taʼzim qilaman.
Keyin oʻylab yurardim – vaqtim bekor ketib qoldi (buni urgʻu bilan aytib oʻtishim kerak), shuncha yurdim, ilmimni qilolmadim, deb. Hozir unday demayman. PhD ishimning mavzusi “Suyima Gʻaniyeva tadqiqot usullari va mezonlari”, 2021-yili himoya qildim. Oʻsha yillarda boshlagan ilmiy ishimni oxiriga yetkazdim. Men ilm bilan birga ilmga kirgan bir insonning hayotini oʻsha vaqtda eng yaqin masofadan kuzatib oʻrgandim, bu baxt. Hozir oʻsha kunlarimni sogʻinaman, ular bilan birga yurib yaxshi ish qilgan ekanman, shunday insonning yonida yurgan ekanman degan faxr tuyaman.
Armonlari, yoza olmagan, hech kimga ayta olmagan hasratlari koʻp edi
Javlon JOVLIYEV,
yozuvchi
Ustoz Naim Karimning taʼziya kunlari oʻtgach, oʻgʻillari bilan ishxonasiga borib, qolgan kitoblarini, qoʻlyozmalarini Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondiga olib oʻtdik. Yaqingacha bilasiz, Qatagʻon qurbonlari muzeyining maʼmuriyati Adabiyot muzeyining chap biqinida, ikkinchi qavatida joylashgan edi. Eski bino, koʻhna xonalar, qalin devorlari qalin hasratlarni, mungni, necha sirlarni yashirib turganday, kirish yoʻlaklariga mayda yupqa taxtakachlarni qoqib chiqqandek koʻrinadi, qorni bosib oʻtgan kabi har qadamning gʻichiri, dovushi bor. Hamma narsa oʻsha-oʻsha, joyida, ammo xona toʻridagi stolning necha yillik egasi yoʻq…
Akademik Naim Karimov xonasi kichkina ekan, buni oʻsha kuni angladim, hamma narsa oʻta tordek, negadir shu mahalgacha juda keng, muhtasham koʻringan ekan koʻzimga.
Kitoblar, qoʻlyozmalar, eski kompyuter, printer, oq kichkina choynakcha, sochiq, tartibsiz sochilgan qayt qogʻozlari, taklifnomalar, turli manzillar yozilgan qogʻoz xaltachalar, kichkina sep, tepada qandaydir navqiron va koʻrkam holda ishlangan Behbudiyning portreti, ammo bu xonaga qachon kirmang sizga rangsiz yuz, rangsiz koʻzlar ila zimdan boqib turuvchi ustoz yoʻq …
Egasiz xonaga kirar ekanmiz, kelganlar har turli narsalarni yigʻishtira boshladi, oʻgʻillari ish stolida qolgan mayda-chuyda, roʻchka-qalamlar, yaltiroq jildli sovgʻalarni taxlashardi, qolganlar esa kitob va qoʻlyozmalarni tashirdi, men esa oq chinni likopchadagi bir dona goʻmmani koʻrib qotib qolgandim.
Domla Toshkentning eng qadim va tom maʼnoda ziyolilar koʻchasi – Navoiy koʻchasidan ishxona tomon koʻpincha piyoda kelar, yoʻldan ikkita kartoshkali perashka yo ikkita goʻmma sotib olardi, shu bilan xonadan chiqmay tushlikni amallar va vaqtdan yutardi. Oʻsha kuni ham ishga kelayotib odatiga koʻra ikkita goʻmma sotib olgan, tushlik payti bittasini yegan, bittasiga esa ulgurmagan (ishxonada sogʻligi yomonlashgandi), toʻqson yilki tinmay berilgan nasiba shu yerda payoniga yetgan, bitgan...
Arxivdan topgan koʻp narsani domlam bilan soatlab muhoka qilardik, oxirgi paytlarda koʻzda yoshsiz kam gapirar, jadidlarni yigʻlab, ezilib eslardi. Lekin bu keksalikning yigʻloqiligi emas, ayanchli tarixning qattol qilmishlari “mevasi” edi.
Domla toʻqson yoshda ham tinmay, bir yigitdan koʻp ishlardi, ammo bilardimki, domlaning armonlari, yoza olmagan, hech kimga ayta olmagan hasratlari juda-juda koʻp edi, rejalari bisyor edi, ammo...
Ustozning shaxs sifatidagi tutumlari, ilmga, vaqtga eʼtiqodi, millat qaygʻusi, insoniylik burchlari Naim Karimov degan siymo bilan kitoblari qatida, shogirdlari qalbida, xalqi yodida yashayveradi.
Loladek ketdingiz, qaygʻuzorlardan...
Guljamol ASQAROVA,
shoira
Shams keldi, dedilar, Mavlono (Rumiy) shodlanganidan suyunchisiga toʻnlarini yechib berdilar. Aldadik, deyishdi. Mavlono jilmayib, “yolgʻoningga toʻnimni berdim, rost aytganingda jonimni berardim”, dedilar...
Hazrat Jomiy quyoshdir, men tuproqman. Tuproqqa quyoshdan nur tushmasa bir giyoh ungaymi? deganlar Navoiy bobo...
“Oʻlayotib tobutimda boshim ostiga Sizning kitobingizni qoʻyishlarini soʻrayman”, deya maktub bitgan ulug‘ Anna Axmatovaga Marina Svetayeva...
Leonardo do Vinchi Dovud paygʻambar suvratini chizayotganda shogirdining siymosidan foydalangan ekan...
Halima opam bilan biz yaxshi koʻrardik bu tarixiy faktlar va rishtalar taʼrifini, oʻta insoniy mehr izhorlarini... Va mehr-u muhabbat kamyoblashib, mehr hech kimga kerakmasdek sovuq bir ibtidoni boshdan oʻtkazayotgan zamonda bu ulugʻvor munosabatlar Ustozim va men oʻrtamdagi rishtalarni ham yanada qattiqroq bogʻlashga hissa qoʻshgan boʻlsa ajabmas.
Chiroyli yashashni oʻrgatardilar doim, viqorli, shohona hayotni sevardik ikkimiz ham. Hech gʻarib koʻrsatma oʻzingni, derdilar.
Qabrtoshlariga “Loladek ketarman qaygʻuzorlardan” degan satrlarini yozishlarini iltimos qilgandim. Shu satrlar muazzam bir shoirning umriga chizgi boʻla oladi, deb oʻylayman.
Men oʻzimni Halima opam haqida yodnoma kitob deb bilaman. Hammasi qogʻozga tushadi, inshaalloh.
Ustoz koʻrgan ustoz edilar
Karimboy RAHMONOV,
Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist