Ilm igna bilan quduq qazishmi?..
Qoʻliga maxsus qoʻlqop kiyib, himoya koʻzoynaklari taqqan maktab oʻquvchilari ikki xil suyuqlikni aralashtirishadi va shu zahoti laboratoriya stolidagi shisha idishlardan rang-barang koʻpikli fontan otilib chiqadi: “bum!” Bolalar bemisl hayrat va hayajon bilan qarsak chaladilar...
Ekranda aks etmish yuqoridagi manzara gʻarbdagi ommabop bolalar ilmiy koʻrsatuvidan olingan. Menga bu koʻrsatuv ilm yoʻli faqat qalin kitoblar, zerikarli formulalardan emas, balki harakat, kashfiyot va eng muhimi, zavqdan iborat ekanini anglatmoqchiga oʻxshab tuyuladi. Biz esa yoshligimizdan bir gapni eshitib katta boʻlganmiz: “Ilm olish – igna bilan quduq qazish!..” Hatto olimlar bilan uyushtirilgan suhbat, ular ishtirokidagi koʻrsatuv va eshittirishlarning kirish qismida ham hamma vaqt shu ibora takrorlanadi. Ayniqsa, ilm yoʻlini tanlagan odamlar bilan uchrashuvlarda qahramonning bu mashaqqatli va ogʻir yoʻlni qanday bosib oʻtgani shu qadar dramali tasvirlanadiki, ichingizda ularga havas emas, achinish hissi paydo boʻladi.
Balki siz yuqorida esga olingan iborani “bunda olimlik faoliyatiga hurmat bor, u sabr va chidamning ifodasi!” deb yoqlamoqchi boʻlarsiz. Biroq u zamonaviy yoshlar uchun ancha vahimali eshitilishini ham rad etmasangiz kerak? Axir oʻzingiz tasavvur qiling: chang bosgan xona, qalashib yotgan kitob va qalin koʻzoynakli bir inson qoʻlida igna bilan dunyodan uzilib quduq kovlayapti... Bu obraz kelajak uchun oʻzini qurbon qilgan qahramonni eslatsa-da, uncha-muncha odamning yuragi dov berib uning oʻrnida boʻlishni istamasligi aniq. Bunday manzara ilm yoʻlini tanlamoqchi boʻlgan yoshlar qalbida ishtiyoq emas, charchoq, qoʻrquv, zerikish uygʻotishi tabiiy. Natijada koʻplab iqtidorli yigit-qizlar olimlikni faqatgina “umrni qurbon qilish” deb tushunib, bu yoʻldan qochadi. Ular kutubxonalarda soatlab kitob titkilashdan koʻra “oʻrgimchak toʻri”dagi bir necha soniyalik majoziy hayotni, dinamikani va arzon, ammo tez keladigan zavqni tanlashadi.
Ehtimol, gʻarb taʼlim tizimi va mediasi buni yaxshi biladi. Shuning uchun ham u fanga mashaqqatli faoliyat va ogʻir majburiyat deb qaramaydi. Ular bolalar ongiga olimlikning mashaqqatli yoʻli xavotiridan koʻra atrof-muhitni tushunish va unga taʼsir oʻtkazish ishtiyoqini singdirishni afzal koʻradi. Shuningdek, gʻarb davlatlarida fan ommabopligi (Science Communication) ham juda kuchli rivojlangan. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar uchun suratga olinadigan murakkab ilmiy mavzularni sodda, hazil-mutoyiba va vizual effektlar bilan tushuntiruvchi koʻplab dasturlar bor. Taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari yulduzli shoularda mehmon boʻlishadi, ularning chiqishlari xuddi mashhur aktyor yoki xonandalarniki kabi millionlab marta tomosha qilinadi. Bu esa yoshlar tasavvurida olimlikni kitoblarga koʻmilib oʻtiradigan zerikarli emas, eng nufuzli va jozibali kasbga aylantiradi.
Bunday yondashuvni taʼlim maskanlarida ham koʻrish mumkin. Masalan, San-Fransiskodagi mashhur “Eksploratorium” kabi markazlarda “Iltimos, eksponatlarga qoʻl tekkizmang!” degan yozuvni umuman uchratmaysiz. Aksincha, u yerda har bir qurilmani ushlab koʻrish, tugmachalarini bosish, fizika yo kimyo qonuniyatlarini sinab koʻrish talab etiladi. Bolalar koinot qonunlaridan tortib tabiat hodisalarigacha boʻlgan jarayonlarda oʻyin oʻynayotgandek qatnashadi.
Shu bilan birga, “xalqchil ilm” (Citizen Science) loyihalari jamiyatning har bir aʼzosini, jumladan, maktab oʻquvchilarini ham katta ilmiy jarayonlarga jalb etadi. Masalan, NASAga oʻxshash yirik universitetlar oddiy odamlarga koinot suratlaridan yangi yulduzlarni qidirish yoki oʻz hududlaridagi qushlar migratsiyasini kuzatish vaziyatini yaratib beradi. Jumladan, quyosh panellari, mahalliy oʻsimliklar, daraxtlar va shevaga oid kuzatuvlarni maʼlumotlar bazasiga kiritish imkonini ham. Oddiy maktab oʻquvchisi oʻzi topgan maʼlumot orqali haqiqiy ilmiy maqolaning hammuallifiga aylanishi ham hech gap emas. Bunday amaliyotlar yoshlarga ilm faqat olimlik unvoni olingach shugʻullansa boʻladigan ish emas, balki bugunning oʻzidayoq jamiyatga naf keltirish va tarix yaratish vositasi ekanini tushuntiradi.
Arximed, Nyuton, Eynshteynni birlashtirgan hayrat
Tarixga nazar solsak, eng buyuk kashfiyotlar zamirida tinimsiz mehnat bilan birga moʻl-koʻl zavqning ham mavjud ekaniga guvoh boʻlamiz. Masalan, Arximedning “Evrika!” deb yuvinayotgan joyidan koʻchaga yalangʻoch yugurib chiqishida aqlning hisob-kitobidan koʻra qalbning tiyiqsiz shavqi koʻproq edi. Oʻshanda buyuk olim shunchaki podshoh tojining hajmini aniq oʻlchash vazifasini bajarganidan emas, balki yangi bir kashfiyot qilganidan shu qadar hayajonga tushgani shubhasiz.
Bunga oʻxshash holatlarni fan tarixida juda koʻp uchratish mumkin. Jumladan, fizika fani otasi – Albert Eynshteyn hayotida. U yigirma toʻqqiz yoshli yigitlik chogʻida, yaʼni 1907-yilda Berndagi patent byurosida oʻtirarkan, xayoliga bir fikr keladi: “Agar inson yerga erkin tushayotgan boʻlsa, u oʻz vaznini his qilmaydi”. Keyinchalik olim bu lahzani “hayotimdagi eng baxtli xayol” deb atagan va bu xayol nomi hammaga tanish “nisbiylik nazariyasi”ga asos boʻlgan.
Eynshteyndan oldinroq yashagan Nyutonning tortishish qonunini kashf etish jarayoni ham xuddi shunday kechadi. U fabulalar bilan toʻlib-toshgan fizika labarotoriyasida emas, shunchaki daraxt soyasida oʻtirganida tepadan bitta olmaning uzilib tushishi olimni ilhomlantirib yuboradi. Bu yerda alohida eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan narsa koʻchaga yugurib chiqqan Arximed, xayolga tolgan Eynshteyn va daraxt soyasida dam olayotgan Nyutonni bir tuygʻu – cheksiz hayrat birlashtirib turganidir. Agar olimlik biz oʻylaganday faqat “igna bilan quduq qazish”dan iborat boʻlganida edi, ular kashfiyot qilishlari bilan bogʻliq lahzalarni bunchalik katta eʼtibor bilan eslamagan boʻlardi.
Miya uchun ziyofat
Xoʻsh, yangilik yaratish, savollarga ilm orqali javob topish hissi bizga nega bunchalik koʻp quvonch bagʻishlaydi? Buni oddiy hissiyot deb atash mumkinmi yoki u miyamizda sodir boʻladigan aniq biokimyoviy jarayonmi? Psixologlar va neyrobiologlar ushbu fenomenni chuqur oʻrganib, juda qiziq xulosaga kelishgan.
Mutaxassislarning aniqlashicha, inson murakkab jumboqning yechimini topgan soniyada miyaning ichki tizimida juda katta miqdordagi dopamin portlashi yuz beradi. “Dopamin” oʻzi nima deysizmi? U zavq, koʻtarinkilik va qoniqish garmoni. Mazkur garmon hatto inson yangi kiyim kiyganida, sayohatga chiqqanida yoki mazali ovqat yeganida ham maʼlum darajada ishlab chiqariladi. Yangi bilimni oʻzlashtirish, kashfiyot qilish paytida esa uning ishlab chiqarilishi choʻqqisiga yetadi. Demak, olimlikning ortidan keladigan zavqni boshqa hech qanday quvonch bilan taqqoslab boʻlmas ekan-da?!
Ushbu jarayonning fiziologik asoslari ham gʻoyat gʻaroyib. Neyrofiziologlar odamning biror jumboqni yechish lahzasini EEG[1] qurilmasi orqali kuzatganlarida, yechim topilishidan bir soniya oldin miyaning oʻng yarim sharida yuqori chastotali gamma-toʻlqinlar faollashganini koʻrishgan. Miyaning bir-biriga bogʻliq boʻlmagan uzoq nuqtalari oʻrtasidagi bunday mukammal bogʻlanishni boshqa biror holatda amalga oshirishning aslo imkoni yoʻq.
Tadqiqotchilar, shuningdek, ilm bilan izchil shugʻullanishni oqim (flow) holati deya ataydilar. Bu noyob ruhiy vaziyatda kishi zamon va makonni unutadi, charchoq ham sezmaydi – chunki bajarilayotgan vazifa asosiy maqsad va baxt manbaiga aylanadi.
Shu kabi maʼlumotlarni oʻrganar ekansiz, olimlik faoliyatini “igna bilan quduq qazish”ga emas, miya uchun ziyofat uyushtirishga oʻxshatgingiz keladi. Toʻgʻri, bu jarayonda ogʻir mashaqqatlar boʻlishi muqarrar, lekin izlanish, kashf etish onlaridagi surur va zavq barcha qiyinchiliklarni yuvib yuboradi.
Xulosa oʻrnida
Ha, ilmiy izlanish ortidan keladigan zavq – tabiatning insoniyatga bergan betakror inʼomi. Miyamiz bizni izlanishga, yaratishga undash uchun har bir kashfiyotni eng totli lazzat bilan mukofotlaydi. Bu yuksak zavqni hayotida loaqal bir bor tuygan yosh olim uchun fan faqat mashaqqatdan iborat mehnat boʻlib tuyulmaydi. Kutilajak buyuk zavq uchun totli tayyorgarlik boʻlib koʻrinadi. Bizning oldimizdagi vazifa shuni yoshlarga anglatishdan iborat. Olimlik zamonaviy yoshlar uchun chindan ham zavq olish, jasorat koʻrsatish va dunyoni oʻzgartirish imkoniyatidir. Hali hech kim anglamagan haqiqatni birinchi boʻlib anglash hayajoni va oʻz miyasining tuganmas imkoniyatlarini ishga solish shavqi har qanday odamni asl baxt sururidan bahramand qiladi. Zotan, aynan oʻsha shavq Arximedni koʻchaga, Nyutonni abadiyatga, Eynshteynni cheksiz koinot kengliklariga yetaklab chiqqan.
Barno SULTONOVA
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026 yil 3-son.