(Davomi)

Endi soʻzning zavoli haqida ikki ogʻiz soʻz...

Shunday dedim-u, ikkilanib qoldim. Soʻzning zavoli boʻladimi? Soʻz axir, bezavol bir xilqat emasmi? Nazarimda, soʻzga zavol emas, zalvor degan kalima koʻproq yarashadi. Har bir aytgan soʻzimiz zalvorli boʻlsa, qaniydi! Chunki bu yorug‘ olamda soʻzdan aziz, tabarruk narsa yoʻq. Shuning uchun ham Navoiy, oʻzidan avvalgi malik ul-kalomlar izidan maʼrifiy-falsafiy dostonlar bitar ekan, “Xamsa”da  soʻzga uch alohida bob bagʻishlaydi, “Soʻz gavhari vasfidakim, gavhar soʻzi aning qoshida gavhar ollida bir qatra suvdek boʻla olgʻay”, deya soʻz shaʼnini koʻklarga koʻtaradi. Binobarin uning qadrini baland tutish, uni huda-behuda toʻkib-sochmaslik lozim boʻlar ekan.

Navoiydan besh asr oʻtib, Gʻarb postmodernchilari bu maʼno ifodasini yanada konkretlashtirib, “dunyoda faqat soʻz bor, soʻzdan boshqa hech narsa mavjud emas”, deya bong urishganini ham bilamiz. Bu gapni quruq oliftagarchilik, aql oʻyini debgina qabul qilsak, falsafa sohasida ojizligimiz bilinib qolmasmikin? Zero, soʻzdan boʻlak nima bor bu dahri dunda? Nimaiki mavjud boʻlsa – nomiga ega, nomi yoʻq narsaning oʻzi esa, Navoiy tili bilan aytsak – “nobud-u nomavjud”. Masalan, matematika faqat soʻz: undagi raqamlar, ildizlar, tenglamalar, hosilalarning bari soʻzning qisqartmasi, shartli belgisi, xolos. Bu gapni boshqa fanlar: geometriya, fizika... tatbiq etaverish mumkin. Ijtimoiy fanlar-ku, inchunin.

Agar soʻz, til boʻlmaganida odamzot hali ham oʻrmonlarda meva terib yeb, daraxt ustida yashab kun oʻtkazib yurgan boʻlar edi.

Ammo soʻz – milliy hodisa. Qovun yo qogʻoz, toy yoki tuproq oʻzbekka-yu habashga, ispan-u yaponga bir xil koʻringani  bilan, ularning har qaysisi bu narsalarni oʻz tilida boshqacha-boshqacha nom bilan ataydi, demak, dunyoni oʻz soʻzlari bilan anglaydi, farzandlariga, oʻzgalarga anglatadi.

Gap faqat soʻzlarda – narsalarning otini, sifatini, miqdorini, harakatini, tarzini anglatuvchi kalimalardagina emas. Fikr-munosabatni bayon etishda turli ellarning har biri boshqacha-boshqacha soʻz va ifoda tarzini tanlaydi. Masalan, biz “xohlamayman”, desak, ruslar “не хочу” deydi. Shu oddiy bir misolda turkiy xalqlar avval predmet (xohla)ni atab, soʻng uni inkor qilsa (+mayman), hind-yevropa til oilasiga mansub tillarda soʻzlashuvchilarda buning aksi: avval inkor etib (не), soʻng predmet (хочу)ning nima ekanini bildirishi ayon boʻladi.

Bizda hozir bir qism odamlar ana shunday oʻziga xosliklar borligini yo unutib yuborgan, yoki anglamaydi. Oqibat, koʻp fikrlar hissiz, jonsiz holda boshqa odamga yetib boradi. Tarjima tili jonli soʻzlashuv nutqiga ham kuchli taʼsir oʻtkaza boshlagan hozirgi zamonda bu narsa juda sezilyapti.

“Men oʻylaymanki...” (я думаю, что...), “bir soʻz bilan aytganda” (одним словом) deb gap boshlaydigan odamlarning aksari yo oʻzbek emas, yoki ona tiliga begonalashgan oʻgay oʻzbek boʻlib chiqadi.

Tilning milliy tabiatini his etmagan odam nimani tarjima qilmasin, asliyat tili jodusiga berilib, “asliga toʻgʻri” qilib agʻdarib keta beradi. Ana shunday mutarjimlar tufayli bizda “tarjima tili” degan arosat paydo boʻlgan: oʻqisang – anglamaysan, aytsang – birov tushunmaydi. Axir, masalan, “bandlikka koʻmaklashish” nima degani? Tili buzilmagan oʻzbek bu gapni eshitsa, kimdir (ishga) band, unga yordam berish kerak ekan, deb oʻylaydi. Yana bu almoyining “bandlikni taʼminlash” (обеспечение занятости) degan aljoyisi ham bor. Shuning oʻrniga, “ish topishga koʻmaklashish”, “ish topib berish” desak, kim nimani yutqizadi?

“Xizmat koʻrsatish” degan iborani eshitgansiz, “xizmat koʻrsatish sohasi” degan butun boshli iqtisodiyat tarmogʻi bor. Lekin, xizmat... koʻrsatiladigan narsami? Bu... ruschadagi “оказание услуги”ning hijjama-hijja agʻdarmasi emasmi? “Оказание”ni “показание” deb tushungan qaysi bir chaqqon garang shunday deb oʻgirishi hamon u ommalashib ketgan. Shuning uchun endi qayerda “xizmat” soʻzi kelsa, “koʻrsatish” degan egizagi hozir-u nozir. Artist yoki chorvador... xizmat koʻrsatgan boʻlar emish. Shunaqa paytda oʻz yogʻimizga qovrilavermay, qoʻshni ellar bu atamani oʻz tilida nima deyisharkan, deb bir koʻz tashlab qoʻyilsa, ziyon qilmasdi. Masalan, qirgʻiz birodarlarimiz “mehnat singdirgan” deyishadi (Qirgʻizistonda mehnat singdirgan artist) – uzukka koʻz qoʻygandek chiqqan. Shu tarzda, “xizmat koʻrsatish”ni “xizmat bajarish” desak (xizmat bajarish sohasi), loʻnda-yu odmiroq boʻlmaydimi?

Ruscha “принимать” – eng koʻp qoʻllanadigan, ammo gʻij-bij xato oʻgiriladigan soʻzlardan biri. Ha, uning ilk maʼnosi – “qabul qilmoq”dir. Ammo istalgan oʻrinda emas-da. «Мы приняли решение» degan kalima oʻzbek tilida “Biz shunday qarorga keldik” boʻladi, “Biz shunday qaror qabul qildik” emas. Axir, qarorni kimdan qabul qilib olamiz? Shu tariqa, “Парламент принял закон”ni tili buzilmagan oʻzbek “Parlament qonun chiqardi” deydi, “Указ, принятый Президентом” jumlasi “Prezident chiqargan farmon” boʻladi, chunki davlat rahbari farmonni birovdan qabul qilib olmaydi, aks holda, farmon bergan emas, bajarish uchun qabul qilgan boʻlib qoladi.

Umuman, yuridik asarlar matnida ruschadan soʻzma-soʻz olingan ifoda shakllari koʻp. Mana, “oʻrnatilgan tartibda” degan taraqqosni qarang. Ruscha “в установленном порядке”ning tarjimasi bu. Holbuki, “belgilangan tartibda” desak, kifoya! Ustun, simyogʻoch, eshik-deraza... xullas moddiy predmetlar oʻrnatiladi, tartib esa belgilanadi. “Установить”ning birinchi maʼnosi “oʻrnatish” boʻlsa, barcha holatga shuni joriy etib boʻlmaydi-ku?

Aksar tarjimonlar boshqa tildagi har bir soʻz maʼnosini toʻgʻri tushunib, oʻz ona tilida aniq aks ettirishga harakat qilishadi, ammo shu asnoda asliyat tiliga xos gap tuzishga berilib ketishadi. Huquqiy tarzdagi ifoda shakllaridan yana biri – “установленный законом”, “охраняемый законом” tarzidagi ifoda shakllari koʻp. Hozirga qadar aksar oʻgirmachilar bu kalimani “qonun bilan oʻrnatilgan”, “qonun bilan himoya qilinadi”, deb tarjima qilishadi. Oʻzbek tilida “bilan”ning bunday vazifasi yoʻq, bu koʻmakchi birgalikni ifodalaydi. Bizningcha, uni “qonunda belgilangan”, “qonun asosida muhofaza etiladi”, deb oʻgirsak, oʻzbekcha chiqadi. Ana shunda bu xildagi qonun matnini oʻqib tushunmay, boshi ogʻrib yurganlarga sal koʻmaklashgan boʻlamiz.

Albatta, tarjima – murakkab jarayon, u xilma-xil holatlarning har birida yagona toʻgʻri variantni topishni taqozo etadi. Chunonchi, hozirgina aytganimiz – “порядок” va “установить” soʻzlari sal boshqacha tarzda kelib, “восстановить порядок” boʻladigan boʻlsa, bunda “tartib belgilash”ni talab qilish xato, “tartib oʻrnatildi” deyish ham ruscha shaklda boʻlib qoladi, bas, “tartibga tushirildi” desak tushunarli boʻladi.

Koʻp tarjimonlarimiz “oʻzbek shunaqa deb gapiradimi?” deb oʻziga savol bermaydi, aksincha, oʻrislar qanaqa gapirsa, oʻsha shaklni oʻzbek soʻzlari bilan ifoda etishga intiladi. Bu narsa ayniqsa dialoglarda yaqqol koʻrinadi. Oʻzbekchada “baqirdi”, “chaqirdi”, “javob berdi”, “oʻshqirdi”, “qichqirdi” va hokazo feʼl shakllari dialogda kelsa, albatta, uning oldiga “deb” degan yordamchi soʻz qoʻshilishi shart. Rus tilida esa bunday emas.

Ayni xato shunchalar ommalashdiki, endi hatto oʻzbek adiblari ham oʻristaxlit dialog tuzishga oʻta boshlashdi. Mana, duch kelgan bir misol:

– Nozim, – Husniyaning zaifroq ovozi eshitildi.

– Ha, nima deysiz?

– Oʻsha yoqdan oʻshqirasanmi, yalqov? – Husniya endi ovozini baralla koʻtardi.

– Bu yoqqa kel. Dasturxonni yigʻishtirib, idishlarni yuv.

Holbuki, oʻzbek tilida har ikki holatda ham (“Husniya”dan avval) “deb”, “deya” kabi ravishdosh qoʻyilishi shart. Busiz jumla oʻrischa chiqadi.

“Средство” degan joʻngina soʻz bor ruslarda. Istalgan lugʻatni qarang, ilk maʼnosi – “vosita” deb yozilganini koʻrasiz. Ammo bu tilda, uning qurol, dori-darmon, mablag‘ singari yana bir necha maʼnosi ham boʻlsa-da, bizning mutarjimlar uni faqat “vosita” deb oʻgirishadi. Masalan, “средство от мух”ni pashshadori deb qoʻya qolmay, “pashshalarga qarshi vosita” deya “aniq” tarjima qilishga urinishadi. Ana shunday hollarda bular “Gugl”dan emas, “Gugl” mana shunaqa tarjimonlarning tutumidan ibrat olganmikin, deb oʻylaysan, kishi. Joʻngina “dori” ularning sharofati bilan bugun “dori vositasi”ga aylandi.

Tarjima asnosida til buzilishiga koʻnika-koʻnika, endi tarjima boʻlmasa ham, oʻzimiz ruscha qiyofada gap tuza boshladik. Mana, bugun, 24-noyabr tongda “Oʻzbekiston 24” kanalida “Jizzax viloyatida 130 ta katta koʻpriklar bor”, degan gap aytildi. Tavba, axir ikkita.. toʻrtta boʻlsa ham, “lar” oʻlgurni oʻzbek gapiga qoʻshmaydi, 130 ta koʻprik desa kifoya-ku.   Sedananing oʻzi qora dona (siyah dona) degan soʻzdan kelib chiqqan boʻlsa (ruscha – чернушка), hozirgi reklama tabiblari uni... “qora sedana” deb atashyapti, buni har kun, har soatda radio-yu televideniyening hali u, hali bu kanalidan uqib turibmiz. Qora sedana – shakarni shirin deganday gap-ku?

Rus tilida qalampir ham, murch ham birday “перец” deb ataladi. Farqlash uchun «красный перец», «чёрный перец» deb aniqlovchi qoʻshishadi. Ana endi oʻzbek tilida paydo boʻlgan “qizil garmdori”, “qora murch” singari taʼviya iboralarga nima deysiz. Men kuyinib, TVdagilarga “qora sedana” – tavtologiya ekanini, til buzilayotganini aytsam, yelka qisishdi – reklama roliklari allaqaysi goʻrda tayyorlanar, oʻzgartirishga haqlari yoʻq ekan...

Koʻryapsizmi, reklama hatto ona tilimizga ham zugʻum oʻtkaza boshlabdi, pul janobi oliylarining oldida onamiz – ona tilimiz bir choʻri maqomiga tushibdi. Ahvol shu darajada boʻlgach, “davlat tili”, “Davlat tilini rivojlantirish departamenti” deb gapirishning oʻrni bormi oʻzi?

Yoʻq. Tilimiz – bizning oliy qadriyatimiz. Shunchalikki, agar dunyoning eng ulug‘ donishmandi bitgan bir shoh asar oʻzbek tiliga oʻgiriladigan boʻlsa-yu, asar uslubi taqozosiga koʻra tarjimada oʻzbek tilining milliy xossalarini buzishga toʻgʻri kelsa, har qancha tabarruk boʻlsa-da, oʻsha asarning oʻgirilmay qoʻya qolgani afzal millat uchun. Busiz... biz oʻzligimizdan ajralamiz.

                                             Zuhriddin ISOMIDDINOV,

                       Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi,

2021-yil 26-noyabr, 48 (4655)-son.

“Tarjima va til” maqolasi