Maktabda unga “Kashshey” deb laqab yopishtirgandik. Bundan u xursand boʻlarmidi yoki xafa... eslolmadim. Eslaganim, shusiz ham qisiq koʻzlarini yanayam qisgancha, tirjayi-ib qarab turaverardi aftingga. Unga sayin biz ham hazilni hangomaga, hangomani mazaxga “xamirturush” qilib laqillayverardik. Boʻlmasa-ku gavdasi qoruvli, baquvvat bola. Yolgʻondan urib qoʻysa, rostdan turolmay qolishimiz aniq... Koʻngliyam keng-da! Shuni bilganimiz uchun ham haddimiz sigʻardi hazil-mazaxga.

Yillar oʻtdi. Oʻzimizcha ulgʻaydik. Va shunga yarasha oʻzgardik ham. Buni bugun, maktabdosh joʻralar ahyonda oʻtirib-netib qolganimizdayam payqash qiyinmas. Zahrimizga yutgan uch-toʻrt piyola “uying kuygur” taʼsirida yoppasiga aljiray ketamiz. “Milisa”miz siyosat urishga oʻtsa, “maalim”imiz bolalarning tarbiyasi rasvoligidan oladi. “Konchi”miz choʻlning havosi xit qilganidan kelsa, “bankda ishlaydi”ganimiz kreditdan ketadi. Men barchasini bitta qilib, “gʻidi-bidi”layman... U esa, garchi butilka boʻshatishda mutlaqo qatnashmagan boʻlsa ham, “kayfi bor”lardan battarroq qizarib-boʻzarib bahslashadi. Oʻtirganlar bilan bitta-bitta, erinmay tortishadi. Bexabar bir odam kirib qolsa, ha-a, eng koʻp araqni shu ichipti-da, deb oʻylashi tayin.

– ...ichishni qanday tashlagansan, joʻra? – xuddi poʻstini tashlagan ilonni soʻroqqa tutganday horiqulodda hayrat bilan soʻraymiz.

– E, koʻp tentakchilik qildirgʻan shu ichkilik, – olis bir zamona xotirotini soʻzlaganday, vazmin javob beradi uyam. – Keyin... oshnamiz Xirojam qaytargʻan. Namoz oʻqib qoluvdi-ku, bir paytlar... Hozir u namozdi tashagan, men ichkilikdi...

Buvasiga “dum boʻlib” kattargani uchun gap-soʻzlari ham chollarga monand: salmoqla-ab, ezili-ib, maqol-matal qoʻshi-ib gapiradi. Elda u tanimagan odam yoʻq. Oilalar haqida mahalla raislaridan koʻra tuzukroq boxabar. Kimning qizi qayerga tushgan, hozir nechta bolasi bor, kim qayerga ishlashga ketgan... u tirik “maʼlumotxona” bariga. Erinmay, hijjalab aytib beradi.

Otasi Jalil aka qulogʻi ogʻir odam edi. Baqirib-baqirib gapirsakkina eshitardi. Oʻzi traktorchi zotining qulogʻi “yengil”ini koʻrmadim hech. Ikki yilcha burun uylarining yonginasidan oqib oʻtgan katta ariqdagi temir suvbandni koʻtaraman deb, bir qalqqanu yuragi “ushlab qolgan”... Xudoyisiga borganimizda darvozada qoyim joʻramiz bu dunyosida ortiq suyanchigʻi qolmaganini toʻkis tuygan kabi oʻz dardiga suyangancha adl turardi.

Onasi olamdan oʻtganda bu hali endi esini taniyotgan bola boʻlgan. Ammo bola qalbidayam onasi qattiq muhrlanganini yaqinda noxos ilgʻab qoldim. Amir Temur haqida bir kitob berdi... Yoʻq, uni ogʻiz to‘-oʻldirib, “Kitobxo-on” deyolmayman. Shunchaki, tarixga oʻch. Ayniqsa, tariximizdagi sarkardalarga, shohlarga... Amir Temur bobida gap ketsa-ku, oʻzining otiniyam esdan chiqargudek kayfiyatga minadi! Qoʻyib bersang, ertalabgacha “Temur”lab chiqadi. Bir oʻgʻlining ismini “Temurbek” atash uchun uylanganidan beri gʻayrat qilyapti. Niyatiga yarasha Xudoyam bir emas, uchta oʻgʻil berdi. Avvaliga, birida qaynotasi, birida yana kimidir “muxolif kelib”, bul ismi muboragini qoʻya olmagandi. Unisini – Islombek, bunisini – Ulugʻbek qoʻyishdi. Ammo uchinchisiga kelganda, baʼni bashar taklifiga koʻndalang oʻlaroq “metrika”ni olib kelishga shaxsan oʻzi otlandi va charaqlab qarab oʻtirgan FHDYO xodimasigagina emas, butun dunyosiga eʼlon qilayotgandek, baralla aytdi – TEMURBEK!..

Alqissa, menga bergan kitobining varaqlari orasidan “toʻp” etib bir rasmcha gilamga “kalla tashlagandi”. Olib qaradim: oq-qora, mitti formatdagi ko‘-oʻhna rasm. Istaraligina, odmi kiyingan bir ayol, ikki jujuqchasi bilan hovlida tushgan... Oʻziga koʻrsatdim, bir-ikki kundan keyin:

– ...ayam bu! Manovisi opam, bunisi men... – degandiyu tomogʻiga nimadir tiqilganday gapirmay qoʻyuvdi, – ...ha, shu koʻzimdan bir nima chiqyapti-da, namlangani namlangan...

Onasining barvaqt vafotidan soʻng otasi yosh-yosh qolgan bolalarini oʻyladimi, boz uylangandi bir ayolga. Ne shomki, oʻgay onaga joʻramiz, joʻramizga oʻgay ona... tatimadi. Ular hali-hali bir idishda suv bilan moy...

Maktabni tugatgach, bir muddat biz “toʻplamchilar”ga (abituriyent) qoʻshilib, daftar-kitob qoʻltiqlab yurdi. Repitetorga qatnadi... Qaradiki, kallasiga bilim uyini topolmayotgan chumoliday kirolmadi-kirolmadi. Borey, deb qogʻoz-ruchkani yigʻishtirdi-da armiyaga joʻnadi. Joʻnagandayam uncha-munchasigamas, Toshkentning “Uch qahramon”idagi “chast”ga ketdi. Biz esa hadeb oʻqishga topshiraverdik-topshiraverdik. Yana yaqinroqqa ham emas, naq Toshkentga koʻr chumchuqday urardik oʻzimizni.

Ana shunday yozlarning birida Sohib degan oshnamiz bilan uni koʻrgani bordik. Devorlari qadim qalʼalarnikiday baland, ustiga simtikan tortilgan harbiy qism darvozasidagi mudroq soqchi bizni koʻrib, ajabki, ichkariga imo qildi: “...hi-i, keldilaringmi? Kiraverlaring. Anchadan beri kutishyapti, silarni...” Na hujjat koʻrdi, na soʻrab-surishtirdi... Prezidentni qoʻriqlaydiganlarni tayyorlovchi muhim strategik hududga koʻchadan qanday borgan esak, shundayimizcha kirib borardik?.. Anqayib-tanqayib hovliga endi qadam qoʻyuvdik hamki, ortimizda baqir-chaqir qoʻpdi: “...Sto-o-op! Orqaga-a!.. ” Hozirgina bizni oʻtkazib yuborgan soqchi, qoʻlida avtomat, yugurib kelardi biz tarafga. Ortida esa qorindor bir harbiy naʼra tortardi: “...sanga ish vaqtida uxlashni koʻrsatib qoʻyaman! Onangni uyimi bu, xar-rip!..” Ayon boʻldiki, soqchi bizni “mardikor” fahmlagan ekan.

Harbiy xizmatdan qaytgan joʻramiz ancha vaqtgacha “grajdanskiy” hayotga koʻnikolmadi. Haytovur, “ligota” olib qaytgan ekan, Navoiy kon-metallurgiya instituti talabasi boʻldi. Shu orada uylandiyam. Uylanishi ham turfa rivoyatlarga turtki boʻldi, ammo. Uydagilarining ne-ne orzularda moʻljallab qoʻygan jamiki “kandidat”larini qatiʼyan raʼd etib, Konimex taraflardan tanlaganiga bor “ovozini berdi”.

Talabaligini qoq yarmida tashladi oʻqishni. Hammasiga “tilla” aybdor... Yoʻq, “tilla” jilvasida baʼni Paxtachini “gipnoz qilgan” tirikchilik aybdor! Joʻramiz-da koʻp qatori xomchoʻt qoqdi, oʻsha mahallar: “...nima uchun oʻqiyappan oʻzi? Diplom uchun! U nimaga kerak? Davlat ishiga kirishga!.. Shu davlat beradigan bir oylikdi tillaga chiqib, bir haftaga qolmay topsam, gazagimga dorimi shu oʻqishi?!” Ugina emas, qancha-qancha yigitlar oʻqishu ishidan kechib ketdi oʻshanda. Vaqtning oliy hakamligi chin ekan. Bugun bari anglab yetyaptiki, oʻqib ilm olganga, “davlatti odami” boʻlganga yetmas ekan!..

Oʻsha kuni tumanimiz markazidagi bir idora poyida asabiy avzoda telefonga tomoq yirtardim. Qayoqdandir u paydo boʻldi: shusiz ham qisiq koʻzlarini yanayam qisgancha tirjayi-ib qarab kelardi aftimga. Qoʻllarida bir “papka” hujjat. Koʻrishdik. “Irimiga” soʻradim:

– ...nima dardda yuribsan?

– Oʻqishimdi tikladim, oshna. “Zauchni”gʻa faqat...

– Ie, qulli boʻsin! Nechchi yil deganda qaytding, oxiri?

– Yetti yil... Shu tillani, toshdi, togʻdi oʻylasam, bir joylarim ogʻrib ketuvradi. Toza jonimgʻa tegdi hammasi! Oʻqiyman-yey! Ertagayam jon kerak menga...

– Buncha qogʻoz nimaga?

– Ey-y, shu bankka-da... “Kantrakt” boʻyinga ilindi. Yetti millionli boyvachcha boʻldim-qoldim. Shunga-a... kredit olaman desam, biranta binkda taʼlimga limit joʻgʻakan. A, biyaqda bir hapta “srog”im qoldi. Qaydan topdim endi shuncha puldi, kallam qotdi, oshna-a...

“Polvonlik qonim qoʻzidi!” deb yozadi Togʻay Murod, tarjimayi holida. Shunga oʻxshab, meniyam muxbirlik qonim qoʻzidi. Birga-birga tuman hokimiga tikka borib, aytarimizni aytdik. Hokim uzil-kesil lafz qildi: “...yordam beramiz!” Biroq maxluqning emas, Xoliqning aytgani boʻlarkan. Shu-shu bir hafta “tinchib ketdi” tuman hokimligi. Axiyri amallab, tagiga yetdikki, hokim ham, oʻsha lafziga binoan biriktirilgan masʼullar ham “kovid”ga chalinib qopti. Shartnoma muddati esa tugab borardi. Boshqa yoʻllarini axtardik. Va quyosh Kun.uz saytidan chiqdi! Aniqrogʻi, saytning Samarqand boʻlimida Haqni tanigan, oxiratini bu dunyoning “qilpang-jilpang”iga alishmaganlar bor ekanki, joʻramiz oʻqishiga zarur boʻlgan yarim yillik shartnoma pulini – uch yarim million soʻmni ehson etishdi!..

Qolgan yarmiga, lafzidan chiqqan holda, tumanimiz hokimi yordam berdi. O‘-o‘, joʻramizning shodligi dunyolarga sigʻmasdi! Turib-turib hokim nomiga “Tashakkurnoma” yozmoqchi boʻladimiyey. “Kelishtirib bir rahmatlarimdi yozib senga bersam... sen uni gazitga bersang... qanday boʻladi, oshna?” derdi, oʻzicha hapqirib. Kulimsib, yelkasiga qoqardim:

– ...yoʻq, joʻra! Men oʻz vazifamni bajarib boʻldim. Hokimam oʻzining vazifasini bajardi... Mayli, duo qil, hurmat qil, joyi kelsa, bahosini qil... Boshqasi ortiqcha, deb oʻylayman...

– Shundayliqqa shunday-ku... In-ndamay ketishgayam bet chidamayapti-da... – oʻyga choʻmib qolardi.

Indamay ketmadi, darhaqiqat. Bir yakshanbada uygʻonib qarasam, uyimizdagi pechga dadam tappi qalayapti. Tappiki, barkashday-barkashday. Bilsam, uxlab yotganimda, u katta xalta toʻla tappini yelkalab keptiyu supaga suyab, qaytibdi. Kirmabdi, meni uygʻotishlariga ham koʻnmabdi. Tavba, oʻzi-ku uyidagi pechga eski-tuski poyafzallarini yoqib oʻtirgandi...

Sessiyasini yopdi. Ulgurdi... Taassufki, yana ketdi oʻqishidan. Toʻlashga pul topmaganini vajh etdi dastlab. Keyin amaliyoti oʻxshamaganini roʻkach qilib yurdi. Nihoyati, yorilgan boʻldi:

–...e-e, “zauchniy” oʻqisham oʻqishma?! Olti oyda bir borib, qogʻaz toʻldirib qaytasan, boʻldi..? A, men, masalan, zavudda ishlashim kerak bitirganimdan keyin. Baloniyam tushunmiyman lekin, soham boʻyicha. Ottikiday kantrakt pulini oganga yarasha bilimam bermaydima? Bunda-ay oʻtqizib tushuntirmaydima, nima nimaligini? Yo davlat faqat pul olish uchun ochdima “zauchniy”di?..

Nimalarnidir tushuntirishga chirandim oʻzimcha. Yarim kun soʻkishdik uyida. Befoyda. Tashqarida esa qor yiltirardi – “anomal sovuq”...

Tunov kuni ishdan qaytarimda koʻrib qoldim. U meni koʻrib qoldi, toʻgʻrirogʻi. Vatan tiklayotgan bir hamsoyamiz qurilish mollarini “ZIL”ga orttirayotgan ekan, ota uyi oldida. Tepada ikkitasi, pastda ikkitasi, “taraq-turuq” aralash “ha, boʻl”lardi. Kimdir chaqirganday boʻldi. Toʻxtadim. Dunyo chang ichidan bittasi tirjayib, shusizam qisiq koʻzlarini yanayam qisgancha chiqib kelardi. Ust-boshiyu aft-angoriyam changga bearmon botgan oʻsha qoruvli jussa bilan quloch yozib koʻrishdik:

– ...ustim rasvo-da, lekin, joʻra, – deb qoʻydi quchishdan oldin.

– A, nichevo (...ichimdan tozaroq shu usting, joʻra!), – deb qoʻydim, shartta bagʻirlasharkanman.

– Ishdanma? – samimiy soʻroqlashda davomladi.

– Ishdan (...baloyam qilganim yoʻq, joʻra, boʻm-m-boʻsh oʻtyapti kunlarim).

– Qanday oʻtdi kuning? – ortida chaqirayotganlarga qoʻl siltab qoʻyib, hol-ahvolladi yana.

– Bir moʻltaniqishloq asvalt boʻpti. Shuni yoritdik bugun. Odamlarida qaytish yoʻgʻakan, ammo. “Koʻchalarimizni-ku oʻttiz yilda asvalt qildinglar, hay, maktab qachon boʻladi endi? Uni qancha yil kutamiz?”, deydi, – dedim gurungchaga, aslan oʻzimga biroz shukuh berish uchun.

– Shu moʻltanilar haqida zoʻr gaplarim bor. Biran kun aytib beraman... Mayli, joʻra-a, omon bo‘(l)! – dediyu toʻzonli tirikchiligiga singib ketdi.

Hozir shaloq veligini sudrab, tog‘ oralab ketib borayotgandir, ehtimol. Yoki Temurbekini yelkala-ab, ota-bola aylanib yurgandir. Balki qishloqning qaysidir xilvatidagi toshtegirmonda navbat kutib oʻtirar. Tegrasidagi qay bir “tillachi”ga tarixdan kuyib-pishib, vaʼz aytayotgan boʻlsa ham ajabmas: “...shunday qip Amir Temur otigʻa shappa minganda, choʻldi o‘-oʻrtasigʻa borip, qumgʻa choʻk tushgan. Xudogʻa soʻz bergan, endi ichkilik-pichkilikdi tashayman, xotinlarimgʻa haptasigʻa bir marta jaqinlashaman, degan!”

Uning tilida, uning talqinida tarixiy shaxslar goʻyo bir qoʻshnisidek qad rostlaydi. Ular toʻgʻrisida koʻzi bilan koʻrgandek, zarracha gumonsiz gapiradi. Qoʻliga tushgan kitobni, ilmi zoʻr Temurshunosnikimi u, shunchaki “temirchi”nikimi u... ishonib oʻqiyveradi. Ishtaha bilan oʻqiydi. Soʻng, mavrid-bemavrid, aytib berishga tushadi. Begʻaraz soʻzlarini tinglab, tang qotadi, kishi. Temur oʻlmagandek xuddi. Uzo-oq bir oʻlka fathiga ketganu, erta-indin qaytadigandek... Ha, uningcha, Sohibqiron ham, Mirzo Ulugʻbek ham, hazrat Navoiy ham, shoh Bobur ham... “oʻlmaydigan jon”lar! OʻLMAS jonlar...

Sherbek BOBOQULOV

Oyina.uzʼni Telegramda oʻqing!