Chiqindi qutiga tashlangan beshik surati ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Koʻp asrlik qadriyatimiz sanalgan beshik oʻz vazifasini oʻtaganidan soʻng xonadonlarning yertoʻla yoki tomda asrab kelinadi. Koʻp qavatli uylarda beshik uchun joy topish, tabiiyki, muammo. Shunday boʻlganida ham beshikni tashlab yuborish kerakmi? Quyida yurtdoshlarimizning bu boradagi fikrlarini bayon etishdi.

Kavsar Turdiyeva,

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, bolalar shoiri:

– Toʻqsoninchi yillari bolalar sheʼriyatida maʼnaviyat muammolari haqidagi nomzodlik dissertatsiyamda bir shoirning sheʼrini tahlil qilgandim. Unda sandal eskilik sarqiti sifatida tanqid qilinib, pechka huzurbaxsh, zamonaviy deb ulugʻlanadi. Sheʼrda barcha pionerlar yigʻilib sandalni olovda yoqishadi.

Chiqindiga uloqtirilgan beshik suratini koʻrib shu esimga tushdi. Bu ham shunga oʻxshash hodisa. Sandal singari beshik ham qadriyatimizning bir qismi. Toʻgʻri, beshikning ham oʻziga yarasha kamchiliklari bor, shu bilan birga belanchakning ham nuqsonlari yoʻq emas, undayam bola tebranadi. Beshikda bola tagi quruq yotadi, seskanib uygʻonib ketmaydi. Mening ikki bolam ham beshikda katta boʻlgan. Zarar tomonini koʻrmadim, zehnli ulgʻayishdi, magistraturani tugatishdi, farzandli boʻlishdi. Ibn Sino, Navoiylar ham beshikda yotgan. Kimga qaysi qulay boʻlsa, shu usulda bolasini katta qilaversin. Lekin koʻp asrlik qadriyatlarimizga nisbatan hurmatsizlik qilinmasligi lozim.

Tarmoqlarda, mazkur surat tarqalgach, oʻz oʻrnida yosh onalar tomonidan uning zararli tomonlari haqida ham fikrlar bildirilmoqda.

Zilola Gʻaybullayeva,
jurnalist:

– Oʻtgan yili farzandli boʻlgach, biz ham bolamizni beshikka beladik, lekin boshqa tarafdan pediatr, nevropatolog, ortoped – qayerga qizimizni koʻrikka olib borsak “Bolangiz sogʻlom, lekin shunda ham beshikda bolani uxlatish tavsiya etilmaydi, yotqizmanglar”, deyishadi. Shundayam beshik boʻlmasa, bola uxlolmaydi, bolalar tagligi zarar degan qoʻrquv bilan 4–5 oycha beshikda uxlatdik. Keyin beshikda uxlatmay qoʻydik. Vrachlar beshik zarar ekanini koʻp aytishadi-yu, nega biz bolalarni beshikka yotqizaveramiz?

Beshik xuddi narkotikka oʻxsharkan, bola usiz uxlolmay qoladi, eng yomoni – tebratish kerak. Tinimsiz tebratish bolaning hali toʻliq shakllanmagan miyasiga zarar, bundan tashqari qotmagan bosh suyagi yassi boʻlib qolishi mumkin. Displaziyasi boʻlsa, oyogʻiga zarar. Shuncha zarari boru, tan olmaymiz – “Beshik yaxshi, beshikdan chiqarma” deyishadi baribir kattalar. Nega qadriyat boʻlsa, qadriyatni oʻzgartirish kerak emas?

Gulnoz Mamarasulova,

filologiya fanlari doktori, adiba: 

– Chiqindixonaga tashlangan beshik haqidagi xabarlardan fojia yasash shart emas. Beshikda katta boʻlganim uchun men ham uni milliy element sifatida qadrlayman va foydalanib boʻlingach, tashlanishiga qarshiman. Mana bu fikrda ham agar qurtlagan boʻlsa, koʻchaga otish emas, yoqib yuborish afzalroq ekani, undan but yoki sanam yasash kerak emasligi aytilgan:

“Eskirgan beshikni chiqindiga tashash joizmi? Beshik yogʻochdan qilinadigan va baʼzi shifokorlar “bola zindoni” deb ataydigan mebel. Agar beshikning yogʻochi qurtlagan boʻlsa, chiqindiga tashlamay yoqib yuborgan maʼqul. Singan boʻlsa, chiqindiga tashlasa hech narsa qilmaydi. Eski divan, kreslo, karavot, bolalar yotogʻi qatorida buniyam tashlavorish mumkin. Agar beshik naqshin qilib yasalgan boʻlsa, u xalq hunarmandligi namunasi sifatida saqlanishi kerak. Eski-tuski tujjorlar, asori-atiqachilar sotib oladi eʼlon bersangiz. Beshik – oddiy va bahsli mebel. “Beshik bu oʻzbekchilik” degan gap ham yanglish. Tojiklarda ham beshik bor. Beshik Markaziy Osiyodan tashqari Gruziya va Turkiyaning baʼzi tumanlarida ham mavjud”.

Mendan yosh onalar maslahat soʻrasa, “Zinhor bolani beshikka yotqizmang”, deyman. Beshik bola uchun qattiq stress. Boylab qoʻyish asnosida qullik zehniyati shakllanadi. Beshikda yotgan bola boshining orqa qismi yassi boʻlib qoladi.

Mazkur fikrlarga qarshi oʻlaroq, yoshi katta ayollarimiz beshik boʻyicha oʻz tajribalarini oʻrtoqlashib, uning zararli tomonini koʻrmaganliklarini aytishdi.


Shahnoza Qahhorova,

nafaqadagi falsafa fani oʻqituvchisi:

– Beshik nafaqat milliy qadriyat, balki sanitariya jihatidan ham, bola tanasini toʻgʻri shakllanishi jihatidan ham ancha afzalliklarga ega. Oʻz boshimdan kechirgan ona sifatida bilaman. Bolalarimni ham, nevaralarimni ham beshikda katta qilganman. Nevaralarim beshikni juda yaxshi koʻrishgan. Ular hatto beshikka sigʻmay, katta boʻlib qolishganda ham, to karavotchasida yotishga oʻrganmaguncha, yonimda olib yotishga urinsam ham, beshikka boshlarini qoʻyib, “belab qoʻying”, deganday qoʻllarimga yalinib qarashardi.

Uygʻonganlarida beshik bogʻlagan arqonchalarni tortib, oʻzlari qoʻl-oyoqlarini yechib yonimga kelaverar edilar. Menimcha, bolani beshikka belashning ham oʻz metodlarini bor. Shu usullarni, avvalo bolaning raʼyini ham bilish kerak.

Xolida Bozorova,

Navoiy davlat konchilik instituti akademik litseyi ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi:

– Shu beshikni chiqindiga otgan ayol bolasidan ham voz kechgani aniq. Toʻgʻri, bolani chiqindiga otmagandir, ammo uni bola sifatida eʼzozlamaydi, borligiga shukur kilmaydi. Oʻzbek kechagi kunidan, bugun beshigidan ayrilsa, ertaga uning nimasi qoladi?

Men toʻqqiz nafar farzand oʻstirgan oilaga oltinchi kelin boʻlib tushganman. Turmush oʻrtogʻimning beshigi hozir 70 yoshda. Qurt ham, kana ham tushmagan. Yengilgina, ogʻirligi tushmaydi bizga. Hamma nabira va evaralarim shu beshikka havas bilan belanadi. Qaysidir buyumni qadrlash kishining maʼnaviyatidan kelib chiqadi. Qadriyatlarni hurmat qilish kerak.

Tarmoq faollaridan biri oʻz sahifasida beshikni chiqindiga uloqtirganlarni tanqid qilib yozgan sheʼri ostida koʻplab fikrlar bildirildi. Kimlardir beshik muqaddas desa, kimlardir uning oddiy mebel ekanini aytdi.

Mansurjon Xoʻjayev,

shoir:

– Beshikni chiqindiga uloqtirishganidan kuyinib sheʼr yozdim. Baʼzi doʻstlarimiz “beshikni ilohiylashtirmang” deya eʼtiroz bildirdilar. Biror buyumga ilohiy deya qaramayman, lekin shu millatimning, bobolarimning qadriyatlarini qadrlayman, hurmat qilaman.

Yurtimizdagi ziyoratgohlarga borib, tolni, tutni, toshni, buloqni, qabrda yotgan avliyolarni ilohiylashtirib olgan oddiy avom xalqni pulini shilib yotgan firibgarlarni yoniga borib yoqasidan olsangiz yaxshi boʻladi. Uyimizda otamning dasturxon toʻrida oʻz joyi bor, biz oʻsha joyga oʻtirgani iymanamiz, hurmat qilamiz, otamni joyi deya qadrlaymiz, nima, bu bilan otamning joyini ilohiylashtirgan boʻlamanmi? Katta enamdan qolgan mis obdasta bor, uni yuvib tozalab, mehmonlar uchun ishlatamiz, nima, bu bilan obdasta muqaddaslashib qoladimi?

Bilasizmi, may oyida yongʻin sababli butun uyimiz yonib ketdi, biz uchun qadrli buyumlaru, kitoblar, bor boyligimiz bir zumda kulga aylandi, shukur jonimiz omon, shu olovdan otam yotgan beshikni olib chiqdim, bu bilan beshikni ilohiylashtirgan boʻldimmi? Uyingizda ota-bobongizdan qolgan mashinami, kitobmi, sandiqmi, javonmi, idishmi, uzukmi, zirakmi, ishqilib qaysidir qadimiy buyum bor, avaylab-asraysiz, boshqalarga koʻz-koʻz qilasiz, bu bilan u narsa ilohiylashtirilmaydi.

Tafakkur qiling, oʻsha beshikda otangiz yotgan boʻlsa, oʻzingiz, bolangiz yotgan boʻlsa, u ilohiy emas, qadrli boʻladi. Boʻldi – chiridi, sindi, kerakmas, deb chiqindiga otsangiz, oʻzingiz bilasiz...

Beshik ota-bobolardan qolgan, sinovlardan oʻtgan, farzandlarimizni ulgʻaytirgan qadrli buyum. Uning chiqindiga tashlangani esa koʻplab tirnoqqa zor insonlarning yuragini gʻash qilgani bor gap. U keraksiz boʻlgan taqdirda ham oshkora tarzda chiqindiga uloqtirish odobdan emas. Sizning bu boradagi fikrlaringiz qanday, quyida izoh qoldiring.

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda oʻqing!