Qarmoq

Bekorchining xayollariga nimalar kelmaydi, deysiz. Ayniqsa, u tekinxoʻrlikni, odamlarni laqillatib, borini oʻzlashtirishni, ularning hisobiga kun koʻrishni afzal bilsa.

Sodiq Diyorov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) uzzu-kun yotaverib zerikdi, nimadir “yangilik” qilishni istadi. Telefonini titkiladi, turli saytlarga kirdi, boʻlar-boʻlmas videolarni tomosha qildi. Yana titkiladi. Olx.uz! Shu saytga koʻzi tushishi bilan labining bir cheti irshaydi. Hatto ertadan beri choʻzilib yotgan joyidan sakrab turdi. Oʻzicha xirgoyi qilib, bir eshilib oʻynadi-yey. Va shu ondayoq xayoliga kelgan maqsad sari ilk qadamini tashladi. Mahsulotini sotmoqchi boʻlib, saytda eʼlon qoʻyganlardan birining raqamini bosdi. Narigi tomondan labbay, degan javob olgach soʻz boshladi:

– Yaxshimisiz, tikuv mashinalaringizni sotmoqchi ekansiz?

– Ha, xuddi shunday, turli rusumdagi 15 ta mashinkam bor, pul zarur edi, hammasini birdan olganga arzon narxda sotaman, – dedi Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida istiqomat qiluvchi Dilobar Niyozova.

– Yaqinda tikuv sexi ochgandim, agar ularni Toshkent shahriga olib kelsangiz, oʻzim hammasini sotib olardim.

Taklif sotuvchiga maʼqul keldi. Ertasi kuniyoq tovarlarini mashinaga yuklab poytaxtga olib keldi.

– Singlim, ming bor uzr, oldingizda xijolatdaman, sizniyam ovora qildim... – uyalgan boʻldi Sodiq. – Bir tanishimda anchagina pullarim bor edi, sal muammosi chiqib qolibdi, shunga...

Qoʻnjim pulga toʻlib qaytaman degan umidda bir viloyat naridan ovora-yu sarson boʻlib kelgan juvongina hayron edi. Qolaversa shuncha manzilga shuncha mashinalarni yana qaytarib olib ketish xarajatlari chakkimas.

– Agar rozi boʻlsangiz, bir haftada pullaringizni qilib beraman, – uning xayolini boʻldi olar man. – Ishonmasangiz tilxat ham yozib beraman.

Ayol noiloj rozi boʻldi, 41,5 million soʻmlik qiymatdagi tikuv mashinalarini tilxatga almashib, Sirdaryoga qaytdi.

– Buncha sodda boʻlmasa-ya, bu odamlarimiz, – qoʻliga osongina kiritilgan yuklarni “Yandeks” xizmati koʻmagida olib qaytarkan miyigʻida kuldi u. – Shuncha tovarini bitta tilxatga almashib ketdi.

U oʻzida namoyon boʻlgan “qobiliyat”idan magʻrurlanar, hademay, mana bularni sotsa, qoʻliga tushadigan mablagʻlardan quvonchi ichiga sigʻmasdi.

– Davring keldi sur, begim, – dedi oʻziga oʻzi mashina suyanchigʻiga boshini tashlab va yana darhol olx.uzga shoʻngʻidi.

Xayriya niqobi ostida...

Yana bir eʼlonga koʻzi tushib, darhol qoʻngʻiroq qildi. Oʻzaro suhbatdan soʻng, mashinkalarni tegishli joyda qoldirdi-yu, ikkinchi manzil – Yunusobod tumani Otchopar mahallasi Boʻzsuv boʻyi koʻchasidagi xonadonlardan biriga yoʻl tortdi.

– Bir odatim bor, opajon, mol soʻyib, yetimlarga xayriya tariqasida tarqatib turaman, – dedi uni kutib olgan uy bekasi bilan molxonaga ketayotib. – Bu qoramolingizni ham oʻzim qimmat narxda sotib olaman, faqat bitta iltimos, pulini 10 kunda beraman. Savobimizga siz ham sherik boʻling, duoda qolasiz.

Taklifni rad etmoqqa endigina ogʻiz juftlagan ayol savob soʻzidan soʻng eridi-qoldi. Qoʻliga tutqazilgan pasport nusxa va tilxat evaziga 14 million soʻmlik bir bosh qoramolining arqonini unga tutqazdi...

Ishlari besh boʻlayotganidan havolangan Sodiq saytdan chiqolmay qoldi. Oʻzibop mijozlar axtarar, ular bilan savdolashar, telefonda ularning soddaliklariga ishongach, aniq maqsadga oʻtardi.

Baxtiyor Moʻminov ham unga qanday chuv tushganini bilmay qoldi, rosti. Uning 6 million soʻmga sotmoqchi boʻlgani 2 ta “Redmi note 9 t” telefon apparati uchun oldindan 800 ming soʻm, qolganini 4 oy davomida har oyda 1 300 000 soʻmdan berib borishini aytib, oxiri koʻndirdi. Yunusobodlik Husan Rahimov-chi? Pulini bir hafta ichida olishiga ishonib, oylab boqqani, 36 million soʻmlik 2 bosh hoʻkizini “xayriya”chiga qoʻshqoʻllab berib yubordi...

Firibgarning qilmishi shu bilan yakun topgan boʻlsa qaniydi. U oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran firibgarlik, yaʼni oʻzganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qoʻlga kiritish maqsadida yana koʻplab sodda va ishonuvchan kishilarni qarmogʻiga ilintirdi. Parkentlik Erkin Raimovning turli rusumdagi 8 ta tikuv mashinasini 10 kunda pulini olib kelib berishga ishontirib, shu mazmunda tilxat yozib berib, aldab ketib, uni 18 934 038 soʻmga “uxlatgan”. Shuningdek, bektemirlik Vasila Zulfiqorovaning 2 ta (9 475 000 soʻmlik), olmazorlik Dinara Utanovaning 12 ta (33 760 481 soʻmlik), yunusobodlik Xolmat Asfandiyorovning 1 ta ( 6 839 095 soʻmlik), Rashid Sobirjonovning 2 ta (8 345 436 soʻmlik), yangihayotlik Doniyor Malikovning 10 ta (60 million soʻm lik), uchtepalik Maqsuda Toʻrayevaning 1 ta (6 million  soʻmlik), oʻrtachirchiqlik Mahfuza Mirzayevaning 1 ta (3 million soʻmlik), Dilshod Sobirovning 1 ta (8 million soʻmlik), olmazorlik Dildora Soliyevaning 4 ta (2 100 AQSh dollarilik), bektemirlik Nazira Turopovaning 1 ta (3,5 million soʻmlik), Said Toshtemirovning 7 ta (2 250 AQSh dollarilik) tikuv mashinasini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan. Ularni sotib, oʻz maqsadlari uchun sarflab yuborgan. Bulardan tashqari, u yana shu saytdagi eʼlonlar orqali koʻplab kishilarning sotuvga qoʻygan mobil telefonlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa ashyolarini yuqoridagi yaxlitda aldab-suldab qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan.

“Totalizatorga yutqazib qoʻygandim”

Sudlanuvchi Sodiq Diyorov sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi. Qayerdan buncha “iqtidor” deyayotgan boʻlsangiz, u oldinlari tikuv mashinasi olib sotish faoliyati bilan shugʻullangan ekan. Oʻzining aytishicha, firibgarlikka qoʻl urishiga esa 2021-yil boshlarida totalizator oʻyiniga qiziqib qolib, futbol jamoalariga pul tika boshlagani, ammo uning jamoasi yutqazib qoʻygani sababli, u ham pullarini boy bergani sabab emish. Oʻyinga berilib ketganidan oʻzi bilmagan holda koʻp miqdorda pul tikib, yutqazib, qarz boʻla boshlagani, qarzlaridan qutilish maqsadida fuqarolarning olx.uz sayti orqali sotuvga chiqargan tikuv mashinalari pulini 10 kun ichida olib kelib berishini aytib olib, ularni qayta sotib, pullarini yana totalizator oʻyiniga tikib, yutqazishda davom etgan.

Sud Sodiq Diyorovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi b bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga uzil-kesil oʻtash uchun 7 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Sodiq Diyorovdan 20 nafar jabrlanuvchi hisobiga jami 225 609 906 soʻm undirish koʻrsatildi (7 nafariga 14 650 000 soʻm va 1 850 AQSh dollari hamda bir nafariga qiymati 2 000 AQSh dollari boʻlgan 2 ta tikuv mashinasi shu paytgacha qaytarilgan).

Fojia toʻri

Jinoyatchiga jazo tayinlandi, maʼlum muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar qachonlardir qoplanar ham. Ammo boshqa xavotir koʻngilga tinchlik bermaydi.

Birinchi hadik shuki, odamlardagi soddalik, hanuzgacha birovlarga ishonib, chuv tushib, keyin uni bartaraf etaman deb yillab sarson-u sargardon boʻlib yurishi, huquqlarini yaxshi bilmasligi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz bir firibgar 24 kishini chuv tushirgan. 24 nafar! Bu kichkina raqam emas! Bu shuncha xonadonda xotirjamlik ketgani, asabbuzarlik, oilaviy kelishmovchilik va janjal urchiganidan darak emasmi?!

Ikkinchidan. Sudlanuvchi mazkur xatolariga sabab – internet oʻyinlariga mukkasidan ketgani, oddiy qilib aytganda, qimorga pul tikkani va yutqazib qoʻyganini sabab qilib koʻrsatmoqda. Qimorning harom ekani haqida muqaddas kitoblarimizda, hadislarimizda ham bir necha bor keltirilgan. Buning oldini olish joizligi, unga yaqinlashmaslik, aks holda xunuk oqibatlarga olib kelishi haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot chiqishlar boʻlib turibdi. Biroq... ahvol oʻsha-oʻsha.

Hozirgi paytda internetsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Hamma gap undan toʻgʻri va oqilona foydalanishda. Lekin hammada ham bunday himoya immuniteti shakllanmagan, ayniqsa yoshlarning internetda soatlab oʻyin oʻynayotgani barchasidan xavotirli. Aholi orasida aynan internetdagi totalizator oʻyiniga qiziqish ortayotgani sir emas. Hatto tez-tez quloqqa chalinyapti, qaysidir hamyurtimizning bu kabi oʻyinlarga katta miqdorda pulini tikib, boy berib qoʻygani, hatto oʻz joniga qasd qilayotgani haqida ham eshityapmiz.

Yoki kontrakt toʻlovi uchun ota-onasi yuborgan pullarni unga tikib, oʻqishidan mosuvo boʻlayotgan talabalar ham yoʻq emas. Eshityapmiz-u, lekin ming afsuski, jiddiy saboq chiqarmayapmiz. Toʻgʻri, internetdan foydalanish uchun cheklov yoki taqiq yoʻq. Hamma muammo mana shunda!

Demak, istagan odam internet orqali bu oʻyinni oʻynashi mumkin. Shu bois bunday illatlarga qarshi har birimiz kurashishimiz, hushyor boʻlishimiz, farzandlarimizga bu qingʻir va harom yoʻl ekani, undan uzoq boʻlishini taʼkidlab turishimiz joiz. Zero, tavakkalchilikka asoslangan har qanday oʻyinning oxiri fojiali tugaydi.

Ikrom RAJABOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha

Yangihayot tumani sudi sudyasi

Nurxon ELMIRZAYEVA,

“XXI asr” muxbiri

“XXI asr” gazetasi, 2022-yil 28-aprel

17 (963)-son