Bugun, 24-yanvardan boshlab mamlakatimizdagi barcha oliy (davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar) va professional taʼlim muassasalari, akademik liseylar va umumtaʼlim maktablarida oʻqitish bir oy davomida masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi. Oʻtgan hafta oxirida ushbu xabar tarqalishi bilan oʻzbek afkor ommasi yana bosh-adoqsiz bahsga kirishib ketdi. Oyina.uz esa bu haqida mutaxassislar fikriga quloq tutishni afzal bildi.

Bahodir Karim,

filologiya fanlari doktori, professor:

– Taʼlim jarayoni sharoitga koʻra masofaviy boʻlsa, har kim bundan biror hikmatni, yaxshilikni izlashi kerak. Taʼlimning har qanday turida ikki tomon ishtirok etadi: muallim va talaba. Maqsad – talabaning biror bir sohada yetuk mutaxassis boʻlib yetishishi, albatta. Yuzma-yuz (oflayn) taʼlimda insofli, bilimli, talabchan muallim talabalarning diqqat-eʼtiborini oʻziga qaratib, baʼzan tanbeh ham berib, saboq jarayonini mahorat bilan boshqarib turadi. Qiziquvchan va ilmga chanqoq talabalar auditoriyada bemalol oʻzlari tushunmay qolgan jumboqlarni, hatto shaxsiy savollarini istagan mahali muallimdan soʻrab olishlari mumkin.

Toʻgʻrisi, masofaviy taʼlimda baʼzan imkoniyatlar cheklangan va texnik muammolar boʻlishi ham kuzatildi. Albatta, bular umumiy bir manzara. Holat. Aslini olganda, har qanday taʼlim yoʻsinida ham bilim olish birinchi navbatda talabaning oʻz “men”ini, oʻzligini anglashi bilan bogʻliq, deb oʻylayman. Agar dars jarayoni yuzma-yuz boʻlsa-yu, talabaning oʻzi loqayd, beparvo va nima uchun oʻquv yurtiga kelganini anglamasa, auditoriyaga genial olim, boringki, akademik kirib saboq bersa ham, koʻpincha natija chiqmasligi mumkin.

Oʻzini anglagan, oʻzi tanlagan soha mashgʻulotlarini zavqli bir holatga aylantira olgan talabalar masofaviy taʼlim jarayonida ham tirishib, izlanib, baʼzan muallimlarga qoʻngʻiroq qilib oʻziga kerakli ozuqani oladi.

Isroil Tillaboyev,

Respublika taʼlim markazi direktor oʻrinbosari:

– YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab 200 milliondan koʻp bolalar maktablar yopilsa, masofaviy taʼlimdan qolib ketishi mumkin. Bu, albatta, davlatlarning avvalo iqtisodiy, ijtimoiy ahvoliga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq. Yodimizda bor, Oʻzbekistonda 2020-yil 16-martdan karantin eʼlon qilingan boʻlsa, atigi 14 kun ichida Oʻzbekiston onlayn taʼlimni tezkorlik bian yoʻlga qoʻya oldi. Hali hech qanday tajriba va katta resursga ega boʻlmagan vaziyatda bu oʻziga xos yutuq edi.

Onlayn taʼlimda ham dars bergan oʻqituvchi sifatida oʻzim sezgan yutuq va kamchiliklarini sanab oʻtmoqchiman. Avval kamchiliklari:

Onlayn taʼlim oʻquvchiga psixologik taʼsir koʻrsatadi, bolani jamiyatdan maʼlum maʼnoda uzib qoʻyadi, oʻz tengdoshlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni toʻsadi.

Ushbu taʼlim turida nazoratchilar soni koʻpayishi talab qilinadi. Maktab vaqtida sinf rahbari va fan oʻqituvchisi nazoratni ushlab turgan boʻlsa, bola uyda onlayn taʼlim olayotgan paytda bu vazifa ota-ona zimmasiga koʻproq tushadi. Tabiiyki, ota-onalar boshqa sohada mehnat qilishi va yoki oʻzlarining bilimi talab darajasida boʻlmasligi mumkin.

Onlayn taʼlim asosan internet vositasiga tayanishi, dars olish va vazifalarni yuborish internet bilan amalga oshishini hisobga olsak, aloqa vositalari Oʻzbekistonning hamma joyida bir xil ishlamasligi koʻplab muammolarni keltirib chiqardi. Oʻtgan karantinda tomga chiqib dars oʻtgan oʻqituvchilarni ham koʻrdik.

Har bir maʼruzachi elektron taʼlim platformasidan qanday foydalanishni oʻrganishi kerak. Afsuski, bu ham pedagoglarimizdagi kamchilik ekani koʻrinib qoldi.

Endi onlayn taʼlimning yutuqlarini sanab oʻtsak:

Qulay texnologiyalardan foydalanish tufayli yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Taqdimotlar, testlar, video chat, ekran almashish va darsni qayta-qayta koʻrib chiqish imkoniyati taqdim etilishini nazarda tutmoqdaman.

Har bir oʻquvchining bilim samaradorligini kuzatish osonroq. Chunki oʻquv dasturlari buning uchun qulay testlar va statistikani taklif qiladi.

Elektron taʼlim pulni tejaydi. Masalan, pedagoglar yoki oʻquvchilar kundalik yoʻl xarajatini sarf qilmasdan uyda taʼlim berish va taʼlim olish imkoniyatini egallashi mumkin.

Siz har qanday joyda mashgʻulot oʻtkazishingiz mumkin. Yoki kamerani butunlay oʻchirib qoʻyib ham dars oʻtaverasiz.

Xulosa qilib aytishim mumkinki, masofaviy taʼlim anʼanaviy taʼlim oʻrnini bosolmaydi, lekin karantin yoki tabiiy ofat vaqtida oʻquvchilarning bilim olishdan ortda qolmasliklari uchun yaxshi chora.

Shahnoza Nazarova,

OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti, filologiya fanlar buyicha falsafa doktori:

– Onlayn taʼlimning ijobiy va salbiy tomonlari bor, albatta. Ayniqsa, bu jarayonga yetarlicha tayyorgarlik koʻrilmagan boʻlsa. Universitet oʻqituvchilari pandemiya boshlangandan buyon ancha-muncha tajriba oshirdi. Videodarslar, taqdimotlar, tarqatma materiallar, nazorat savollari jamlanmasi yaratildi. Zaruriy adabiyotlarning elektron shakli ancha avvalroq tayyorlangandi. “Zoom” platformasida darslar oʻtildi. Umuman olganda, barcha imkoniyatlar yaratilganda va tomonlar teng tayyor boʻlganida masofaviy taʼlimning hech bir salbiy jihati yoʻq. Ammo qars bir qoʻldan chiqmaydi...

“Zoom”da dars oʻtamiz, talabalar yuzini koʻrsatmaydi. Sababi – aloqa yaxshi emasligidan yo tomda, yo biror tepalikda oʻtirgan boʻladi; yashash muhitini koʻrsatishni istamaydi; oʻzini tartibga keltirmagan boʻladi; javob berishdan qochadi. Chaqirsak, umuman boshqa ish bilan shugʻullanayotgani seziladi. Savollarga yonida oʻtirgan oila aʼzolari javob qaytaradi, ularning ovozlari kelib turadi. Internet aloqa sifatidan koʻra talabaning maʼnaviy tomondan tayyor emasligi dars samaradorligini tushirib yuboradi. Oʻqituvchi faqat oʻz tasviriga qarab oʻtirib maʼruza oʻqiydi. Bunday sovuqqonlikni jonli dars muhitida, auditoriyada yengib oʻtish mumkin, pedagog turli usullar bilan 130 talabani 130 xil xayol koʻchasidan yigʻib keladi.

Talabalar bir semestr oʻtgach, universitet auditoriyasiga moslashadi. Masofaviy taʼlimda esa oliy taʼlim tizimiga singisha olmaydi. Koʻplari buni istamaydi ham. Mustaqil oʻzlashtirish, mustaqil izlanish, mustaqil oʻqishga deyarli kuch sarflashmaydi. Aslida, oʻqituvchi mavzu uchun reja, adabiyotlar roʻyxatini berishi, yangi mavzuning asosiy nuqtalari bilan tanishtirgach, qiziqtirish uchun fan muammolarini qoʻyishi kerak. Masofaviy taʼlim pandemiyadan soʻng ham maʼlum shakllarda davom etadi. Uning afzalliklaridan foydalanish uchun faqat oʻqituvchilarni qamchilayvermay, ota-ona va talabada ham tushuncha, intilish hosil qilish kerak. Pedagoglar saviyasiga keladigan boʻlsak, auditoriyada qoyillatmagan oʻqituvchi masofaviy taʼlimda ham yaxshiroq boʻlib qolgani yoʻq.

Sohiba Mullayeva,

OʻzJOKU oʻqituvchisi:

– Pandemiya sabab yaqin ikki yilda onlayn taʼlim tushunchasi kirib keldi. Aslida bu tajriba jahonda anchadan beri bor va oʻzini oqlamoqda. Rivojlangan koʻplab mamlakatlarda oʻquv dasturining 60-70 foizini mustaqil izlanish tashkil etadi. Qolaversa, yirik internet platformalarida turli kasb va sohalarni chuqur oʻrgatadigan onlayn kurslar talaygina.

Onlayn taʼlimning ijobiy va salbiy tomonlarini ikki nuqtai nazardan aytish mumkin. Birinchisi, oʻquvchilar uchun. Ikkinchisi esa talabalar uchun. Sababi, umumtaʼlimda bolalarining masofadan oʻqishi va fanlarni oʻzlashtirishida faqatgina ustozlar emas, balki ota-ona yoki boshqa masʼul shaxslarning ham yordami zarur boʻladi. Talabalar esa nisbatan mustaqil.

Maktab oʻquvchilari uchun, afsuski, onlayn taʼlimning salbiy tomonlari koʻproq deb oʻylayman. Ayniqsa, boshlangʻich sinfda bu juda katta yoʻqotishlarga sabab boʻlishi mumkin. Bolalarga jonli auditoriya, jonli muloqot kerak. Oʻtish davridagi oʻquvchilar uchun ham oflayn taʼlim afzalliklari koʻproq tosh bosadi.

Ammo tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, onlayn taʼlim jarayonida fursatdan foydalanib qolish ham mumkin. Masalan, koʻproq kitob oʻqish, turli toʻgaraklarga qatnash va hokazo. Bu har bir oilada yoʻlga qoʻyilgan tartib va ota-onaning quntiga bogʻliq. 2-sinf farzandi bor ona sifatida nima boʻlgan taqdirda ham boshlangʻich taʼlim oʻquvchilari uchun oflayn taʼlim, maktab nihoyatda kerak deb hisoblayman.

Oliy taʼlimda shunday yoʻnalishlar borki, onlayn oʻqitish samaradorlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bular tibbiyot, farmaseftika, balki pedagogikani ham kiritsak boʻlar. Qolgan yoʻnalishlarni masofaviy tarzda ham oʻzlashtirish mumkin. Agar onlayn taʼlim uchun sifatli kontent yaratilsa, albatta. Talabalar yoʻl uchun pul va vaqt sarflamasdan kunining koʻp qismini kutubxonalarda oʻtkazishi, yangi bilimlarni egallashi, oʻz ustida koʻproq ishlashi mumkin. Ayniqsa, IELTS kabi xalqaro imtihonlarga tayyorlanib yurganlar uchun onlayn taʼlim ayni muddao.

Afsuski, oʻzimizga xos va oʻzimizga mos shart-sharoit va xususiyatlarimizni inobatga olmasak boʻlmaydi. Birinchidan, onlayn kontent sifati maqtanarli darajada boʻlmasligi mumkin. Ikkinchisi va asosiysi, talabalar unchalik mustaqil va masʼuliyatli emas. Aksariyatida onlayn taʼlimga yengil munosabatni koʻramiz. “Semestr oxirida kirib, u yoq-bu yoq qilib, bahomni olib ketaman. Baribir, yiqitishmaydi”, deb hisoblaydiganlar darslarga masʼuliyat bilan qaraydiganlardan koʻproq. Qishlogʻiga qaytib ketganlarning aksariyati “Zoom” orqali oʻtiladigan mashgʻulotlarga deyarli qatnasholmaydi. Chiroq va internetni bahona qilishadi. Balki shu muammo barchasida rostdan ham bordir. Lekin aloqa yaxshi boʻlmagach, talabalarning ham, domlalarning ham masofaviy taʼlimdan hafsalasi pir boʻlgan.

Shokir Yoʻldosh,

Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, metodist:

– Onlayn taʼlimning yaxshi tomoni obʼyektiv va subʼyektiv sabablarga bogʻliq. Yaʼni taʼlim oluvchi hamda taʼlim beruvchining ishtiyoqi birinchi oʻrinda boʻlsa, shart-sharoit ikkinchi oʻrinda taʼsir qiladi.

1. Effektivlik jihati. Onlayn taʼlimda oʻqituvchida koʻproq imkoniyat boʻladi. Maʼlumotlarni turli shakllarda taqdim qila oladi. Video, audio, pdf kabi. Bu esa talabaning qiziqishini oshirishi tabiiy.

2. Zamon va makon erkinligi. Onlayn darslarda oʻquvchi va oʻqituvchi zamon va makonni ancha erkin tanlashi mumkin. Bundan tashqari, birdaniga koʻplab tinglovchilarni jalb qila olish imoniyati ham paydo boʻladi. Shuningdek, onlayn maʼruzalarni yozib olib saqlash mumkin. Oʻquvchi esa istagan vaqt oʻqituvchining maʼruzasiga qayta oladi.

3. Oʻrganishga mosligi. Har qanday oʻquvchining oʻrganish uslubi turlicha. Onlayn taʼlim vizuallar uchun ham, audiolinguallar uchun ham, oʻqirmanlar uchun ham birday takliflarni bera oladi. Yaʼni oʻziga qulay usulda oʻqish mumkin boʻladi. Guruh boʻlib oʻqishni xushlamaydiganlarga ham onlayn taʼlim ayni muddao.

Onlayn taʼlimning muammoli tomonlari bizning sharoitda asosan resurslarga kira olishning cheklangani (internet, texnikaning yetishmasligi) hamda oʻquvchilarning ishtiyoqsizligiga borib taqaladi. Shunday boʻlsa-da, boshqa “minus”larni ham sanash mumkin.

1. Salomatlikka zarar. Onlayn taʼlim xohlaymizmi-yoʻqmi, bizni ekran oldiga hamda stulga mixlab qoʻyadi. Bu koʻz hamda umurtqaga zararli boʻlishi mumkin, ayniqsa, uzoq muddatli mashgʻulotlar.

2. Fokus yoʻqolishi. Onlayn taʼlim jarayonida oʻquvchining ijtimoiy tarmoqlarga, darsga taalluqli boʻlmagan boshqa narsalarga chalgʻich ehtimoli keskin ortadi. Diqqatni jamlashga qiynaladiganlar uchun bu katta muammo.

3. Majburlashning yoʻqligi. Shunday oʻquvchilar borki, tepasida tergab turadigani boʻlmasa, umuman oʻqimay qoʻyadi. Onlayn taʼlim esa nazoratni susaytiradi. Bunda oʻquvchi toʻla mustaqil harakat qilishi kerak boʻladi. Jamiyatimizdagi eng katta muammo ham shunda – ogʻziga chaynab solmaguningizcha maʼlumotni qabul qila olmaydiganlar juda koʻp. Bu onlayn taʼlimning eng katta muvaffaqiyatsizligi deb oʻylayman.

Nodira IBROHIMOVA,

oyina.uz