Oʻzining kuch-qudratini har sohada dalillashga va koʻz-koʻz etishga odatlangan AQSh va Buyuk Britaniya hamkorligida yaratilgan navbatdagi hayratlanarli film joriy yilning iyul oyida ekranlarga chiqarildi. Rejissor va ssenariynavis Kristofer Nolan AQShning harbiy sohada tengsiz ekanligini jahonda tan olinishiga  sababchi boʻlgan fizik olim Robert Oppengeymerga bagʻishlangan filmi bilan Gollivudning kino sanoatidagi mahobatini yanada kuchaytirdi. “Oppengeymer” biografik dramasi atrofida yuzaga kelgan turli shov-shuvlar haqiqatga yaqinmi yoki barchasi reklamaning navbatdagi hiylasimi? Oyina.uz bugun shu xususda soʻz yuritadi.

Tarixga ekskurs

AQSh tomonidan 1945-yil 6-9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombasi hanuzgacha insoniyatga nisbatan cheksiz vahshiylikning ochiq namunasi sifatida baholanadi. “Kichkintoy” va “Baqaloq” deb nomlangan ikki atom bombasi soniyalarda 140 000 ga yaqin inson umriga zomin boʻlgan boʻlsa,  uning asoratidan yana shuncha odam erta olamdan oʻtdi. Hozirgacha, oʻsha mashʼum kunning oqibatidan aziyat chekayotgan insonlar mavjud. Lekin bu bombalar AQSh kuch-qudratini jahon arenasida yanada mustahkamlab olishiga asos boʻlgani ham haqiqat va hanuzgacha bu davlat ahloqiy normalarni ortga surib, magʻrurlik  shohsupasidan tushmay keladi. 2015-yilning 6- avgust kuni bombani tashlashga buyruq bergan AQSh prezidenti Trumenning nabirasi – Deniel Klifton Trumen “bobom umrining oxirigacha Xirosima va Nagasakiga tashlangan bomba toʻgʻri ish boʻlgan va AQSh buning uchun hech qachon uzr soʻramaydi, deb hisoblagan”, deya eʼlon qilgani fikrimizga dalildir.

Tarixning mayda ikir-chikirlariga qiziqmagan kishi bomba nima uchun aynan Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlanganini bilmasligi mumkin. Aslida, Germaniya boshlagan Ikkinchi jahon urushi bilan oldinma-ketin  Yaponiya ham 1941-yil 7-dekabrda AQShning harbiy dengiz floti joylashgan Perl Xarborga kutilmaganda hujum qiladi. Yaponiyaning ogohlantirmasdan boshlagan mazkur harakati AQShning Ikkinchi jahon urushiga qoʻshilishiga sabab boʻlgan edi.

1942-yil 13-avgustda rasman ishga tushgan Manxetten loyihasi doirasida yadroviy qurol ustida AQSh, Yevropa va Buyuk Britaniyadagi eng kuchli olimlar ishtirokida juda katta ish olib boriladi. 1943-yilga kelib AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi Los Alamoss shahrida (u paytda kimsasiz tashlandiq joy boʻlgan) Robert Oppengeymer taklifi bilan shaharcha bunyod etilib, atom bombasini ishlab chiqish uchun yashirin laboratoriya tashkil etiladi. Nihoyat, Perl Xarbordagi hodisadan 4,5 yil oʻtib, AQSh atom bombasi bilan Yaponiyadan  oʻchini oldi. Soniyalarda ikki yirik shahri kunpayakun boʻlgan Yaponiya hukumati  1945-yilning 15-avgustida taslim boʻlganini eʼlon qildi. Shu tariqa, 1945-yilning 2-sentabrida Ikkinchi jahon urushi rasman tugatilganligini tasdiqlovchi akt imzolandi. Yaponiya kapitulyatsiyasida atom bombalarining oʻrnini yuksak baholagan AQSh portlashlarda ahloqiy jihatdan oʻzini aybdor hisoblamagan.

“Men borliqni yoʻq qiluvchi oʻlimman”

Oppenheimer – tarixiy biografik drama;

Davlat: AQSh va Buyuk Britaniya;

Hajmi: 180 daqiqa;

Byudjet: 100 mln dollar;

Ssenariy muallifi va rejissor – Kristofer Nolan;

Bosh rolda – Killian Merfi;

Yetakchi rollarda – Emili Blant, Mett Deymon, Kichik Robert Dauni, Florens Pyu, Rami Malek, Nari Oldman.

Film Kay Berd va Martin Dj.Shervinning “Oppengeymer. Amerikalik Prometeyning gʻalabasi va fojiasi” asari asosida yaratilgan. Har doimgidek, bu filmning ham ssenariysini oʻzi yozgan Kristofer Nolan “Oppengeymer”da ham boshlamani folklordan boshlaydi: insoniyatga olovni taqdim etgan Prometey bu ishi uchun xudolar tomonidan umrbod jazoga mahkum etildi.  “Atom bombasining otasi” hisoblangan Robert Opppengeymerni goʻyo Prometeyga mengzagan rejissor, avvaliga qilgan xizmatlari uchun koʻklarga koʻtarilgan, keyinchalik esa josuslikda ayblanib, AQSh davlati tomonidan taʼqibga uchragan va mahfiy hujjatlardan foydalanish huquqidan mahrum etilgan fizik olimga boʻlgan oʻzgaruvchan siyosiy munosabatning sabablarini izlaydi.

Oddiy talabalik vaqtidan to prezident Trumen bilan uchrashuvgacha boʻlgan vaqt qamrab olingan davrda Oppengeymer tomoshabin koʻz oʻngida oʻsib boradi. Parcha-parcha epizodlardan iborat bosh qahramon hayotini yoritishda K.Nolan mashhur fizik olimni muntazam qiynab kelgan ruhiy zoʻriqish (psixoz) uning butun hayotiga salbiy taʼsir qilganini ham obʼyektiv ifodalashga harakat qiladi. 

Oppengeymer atom bombasini yaratishga bosh qoʻshganida bu bomba fashistlar boshlagan urushni tugatishiga ishongan edi. Shuning uchun ham mahfiy loyihaga rahbar etib tayinlangach, birga oʻqigan, ishlagan doʻstlari va oʻzi oʻqitgan shogirdlaridan iborat fizik olimlar guruhini loyihaga jalb etishda dunyoda uzil kesil urush tugatilishiga ular sababchi boʻlishlari mumkinligiga barchani ishontiradi. Haqiqatan ham maqsad aslida shunday edi. Bomba qanchalik tez tayyor boʻlsa, urush ham shunchalik tez tugashiga loyiha ishtirokchilari (umumiy hisobda 4000 dan ortiq) ishongan edi. Ammo 1945-yilning iyul oyiga kelib, nihoyat atom bombasi tayyor boʻlganida, fashizm ustidan deyarli uzil kesil gʻalaba qozonilgandi. Yaponiya va AQSh oʻrtasida davom etayotgan  urush esa yangi ixtironi qayerda sinash mumkinligini ochiq koʻrsatib turardi.

Kristofer Nolan asar fabulasini uch yaxlit boʻlakka boʻladi: Oppengeymerning olim sifatida shakllanishi – bomba yaratilishi – ayblov jarayoni. Lekin boʻlaklangan syujetlar davriy izchillikda berilmaydi. Aksincha, muallif sabab va oqibat kategoriyasi asosida Oppengeymerning toʻgʻrisoʻzligi, bilimi, obro‘-eʼtibori, baʼzida esa shuhratparasligi ham unga nisbatan ayblovlarning koʻpayishiga sabab boʻlganini xolis kuzatuvchi nazari bilan yoritadi.  Har bir ayblov yuzasidan soʻroqqa tutilgan guvohlar, oqlovchi va qoralovchilarning Oppengeymer shaxsiga boʻlgan munosabatini ayblanuvchi va boshqalar oʻrtasida boʻlib oʻtgan qandaydir arzimas, ayni paytda dalil boʻlib xizmat qilayotgan voqea bilan bogʻlaydi. 

Nihoyat, 1946-yil 16-iyulda bomba sinab koʻrildi. Yangi ixtiro – uzoq muddat kutilgan, lahzada borliqni yoʻq qilib yuborish qudrati bilan oʻz ijodkorlarini-da dahshatga soladigan ATOM BOMBAsi oʻsha Nyu-Meksiko shtatidagi Jornado del Muerto choʻlida sinab koʻrildi. Hayajonli daqiqalar, “yo hayot, yo mamot” lahzalari, toʻgʻri yoki notoʻgʻri ish qilingani oʻrtasidagi dilemma hammasi birlashib, portlash sodir boʻldi. “Men borliqni yoʻq qiluvchi oʻlimman” – hind eposi «Bhagavadgita»ni asliyatda oʻqiy olgan Oppengeymerning xayoliga chaqmoq tezligida kelgan bu soʻzlar oʻsha soniyalarda gʻalaba nashidasidan masrur olimni hayron qoldirmadi...

Sinov muvaffaqiyatli oʻtdi. Koʻp oʻtmay, yana ikki bomba oʻz vazifasini bajarishi uchun olib ketildi. Keyin kutish... Oppengeymer kutgan narsa – bombaning muvaffaqiyatli natijasi edi. Ha, Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari kutilganidan ham “aʼlo” natija berdi. Qoʻrquv nafaqat Yaponiya hukumatini, balki uzoq vaqt buyuklikka daʼvogarlik qilib kelgan boshqa davlatlarni ham dahshatga soldi. Oppengeymer shu tariqa AQShning Prometeyi boʻlib mashhurlikka erishdi. Biroq... Oppengeymerning favqulodda ideal qahramonga aylanishi uning ichki “meni” bilan kelisholmay  qoldi. U bir qarasa odamovi, bir qarasa manman, yana bir qarasa yigʻloqi kimsaga aylandi. Atom bombasidan oʻlgan va oʻlayotgan odamlar soni ortgani, vahimali asoratlarni oʻrganish kuchaygani sayin, hisobotlarni koʻrish yoki tinglash jarayonlarida Oppengeymerning ichki “meni” bosh koʻtarardi. U kuyib kul boʻlgan yaponiyaliklarning tanalariga ham, oq qon kasalligi koʻpayayotgani haqidagi hisobotlarga ham na qarar, na fikr bildira olardi. Ammo oʻzi sababchi boʻlgan “yadro qoʻziqorini”ning oqibatlarini eshitar ekan, yana oʻsha fikr koʻnglidan oʻtardi: “Men borliqni yoʻq qiluvchi oʻlimman...”. Endi U, yadro quroliga qarshi guruhlar tomoniga oʻtib, atom bombasi insoniyatning dushmani ekanligi, unga qarshi kurashish kerakligi toʻgʻrisida maʼruzalar oʻqirdi...

Hayotiy faktlar va bilganlarning guvohligiga asoslangan filmda Oppengeymer AQSh prezidenti Harri Trumen bilan uchrashadi. Trumen oʻz fuqarosini olqishlar ekan, bu ishni yana davom ettirishga daʼvat etgandek boʻladi. Ammo Oppengeymerning mahzunligidan hayratlanadi. Oppengeymer esa prezidentni xuddi oʻzining sirdosh doʻstidek koʻrib, qalbidagi ogʻriq azobini yashirmaydi: “men oʻzimni, goʻyo qoʻllari qonga botgan insondek his etyapman...”. Trumen: “janob Oppengeymer, siz bombani yaratdingiz xolos, uni portlatgan esa bizmiz...”, deya, istehzo bilan javob beradi. “Boshqa bu yigʻloqini meni yonimga yoʻlatmang!”, buyuradi Trumen Oppengeymer bilan gapni choʻzishni istamay.  

Oppengeymer Nolan talqinida

180 daqiqa davom etadigan film yaratilishiga qancha mablag‘ ketgan boʻlsa, uning reklamasi uchun ham shuncha pul ketdi. Kristofer Nolan bu filmi bilan qanday yangilik qildi? Har holda, u mahfiylikni ochiqlagani yoʻq – Oppengeymer bilan bogʻliq koʻplab faktlar allaqachon, jamoatchilikka maʼlum edi. Atom bombasi ustidagi munozaralar ham hanuz tinmagani ortidan, yangi-yangi faktlar har yili eʼlon qilinadi. 

Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin:

1. Nolan oʻz ijodiy nuqtai nazari bilan Oppengeymer ham oddiy inson boʻlganini koʻrsatishga urindi;

2. Oppengeymer shaxsi va bomba yaratilishi bilan bogʻliq faktlar, voqealarga tayanib, odamiylik va siyosat bir-biriga zid tushunchalar ekanligini yangi rakursda koʻrsatdi.

Nolan bu filmida kompyuter grafikasidan butunlay voz kechdi. Hatto, atom bombasining ilk marta portlashi jarayonini ham naturada suratga oldi. Zamonamiz tempo ritmiga mos ravishda montaj qilingan kadrlar rassom-rejissyor-operator-aktyor  va barcha ijodiy guruh hamkorligida maromida suratga olindi. Kristofer Nolan axloqiy normalarga ortiqcha urgʻu bermagan boʻlsa-da, ayrim kadrlar kompozitsiyasi tomoshabin xotirasiga muhrlanib qoladigan darajada yaratilgani rejissorning qaysi pozitsiyada turganini ochib beradi. Jumladan, hammasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, Oppengeymer loyihaga bevosita va bilvosita ishtirok etganlar oldida nutq soʻzlaydi. “Biz yutdik!”, deya tantanavor nutq soʻzlagan “atomning otasi” gulduros qarsaklar ostida minbardan tushar chogʻida, oyogʻi ostida koʻmirga aylangan inson tanasini gʻarchillatib bosadi. Choʻchib ketgan Oppengeymer endi atrofiga boshqacha nazar bilan qaraydi. Hozirgina hammadan koʻp gʻalabani olqishlayotganlar, endi juda qattiq qaygʻuga botganini koʻradi.  Shu tariqa, rejissor nafaqat fizik olimga munosabatini, umuman, mana shu hodisaning oʻziga, uni olqishlagan insonlarga ham boʻlgan munosabatini ifodalab, bomba portlashidan eng koʻp quvongan qalb eng koʻp qaygʻurganiga urgʻu beradi.

Yana bir sujetda kechagina olqishlarga koʻmilgan Oppengeymer ketma-ket shaxsiy va siyosiy savollar qurshovida turar ekan, u oʻz hissiyotlarini boshqara olmaydi. Bu koʻrinishda uning buyukligi yoʻqolib, yigʻloqi va qoʻrqoq inson sifatida ayanchli koʻrinadi. Rafiqasi esa  uning bu holatidan ijirgʻanar ekan, “ular bizning yotoqxonamizdagi ichki ishlarimizga qiziqyapti, sen esa barchasini aytib beryapsan. Oʻzingni qoʻlga ol”, desa-da, u baribir oʻzidan yuqorida turgan kuchlarga bas kelolmaydi...

Inson omili har yerda ustunlik qiladi. Oppengeymerga tirkalgan ayblarni tasdiqlash uchun soʻroqqa chaqirilgan hamkasblarning asl niqobi ochilar ekan, fizik olim olimlarga xos koʻngilchanligidan voz kechmaydi. Unga qarshi guvohlik bergan “doʻst”lari munofiqlarcha uzatgan qoʻllarni siqib qoʻyaveradi. Rafiqasi esa eriga tuhmat qilganlarga nega u yana qoʻl uzatishini tushunmaydi...

Filmda atom bombasining oqibatlari emas, uning yaratilishiga sababchi boʻlgan insonning kelgusi hayotidagi talatoʻplar birlamchi turadi. Oppengeymerning kimligi, u boshchilik qilgan fizik olimlar guruhi haqida katta axborot berilgani bilan, urush va odam, insoniyat va tinchlik mavzusi yuzasidan didaktik axborotlar berilmagan. Buni Nolan oʻz filmiga asos qilib olgan kitobdan koʻp ham uzoqlashmagani bilan asoslash mumkin.

Kristofer Nolan Oppengeymerning fizik ixtirolari bilan bogʻliq ilmiy fikrlarini yoritish bilan birga, uning hassos qalb egasi boʻlganiga ham alohida toʻxtaladi. Nolanning koʻproq kompter grafikasi yordamida  yaratilgan avvalgi filmlaridan farqli tarzda, “Oppengeymer” filmida hayotning real aksini koʻrish mumkin. 3 soat davom etib, ongimizni cheksiz savollar girdobiga tashlagan voqealar pirovardida hammasiga HASAD sababchi boʻlganini ochiqlaganida, kishini gʻalati hissiyotlar chulgʻaydi. Oppengeymerning davlatga hiyonat qilganlikda (bomba yaratilishiga oid hujjatlarni sovetlarga sotgan, degan ayblov), antiatom guruhiga qoʻshilganlikda va kommunistlar bilan aloqada boʻlganlikda (Oppengeymerning sevgilisi Djin Tetlok kommunist boʻlgan) ayblanishi AQSh davlatiga xoinlik qilish bilan barobar edi. Uzoq muddat olib borilgan tekshiruvlarda uning oilasi, advokati va rahbari Lesli Grovs (Manxetten loyihasining harbiy rahbari) himoya qildi, xolos. Qolganlar esa inson omiliga xos – qoʻrqoqlikdan voz kecholmadilar.

Filmning sujet qurilishida soʻz – dialog, savol-javob, monolog, bahs-munozara, ilmiy tortishuvlar juda koʻp. Aynan shu narsa zamonaviy kino sanʼati voz kechayotgan xususiyat. Lekin “Oppengeymer”da soʻz va tasvir munosabatlari shunday qurilganki, tomoshabin nafaqat soʻzni tushunishga, hodisaning mohiyatini anglashga jiddu-jahd bilan harakat qiladi. Chunki badiiy toʻqima emas, tarixiy haqiqat rejissor K.Nolan uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi aynan shu asarida yaqqol namoyon boʻldi. Hatto, oʻz HASADi ortidan Oppengeymerning boshiga balo yogʻdirgan uning DOʻSTI  Lyuis Shtrauss haqidagi haqiqatlar ham filmda ochiq berildi. AQSh davlati uchun munosib xizmatlar qilgan Lyuis Shtraussning asl qiyofasini koʻrsatishdan choʻchimagan Kristofer Nolan nihoyat, tarixiy filmlarni suratga olishda badiiy toʻqimaga urgʻu berish foydasiz urinish ekanligini yana bir bor isbotladi (P.S. Koʻp tarixiy filmlarni yaratishda, ayniqsa sobiq sovet respublikalarida asl haqiqat buzilib ketishi koʻp kuzatilgan). 

Oppengeymer har bir savolga toʻgʻri javob beradi. Hatto, intim munosabatlarini batafsil hikoya qilishi oilasi bilan ajralish havfini tugʻdirsa-da, u yolgʻon gapirmaydi. Kristofer Nolan soʻzga koʻchishi ogʻir boʻlgan holatlarda ustalik bilan tasvir yaratadi: Oppengeymer aynan soʻroq berayotgan xonada Djin Tetlok bilan ishqiy munosabati koʻrsatiladi. Rejissor, ayol va erkakka baqrayib qarab oʻtirgan kuzatuvchilar va rafiqasining nigohi orqali bir tomondan, yashirilishi kerak boʻlgan sirlarni hammaga soʻzlab berayotgan insonning yolgʻon soʻzlay olmasligini koʻrsatsa, boshqa tomondan psixoz kasalligidan aʼziyat chekkan olimning ilojsizligidan boshqalar nima foyda olishlari mumkinligini tushunmaydi. Tez-tez oq-qora kadrlarning rangli kadrlar bilan almashinib turishi bir tomondan film voqeligining haqqoniyligiga ishonch uygʻotsa, ikkinchi tomondan davrning kulrang tumandek ochiqlikdan holi boʻlganiga ishora sifatida qabul qilish mumkin.

Soʻng soʻz oʻrnida Kristofer Nolan oʻz atrofiga toʻplagan ijodkorlar mahorati haqida  alohida fikr aytishga ehtiyoj sezayotganimizni yashirmaymiz. Ayniqsa, bosh rollar ijrochilari: Killian Merfi (Oppengeymer), Emili Blant (rafiqasi), Mett Deymon (general), Florens Pyu (Djin Tetlok), Robert Dauni-mladshiy (Lyuis Shtrauss) haqida uzoq gapirish mumkin.

Soʻzimiz avvalida aytganimizdek, “Oppengeymer” filmi atrofidagi shov-shuvlar reklamaning kuchigina emas, haqiqatan ham bu filmning  har jihatdan (aktyorlik mahorati, operatorlik, rassomlik,  musiqiy bezak, montaj, ovoz rejissorligi va h.z.) yuksak darajada ekanligini bildiradi.

Shohida ESHONBOBOYEVA.

Oyina.uz

“Oyina.uz”ning Telegramʼdagi rasmiy kanaliga obuna boʻling!