Xalqimiz orasida antiqa va koʻngilga xush yoqmaydigan bir ibora bor. “Kitob oʻqib, shahar olarmiding?” Daqyonusdan qolgan bu stereotip kitob ziyosiga esh boʻlmagan olomonning boshida koʻp yillar toshdek mustahkam qotib qolgan. Tabiiyki, bu oʻz-oʻzidan yuz bermagan. Bir davr boʻldiki, oʻqigan yetarli qadr topmadi, oʻqitganning esa mashhur qiziqchimiz kinoya bilan aytganidek, maqomi traktorchinikidan ham tushib ketdi.

Boz ustiga, ishlab turgan, katta kitoblar resursiga ega kutubxonalar tizimi zavol topdi. Mamlakatda faoliyat yuritgan bir necha ming kutubxonachilar – maʼnaviyat tarqatuvchilarning maoshi juda past darajaga tushib ketdi.

Aslida kitoblar iqtisodiyot uchun milliardlik bozor edi. Ammo tuman markazlaridagi kitob doʻkonlari, kioskalargacha yoʻq qilindi, aniqrogʻi, maishiy buyumlar sotadigan savdo shoxobchalariga aylantirildi. Alifboning oʻzgarishi esa shundoq ham ildiz ota boshlagan muammoni yanada chigallashtirdi. Katta avlod lotincha oʻqiy olmadi, kichigi esa kirillcha. Dard ustiga chipqon deganday, bu ham kitob va gazeta savdosiga halokatli taʼsir etdi. Oxir-oqibat butun boshli bir avlodni boy berdik.

Dunyoda geosiyosiy raqobat bilan birga, tafakkur uchun, texnologiyalar uchun kurash tobora avj olayotgan hozirgi murakkab bir sharoitda oʻqimagan bolaning oʻqigandan qanday farqi borligini bilib olish qiyin emas. Shu maʼnoda kitobxonlik – har qanday taraqqiyotning bosh belgisiga aylandi.

Masalan, oxirgi yillarda jadal rivojlanayotgan Xitoyda aholining haftalik oʻrtacha kitob oʻqish vaqti 8 soat 27 daqiqani, AQSHda esa 7 soatni tashkil qiladi. Germaniyada katta yoshli aholi yiliga oʻrtacha 48 ta kitob oʻqiydi. Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalari sohasida revolyutsiya qilgan hindistonliklar esa yilda 16 ta kitob mutolaa qilarkan. Bizda esa bu raqam atigi bittani tashkil qilmoqda. Millatimizning toʻliq hur, farovon yashashdek ushalmay kelayotgan asriy orzu-umidlarini faqat kitob oʻqish, ilm olish orqaligina amalga oshirish mumkinligi inkor etib boʻlmas haqiqatga aylangan bir davrda shu hol... Bugun iqtisodi oʻta rivojlangan davlatlarga qaram boʻlmay desak, arzon ishchi kuchi yetishtirib beradigan oʻlkaga aylanib qolishni istamasak, har birimiz har kuni oʻqishimiz kerak.

Men “Dunyo mamlakatlari” kitobini yozib, bir xulosaga keldim: barcha mamlakatlarning tanazzuli va fojiasining tub ildizida elning yalpi savodsizligi, qoʻli kitob koʻrmasligi va tor fikrlaydigan rahbarlari davlat siyosatini yuritishi yotarkan.

Bugun xalqimizda jinoyatchilik, agressiya ortib ketayotgani, yaqin qarindoshlar-da bir-birga oqibatsizlashib borayotgani, millatni zumda sotishi mumkin boʻlgan vatangadolar koʻpayotganining sabablari haqida oʻylayapmiz. Nazarimda, buning javobi ham ilmsizlik, kitob oʻqimaslikka borib taqaladi. Chunki kitob oʻqish, adabiyotga oshnolik insonda “ijtimoiy kognitsiya”ni, yaʼni boshqalarning his-tuygʻularini tushunish va empatiya qilish qobiliyatini rivojlantiradi.

Yaxshiki, soʻnggi yillarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga juda katta eʼtibor berilmoqda. Masalan, 2017-yilning 12-yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha” farmoyish qabul qilindi. “Kitob oʻqishni beshikdan boshlash kerak” degan gʻoya ilgari surildi. Shu tariqa kitob oʻqish shunchaki sevimli mashgʻulot emas, balki milliy oʻzlikni anglash vositasi va kundalik madaniyatning ajralmas qismiga aylantirish maqsadi qoʻyildi. Chunki Oʻzbekiston faqat iqtisodiy va texnologik modernizatsiya qilish bilan toʻliq yangilanib qolmas edi. Uni maʼnaviy va mafkuraviy jihatdan bir necha pogʻona koʻtarmasdan, kun tartibini tugal deya olmaymiz.

Bunday harakatlarning natijasi koʻp kuttirmadi. Oxirgi oʻn yilda nashriyotlar soni 5,5 barobar oshib, 118 tadan 652 taga yetdi. Matbaa korxonalari esa 1 804 tadan oshdi. Mamlakat miqyosida kitob doʻkonlari soni 712 taga yetdi.

Yozuvchilar uyushmasi huzurida tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi tomonidan har yili koʻplab yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari koʻp ming nusxada nashr etilmoqda. Sovrin jamgʻarmasi katta boʻlgan turli kitobxonlik tanlovlari oʻtkazilyapti, kitobxonlar qimmatbaho yutuqlanri qoʻlga kirityapti. Bu yil ilk bor “Yosh kitobxon” tanlovi gʻoliblari bosh sovrinni shaxsan Prezident qoʻlidan qabul qilib oldi. “Milliy kitobxonlik harakati”ning joriy yildan koʻlam va salmogʻi yana-da kengaydi: Bosh mukofot egasi 50 ming dollargacha pul olish imkoniyatiga ega boʻladi. Ilk bor davlat yozuvchilar va tarjimonlarga toʻgʻridan-toʻgʻri grandlar ajratila boshlandi. Kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishda xususiy sektor, jamoat tashkilotlari va davlat hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ijtimoiy foydali va juda talabgir boʻlgan katta maʼrifiy loyihalarga kirishdi. “Soʻz” kabi avval hech uchramagan dasturlar aks-sadosi olis qishloqlargacha bormoqda, ijodiy shaxslarni birlashtiruvchi ijobiy hamjamiyatga aylanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham ijodkorlar tomonidan juda iliq kutib olindi.

Millatning har fuqarosiga yiliga bitta kitob kamligidan yozgʻirib turgan edik, qarorda 2030-yilga borib aholining kitobxonlik darajasini yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga koʻtarish vazifasi qoʻyildi, choralar belgilandi.

Yoshlar agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi. “Isteʼdodli muallif” kabi katta loyihalar joriy etilib, qalami oʻtkir, katta ijodiy salohiyatga ega yoshlarga turli mayda tashvishlar bilan chalgʻimasdan ijod qilish uchun qulay sharoitlar yaratib berildi.

Joriy yildan boshlab respublika byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlari uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar miqdorini 20 milliard soʻmga yetkazish belgilandi.

Prezident imzolagan hujjat, shubhasiz, muhim yoʻlkoʻrsatkich boʻldi. Hududlar boʻyicha kitob sotuvi va kutubxona tashriflari asosida Kitobxonlik indeksining joriy etilishi, “Bir kunda bir sahifa” nomli umummilliy onlayn tashabbusning yoʻlga qoʻyilishi buning isboti deyish mumkin. Davlat xizmatchilari uchun “Kitob oʻqish soati”ni tashkil etish, katta-kichik barcha idoralarida “kitob burchaklari”ni yaratish ham oʻzini oqlaydigan tashabbus boʻldi.

Yana nimalar qilish kerak?

Bozor qonuniyatiga koʻra, yaxshi kitoblarning sof reklamasini yoʻlga qoʻyish vaqti allaqachon kelgan. 30 yil boʻldiki, biror telekanalda biror oʻqishga arzirli kitobning reklamasini koʻrganimiz yoʻq. Ekranga olib chiqish kamida uyatsizlik hisoblangan matohlardan tortib, sifati kafolatlanmagan dorilar, sogʻliqqa zarar ichimliklargacha reklama qilinayotgan bir vaqtda, biz hazrat Navoiy yohud Qodiriy bobomizning shoh asarlarini reklama qilishni oʻzimizga ep bilmaydigan isteʼmolchiga aylandik.    

Yaqinda bir bola “Kitobingizni oʻqimoqchiman, lekin qimmat ekan. Shunga, deylik 10 oyga 100 mingdan toʻlab bermoqchiman, rozi boʻlsangiz”, deb yozdi. Koʻrinyaptiki, oʻqishga ishtiyoqi katta yangi avlod oʻsib kelyapti. Ammo baʼzan kitoblar narxi balandlik qilishi ham bor haqiqat. Shunday vaziyatlar uchun kam foizli kreditlar berish haqida ham oʻylab koʻrsa boʻlar balki. Bu yechim ham yillar oʻtgach foydali sarmoya boʻlganini isbotlaydi, nazarimda.

Bugun respublikamiz miqyosida jami 17 467 ta kutubxona boʻlib, ularning umumiy fondi 89 million kitobni tashkil qiladi. Ulardan unumli foydalanish, targʻib qilish choralarini qaytadan koʻrib chiqish zarurati bor bugun. Shuningdek, soʻnggi yillarda paydo boʻlib borayotgan xususiy kutubxonalar tarmogʻini (hozirda 80 ta) har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozlar yaratish zarur.

Oʻqish – tafakkurni kengaytiruvchi va jamiyatda qotib qolgan stereotip-qarashlarni vayron qiluvchi eng taʼsirchan qurol, undan toʻgʻri foydalanishimiz kerak. Muhimi, kitob oʻqish koʻr-koʻrona, zoʻrma-zoʻraki majburiyatga aylanib qolmasligi, balki u zavqlanish, goʻzal tuygʻularni va chin insoniy fazilatlarni sayqal toptirish vositasiga aylanishiga erishish kerak. Himmati bor, xalqning koʻzini ochish istagida boʻlgan tadbirkorlarimiz har bir qishloqda kitob doʻkoni, kutubxona ochishi, iml ahliga homiylik qilishni oʻziga sharaf, burch deb bilishiga erishish esa bizni isteʼmolchi jamiyatdan haqiqiy millatsevar va ziyoli elga aylantirardi. Ana shunda bunday yurt avlodi esa nafaqat shahar, balki butun dunyoni olib beradi sizga. 

Laziz RAHMATOV,

Siyosiy fanlari boʻyicha falsafa doktori