Shu kunlarda vaqt topildi degancha, keyingi yil Buxoroda ochilishi kutilayotgan “Jadidlar merosi” muzeyi uchun materiallar izlash maqsadida Milliy arxivni titkilashga kirishaman. Bagʻrida millionlab hujjatlar jamlangan bu xazinada tariximizning ne-ne sirlarini bezavol asrab kelayotgan oʻta nodir topilmalar bor. Muttasil alifbo almashtirishlar ortidan, hatto olimlarning ham nazaridan chetda qolib ketgan baʼzi yigʻma jildlardagi xatlar biz bilgan tarix haqidagi tasavvurlarni agʻdar-toʻntar qilib tashlashga qodir. Jumladan, Milliy Arxivning 56-fonddagi papkalarni koʻrarkanman, xayolan yuz yil avvalga tushib, Xorijiya noziri Abdurauf Fitrat, Maorif noziri Qori Yoʻldosh Poʻlot va Muso Saidjonovlarning faoliyati, farmoyishlari, istaklari, hisobotlari, yoshlarning ularga murojaatlari bilan nafas olaman. Koʻp oʻtmay bularning bari oʻtmishga aylangani va barchasining aksi sodir boʻlganini eslab, yurak yorilar darajada iztirobga toʻlib ketadi. Ammo baribir bu hissiyotni bugungi avlod bilan boʻlishish istagi ustun keldi. Buning uchun munosib minbar Oyina.uz boʻloladi, deb oʻyladim. Keling, ayrim hujjatlarni birgalikda oʻqiymiz:

“Vaqt masoid oʻlmadigʻi uchun Maskovdagi Buxoro maorif yurtidan bir ozgina maʼlumot berib kelajakda mufassal maʼlumotlar bermoqni vaʼda aylaram. Talabalar tamoman saforatxona binosidan maktab binosina koʻchganida oʻrtoq Fayzulla Xoʻja sharafina bir vechir verildi. U oqshom choʻq ruhli oʻlub oʻrtoq Fayzulla Xoʻja va boshqalar tarafidan nutqlar soʻylandi. Ramazondan soʻngra maktabning rasmiy kushodi uchun bir vechir yasaldi. Oqshomda Maskovdagi tamom buxoriylar va Buxoro hukumatiga xizmat etguvchi rus oʻrtoqlar hamda Turkiston namoyandasi va Turkistonning baʼzi talaba, muallimlari Xorazm safiri va boshqalar daʼvat oʻlindi. Maskovning maorif va Xorijiya nazoratidan hayʼatlar tashrif buyurdilarkim choʻq ruhli va tantanali oʻtdi.

Maktabning ichi va tashqarisi tamoman Buxoro bayroqlari ila ziynatlangan edi. Oʻrtoq Fayzulla Xoʻja va Fitrat afandining buyuk rasmlari chechaklar ichinda majlisga boshqacha ziynat berilgan edi. Talabalar tarafindan ruscha va musulmoncha teatrular qoʻyildi. Ruscha, turkcha sharqilar va deklamatsiyalar boʻldi. Mehmonlar tarafindan nutqlar soʻylanib, bu qisqa muddatda bu qadar hozir boʻlgʻonlari uchun taqdirlar qilindi. Maskovdagi talabalar ishlarining ketishi yaxshi desak, mumkindir. Sharq dorulfununiga tahsilga boʻlgan talabalarimiz sakkiz oy tahsil qilib, hozir uch oy taʼtil boʻldigʻi uchun amaliy ish koʻrmoqgʻa Buxorogʻa gidajaklar. 27 inchi mayda Maskovdan harakat edub Buxoro-Samarqandgʻa rom oʻlajaklar.

Oʻrtoq Fayzulla Xoʻjaning amrlariga muvofiq Xorijiya nazorati tarafindan maorif nazoratiga bildirilsunkim: qaror boʻlgan qizu erkak talabalari tezlik ila Maskvaya yuborilsunlar. Chunki munda har bir shey mukammaldir. Vaqtni oʻtkarmasun tezlik ila yuborsunlar. Berlindagi maorif qumissunining maʼlumotigʻa qaragʻanda Germaniyadagi talabalarimizning ishlari va ahvolotlari-da yaxshi”[1].

Ha, 1923-yil 15-may kuni shoʻrolarning poytaxti Moskvada Ramazon hayitidan soʻng tashkil etilgan Buxoro Maorif uyining ochilishi haqiqiy tantanaga aylanib ketgandi. Xorijiy elchixonalar vakillari ham ishtirok etgan kechada turkistonlik talaba yoshlar, ularning qisqa vaqtda erishgan har sohadagi muvaffaqiyatlari, Ozarboyjon, ayniqsa, Germaniya dorulfununlariga kirgan tengdoshlarining qutlovlari jarangladi. Tabiiyki, milliy ruh ufurgan, qadimiy davlatchilik haybati, salobati yuz koʻrsatgan kecha shovunistik kayfiyatdagi, oʻzining dunyoning egasi deb bilgan shoʻro rahbarlarini talvasaga soldi. Koʻp oʻtmay Buxoro Maorif nozirligi haqida turli boʻhton tashviqotlar sovet matbuoti sahifalarida boʻy koʻrsata boshladi. Eng birinchi qadam Germaniyaga tashlandi. Qanday boʻlmasin turkistonlik talabalarni qaytarish haqidagi maxsus topshiriq bilan yoʻlga chiqqan G.Meerzon nomli kimsa oʻzini goʻyoki Buxoro hukumati vakili sifatida koʻrsatish uchun Buxoro Respublikasi Xalq maorif naziri Muso Saidjonov nomiga xat ham yoʻllab qoʻyadi:

“Hurmatli oʻrtoq!

Nihoyat, faqat bugungina men Moskvadan Berlinga joʻnab ketyapman. Men Toshkentdan hali 10-iyunda chiqqan edim va Moskvaga 15-iyunda yetib keldim. Bir kundan keyin RKP Markaziy Qoʻmitasidan (MQ) joʻnab ketish uchun zarur hujjatlarni oldim. Chet el pasportini ham tez fursatda oldim, ammo gap Germaniya vizasiga kelganda, bu yerda paysalga solish boshlandi. Nemislar pasportni uch haftaga yaqin ushlab turishdi (marinovka qilishdi) va faqatgina Tashqi ishlar xalq komissarligi tinimsiz koʻmaklashgani tufayli kecha Germaniya vizasini olishga muvaffaq boʻlindi. Bugun joʻnab ketyapman. Men bu yerda oʻrtoq Fayzulla Xoʻjayev bilan uchrashdim, u menga boshqa mandat berdi, bu haqda sizni Muxtor vakolatxona allaqachon xabardor qilgan boʻlsa kerak. Bu yerda boʻlgan vaqtimda Tashqi ishlar xalq komissarligiga oʻrtoq Simmermandan ikkita xat keldi, ularda u oʻquvchilar (talabalar) haqida baʼzi maʼlumotlarni maʼlum qilgan va taʼtili tugaganiga qaramay, Berlinda yana biroz vaqt qolishi mumkinligini, ammo buning uchun bir oz mablag‘ (100-200 dollar, yaʼni 10 ga yaqin chervones) kerakligini koʻrsatgan.