Moʻgʻul imperiyasining Chigʻatoy ulusi tarixi turkiy xalqlarning milliy oʻzligini shakllantirishda; boshqaruvi, iqtisodiy tizimi va ijtimoiy tuzilishi esa mintaqa xalqlarining oʻzaro aloqalari va davlatchilik anʼanalarini tushunishda muhim oʻrin tutadi. Chigʻatoy ulusi tarixi xususida maʼlumot beruvchi manbalarda Chigʻatoy, Qora Xulagu, Yesu Munka, Oʻrgina Xotun kabi oʻttizdan ortiq hukmdorlar faoliyati aks etgan. Oʻrgina Xotun ulusning yagona ayol hukmdori boʻlib, oʻn yilga yaqin mamlakatni idora qilgan. Moʻgʻullarda ayollarning boshqaruvdagi faol ishtiroki oʻziga xos xususiyat boʻlib, Oʻrgina Xotun bu anʼananing yorqin namunasidir. U Chigʻatoy ulusining regenti sifatida oʻgʻli Muborakshoh nomidan hukmronlik qilgan va Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim hissa qoʻshgan. Ushbu maqola Oʻrgina Xotunning hayoti, siyosiy faoliyati va uning Chigʻatoy ulusi tarixidagi oʻrnini yoritadi.
Oʻrgina Xotun Chigʻatoy ulusining asoschisi – Chigʻatoyning nabirasi Qora-Xulaguning xotini edi. Chigʻatoy Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli boʻlib, 1224-yilda Movarounnahr, Yettisuv va shimoliy Afgʻoniston hududlarini oʻz ichiga olgan ulusni meros qilib olgandi. Oʻrgina Xotunning ham nasabi ona tomondan Chingizxonga borib taqalishi manbalarda taʼkidlanadi. Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” nomli asarida yozilishicha, Oʻrgina Xotun Chigʻatoyning singlisi Chechak Xotun va Oyrat qabilasi yetakchilaridan Turalchi Koʻragonning qizi boʻlgan. Ularning yana bir nechta qizlari boʻlib, barchasi Chingizxonning nabiralariga turmushga chiqqan edi. Jumladan, Oʻrgina Xotunning opasi Oʻljay Xotun Tulining oʻgʻli Xulaguga turmushga chiqqan va Menku Temur ismli oʻgʻil koʻrgan. Oʻrgina Xotunning El Chikmish Xotun ismli singlisi esa Tulining boshqa bir oʻgʻli Ariq Bukaning xotini edi. Bu nikohlar oila nufuzi va malikalarning moʻgʻul imperiyasi boshqaruvidagi mavqeining ancha ortishiga sabab boʻladi.
Chigʻatoy oʻzidan keyin sevikli oʻgʻli Muteginni voris qilib qoldirmoqchi boʻladi. Ammo keyinchalik Muteginning toʻrt nafar oʻgʻli orasida ajralib turuvchi Qora Xulaguni merosxoʻrlikka tayinlaydi. Chigʻatoyning bu qarorga kelishiga uning Oʻrgina Xotunga uylangani ham sabab boʻlgan. Shu tariqa Qora Xulagu 1242-1246 yillarda Chigʻatoy ulusini boshqaradi. Uning boshqaruvi manbalarda osoyishtalik va barqarorlik davri sifatida eslanadi. Ammo, 1246-yil qoonlik qurultoyida Oʻqtoyning oʻgʻli Guyuk (1246-1248) qoon etib saylangach, Qora Xulaguni Chigʻatoy ulusi hokimiyatidan chetlatadi va oʻrniga Chigʻatoyning oʻgʻli Yesu Munkani xonlikka tayinlaydi. Qora Xulagu va Oʻrgina Xotun esa Chigʻatoy ulusini tark etib, Qoraqurumga joʻnaydi. Negaki, Qoraqurumda Oʻrgina Xotun va uning oilasining nufuzi hamon yuqori edi. Shuning uchun ham yangi qoon sobiq xon va uning oilasiga nisbatan tazyiq oʻtkazolmaydi. Qora Xulagu va Oʻrgina Xotun 1246-1251-yillarda Qoraqurumda yashaydi.
Baxtiyor Alimjonov: Chigʻatoy ulusida siyosat: boshqaruvda ayollar oʻrni, migratsiya va geosiyosat
1251-yil Qoraqurumda boʻlib oʻtgan navbatdagi qurultoyda Chingizxonning toʻrtinchi oʻgʻli Tulining oʻgʻli Munka qoonlikka saylanadi. Unga qadar ulug‘ qoonlikka Oʻqtoy avlodlari saylanib kelingan. Munkaning qoonlikka saylanishidan norozi boʻlgan Oʻqtoy xonadoni vakillari va Chigʻatoy shahzodalari Munka qoonga qarshi fitna tayyorlashadi. Shahzoda Shiromun boshchiligidagi fitna amalga oshmasdan oshkor boʻlgach, Munka qoon fitnachilarning barchasini yoʻq qilishni buyuradi. Oʻqtoy va Chigʻatoy xonadoniga mansub fitnaga aloqador balogʻatga yetgan barcha xonzodalar yasoqqa yetkazilgan boʻlsa, balogʻatga yetmagan shahzodalar Qoraqurum va Yuan imperiyasi hududiga olib ketilib, Tuli xonadoni manfaatlari uchun “qayta tarbiyalangan”. Munka qoon fitnachilarni qoʻllab-quvvatlagan Chigʻatoy ulusi xoni Yesu Munkaning oʻrniga fitnaga aralashmagan sobiq xon – Qora Xulaguni ulus boshqaruviga qaytaradi va unga Yesu Munkani qoʻlga olib, Joʻjining oʻgʻli Botu huzuriga jazolash uchun yuborish vazifasini ham qoʻyadi. Xonlikka qayta belgilangani toʻgʻrisidagi yorliq bilan Qoraqurumdan katta qoʻshin bilan yoʻlga chiqqan Qora Xulagu manzilga yetib bormasdan, yoʻlda kasallikdan vafot etadi. Qora Xulaguga berilgan vazifani Oʻrgina Xotun davom ettirib, Yesu Munka qoʻshini bilan jang qiladi va ulus boshqaruvini qoʻlga oladi. Manbalarda Qora Xulagu va Oʻrgina Xotunning faqatgina Muborakshoh ismli oʻgʻli tilga olingan. Muborakshoh otasi vafot etganda yosh boʻlgani uchun Chigʻatoy ulusi hokimiyatini onasi Oʻrgina Xotun regent sifatida boshqarib turadi.
Moʻgʻullar imperiyasida ayollarning boshqaruvdagi roli yuqori baholangan, ular nafaqat oilaviy masalalarda, balki siyosiy va iqtisodiy sohalarda ham faol ishtirok etgan. Oʻrgina Xotun bu anʼananing davomchisi sifatida Chigʻatoy ulusida oliy hukmdor sifatida tan olinadi. Oʻrgina Xotun Ulug‘ Ev (Katta uy) deb nomlangan saroyga oʻxshash chodirda turib, davlatni idora qilgan. U boshqaruv yillarida Markaziy Osiyoda nisbiy tinchlikni taʼminlaydi. Oʻrgina Xotunning boshqaruvi quyidagicha oʻziga xos xususiyatlarga ega edi:
Siyosiy barqarorlik: Oʻrgina Xotun ulusning ichki va tashqi siyosatida muvozanatni saqlashga erishdi. U Qoraqurumdagi Buyuk qoon hokimiyatiga boʻysungan holda, mahalliy boshqaruvni mustahkamlaydi. Bu davrda Chigʻatoy ulusi Qoraqurumdan keladigan buyruqlarga qaram boʻlsa-da, Oʻrgina Xotun mahalliy hokimiyatni nisbatan mustaqil boshqarishga muvaffaq boʻladi.
Diniy bagʻrikenglik: Oʻrgina Xotun davridan boshlab Chigʻatoy ulusi hukmdorlari mahalliy musulmon aholiga nisbatan iliq munosabatda boʻla boshlaydi. Mirzo Ulugʻbekning yozishicha, Oʻrgina Xotun musulmonlarning ishlariga katta eʼtibor qaratgan va ularning mulki va hayotini himoya qilishda doim faol boʻlgan. Jamol Qarshiy oʻzining “Mulhaqot as-suroh” asarida birinchi musulmon Chigʻatoy xoni – Muborakshohning onasi Oʻrgina Xotun ham katta ehtimol bilan musulmon boʻlganiga ishora qiladi. Ibn Battuta ham oʻz sayohatnomasida Moʻgʻul ayollarining islomiy binolar, masjidlar va madrasalarni qurdirishda homiylik qilganini qayd etgan. Oʻrgina Xotun bu anʼanani davom ettirib, musulmon ulamolariga homiylik qilgan.
Maʼmuriy islohotlar: Oʻrgina Xotunning boshqaruvi davrida mahalliy amirlar va zodagonlarning roli muhim edi. U Chigʻatoy ulusining maʼmuriy tuzilishini mustahkamlash uchun mahalliy elita bilan hamkorlik qildi. Bu esa ulus ichidagi ijtimoiy va siyosiy muvozanatni saqlashga yordam berdi.
Oʻrgina Xotun nafaqat siyosiy rahbar, balki diniy va ijtimoiy sohalarda ham faol shaxs sifatida tan olindi. Uning musulmonlar bilan yaqin munosabatlari va homiyligi ulusda islomning tarqalishiga zamin yaratdi. Oʻrgina Xotunning faoliyati, ayniqsa, ayollarning Moʻgʻullar imperiyasidagi oʻrni haqidagi tasavvurni mustahkamlaydi. U oʻz davrida nafaqat regent, balki haqiqiy hukmdor sifatida harakat qildi va ulusni muvaffaqiyatli boshqardi.
1259-yil Munka qoon vafot etgach, boshqaruv uchun kurash boshlanib ketadi va marhum xoqonning ukalari Xubilay va Ariq Buka bir vaqtning oʻzida oʻzini qoon deb eʼlon qiladi. Xubilay Xitoyda, Ariq Buka Qoraqurumda turib, oʻz tarafdorlarini yigʻa boshlaydi. Natijada, imperiyada boʻlinish sodir boʻladi. Yangi qoonlar Chigʻatoy ulusida amalda boshqaruvchi boʻlishiga qaramasdan, 1251-yilgi fitnadan keyin “qayta tarbiyalangan” Chigʻatoy shahzodalarini boshqaruv huquqini tasdiqlovchi yorliq bilan Ili mintaqasiga yuboradi. Ariq Buqa Chigʻatoyning oltinchi oʻgʻli Baydarning farzandi Olgʻuga xonlik yorligʻini bergan boʻlsa, Xubilay Chigʻatoyning nabirasi Boʻruning oʻgʻli Abushkani xonlik yorligʻiga maʼqul koʻradi. Ammo, Abushka manzilga yetmasdan Ariq Buka tarafdorlari tomonidan oʻldiriladi. Oʻrgina Xotun Ariq Buka qoon nomidan yorliq olib kelgan Olgʻuga qarshilik qilmasdan hokimiyatni topshiradi.
Manbalarda keltirilishicha, Oʻrgina Xotun ulus boshqaruvidan chetlatilgach, bir muddat ulus hududida qoladi. Ammo Olgʻu hokimiyatni egallab olgach, oʻz homiysi Ariq Bukaga boʻysunmay, Chigʻatoy ulusini mustaqillikka olib chiqish yoʻlida kurash boshlagach, Oʻrgina Xotun va Movarounnahr sobiq noibi Masʼudbek Yalavoch ulusni tark etadi va Qoraqurumga ketishadi. (Ayrim tadqiqotlarda keltirilishicha, Qoraqurumda mustahkamlanib olgan Ariq Buka undan panoh soʻrab kelgan Oʻrgina Xotunga uylanadi.)
1262-1263-yillarda Ariq Buka va Olgʻu oʻrtasida bir nechta toʻqnashuv sodir boʻladi. 1263-yil Xubilay Xitoydan katta qoʻshin bilan yoʻlga chiqqani maʼlum boʻlgach, Ariq Buka Qoraqurumga qaytadi. U Olgʻu bilan tinchlikka erishish maqsadida Oʻrgina Xotunni Chigʻatoy ulusiga elchi sifatida yuboradi. Olgʻu esa siyosiy maqsadlar yoʻlida unga nikoh taklifini beradi. Bundan ayon boʻladiki, ayni vaziyatda Oʻrgina Xotun Ariq Buka bilan nikohda boʻlmagan. Oʻrgina Xotun ham shaxsiy maqsadlari uchun nikohni qabul qiladi. Natijada, Chigʻatoy ulusi ichkarisidagi Oʻrgina Xotunni qoʻllab-quvvatlovchi moʻgʻul zodagonlari va harbiylar ham Olgʻuning markazlashgan hokimiyatini tan olib, unga xizmat qila boshlaydi. Bu nikohdan Oʻrgina Xotunning ham kutilgan maqsadlari boʻlgan, albatta. Buni Olgʻu vafotidan keyin xonning oʻz oʻgʻillari boʻlaturib, Oʻrgina Xotunning Qora Xulagudan tugʻilgan oʻgʻli Muborakshohning Chigʻatoy ulusi taxtiga chiqishidan ham anglash mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Oʻrgina Xotun Chigʻatoy ulusining eng muhim ayol rahbarlaridan biri sifatida tarixda oʻz oʻrniga ega. Oʻn yilga yaqin hukmronlik davrida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashi, diniy bagʻrikengligi va mahalliy elita bilan hamkorligi uning siyosiy mahoratini koʻrsatadi.
Sevinch ULASHOVA
Alfraganus universiteti dotsenti, PhD.