Atoqli davlat va jamoat arbobi Bobooxun Salimov faoliyatiga bir nazar.

Ismoil Gasprali gʻoyalari asosida jamiyatdagi barcha sohalar va davlat boshqaruvini isloh qilish, milliy uygʻonishni yuzaga keltirish uchun kurash olib borgan “Yosh xivaliklar” harakatining eng faollaridan biri, bu boradagi maqsad-u intilishlaridan chekinmagan xorazmlik jadid – Bobooxun Salimov edi.

Oʻz davrida, xususan xonlik paytida taniqli qozi askar, qozikalon yordamchisi, huquqshunos, parlament – “Idorai Marshrutiya” raisi, respublika vaqtida esa adliya noziri, diplomat hamda pedagog, eng asosiysi shoir sifatida tanilgan ushbu siymo Xorazmdagi jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi, yoʻlboshchilaridan biri boʻlib, uning nomi shu bois ham XX asr birinchi choragi Xorazm tarixida muhim oʻrin tutadi.

Yapon faylasuf adibi Ryunoske Akutagava: “Tarix sahifalari yirtilgan kitobga oʻxshaydi”, deya yozganida ming bora haq edi. Qolaversa, Akutagavaning ushbu fikrlari aynan bizning tariximiz haqida aytilgandek goʻyo. Nazarimda, ana shunday yirtilgan sahifalardan biri Xorazmning XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida katta taʼsir, mavqe, nufuzga ega boʻlgan Bobooxun Salimovning hayoti va faoliyati, adabiy merosidir.

Xiva xonligining qozi askari, qozikaloni yordamchisi, “Yosh xivaliklar” harakatining faollaridan, 1920-yilda xonlik tugatilgach barpo etilgan Xorazm Xalq Respublikasining adliya noziri vazifalarida ishlagan, XXR delegatsiyasiga bosh boʻlib, 1920-yil iyun-sentyabr oylarida bolsheviklar rahbariyati bilan Moskvada teng huquqlik toʻgʻrisidagi shartnomani imzolatish darajasiga yetgan bu shaxsga, afsuski, 1929-yilda suiqasd uyushtiriladi va vafot etadi.

Aytish mumkinki, nafaqat Xorazm, balki turkiy jadid adabiyotida Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Choʻlpon, Gʻulom Zafariy singari koʻplab iqtidorli ijodkorlar safida Bobooxunning ham oʻziga yarasha oʻrni, nufuzi borligi uning sheʼrlari orqali maʼlum.

Shu boisdan ham, Bobooxun Salimov, Ubaydulla Xoʻjayev, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov singari oʻz millati haq-huquqlari uchun kurashgan huquqshunos, shuningdek, strategik gʻoyalarni amaliyotga aylantirgan davlat arbobi, diplomat sifatida Xorazm, Turkiston tarixidan, qolaversa, jadid adabiyoti antologiyasidan muhim oʻrin olishga loyiq ijodkordir.

Maʼlumki, Xorazm tarixi, xususan, Xiva xonligida oʻzining ijtimoiy-siyosiy intilishlari bilan nafaqat xon va uning sulolasiga mansub shaxslar, balki hukmdor atrofidagi amaldorlar ham obro‘-eʼtibori yuqori boʻlib, ularning hukmdorlarga taʼsiri katta boʻlgan. Bunga Matmurod devonbegi, Rahmatillo Yasovulboshi, Komil Xorazmiy, Polvon Mirzaboshi, bosh vazir Ibrohimxoʻja, Islomxoʻja hamda aka-uka Baqqolovlar sulolasi va boshqalarni misol keltirish mumkin.

Qozikalon Salimoxun va uning sulolasi esa davlatchilik tarixida adolatparvarligi, jamiyatdagi insof-u diyonati, bunyodkorligi, barpo ettirgan, bugun ham Ichan qalʼaga koʻrk bagʻishlab turgan “Qozikalon” madrasasi, Xorazm taʼlimi taraqqiyotiga qoʻshgan hissalari bilan tarixda qoldi.

1877-yilda Salimoxun umr yoʻldoshi Soliyajonga farzandining ismini ajdodlaridan birining nomi bilan Muhammad Karim deb atamoqchi ekanligini aytadi. Shunda Soliyajon “Men oʻgʻlimni chaqirganda yoki koyishga toʻgʻri kelganda qanday qilib bobomning ismini aytib chaqiraman” deya eʼtiroz bildiradi.

Yaʼni, Bobooxunning ismi ona tomonidan ajdodlaridan birining nomi boʻlgan. Biroq Salimoxun oʻgʻlining ismini Muhammad Karim deb qoʻyishni maʼqul koʻradi. Ammo oila davrasida onasi oʻgʻlini “buvamning ismi bilan chaqirmay” deya “Buvaoxun”, “Boboxun” deb atay boshlaydi. Bora-bora nafaqat oiladagilar, balki qoʻshnilar-u qarindoshlar, tengqurlariyam Muhammad Karimni “Bobooxun”, deb atashadi.

Natijada XX asr boshlarida vohada yuzaga kelgan islohotchilik tashabbuskorlari boʻlgan “Yosh xivaliklar” harakatining faollaridan, xonlik davrida qozikalon yordamchisi, Xorazm Xalq Respublikasi davrida esa adliya noziri boʻlib ishlagan, bir qancha darslik, koʻplab sheʼrlar muallifi, oʻziga “Ojiz”, ”Bobo” taxalluslarini tanlagan, ammo tarixda oʻzining qatʼiyati, siyosiy irodasi bilan qudratli boʻlgan shaxs – Bobooxun Salimov nomi bilan dovruq qozondi.

Xiva xoni qozikaloni Salimoxunning eng katta farzandi boʻlgan Muhammad Karim – yaʼni, Bobooxun Xorazm Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinganidan uch yil oʻtib, 1877-yilda tugʻilgan. Sulolaga mansub tadqiqotchi Matyusuf Salimovning fikricha, Bobooxund Salimovning asl ismi Muhammad Karim boʻlib, Bobooxund kunyasi hisoblanadi.

Bobooxund tugʻilgan vaqtda oilasi Xiva shahridagi Nurillabek masjid qavmidan yer sotib olib imorat qurgan va shu hududda istiqomat qilardi. Otasi Muhammad Salim oxund u vaqtda madrasalarda mudarrislik qilish bilan birga xattotlik ham qilar edi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Xiva shahrining raisi vazifasida ham faoliyat koʻrsatgan. Shu bilan birga Gurlan bekligida oʻzining ota uyi, mulki ham boʻlgan.

Bobooxunning muhtarama onalari Soliyajon (Solihajon), Muhammad Panoh soʻfining oʻgʻillari Jumaniyoz eshon qizlari boʻlgan. Jumaniyoz eshon Xiva madrasalarida taʼlim olib, tasavvuf yoʻliga kirgan, oʻz davrining Naqshbandiya taʼlimotining yirik namoyondalaridan biri va yuzlab shogird yetishtirib chiqargan ulamo boʻlgan. Bobooxunning ona tomonidan bobolari Jumaniyoz eshon, hozirgi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumanidagi Jumuriovul mahallasida (oldingi Eshonqalʼa qishlogʻida) istiqomat qilgan. Har ikkala shajara tarafdan shu tarzda ilm-u maʼrifatli sulola vakili, izdoshi boʻlgan Bobooxun bolaligidan ilm olishga ishtiyoq boʻlib voyaga yetgan. Dastlabki saboqni esa otasidan olgan.

Avval oilada ota-onasi, keyin maktab tarbiyasini olgan Bobooxun Xivadagi Muhammad Yusuf yasovulboshi madrasasida tahsil oladi.

Tarixdan maʼlumki, uning yoshligi ijtimoiy-siyosiy harakatlar avj ola boshlagan XX asrning boshlariga toʻgʻri kelganligi bois, azaldan shijoatli va jurʼatlilik umr safardoshiga aylangan bu inson otasi hayot paytlarida madrasada mudarris, qozi askar, qozikalon yordamchisi sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Oʻzida nafaqat lavozimiga xos yuksak islomiy eʼtiqod, balki oddiy insoniy gʻurur kuchli boʻlgan Bobooxun fuqarolarning arz-dodini tinglash, turli janjal va shikoyatlarni adolatona yoʻl bilan yechishga harakat qiladi. Biroq, feodal-monorxiyaga asoslangan, buning ustiga mustamlaka davlatda ijtimoiy adolat borasida soʻz ham boʻlishi mumkin emas edi.

Qolaversa, baʼzi ruhoniylarning mutaassibligini, bir qator sharq tillarini bilgan, oʻz davrining maʼrifatparvar ilgʻor ziyolilari bilan yaqin maslakdosh boʻlish Bobooxunni jamiyatda ilgʻor taraqqiyparvar kuchlar, yaʼni oʻzlarini “Yosh xivaliklar” deya nomlagan jadidlar bilan birlashib, islohotlar oʻtkazishga undadi.

Tarix fanlari nomzodi, dotsent Neʼmatjon Polvonov tadqiqotlariga koʻra, “Yosh xivaliklar” harakati 1904-1905-yillarda hamfikr maslakdoshlar, 1910-yil boshlarida manfaatlar guruhi sifatida shakllangan boʻlsa, 1917-yilda amaldorlar, maʼrifatli boylar, ziyolilarning Xiva xoniga muxolifat boʻlgan siyosiy kuchi, 1918-yilda esa rasmiy siyosiy partiya sifatida namoyon boʻldi.

Jadidchilik gʻoyalari asosidagi Yosh xivaliklar harakati (partiyasi) saflarida Bobooxun Salimovning yana Husaynbek Matmurodov, Jumaniyoz Boboniyozov, Polvonniyozhoji Yusupov, Bobojonboy Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov, Muhammadyorxoʻja Abdullayev, Otajon Abdolov, Safo Mugʻanniy, Avaz Oʻtar, Bobojon Yoqubov, Hakimboy Jonmuhammedov, Muhammadyor hoji Abdullayev, Otajon Jumaniyozov, Rahmonbergan Yoqubov, Muhiddin Umarov, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov, Qurbonboy Jaloyir, Xudoyberganbek Matniyozov, Davlatnazar Qayroq, Murod Eltuzarov, Mulla Matmurod, Mulla Abdulla Berdimurodov, Avazxoʻja, Isomiddin eshon, Nizomiddinoxun, Sobir Yoqubov, Bekjon Rahmon, Vais Rahimiy, Muhammad Yusuf Devonzoda singari turli yosh, turli sohalarda faoliyat koʻrsatgan safdoshlari boʻlib, ular xonlikning turli hududlardagi faollari boʻlishgan”1. Ularning soni dastlabki paytda 40 nafarni tashkil etgan. Keyinchalik esa Asfandiyorxon tomonidan tazyiq kuchaygach, faollar Toshkent, Chorjoʻy, Toʻrtkoʻlga muhojirlikka ketishga majbur boʻlishadi va oʻsha hududdagi xorazmliklarni partiyaga aʼzo qilish hisobiga tarafdorlar soni koʻpaya boshlaydi.

Dastlabki davrda har payshanba kunlari Xivadagi Qalandarxonada, gohida Qorakoʻz masjidida, koʻpincha esa Husaynbek Matmurodov uyida yigʻilishlar oʻtkazib, dunyoda kechayotgan jarayonlar, xonlikdagi vaziyatni muhokama qilib turishgan.

“Yosh xivaliklar” dunyoqarashining shakllanishi va tadrijiy rivojlanishida xonlikdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum, Usmoniylar davlati, Eron, Rossiya va Turkistondagi siyosiy oʻzgarishlar obyektiv sharoit sifatida katta taʼsir qilgan. Shuningdek, Qirim va boshqa hududlarda nashr etilib turgan jadid gazetalari, xonlikdagi jadid maktablaridagi Ramazon Saydashev, Kabir Abdurashidov, David Bakirov, Muxtor Bakirov singari oʻqituvchilar, usmoniylar davlatidagi “Yosh turklar” Turkiston va Buxorodagi jadidlar, shuningdek, Xorazmga surgun qilingan rus inqilobchilari, soldat shoʻrolari taʼsiri subyektiv omil sifatida katta rol oʻynagan.

Jadidchilik gʻoyalari asosidagi “Yosh xivaliklar” harakati 1918-yil iyun oyida Xorazm aholisi manfaatlarini himoya qiluvchi, oʻz dasturi va tashkiliy tuzilmasiga ega boʻlgan rasmiy siyosiy partiya sifatida toʻla shakllanadi.

Oʻz davrining yetuk huquqshunosi Bobooxun Salimov jamiyatda kechayotgan jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida, Xorazm jadidlarining siyosiy liderlaridan biriga aylangandi.

Shuningdek, u jamiyatda roʻy berayotgan salbiy munosabatlarni yoʻqotish uchun mudroq gʻururni uygʻotish lozimligini anglab yetgandi. Shu bois ham oʻsha davrdagi vaziyatni chuqur anglagan Bobooxun ushbu sheʼrini qogʻozga tushirgandi:

 Xazon faslida bulbuldek,

 Dil afgor oʻlgʻon oʻxshaydur.

 Jaholat dardiga barcha

 Giriftor oʻlgʻon oʻxshaydur,

 Sukut aylab demas bu kun

 Rost soʻzni shayxulislomlar.

 Xaloyiq ichra bidʼatlar,

 Baddiydor oʻlgʻon oʻxshaydur…

Qodirbergan hoji Nizomiddinoxun oʻgʻlining otasi xotiralarga tayanib aytishicha, “Bobooxun ikki yilcha qozikalon yordamchisi boʻlib ishlab Asfandiyorxon bilan ish yuritish borasida ziddiyatlar kelib chiqqani uchun isteʼfoga chiqadi va Gurlanga kelib dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Bobooxunning aynan saroy amaldorlari oldida Asfandiyorxonga qozikalon yordamchisi mansabini tashlab isteʼfoga chiqib ketishini mutassib dindorlar va saroy amaldorlari “xonga qarshi chiqish” deya tushuntirishga urinishadi va uni jazolashni Asfandiyorxondan iltimos qilishadi.

Natijada kunlardan birida Asfandiyorning navkarlari Gurlan bekligiga kelib, uni otmoqchi boʻlganida qochishga muvaffaq boʻladi. Yana bir safar navkarlar uni ushlab Xivaga olib borishayotganda hozirgi Qoʻshkoʻpir hududidan qochib Gurlanga keladi. Uchinchi marotaba yana xon navkarlari uni ushlab to Xivagacha olib boradilar. Bobooxun endi yaxshi insonlar madadi bilan Ichanqalʼadan qochib Amudaryo sohiliga yaqin, Xivadan ancha olis-turkmanlar va qoraqalpoqlarga yaqin mavze – Jumurtogʻdagi Eshonyop qishlogʻiga boradi va oʻsha hududda tirikchiligini qilib yuradi. Doʻstlari yordamida oilasini, ukalarini ham Eshonyop qishlogʻiga olib boradi”.

Bu vaqtda Bobooxunning ukalaridan Nizomiddinoxun Gurlandagi uylarini yovmudlar talaganini eshitib, Junaidxon oldiga boradi. Negaki, Nizomiddinoxunga odamlar “uylaringni Junaidxonning navkarlari taladi” deb aytishgandi. Oʻsha bosqin paytida yovmudlar Gurlandagi Ibrohim eshonning ham uyini talon-toroj qilishgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Junaidxon bu vaqtda Taxta hududida qarorgoh barpo qilgan edi. Tabiiyki, Gurlandan otda Taxtagacha borish Nizomiddinoxunga oson boʻlmaydi. Yoʻlda Junaidxonning pistirmalari boʻlib, u Junaidxon oldiga ketayotganini aytib, tekshiruvlardan oʻtgach, Taxtadagi qarorgohga yetib boradi.

Chodirda oʻtirgan Junaidxon Salimoxunning oʻgʻli kelganini unga aytishgandayoq tezda Nizomiddinoxunni qabul qiladi. Voqeani eshitib: “Siz nimaga kelganingizni bilaman. Gurlandagi uylaringni Ushoqbekka talatgan. Dunyoxoʻr dunyoxoʻrni topadi”, degan. Negaki, Ushoqbek ham turkman sardorlaridan boʻlib, Asfandiyorxon bilan hamkorlik qilardi. U Junaidxon bilan muxolifatda edi.

“– Otamning aytishicha, – deydi Qodirbergan Nizomiddinoxun oʻgʻli, – Junaidxonning maxsisi yaltiroq boʻlib, uzun chakmon kiygan, yelkasi keng, baquvvat odam boʻlgan”.

Bu paytda Junaidxon yonida Gurlanning Bekovulidan Yusuf eshon ham faoliyat koʻrsatayotganiga olti oycha boʻlgandi. Yusuf eshon Junaidxonga oʻzidan koʻra Nizomiddinoxunning ilmiy salohiyati yuqoriligini aytadi. Natijada Yusuf eshon Bekovulga qaytgach, shaʼriy, fiqhiy masalalar boʻyicha Junaidxon Nizomiddinoxunga murojaat qilib turgan.

Shu tariqa Bobooxun 1917-yilda “Yosh xivaliklar” Asfandiyorxonga nisbatan Xivada namoyish oʻtkazguncha Eshonyop qishlogʻida dehqonchilik qilib yashaydi. Oʻsha yili u Xivadagi davlat va jamiyatda islohotlar oʻtkazish orqali oʻzgarish yasashga intilayotgan Polvonniyozhoji Yusupov, Husainbek Matmurodovlar safiga qaytadan kelib qoʻshiladi.

Bu paytga kelib 1917-yildagi chorizm poytaxtidagi fevral inqilobidan soʻng Asfandiyorxonning mustabidona siyosati taʼsiri pasaygandi. Bahrom Irzayevning taʼkidlashicha, “Bobooxun ummat va millatni jaholatdan, maʼrifatsizlikdan farovonlik va taraqqiyot sari eltishga bel bogʻlaydi. Garchi, jadidchilik harakatiga xon, uning tayangan amaldorlari va aksar mutaasib dindorlarning qarshiligini bilgani holda ularni qoʻllab-quvvatladi. Boisi Bobooxun Salimovga oʻrta asrcha odatlar ustuvor Xorazm xonligi emas, taraqqiy topgan Vatan kerak edi. Shu maqsadda oʻz davrining maʼrifatparvar ziyolilari bilan yaqin aloqada boʻldi. Jamiyatdagi ilgʻor taraqqiyparvar kuchlar bilan birlashib, xonni islohot oʻtkazishga undadi”.

Davlat mukofoti laureati, naqqosh usta Abdulla Boltayev oʻz esdaliklarida yozishicha: “Bobooxun Salimov 1917-yil 5-apreldagi Koʻhna Ark oldidagi namoyishda Polvonniyozhoji Yusupov, Nazir Sholikorov, Husainbek Matmurodov, Jumaniyoz Sultonmurodovlar bilan birga ishtirok qiladi”.

1917-yil fevral oyida imperiya markazida yuz bergan burjua inqilobining taʼsiri oʻlaroq Xivada sodir boʻlgan bu hodisada “Yosh xivaliklar” Asfandiyorxonga oʻzlarining qarashlari aks etgan manifestni topshiradilar. Manifestdan feodal monarxiyaga asoslangan xonlikni “Idorai marshrutiya” orqali boshqarish kabi demokratik islohotlar oʻrin egallagandi.

Manifest eʼlon qilingan 5-aprel kuni Husainbek Matmurodovning uyida “Yosh xivaliklar” harakatining majlisi – davlatni boshqarishning yangi usuli – “Idorai marshrutiya” tuzildi. Nozirlar Kengashi boshligʻi qilib Husainbek Matmurodov, Majlis (parlament) raisi qilib esa Bobooxun Salimov saylanadi. Birinchi davrada “Idorai marshrutiya” – vakillar Kengashidagi aʼzolar soni 17 nafar edi. Keyinchalik aʼzolar soni 23 kishiga yetdi. Bobooxun Salimov vohadagi real vaziyat bilan yaxshi tanish boʻlganligidan, uning maslahati asosida turkman, qoraqalpoq va qozoqlarning vakillari kiritilishi natijasida aʼzolar 49 kishini tashkil etdi.

Polvonniyozhoji Yusupovning “Xotiralari”ga koʻra, aprel oyidagi hurriyatparvarlik harakatida Bobooxunning roli katta boʻlgan. U “Yosh xivaliklar”dan iborat “Idorai marshrutiya” – parlament faoliyatini tashkil qilish, fuqarolar erkinligiga oid islohotlar oʻtkazish tashabbuslari bilan chiqadi. Bobooxun yetuk huquqshunos boʻlganligidan Xivadagi chor armiyasi komandirlari, mutaassib dindorlar bilan muzokara, munozaralarda ularni mantiqli, diniy va dunyoviy asosdagi savol-javoblar bilan yengib chiqadi.

1917-yil sentyabrida Xivaga kelgan Orenburg kazak qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik I.M.Zaysev koʻmagida Asfandiyorxon yana demokratik islohotlarni cheklashga muvaffaq boʻladi. 1917-yil 21-noyabrda Muhammad Rahimxon madrasasida “Yosh xivaliklar”ni butunlay yoʻq qilishga hukm qilinadi.

Natijada “Yosh xivaliklar” harakati aʼzolari Toʻrtkoʻlga qocha boshlashadi. Harakat yetakchilaridan Pahlavonniyozhoji Yusupov, Nazir Sholikorovlar Toshkentga kelib, 1917-yil 30-dekabrda Asfandiyorxon tomonidan hibsga olingan doʻstlarini ozod qilishda yordam soʻrab Turkiston XKSga, soʻng Turkiston MIKga murojaat etadi. “Yosh xivaliklar” harakati rahbarlari Polvonniyozhoji Yusupov va Nazir Sholikorovlar 1918-yil 10-yanvarda Qoʻqonga borib, Turkiston muxtoriyati hukumatidan ham yordam soʻraydi. Biroq bu paytda Turkiston Muxtoriyatining ham faoliyati bolsheviklar tahdidi tufayli xavf ostida edi. Shu bois Turkiston Muxtoriyati hukumati ham hibsdagi “Yosh xivaliklar”ni ozod etishini soʻrab Asfandiyorxon nomiga telegramma yoʻllaydi, xolos...

Shu tarzda demokratiyaga asoslangan “Idorai marshrutiya” – parlamentning faoliyati, afsuski, uzoq davom etmadi. Muvaqqat hukumatning Xivadagi vakili general Mirbadalov va mutaassib ruhoniylarning, Asfandiyorxonning talabi bilan “Idorai marshrutiya” faoliyati toʻxtatiladi. Koʻpchilik esa Chorjoʻy, Mari, Toshkent va Toʻrtkoʻlga oʻtib ketishga majbur boʻldi”1.

Bu orada, aniqrogʻi, 1919-yilning dekabr oyida Turkiston sovet qoʻshinlarining janubiy otryadi I.Uryadov qoʻmondonligida, shimoliy otryad esa N.Shaydakov boshchiligida Amudaryoning chap sohiliga oʻtib, Xiva xonligiga bostirib kiradilar. Koʻrsatilgan qarshiliklarga qaramasdan, bolsheviklar 1920-yilning 1-fevralida Xiva xoni Said Abdullaxonni taxtdan tushiradilar. Junaidxon esa kuchlar nisbati teng boʻlmagani sababli chekinishga majbur boʻladi.

1920-yil 1-fevralda Xiva xonligi qoʻshinlari sovetlarning qurolli zarbalariga dosh berolmagach, xonlik tuzumi agʻdariladi va muvaqqat inqilobiy qoʻmita tuziladi. Muvaqqat hukumat aʼzolari muhojirlikdagi jadidlar – “Yosh xivaliklar”dan iborat edi.

Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov muvaqqat hukumat raisligiga tayinlangach, davlat boshqaruvida xonlik davrida tajribaga ega boʻlgan huquqshunos Bobooxun Salimovni ham hukumat aʼzosi va nozirlikka taklif qiladi.

Biroq Bobooxun Salimov maslakdosh doʻsti Polvonniyozhoji Yusupov bu paytda Toshkentda boʻlgani bois, u bilan maslahatlashmagani uchun bunday yuqori lavozimni rad qiladi. Oʻshanda Polvonniyozhoji Toshkentdan Xivaga – Bobooxunga maktub yoʻllab, hukumat aʼzosi boʻlsa xalq uchun foydali ishlar qilish lozimligini taʼkidlab, bu “Yosh xivaliklar” uchun ham ayni muddao ekanligini aytgach, Bobooxun Salimov taklifga rozi boʻladi.

Natijada “kundalik masalalarni hal qilishda tashkil qilingan hayʼat 3 kishidan iborat boʻlib, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov Rais, Polvonniyozhoji Yusupov va Bobooxun Salimovlar uning muovinlari edilar”2.

Shuningdek, adliya nozirligi qoshida xalq sudi tashkil qilinib, uning raisi Olimjon Aqchurin edi, Koʻchmamadxon Sapayev va Bobooxun Salimovlar sudning aʼzolari boʻlishgan. Xalq sudiga katta vakolat – oliy jazoga hukm qilish ham berilgandi. Xalq sudi fuqarolarning arz-dodlarini tinglash kabi qozikalonning ishlarini davom ettirardi. Oradan ikki oy oʻtib, 27–30-aprel kunlari xalq qurultoyi boʻlib oʻtadi va hukumat tarkibi saylanadi.

Polvonniyozhoji Yusupovning xotiralariga koʻra, qurultoy oʻtkazilayotgan vaqtda quyidagi voqea sodir boʻlgan: “Maxfiy qolmasinkim, har qalʼa va vakil saylash uchun ketgan odamlar xalqqa voqeani tushuntirib, xalqni oʻz ixtiyori birlan birinchi Qurultoyga vakillar saylab keldilar. Qurultoyga kelgan vakillarni kutib olib ziyofat qilmoq ixtiyorini birodar Jumaniyoz Ollaquliyevga topshirdilar. Bir necha kunda tamomi vakillar kelib boʻldilar. Andin soʻng 22 lanchi aprelda 1-Qurultoy majlisi ochilib, vakillar mani bir ovozdin prezidiumga rais qilib sayladilar. Man turib vakil birodarlarga rahmatlar aytib, iltimos qildim:

Prezidium raisligiga bizlar birlan Toshkentdin Xiva ekspeditsiyasida chlen komissiya boʻlib Turkiston hukumatidin kelgan noʻgʻay birodar Rizoaddin Shokirovni saylab, mani shunga muovin qilsangizlar erkan, – deb. – Nechunkim, ushbu birodarimiz Toshkentlik musulmon birodarlari tarafidan kelgan, ham shuningdek koʻp katta Qurultoylarni oʻtkazgan, ham bizlarga kelgan mehmon turur. Ham menim roziligim shunda turur, – dedim.

Vakil birodarlar manim iltimosimni qabul qilib prezidium raisligiga birodar Shokirovni, birinchi muovinligiga mani, ikkinchi muovinligiga Bobooxunni saylab qoʻydilar. Aʼzolar Qoʻshmamatxon, Shomurod baxshi, Gʻulomali va boshqalarni saylab tamom qildilar ham ishga tutindilar. Birodar Sholikarov turib:

Bul vaqtgacha zulm istibdodga ezilib xonlardin, ham olarning quyruqi boʻlgan zolim sipohi-toʻralardin ham Junayidxon, ham onga quyruq boʻlgan bir qaroqchi turkmanlardin koʻrgan xoʻrlik-zoʻrliklaringizdan, Sizlarning ichlaringizdan xonning xalqqa qilib turgan zulm, jabr-u sitamlariga toqat qila bilmay hijrat qilib qochib, Toshkentga borib, Russiya shoʻrolar hukumatiga zori-tavallo qilib, mundagi faqir kambagʻal xalqqa boʻlib turgan zulm-jabrlarni anglatib, shoʻrolar hukumatidan yordam olib zolimlarni yoʻq qilib, Sizlar uchun ushbu hech tamom boʻlmayturgan ozodlikni olib bermakka sabab boʻldilar. Albatta Siz muhtaram vakillar bu muhojirlarning qilgan xizmatini taqdir qilsangizlar kerak, – dedi.

Tamomi vakillar qoʻl chopib qarshi oldilar. Ham eʼlon qildi:

Ushbu birinchi qurultoylaringizni Turkiston hukumatida oʻtirgan musulmonlar tarafidan muborakbodlik qilurman, – dedi Sholikarov. Yana qoʻl chopib qarshi oldilar.

Ham koʻp Qurultoylarni farogʻatchilik, osoyishlik oʻtkazmaklaringizni tilab soʻzimni tamom qilib ayturman. Yashasin Xorazmning birinchi Qurultoyi! – deb soʻzini tamom qildi yana Sholikarov.

Vakillar koʻp uzoq qoʻl chopib qabul qilib, rahmatlar oʻqib minnatdorlik eʼlon qildilar. Andin soʻng Olimjon Aqchurin soʻzladi, hukumatning tutgan yoʻllarini xalqqa anglatdi. Andin soʻng har kimlar soʻzladilar. Shuning birlan birinchi majlis yopildi. Vakillar oʻz manzillariga borib, nohari qilib istirohat qildilar. Kechada ham majlis boʻldi. Anda ham baʼzi masalalar qaralib hal boʻldi. Ushbu tartib Qurultoy toʻrt kun davom qildi. Tovarish Izmaylov har majlisda boʻlur erdi. Shokirov, Aqchurin, ham Obidovlar Xorazm uchun qonun asosini hozir qildilar. Qonun asosi shundan iborat turur: Xorazm Russiya shoʻrolariga monand bir xalq jumhuriyati turur deb oʻrta yoʻl birlan mamlakatning ahvoli ruhiyasiga muvofiq qilib qonun asosini tartib qilgan erkanlar. Shul qonun asosini oʻqib xalqqa tushuntirdilar. Vakillar butun qabul qildilar. Qonun asosida 15 adad nozir boʻlmogʻi kerak erkan. Shunga nomzod koʻrsatib ovozga qoʻydilar. Nozirlar shoʻrosining raisligiga uch kishini koʻrsatdilar: biri faqir turur, biri Bobooxun, biri Mulla Jumaniyoz.

Maxfiy qolmasinkim, partiyaning maqsadi Mulla Jumaniyozni raislikka oʻtkazmak turur, xalq vakillarining maqsadi yo faqir yo Bobooxunni oʻtkazmak turur. Shuning birlan bizlarning uchalamizni ham majlisdan chiqarib yubordilar. Qurultoy vakillari muzokara qilib qoldilar. Bizlar zalga kirib oʻtirdik. Bir necha soʻz soʻylashib oʻtirgan hamon birodar Mulla Jumaniyoz aytdi:

– Taqsir, manim koʻnglimga bir soʻz kelur, agar maʼqul boʻlsa aytur erdim, – dedi.

Bobooxun eshon:

– Xoʻp, ayting, – dedi.

Mulla Jumaniyoz aytdi:

– Bizlar xalq uchun muzokara qilib turmoqi hojat ermas turur. Man taklif qilurman, avvaldin inqilobchilarning boshliqi Hoji afandi erdi. Ham Markaziy inqilob qoʻmitasida rais erdi. Bul kishi yana nozirlar shoʻrosiga rais boʻlsin, man muovin boʻlurman, siz adliya noziri boʻling.

Bobooxun aytdi:

– Man avvaldin ayturman, xoʻp yaxshi, – deb qabul qildi.

Man aytdum:

– Bobooxun eshon rais boʻlsinlar, bizlar muovin boʻlib xizmat qilurmiz, – dedim.

Bobooxun Eshon aytdilar:

– Man ruscha bilmasman, faqat Hoji bobo boʻlsin, manim adliya nozirligim boʻlur, – dedi...”

Shu tariqa davlat boshqaruv tizimida katta tajribaga ega boʻlgan huquqshunos Bobooxun Salimov kamtarlik qiladi va 1920-yil 30-apreldagi 1-Butun Xorazm xalq vakillarining qurultoyida Xorazm Xalq Respublikasi raisi boʻlib saylanish imkoniyatidan oʻz ixtiyori bilan voz kechadi. Biroq uning davlatchilikdagi tajribasi va huquqshunosligi eʼtiborga olinadi va hukumatning adliya noziri qilib saylanadi.

Maʼlumki, xorazmlik jadidlar xonlik davridagi istibdod va chor amaldorlarining zulmi tufayli, to 1920-yilgacha Asfandiyorxon, Said Abdullaxon va chor istibdodiga qarshi faqat siyosiy kurash olib borishgandi. Yaʼni, boy mulkdor, savdogarlar toifasidan chiqqan “Yosh xivaliklar”ning faoliyati asosan siyosiy kurashlarda kechgandi.

Faqatgina 1910–1913-yillarda islohotchi bosh vazir Islomxoʻjaning tashabbusi va saʼy-harakati bilan Kabir Abdurashidov, David Bakirov, Muxtor Bakirov singari oʻqituvchilar Xoʻjayli, Xonqa, Gurlan bekliklarida yangi usul – jadid maktablari tashkil etishgandi. Shuningdek, Xivada Ramazon Saydashev, Ahmadjon Akayev singari tatar oʻqituvchilari ham faoliyat koʻrsatishardi.

Fargʻona vodiysi va Turkistonning boshqa hududlaridagi kabi xonlik davrida bironta jadid matbuoti nashr etilmagani ham tarixiy haqiqat. Toʻgʻri, ular dunyo matbuotidan xabardor boʻlishgan. Tarixchi Bahrom Irzayev taʼkidlaganidek, “Yosh xivaliklar” faqat Rossiya matbuoti, “Tarjimon”, “Vaqt”, “Ittifoq”, “Taraqqiy”, “Yulduz” gazetalari, “Shoʻro” jurnallari bilangina cheklangan emas. Ular Eron, Afgʻoniston, Misr, shuningdek, Istanbulda turk tilida nashr etilgan “Vahdat”, Hindistonning Kalkutta shahrida chop etilgan “Habl ul-matn” va boshqa nashrlar orqali ham jahonda yuz berayotgan oʻzgarishlardan boxabar boʻlayotgan edilar”. Yaʼni, feodal monarxiyaga asoslangan xonlik istibdodi, mustamlakachilar zulmi sharoitida, eng chekkadagi, temir yoʻl yetib kelmagan, ishlab chiqarish korxonalari deyarlik boʻlmagan (XIX asr oxiri va XX asr boshlarida aka-uka Kraftlarning Yangi Urganchda yog‘, Xonqa, Xiva, Gurlanda ayrim boylarning kichik hajmli paxta korxonasigina faoliyat koʻrsatardi), shu tufayli iqtisod tanazzulga yuz tutgan Xiva xonligida, jadid matbuoti, demakki, teatrning faoliyat koʻrsatishi uchun vaziyat yetilmagandi.

Bosh vazir Islomxoʻjaning boshqaruv tuzilmasi, hisobsiz yerlarni isloh qilish, xonlikka temir yoʻl keltirish, umuman davlatchilik borasidagi jadallik bilan ketayotgan islohotlari, afsuski, 1913-yil avgustdagi suiqasddan keyin umuman toʻxtab qoladi. Ana shu jarayonlar bevosita koʻz oʻngida sodir boʻlgan Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov va boshqa “Yosh xivaliklar” xonlik davridagi siyosiy kurashlarda toblanib borishdi. Garchi ular Husayinbek Matmurodov hamda boshqa safdoshlarini yoʻqotishsa-da, xonlik istibodi va mustamlakachilikka qarshi kurashda chekinishmadi. Shu tariqa “Yosh xivaliklar” faqat xonlik tugatilib, Xorazm Xalq Respublikasi faoliyatini boshlagachgina katta imkoniyatga ega boʻlishdi. Natijada ana shu imkoniyatdan foydalangan holdagina Xorazmda maktablarni tashkil qilish, ular uchun ham darsliklar yaratish borasida saʼy-harakat boshlashdi. Shu bilan birga aynan boy berilgan imkoniyat – oʻz gʻoyalarini xalq ommasiga yetkazishda muhim vosita vazifasini bajaradigan matbuot, teatr ham vujudga keldi.

(Maqolaning davomini oʻqish) 

Umid BEKMUHAMMAD,

 tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2026-yil 5-son.

“Xorazm jadidlari sardori” maqolasi