Bugungi kunda xalqimizning urf-odatiga aylangan oʻzbek toʻylari haqida fikrlashmoqlikni va mulohaza qilmaslikni ilojisi yoʻq.
Oʻzbek xalqi baxtli damlarini mahalla-koʻy va qarindosh-urugʻlari, doʻstu birodarlari davrasida elga toʻy berib nishonlashni yaxshi koʻradi. Toʻy qilish qadim zamonlardan qolib kelayotgan urf-odatdir.
Toʻy oʻtmishiga nazar soladigan boʻlsak, “toʻy” atamasi turkiy soʻz boʻlib, “toy” yoki “qurultoy” shaklida moʻgʻullar va chigʻatoy xonlari davrida ham keng qoʻllanilgan. Aksariyat maʼlumotlarda esa “toʻy” – qadim zamonlardan beri doimo katta jamoa, yuqori martabali zodagonlar, katta hajmdagi yigʻin, cheklanmagan miqdordagi ziyofat va dabdaba bilan uzviy bogʻliq boʻlgan odatligi aniqlangan.
Jamiyat rivojlanishiga qarab, madaniyatimiz va urf-odatlarimiz ham oʻzgarib boraveradi. Oʻzbek xalqi uchun, oilaviy marosimlar va urf-odatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Toʻylar va turli xil marosimlarni ortiqcha dabdababozlik bilan oʻtkazilishi urfga aylanib borayotganligi achchiq haqiqatdir. Aslida toʻy va marosimlar xalqimizni birlashtiruvchi urf-odatlarimizdan biri sanaladi. Toʻy va marosimlarni oʻtkazishda oila iqtisodiyotidan kelib chiqib, sarf-xarajaat qilinsa ayni mudaoo boʻlardi.
Asosan, toʻylarimizdagi ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozliklar meʼyoridan oshib ketayotganligi iqtisodiy zararni keltirib chiqarayotgan boʻlsa, oʻzbek millatiga xos boʻlmagan, milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimizga zid boʻlgan hatti-xaraktlar maʼnaviy meʼyorlarimizga ham taʼsir koʻrsatayotganligi ayni haqiqatdir.
Aslida toʻy va marosimlarni oʻtkazish tarixiga nazar soladigan boʻlsak, ortiqcha dabdababozlik maʼnaviyatimiz va madaniyatimiz uchun illat ekanligini guvohi boʻlamiz. Shariatda ham marosimlarda chegaradan chiqishning zarari borligi koʻrsatib oʻtilgan. Misol uchun, harom-harish narsalarni tanovul qilish va gunoh ishlarni amalga oshirish, marosimga riyokorlik, kibr, manmanlik va isrofni aralashtirish, ortiqcha sarf-xarajat qilib oʻziga ham, oʻzgalarga ham zarar yetkazish marosim savobini yoʻq qiladi. Ulamolarimiz marosimlar haqida kelgan shaʼriy qoidalarni batafsil oʻrganib va tahlil qilib boʻlganlaridan keyin qaysi marosimlar shariatda borligini belgilab berishgan. Masalan, “Al-Insof” nomli kitobda “Odamlarni chorlab, marosim qilib beriladigan taomlar oʻntadir” deyilgan.
Keltirilgan marosimlardan ikkitasiga alohida toʻxtalib oʻtsak:
Valiyma-kelin tushirish (nikoh toʻyi) marosimi. Nikoh toʻyini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtiradi. Bu xanafiy mazhabi boʻyicha sunnat amaldir. Ushbu toʻy orqali nikoh eʼlon qilinadi. Toʻyga hozir boʻlgan musulmonlar jamoasining yangi oila, kelin-kuyov haqiga duolar olinadi.
Aziyra-xatna (sunnat toʻy) munosabati ila oʻtkaziladigan marosim. Oʻgʻil bolalarni xatna qildirish sunnatdir. Oʻgʻil bolalarni xatna qildirish munosabati bilan kamtarona dasturxon yozilib, uning haqqiga duo olish niyati bilan oʻtkaziladi. Marosim egasi ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻymasligi alohida koʻrsatib oʻtilgan.
Bugungi kunga kelib toʻy va marosimlarimiz kim oʻzarga aylanib, ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozlik va madaniyatsizlik ummoniga gʻarq boʻlmoqda.
Farzandlarimiz uchun dasturxon yozib, sunnat tuylarini oʻtkazar ekanmiz, oziq-ovqatlar, turli xil noz neʼmatlarni isrof qilish barobarida, ishtirokchilar oʻrtasida sovgʻa-salom ulashish, oldi-berdi avjiga chiqmoqda.
Nikoh toʻylariniku gapirmasak ham boʻladi? Quda-andalar oʻrtasidagi “oldi-berdi” avjida. Aslida yuqorida zikr etganimizdek, nikoh toʻyini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtirishi, toʻyga hozir boʻlganlar yangi oila, kelin va kuyov haqiga duo qilishlari kerak. Hozirgi kundagi nikoh toʻylarini kuzatar ekansiz, afsus va nadomatdan yoqa ushlaysiz.
Eng achinarlisi ota qizi bilan birgalikda kuyov sarpo va yotoq mebeli tanlab, mebellarni kuyonikiga joʻnatvoradi. Endi haqli savol tugʻiladi, boʻlajak kuyovlarimizdagi izzat-nafs, gʻurur qayda qoldi? Qachondan buyon oʻzbek yigitlari qiz tomonni ehsoniga, muruvvatiga zor boʻlib qoldi? Yoki kuyov joʻralar qiz tomondan joʻnatilgan taomlarni hazm qiladigan darajaga borib qoldi? Bu holni toʻqlikka shoʻxlik deb atasak ham xato boʻladi. Bu holni oʻta madaniyatsizlik, bilimsizlik va shariat qonunlarini tushunmaslik, deb baholash mumkin.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kelinning xonadonidagi “kuyov joʻralarning muruvvati” haqida gapirmasak ham boʻladi. Kuyov joʻralar chaqirilgan xonadondagi noz-neʼmat toʻla dasturxon ustidaga janjalga nima deb baho berish mumkin? Avvalombor “urf”ga aylangan bu marosim kimga kerak? Oʻzbek yigitlari uyalmasdan kelinning xonadoniga borib taomlanishi, kamiga kelinning ukasi va otasini kaltaklanishi qaysi qonunchilik meʼyorlarimizga yoki islom shariatiga toʻgʻri keladi?
Oʻtgan oyda sinfdosh oʻrtogʻim qiz chiqardi. Oddiy oila, qishloqda istiqomat qiladi. Toʻgʻrisi ish, tashvish deb, qishloq toʻylarida ishtirok etmaganimga ham ancha boʻlgandi. Tasavvurimda, 1990-98 yillarning nikoh toʻylari qolib ketgan ekan. Ikkita sandiq, koʻrpa-tushak, yangi oila uchun idish-tovoq, iloji yetsa bir dona kiyim javoni. (Buniyam mahalla-koʻy, qarindosh-urug‘, qoʻni-qoʻshni birgalikda amalga oshirishar edi).
Vohaning eng chekka qishlogʻidagi dabdababozlikdan boshingiz aylanadi. “Kuyov sarpo” (Kostyum shim, sport kiyimlari, poyafzal, koʻynaklar, roʻmolchadan tortib, ich kiyimgacha xarid qilinar ekan), yotoq mebeli va pardalar, gilam va koʻrpa-toʻshaklar, kuyovning oʻrtoqlari uchun 10 xildan ortiq taomni oʻz ichiga olgan “9 tovoq”, qaynona va qaynsingil uchun tilla taqinchoq, qarindoshlar uchun sovgʻa-salomlar, sarpolar, quda chaqiriq, qiz chaqiriq va hokazolar.
Toʻydan soʻng oʻrtogʻimdan qancha sarf-xarajat ketganligini soʻradim. 70-80 million deb aytdi. Eng ogʻriqli tomoni qarz va kredit olishib, toʻy qilishibdi. Oʻzimizni ham baholi qudrat yiqqanimiz bor edi, deydi. Oʻsha yiqqaninglarga soddaroq qilib toʻy qilsanglar boʻlarkan, dedim. Unda orzu-havasimiz qayerda qolardi, dedi. Orzu havas natijasi ularoq kelinning akasi va ukasi xorijga mardikorlikka ishga ketishdi. Qarzni qaytarish, kreditlarni yopish kerak. Eng qizigʻi, kuyov bola ham qaynogʻalari bilan birga ketibdi. Demak, kuyov tomonda ham “orzu-havas” moʻl boʻlgan.
Oilaning iqtisodiy oʻlchovini inobatga olmaslik, daromad va xarajatning uygʻunligiga eʼtibor qaratmaslik, koʻr-koʻrona qarzni boʻyniga olish – bu madaniyatsizlik va bilimsizlikdan, maʼnaviy ojizlikdan boshqa narsa emas. Yana bir haqiqatni ochiq-oydin aytishimiz kerakki, bu “orzu-havas” ni boshida ayollarimiz turishibdi.
Toʻy va marosimlarning asl mohiyati qolib, soxta obru orqasidan qoʻvib, manmanlikka berilish,“men sendan kammi?”-qabilida hayotga yengil qarash, buning oqibatida qarzga botish hollari koʻpaygandan- koʻpayib bormoqda. Bu nafaqat oilalarning iqtisodiy inqiroziga, balkim maʼnaviy muhitiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oqibatda, yosh kelin-kuyovlar yangi turmushni qarz asosida boshlab, yillar davomida qarzdan qutulish uchun ruhiy bosim asosida hayotlarini davom ettirishadi. Bu oiladagi sogʻlom maʼnaviy muhitga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Bu holat jamiyatdagi ogʻriqli va nosogʻlom muhitning barqarorligini taʼminlabgina qolmasdan, ijtimoiy munosabatlarda ham muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, toʻylarning 70-80 foizida 300-500 kishi qatnashadi, xarajatlar esa 50-100 mln soʻmga yetadi. Bu esa aksariyat oilalarni moliyaviy qiyinchilikka, 45-50 foiz holatda esa qarz olishga olib kelmoqda. Amalda maʼnaviy mezonlarimiz zavoli boʻlgan manmanlik, dabdababozlik, kibr, oʻzgalarga taqlid qilish, kim oʻzarga toʻy qilish, “birrovchi”larni qatorlashtirib olib kelish kabi salbiy holatlar urchib bormoqda.
Joriy yilning yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda turli darajadagi toʻy va marakalarga yillik hisobda oʻrtacha 2,38 milliard dollar sarflanayotganligi maʼlum boʻldi. Bu mablagʻni milliy iqtisodiyotimizdan kelib chiqib tahlil etadigan boʻlsak, ayrim sohalardagi yillik davlat sarflariga tengligini koʻramiz.
Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qoʻshma qarori bilan “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlangan. Ushbu Nizom 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega.
Qoʻshma qaror va Nizomga muvofiq, joylarda toʻy-hashamlarni 200-250 kishidan koʻp boʻlmagan, sanʼatkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yoʻl qoʻymagan holda oʻtkazish belgilangan. Maʼrakalarning ham isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda oʻtkazilishi qatʼiy koʻrsatib oʻtilgan.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 aprelda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida ishlab chiqiladigan yigirmadan ortiq muhim hujjat orasida aynan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼrakalar va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha qaror loyihasini mavjudligi ham bejizga emas.
Mamlakatimizda toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish tizimini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning asl mohiyatini xalqimizga yetkazish uchun “Maʼnaviy- profilaktik” tadbirlarni amalga oshirib borish lozimligini davrni oʻzi taqozo etmoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixchamlashtirish, xalqimiz orasida ixchamlik, oddiylik va maromiylikka asoslangan toʻy va maʼrakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda dabdabadan xoli oʻtkazishni targʻib etish, maʼnaviyatimizga zid boʻlgan, oʻzligimizni kemiruvchi illatlarga qarshi ayovsiz kurashish maqsadida butun mamlakatimiz boʻylab “Dolzarb 90 kun” mavsumi eʼlon qilindi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi tomonidan “Maromiylik” dasturi ishlab chiqildi va harakatga qaratildi.
Mazkur dasturni amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad, toʻy va marosimlarni ixcham, oddiy, isrofgarchiliksiz, qadriyatlarimizga mos va xos ravishda meʼyorida oʻtkazish yaʼni maromiylikka asoslangan holda kundalik hayotimizga kiritishdan iboratdir. Dastur doirasida “Ixchamlik – bu madaniyat” gʻoyasini aholi orasida keng koʻlamda targʻib etish nazarda tutilgan.
Bugungi kunda milliy qadriyatlarimizga va anʼanalarimizga zid boʻlgan, ortiqcha sarf-xarajatlarni, dabdababozliklarni oʻz ichiga olgan toʻy va marosimlarni ixchamlashtirishga, “urf”ga aylanayotgan manmanlik, oʻz-oʻzini koʻz-koʻz qilish, bir kunlik toʻy va marosim uchun qarz balosiga giriftor boʻlish kabi salbiy illatlarga qarshi kurashish uchun har birimiz masʼulmiz.
Shu bilan bir qatorda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini taʼminlash vazifamiz va burchimiz ekanligini ham unutmasligimiz kerak.
PARDAXOL NORQOBILOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
bosh mutaxassisi,
“Ayol maʼrifati” jamoatchilik kengashi aʼzosi.